Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:11

"Muhojir uchun muhimi oylik". Yollanma ishchilar nimadan norozi? (VIDEO)


Rossiya eng ko‘p quruvchilarni jalb qilayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda
Rossiya eng ko‘p quruvchilarni jalb qilayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) o‘tgan 2021 - yil davomida 108 ming 592 nafar odamni ishga joylashtirgani haqida e’lon qildi. Agentlik ochiqlagan hisobotlarda qancha mehnat muhojiriga moddiy yordam berilgani, qanchasi qiyin ahvolga tushib vatanga qaytarilgani, yana qancha odamga huquqiy maslahat berilgani va pullari undirilgani to‘g‘risida batafsil aytilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston mehnat vazirligi sharnomasi asosida ishga yollanganlarning bir qismi hujjatda ko‘rsatilgan shartlar bajarilmayotganidan arz qilmoqda.

"Ishdan norozilar deport bo‘lyapti"

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ko‘ra, o‘tgan yili 108,5 ming nafar o‘zbekistonlik xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan. Shundan 100 mingdan ziyodrog‘i Rossiyaga, qariyb 7 ming nafari Qozog‘istonga, qolganlar Janubiy Koreya, BAA va Turkiya singari davlatlarga yuborilgan.

Toshkent viloyatidan bo‘lgan Mirolim Mehnat vazirligining pilot loyihasi asosida Rossiyadagi qurilish kompaniyasiga ishga jalb qilinganlardan biri.

- Shartnoma asosida Moskva viloyatidagi “PIK-Industriya” qurilishiga keldik. 40 mingdan boshlanadi oylik, deyilgandi. Bu yerga kelsak, qurilishda bizdan boshqa hech kim u narxga ishlamas ekan. Oddiy farroshlar bizdan ko‘p pul topyapti, narxlar juda baland bo‘lib ketgan. Ustiga kecha rubl yana tushishni boshladi. Xullas, bu oylikka qorindan orttirib bo‘lmas ekan. Nomardlik bo‘lmasligi uchun biz bir-ikki oy ishlab, 70-80 ming ishlash mumkin bo‘lgan joyga o‘tib ketmoqchi edik. Keyin bilsak, patentimizni orqasiga “PIK-Industriya” yozib qo‘yibdi. Bu degani biz boshqa joyda ishlay olmaymizmi? – deya savol berdi o‘zbek muhojiri.

Mirolim ish beruvchi tashkilot ularga patent tayyorlashda ko‘maklashgani, qaydga turg‘izgani, yotoq joy bilan ta’minlagani va yo‘lkira haqini olmaganini ham qo‘shimcha qildi.

"Muhojir uchun muhimi oylik"

Rossiyada ishlayotgan vatandoshlar bilan suhbatlar asnosida Ozodlik O‘zbekiston Mehnat vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi keltirayotgan raqamlarda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari duch kelayotgan ko‘plab muammolar aks etmayotganini aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ishga yollangan ishchilarning bir qismi ularga va’da qilingan shartlar bajarilmagani bois boshqa ishga o‘tib ketishga majbur bo‘lmoqda.

Andijonlik Jo‘rabek odamlar TMMA xodimlari olib borayotgan targ‘ibot ishlariga ishonib qolmoqda, deydi.

- Ular sizni davlat himoya qiladi, deb ishontiradi. Men Farg‘onadagi bo‘limga borganman. “Boshingga g‘isht tushsa ham davolatamiz, sug‘urtalanasan, pensionniy beramiz, yotoq beramiz, propiska qilamiz, oyliklaringni vaqtida olasan”, deydi. Lekin ish boshlaganidan keyin yo yotoq, yo yegulik, yo ish sharoiti yo‘qligi aniqlanadi yoki oyliklar vaqtida berilmaydi. Kimda qanaqa. Har qanday norozilikni ish beruvchi bostiradi, norozilarni deport qiladi, sindiradi. Albatta, ularning bir qismi rozi bo‘lib ishlayveradi, chunki shartnomaga qo‘l qo‘yib qo‘ygan, - deydi Jo‘rabek.

Меҳнат вазирлиги томонидан Россияга юборилган андижонлик муҳожирлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:58 0:00

Surxondaryolik Nozima Rossiyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashkil etilgan maxsus kurslar bitiruvchisi. Uning aytishicha, sertifikati bo‘lishiga qaramasdan ish topa olmagan.

- O‘tgan yili men “bo‘yoqchilik” kurslarini tamomlagandim. Ammo mutaxassisligim bo‘yicha ish topa olmayapman. “Sen ayol kishi – bizga erkaklar kerak” desa bitta joyda, boshqasi “Ish stajing yo‘q!” deyapti. Menda esa diplom bor, malakam yo‘q-da! Shuning uchun oshpazlik qilib yuribman. O‘qishga bekor vaqt ketgizganim qoldi, deydi u.

Pilot loyihasi asosida Moskvaga olib kelingan yana bir o‘zbek muhojiri - sirdaryolik 35 yashar Dilshodbek Mehnat vazirligi va Rossiya firmalari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida olib kelinayotgan o‘zbekistonlik ishchilarning aksar qismi aynan maosh masalasida tortishib qolayotganini aytadi.

- Odamlarni olib kelib, SNILS, registratsiya, patent, boshqa hujjatlar tayyor bo‘lguncha 1-2 oy ishsiz yotoqxonada ushlab turayotgan tashkilotlar ham bor. Odamlarning oilasi bor, nimadir yeyishi-ichishi kerakku! Aytmoqchimanki, mayli yotoq bermasin, ovqat qilmasin, hatto hujjatlarni rasmiylashtirmasin. Muhojirlarimizni qiziqtirayotgan eng muhim masala –yaxshi oylik bersin, o‘z vaqtida bersin. Bo‘ldi! Boshqa hech narsa kerakmas: hech kim ketib qolmaydi, hech kim norozilik bildirmaydi, - deya fikr bildirdi Dilshodbek.

Ta’kidlash joizki, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiyaga ishga olib kelinayotgan o‘zbek migrantlarining berilayotgan maosh va tashkil etilgan sharoitlardan to‘liq qoniqish hosil qilganlar ham yo‘q emas.

TMMA rasmiy Telegram kanalida Qoraqalpog‘istondan keltirilgan ishchilar idora xodimlariga rahmat aytayotganini ko‘rish mumkin:

- Sharoitlar zo‘r: tualet, vanna, dush... Gostinitsaga o‘xshash. Oshxonani ham ko‘rsataman hozir. Ishga avtobusda olib borilib, olib kelinyapmiz.

- Tashqi mehnat migratsiyasiga jo‘natganiga rahmat – sharoitlari, yotoqlari yaxshi. Elektrichestvo bilan ishlayman, kvartiralarga elektrimni tortaman. Elektrikman, haqiqatan shu ish bo‘yicha ishlayapman, deydi “GVSU spetsmontaj” qurilish firmasi ishchisi bo‘lgan muhojir.

"Muhojir nima xohlayotgani ularga qiziq emas"

Nima sababdan ayniqsa rossiyalik ish beruvchilar tomonidan ishchi migrantlar bilan tuzilgan shartnomalarni bajarmaslik yoki buzish holatlari kuzatilmoqda?

Ozodlikning bu savollariga O‘zbekistonda rekruting bilan shug‘ullanangan Mehnat vazirligi sobiq mutassadisi javob berdi. Ismini ma’lum sabablarga ko‘ra ochiqlamaslikni so‘ragan xodim oxirgi bir necha oyda Mehnat vazirligiga qarashli TMMA tuzilmasining barcha kuchlari muhojirlarni jalb qilish bo‘yicha pilot loyihalariga qaratilgan:

- Masalan, hozir bizda migrantlarni ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihalari amalga oshirilmoqda. Barcha viloyatlarda Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari qurilish sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha o‘tgan yilning oktabr oyidan beri tanlov o‘tkazilmoqda. 10 mingtadan ishchini Rossiya qurilish maydonlariga jalb qilinmoqda. Siz tilga olgan “PIK-Industriya”, “Stroykraft”, “Dina” va boshqa asosan qurilish kompaniyalari. Loyihaga Rossiya Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Mehnat, IIB, FVV va boshqa idoralari ham kiritilgan. Bizning bor kuchimiz, mablag‘larimiz shu loyihani amalga oshirishga sarflanayapti. Tuzilayotgan shartnomada mehnat muhojiri talablari ko‘p hollarda inobatga olinmayotir.

Suhbatdoshning fikricha, bunday vaziyatning yuzaga kelishiga yaratilgan “majburlash” tizimi sababchi.

- Ya’ni ish beruvchi migrantning transportirovkasi, hujjatlari, patent, sug‘urtalarini to‘lab beryapti. Patentga muhojir qaysi firmaga biriktirilgani ham yozib qo‘yilyapti. Ya’ni, u yerda ishlashni istamagan migrant mamlakatni tark etib, qayta kirib patent olishi lozim! Amalda esa sistema ishchilarni yarimqullarga aylantirmoqda, xuddi shu tizimi ularni qonunbuzarlikka undamoqda, ularni kreditlar olishga majburlamoqda. Odamlar “ishlamaymiz” demaydi, agar sharoitlar bo‘lsa. Ular borgandan keyin to‘liq ish beruvchi qo‘liga tushib, huquqsiz ishchilarga aylanmoqda. Bir nima desa “Sen uchun to‘laganmiz!”, deyapti. Muhojir nima xohlayotganini ularga qiziqmas. Bizdagi hamma muammo xuddi shu “majburlash”ga borib taqalmoqda, - dedi Mehnat vazirligining sobiq xodimi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Rossiya Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Rostrud, Mehnat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Moskva hukumati vakillaridan iborat rasmiy delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurgani va mehnat migrantlarini jalb etish bo‘yicha pilot loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi. 2021 - yilning 7 - oktabr kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ushbu dasturni ishga tushirish haqidagi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston tomonidan bu loyihaning asosiy tashabbuskorlaridan biri O‘zbekiston Mehnat vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov ekani aytiladi.

Pilot loyihalari doirasida Muhiddinov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning 170ta ish beruvchisi bilan shartnoma tuzgani aytiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 - yilda muhojirlar tomonidan O‘zbekistonga 8,1 mlrd. AQSh dollari hajmida pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Mutaxassislar amalga oshirilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2019-2020 - yillarga nisbatan 34 foizga oshganini (6,0 mlrd. AQSh dollar) aytmoqda.

2021 - yil davomida Rossiyaga borgan mehnat migrantlarning katta qismini o‘zbekistonliklar tashkil etgan.

Rossiya IIV ma’lumoticha, o‘tgan yilda 3 milliondan ziyodroq o‘zbekistonlik Rossiyaga mehnat muhojirligiga borgan. Keyingi o‘rinlarni Tojikiston (1,5 million), Qirg‘iziston (623 ming), Armaniston, (298 ming) va Ozarbayjon (185 ming) egallagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG