Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:26

So‘xliklar ishi: Ikki kishi 5 yilga qamaldi, 20 kishiga ozodlikni cheklash jazosi berildi (VIDEO)


Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida bo‘lib o‘tdi.
Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida bo‘lib o‘tdi.

18 - mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida o‘tgan yilning may oyida So‘x tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarda ayblangan 22 kishi ustidan sud hukmi o‘qildi.

Sudlanuvchilarning ikki nafariga 5 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Yigirma nafar sudlanuvchiga esa 5 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi berilgan.

Sudlanuvchilardan Farg‘ona viloyat IIB foydasiga 9 996 341 so‘m moddiy zarar undirilishi ham qayd qilingan.

Арипов ваъдасини бажармади. 22 сӯхлик судланди, иккиси 5 йилга кесилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:49 0:00

Sud hukmi

Chorshanba kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida sudya "So‘x voqealari"da ayblangan 22 kishiga nisbatan sud hukmini e’lon qildi.

22 nafar sudlanuvchining barchasi Jinoyat kodeksining 244-moddasida (ommaviy tartibsizliklar) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Lekin ularga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilgan.

Sudni kuzatgan huquq himoyachisi Bahodirxon Eliboyevga ko‘ra, sudya sudlanuvchilar Nazirjon Jo‘rayev va Mahsimjon Ahmedovga 5 yillik qamoq jazosi bergan.

Sudlanuvchilar yaqinlari sud hukmini kutmoqda.
Sudlanuvchilar yaqinlari sud hukmini kutmoqda.

Ular jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Jo‘rayev va Ahmedov shu paytgacha hibsda ushlab turilgan 9 sudlanuvchi orasida bo‘lgan.

Sudya hukmni o‘qib tugatganidan biroz o‘tib, Oliy sud saytida mazkur sudga doir rasmiy bayonot e’lon qilindi.

Bayonotga ko‘ra, shu paytgacha qamoqda ushlab turilgan sudlanuvchilar R.Mirsharipov, F.Ahrorov, D.Mallayev, O.Otashev, Sh.Mirzojonov, B.Shodiyev, Yo.Jo‘rayevlar 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sakkiz nafar sudlanuvchi o‘tgan yilning 22 - avgust kuni qamoqqa olingan, yana bir sudlanuvchi (Yo.Jo‘rayev) ulardan bir oy keyin- 22 - sentabrda hibsga olingan edi.

O‘tgan yilning 10 - sentabridan beri uy qamog‘ida saqlangan B.Foziljonov, J.Bo‘ronboyev, S.Parpiyevga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi, Sh.Mahmadaliyev, Z.Zaylobov, X.Safarjonov, R.Hasanov, X.Rahmonaliyev, S.Ismatov, D.Xolmatjonov, F.Jonuzoqovga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi, Sh.Olimov, I.Sobirovga esa 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

  • Ozodlikni cheklash jazosi - sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat bo‘lib, faqat asosiy jazo sifatida qo‘llaniladi.

16 - mart kuni sudning oxirgi majlisida prokuror ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan 9 kishiga 10 yilu 2 oy, uy qamog‘ida saqlanayotgan 13 kishiga esa, 6 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishini so‘ragandi.

Sud hukmida Farg‘ona viloyat IIB foydasiga yetkazilgan 9 996 341 so‘m moddiy zarar sudlanuvchilardan undirilishi ham ko‘rsatilgan.

Sud binosi oldida sudlanuvchilar yaqinlari sud hukmi o‘qilishini kutib turgan payti. 18 - mart. 2021 - yil
Sud binosi oldida sudlanuvchilar yaqinlari sud hukmi o‘qilishini kutib turgan payti. 18 - mart. 2021 - yil

Aripov va’dasidan 3 oy o‘tib qamalgan yigitlar

Bosh vazir Aripov “So‘x voqealari” ishtirokchilariga chora ko‘rilmasligiga va’da bergan edi.

Aripov va’dasidan 3 oy o‘tib so‘xliklarni hibsga olish boshlandi.

“So‘x voqealari”ga aloqadorlikda ayblangan o‘nlab so‘xlik qo‘lga olindi, 6 nafariga ayblov e’lon qilindi. Ammo 9 - noyabr kuni mahkamada 22 nafar ayblanuvchi hozir bo‘ldi.

13 nafar so‘xlik sentabr oyidan buyon uy qamog‘ida saqlanayotgani faqat mahkama boshlanganidan so‘nggina jamoatchilikka ayon bo‘ldi.

Jinoyat ishi doirasida 9 shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 shaxsga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayblanuvchilar orasida 2 nafari voyaga yetmagan, yana bir nechasi o‘zbek tilini bilmagani uchun tarjimon so‘ragan, biroq tarjimonsiz tergov qilingani haqida ma’lumotlar bor.

Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston hududida joylashgan So‘x tumani aholisining asosiy qismi tojik millatiga mansub va ayrim so‘xliklar O‘zbekistondan uzilib qolgani bois, o‘zbek tilini yaxshi bilmasliklarini aytadilar.

Ayblov xulosasi nusxasi
Ayblov xulosasi nusxasi

Ozodlikka nusxasi yo‘llangan ayblov xulosasida qayd etilishicha, 22 ayblanuvchidan 4 nafari ayblovga iqror bo‘lmagan, 3 nafari qisman iqror bo‘lgan, qolganlari esa to‘liq iqror bo‘lgan.

Ammo sudlanuvchilarning yaqinlari va kuzatuvchilarga ko‘ra, majlisda ayblanayotgan so‘xliklarning aksari ayblarga iqror bo‘lmagan, ulardan ba’zilari hibsga olish chog‘ida "dubinka bilan kaltaklangani"ni aytgan.

Sudlanuvchilarning yaqinlariga ko‘ra, ayblanuvchilar sud mahkamalarida ayblov xulosasidagi iqrorlik ko‘rsatmalaridan voz kechgani haqida gapirishgan.

Sud jarayonini kuzatib kelayotgan Bahodir Eliboyevga ko‘ra, sud majlisida so‘nggi so‘z olgan ayblanuvchilarning aksariyati o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini aytishgan.

Сўх жанжали: Чашма булоғи можароси, ўқ еган сўхликлар, тинч йўл билан ҳал қилинган зиддият
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:30 0:00

Ommaviy tartibsizlikka aylangan tortishuv

O‘tgan yilning 31 - may kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanining, Qirg‘iziston Botken viloyati Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida janjal chiqdi.

Buning ortidan yuz bergan ommaviy tartibsizliklar chog‘ida, O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q egan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.

Inson huquqi himoyachisi Eliboyevga ko‘ra, jabrlanuvchilar safida ro‘yxatda turgan Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev biror marta ham sudga kelib ko‘rsatma bermagan.

"So‘x voqealari" sodir bo‘lgan paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati rahbarlari "Chashma" chegara punktida uchrashib, ziddiyatning eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro tinch hal qilishga kelishib olgandi.

So‘xda may oyida yuz bergan to‘qnashuvlar yuzasidan bironta qirg‘iz fuqarosi hibsga olingani yoki jinoyat ishi ochilgani ma’lum emas.

Maydoni 352 kilometr kvadratni tashkil qilgan So‘x tumanida 80 mingga yaqin aholi yashaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining 99 foizi tojik millatiga mansub, 7 foizi qirg‘iz, 1 foizi o‘zbek va boshqa millat vakillaridir.

Фарғона вилоят ҳокими Шуҳрат Ғаниев нега Сўхда тошбўрон қилинди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:33 0:00

Алоқадор

XS
SM
MD
LG