Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:38

"Qonga cho‘milgan Putin". Rossiya prezidentining Oltoydagi "dacha"si yonib ketdi


Oltoydagi "Putin dachasi".
Oltoydagi "Putin dachasi".

Tog‘li Oltoyda yerli xalq “Putinning dachasi” deb ataydigan majmuaning bitta binosi yonib ketdi. FVV jurnalistlarga izoh berishdan bosh tortdi, mahalliy OAV va kanallar o‘zini bilib bilmaganga solmoqda.

Hodisa haqida oltoylik huquq faoli Aruna Arna hamda Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirgani” uchun jinoiy ta’qibdan qochib chet elga ketishga majbur bo‘lgan jurnalist, “Aksilkorrupsiya qo‘mitasi” loyihasi rahbari Amir Aytashev yozishdi, xolos. Ular yong‘in fotosuratlarini ham e’lon qilishdi.

Hammaning og‘zida bir gap: dacha yongan emish

Srostki qishlog‘i – Oltoy o‘lkasidagi oxirgi aholi maskani. U yog‘iga Oltoy Respublikasi va mashhur Chuy yo‘li boshlanadi. Vasiliy Shukshin tug‘ilgan bu qishloqda har yo‘lovchi albatta to‘xtab o‘tadi. Yo‘l yoqalab o‘nlab yemakxona, yoqilg‘i shoxobchalari va bir nechta bozorcha joylashgan. Juma kuni ertalab bozorda odam siyrakroq bo‘ldi. Sayyohlar odatda tushdan keyin kelishadi. Lekin sotuvchilar zerikib qolishmadi. Hamma asosiy yangilik – “Oltoy raboti”dagi yong‘inni muhokama qilmoqda, bu dacha Srostkidan taxminan 200 chaqirim narida.

“Simdan o‘t chiqqan. Yozgi turbazalar ochildi, odam ko‘p, tarmoq ko‘tara olmay, qisqa tutashuv yuz bergan”, deya o‘z tusmolini o‘rtaga tashlaydi asal va yong‘oq solingan bankalarni artayotgan sotuvchi ayol.

“Ҳақиқий ўзаро дўстлик”. Путин Ўзбекистонда қолиб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:17 0:00

“Nimalar deyapsan?! U yerning alohida liniyasi bor! U yerda hamma sharoit oliymaqom, oddiy odam uchun qilinmagani aniq, – bahslashadi xonaki vino shishalarini peshtaga terayotgan boshqa sotuvchi. – Yo‘q! Menimcha, ular natsionalizatsiyadan qo‘rqishgan, yoki U Manjerokka (Oltoydagi tog‘-chang‘i kurortiga – Tahr.) borsin deb shunaqa qilishgan. Gref u yerga bekorga shuncha pul sarflamayapti-ku”.

Oltoyliklar “U” deganda Vladimir Putinni nazarda tutishadi. Yerli aholi aytishicha, Tog‘li Oltoyda uning rasmiy qarorgohlar sirasiga kirmaydigan dachasi bor.

“Chemal posyolkasida (Tog‘li Oltoydan 60 km janubda – Tahr.) “Mariya oroli” nomli chorbog‘-klub bor, ilgari yopiq edi, faqat kazo-kazolar dam olardi. Shu yerlik shomonga tushida ayon bo‘lishicha, u odamga kuch beradigan mo‘jizaviy joy ekan. Bu gap bir vrachga yetib borgach, u yerda ekokurort tashkil qilishdi: siyosatchilar, yulduzlar davolanadigan bo‘ldi. Putin ham davolangan. Bug‘u shoxi vannasida. Bilasizmi, nima bu? Yosh morol (Sibir bug‘usi) qoni, aniqrog‘i, uning shoxidan sizib chiqadigan qon solingan maxsus vanna. Aytishlaricha, sog‘liqni va erlik quvvatini tiklashga yordam berarmish. Lekin arzon narsa emas bu. 15 daqiqalik bitta muolaja 10 ming turadi. Putin bir marta davolanib foydasini sezgach, vaqti-vaqti bilan mana shunaqa muolaja qildirish uchun o‘sha dachani qurdirgan ekan”, deydi sotuvchi Tatyana Kergilova (ism-familiya o‘zgartirilgan).

“Tog‘larni qo‘porib qurilgan dacha”

“Dacha va unga eltadigan yo‘lni qurish uchun katta-katta tog‘ uchastkalarini portlatib, yo‘q qilishdi. Palaxsalar texnikada tashib ketildi. Eng yomoni, qabrlarni yakson qilishdi. Skiflardan qolgan 2,5 ming yillik qabrlarni. Qanchadan-qancha skeletlar yuzaga chiqib qolganini ko‘rganman”, degandi 2010-yilda Ozodlik radiosi bilan suhbatda Tog‘li Oltoyning “Listok” gazetasi bosh muharriri Sergey Mixaylov.

Darvoqe, Mixaylov “Rossiya armiyasi obro‘sini to‘kdi” degan ayb bilan 2022-yildan beri qamoqda o‘tiribdi. O‘sha kezlar, mahalliy kengash deputati bo‘lganida turli idoralarga shikoyatlar yozgan. Prokuraturadan kelgan javob xatida shunday deyilgan edi: “Jami 1426 kv.metr maydondagi 23 ta arxeologiya obyekti yo‘q qilingan. 936 kv.metr maydondagi 16 obyektga zarar yetgan. Qurilish ishlari madaniy meros obyektlarini qo‘riqlashga mas’ul davlat organi – Madaniyat vazirligi roziligisiz olib borilmoqda. Qo‘riqlanadigan yodgorliklar mavjud hududda yer qazish va qurilish ishlarini olib borish taqiqlanganiga qaramay, federal va Oltoy Respublikasi qonunchiligida buning uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilmagan...”

Avvaliga mahalliy hukumat yo‘l turizmni rivojlantirish uchun qurilayotganini iddao qildi. “Yo‘l qurilsa, sayyohlarning Ursul va Sumulta daryolari bo‘yidagi xushmanzara tog‘li joylarga borishi osonlashadi. Bu umumiy foydalanuvdagi yo‘l bo‘ladi: sayyohlarga ham, yerli aholiga ham xizmat qiladi”, deyishdi. Ammo qurilish bitgandayoq ma’lum bo‘ldiki, bu gaplar bari yolg‘on ekan.

Yo‘lning har kilometri budjetga 200 mln rublga, butun uchastka esa 4 mlrd rublga tushdi. Qiyoslash uchun o‘sha yillar butun respublika byudjeti bor-yo‘g‘i 9 mlrd edi. Bir necha jurnalist bu yo‘ldan o‘tishga harakat qilib ko‘rishganida ularni birinchi shlagbaumdayoq orqaga qaytarib yuborishdi. Boshqa safar esa bir necha gazeta muxbirlari piyoda o‘tishga urinib ko‘radilar. Biroq tez orada mashina yetib kelib, ichidan “uch barzangi”tushadi. “Ular bizga shunday qaradiki, qo‘l-oyog‘imizni sindirishsa ham oson qutulgan bo‘lamiz, deb o‘yladik. Shunday bo‘lsa-da, bazo‘r yurak yutib savol berdik: nega bu yerdan o‘tish mumkin emas?.. Barzangilardan biri o‘qrayib dedi: Bu maxsus qo‘riqlanadigan joy, davlatning eng yuqori rahbarlari uchun...”, deb yozgandi 2012-yilda o‘sha “sarguzasht”da qatnashgan “Ridus” nashri jurnalisti.

Путин Тошкентда: нега ҳозир ва нега айнан Ўзбекистон?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:26 0:00

Tomskning TV-2 teleshirkati jurnalistlariga omad kulib boqadi. Ular qarorgohni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ladilar.

“U paytlar “Putinning koshonasi” degan ibora hali paydo bo‘lmagan, lekin Chuy traktidan o‘sha “Oltoy raboti”ga katta pul sarflab maxsus yo‘l solingani va har yerga blok-postlar qo‘yilgani haqidagi gap-so‘zlar shunga qarab borayotgandi. Biz buni tekshirishga qaror qildik, – deydi jurnalist Andrey Filimonov. – Bizga o‘sha paytlar deputat bo‘lgan Sergey Mixaylov yordam berdi. Birga Ongudayga jo‘nadik, chunki “rabot” xuddi o‘sha yerda, Oltoy Respublikasining qoq markazida joylashgan. Birinchi postda Mixaylov deputatlik guvohnomasini ko‘rsatdi, bizni o‘tkazib yuborishdi. Ikkinchi postda esa tixirlik qilishdi. Shunda biz Oltoydagi yarimvayrona bir qishloq nomini aytib, o‘sha yerga qarindoshlarni ko‘rgani boryapmiz, dedik. Ruxsat berishdi, lekin: “Yo‘lda to‘xtamanglar, o‘ng tomonga qaramanglar”, deb tayinlashdi. Ammo biz, albatta, to‘xtadik, suratga oldik. Qarorgoh ikkita korpus, xo‘jalik bloki va vertolyot maydonchasidan iborat edi. Yer ostida nimalar borligini, tabiiyki, bilmaymiz. Ayrimlar Putinning bunkeri bor, deyishadi. Qaydam. Obdon suratga olgach, soqchilarda shubha tug‘dirmaslik uchun, qishloqqa bordik va u yerning odamlari bilan bir oz suhbatlashib, izimizga qaytdik. Mixaylov aytishicha, Oltoy Respublikasining o‘sha paytlardagi rahbari Aleksandr Berdnikov nimadir qilib Kremlning g‘azabiga yo‘liqqan va “gunohi”ni yuvish uchun mahalliy byudjet puliga “Oltoy raboti”gacha yo‘l qurib bergan ekan. Biz buni tuman ma’muriyatidan surishtirmoqchi bo‘ldik, biroq kimga mikrofon tutmaylik, gapning uchini chiqarishimiz bilan qochib ketardi”.

2010-yil 14-mayda senator Ralif Safin regional parlament sessiyasida so‘zlagan nutqida “oltoyliklar xursand bo‘lishlari kerak, chunki bu obyekt mamlakat oliy rahbaryatining qarorgohi bo‘ladi”, deydi. Ertasi kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida esa respublika rahbari Berdnikov “Ursul daryosi yoqasida rostdan ham Putinning dachasi quriladimi?” degan savolga “bo‘lmagan gap, mish-mish” deb javob beradi. “U yerda “Gazprom” bazasi va sanatoriy bo‘ladi”, deydi u.

Ko‘p o‘tmay “mulk egasi”dan ham sado chiqdi. “Gazprom” shirkati “Rabot” qarorgohi hamkorlar bilan uchrashuvlar, korporativ tadbirlar va ajnabiy mehmonlarni qabul qilish uchun qurilayotganini e’lon qildi. Yerni ilgari o‘sha hududda faoliyat yuritgan bug‘uchilik fermasining shu’basi sotib olgan emish. Joyning qo‘riqlanadigan tabiiy hudud maqomi bo‘lmagan emish. Nihoyat, obyektga jami 1,5 mlrd rubl investitsiya kiritilishi aytildi.

“Turbazadagi kottejlar qurilishida ishlaganman. O‘zim Tomskdan, bu yerga ishlagani kelib turaman. Bir dam olish kunida yigitlar birga o‘rmonga jo‘nadik. Ilgari shu atrofda Putinning dachasi bor, degan gaplarni eshitganman. Ketyapmiz. Birdan ikki qatorli, chiziqlar tortilgan yo‘l chiqib qoldi. Oltoyda bo‘lganlar biladiki, bu yerlarda Chuy traktidan boshqa asfalt yo‘l yo‘q. Hayron bo‘lib tursak, yerning tagidan chiqqandek qarshimizda ikki soqchi paydo bo‘ldi: harbiycha kiyingan, lekin biron taniq belgisi yo‘q. Bizga orqaga qaytinglar, deb do‘q qilishdi. Qo‘rqib turgan bo‘lsak ham so‘radik: bu atrofdagi prezidentning dachasi bormi, deb. Bittasi bosh irg‘ab qo‘ydi”, deya hikoya qiladi “Sibir.Realii” bilan suhbatda Mixail Parshukov (ism-familiya o‘zgartirilgan).

“Oxirigacha sir tutildi”

Ushbu hudud iqlimi yumshoq – mart oyidan havo iliydi, noyabrda hatto oftobda qorayish mumkin, qishda esa qor yog‘maydi hisob. Sumulta qo‘riqxonasi go‘zal joylar bo‘lgani bilan borish juda qiyin bo‘lgani uchun huvillab yotadi: tuzukroq yo‘l yo‘q, qayiqda borish uchun esa maxsus ruxsat olish kerak. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, “Rabot” daryo qirg‘og‘ida, Katun daryosi Ursul va Sumulta bilan qo‘shilib ketgan joyda qurilgan. Qarorgoh majmuasi ikkita bino, uchta vertolyot maydonchasi, tennis korti, otxona, bir nechta avtoturargoh, qayiqlar turargohi va kichik elektrostansiyadan iborat (biz so‘ragan mutaxassislar bunaqa elektrostansiya 5000 kishini elektr bilan ta’minlay olishini aytishdi – tahr).

“Rabot”ning bosh korpusi va xo‘jalik binolari italyan me’morlari tomonidan sharqona uslubda ishlangan. Devorlar – Oltoy tilog‘ochidan, bezaklarda tabiiy materiallar qo‘llanilgan. Cho‘pkori eshik va derazalar ishlab chiqaruvchi bir shirkat saytida ushbu qarorgoh ichi va tashqarisida olingan bir necha sifatli fotosurat bor.

Majmuada tevaragi ihotalangan daraxtzor va bug‘uchilik fermasi mavjudligi, bug‘ular – qonida Putin cho‘milishi uchun boqilishi aytiladi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Putinning bunkeri ham shu yerda. Yerli aholi bunkerni ming kishigacha odamga mo‘ljallangan, deya naql qiladi. Dacha bilan bog‘liq boshqa rivoyatlar ham bor.

“Ovchilar o‘sha dachani ko‘rishibdi, u o‘rmonning ko‘zdan pana joyida ekan. Vertolyotda Kabayevani olib kelshibdi. Kabayeva vertolyotdan tushmasdanoq oyoqlarini kerib “rastyajka” qilganmish” – shunaqa rivoyatlardan birini so‘zlab beradi oltoylik Altaych Kazansev (ism-familiya o‘zgartirilgan).

Kamida bir marta, 2015-yili Putin bu yerda Italiya bosh vaziri Silvio Berluskoni bilan dam olgan. Ular uch sutka bo‘lishgan: baliq ovlashgan, Katun bo‘yida aylanishgan, Oltoy milliy taomlaridan yeyishgan, “Ursul” nomli Oltoy xalq xoreografiya ansambli konsertini tomosha qilishgan. Konsert haqida ijtimoiy tarmoqlarda Oltoy Respublikasi xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Leyla Malchiyeva shunday yozgan edi:

“Bugun prezident Putin va Italiya sobiq prezidenti Berluskonilar huzurida konsert qo‘ydik. Oltoycha qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Ular konsertdan oldin biz bilan salomlashishdi, keyin esa Vladimir Vladimirovich bizga rahmat aytib, maqtadi, hatto “Bravo!” dedi”.

Malchiyeva yozishicha, ularni yuqori martabali mehmonlar kelishiga oldindan tayyorlaganlar: “Ikki hafta hozirlik qilindi, bizning ma’lumotlarimizni o‘rganishdi, tavsifnomalar olindi. Biz prezident oldida chiqish qilishimizni bilmasdik ham. Oxirigacha sir tutishdi. Konsertgacha so‘nggi ikki kunni qarorgohda o‘tkazdik”.

Bu ma’lumotlarni keyinroq Berluskoni ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqladi. Putinning Oltoyga safari haqida uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham ma’lum qilgan edi. O‘sha mehmonnavozlikdan so‘ng mahalliy aholi “Rabot”ni “ikki xonalik otel” deb atay boshladi. 2019-yilda OAV prezident “kuch yig‘ish uchun” yana dachaga kelgani haqida yozgan edi. 2021 -yilda jurnalistlarni axiyri u yerga kiritishdi, tasvirga olishlariga ham qo‘yib berishdi. Qo‘riqchilardan biri esa savollarga javoban hazil qilib: “Gazprom”ga ishga kirsangiz bu yerda tekinga dam olasiz”, deb javob bergan edi.

30-may kuni esa internetda dacha asosiy binosi fotosuratlari paydo bo‘ldi. Ularni Amir Aytashev va Aruna Arna e’lon qilishdi, ularga oltoylik tanishlari yuborgan ekan. Jurnalistlar suratlardan binolarga ishlov berilgani izlarini topa olishmadi. Yong‘ir sabablari va oqibatlariga doir biron ma’lumot yo‘q. FVV esa izoh bermayapti. Hozir Yandeks-kartada Oltoy Respublikasi, 84K-93 manzilini yozsangiz: “Gazprom”ning “Oltoy raboti” sanatoriy-kurort majmuasi ortiq ishlamaydi”, degan ma’lumot chiqadi.

Ozodlik radiosi Rossiya hukumati jinoiy ta’qib etishi mumkinligini hisobga olib, maqola muallifi ismini ochiqlamaslikka qaror qildi.

XS
SM
MD
LG