Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:52

"O‘zbekistonda faqat so‘m erkin aylanishi kerak". Iqtisodchilar rubl bosimidan xavotirda


O‘zbekiston Markaziy banki G‘arb sanksiyalari fonida o‘zbek so‘mi Rossiya rublining bosimi ostida qolgani, mamlakatga Rossiyadan katta miqdorda rubl kirib, dollar olib chiqib ketilayotgani haqidagi xavotirlarni rad etmoqda.

Ammo hamma ham Markaziy bank xulosalariga qo‘shilmaydi. Mustaqil iqtisodiy tahlilchilar rubl massasining O‘zbekiston ichki bozorida oshib borayotgani va hisob-kitob operatsiyalarida rublning faol ishtiroki mamlakat iqtisodini tang ahvolga solib qo‘yishi mumkin.

Moliya eksperti: Biz rus valyuta bozorini oziqlantirib turibmiz!

Rossiya rubli massasining oshishi inflyatsiya sur’atini kuchaytirayotganini aytgan Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov rublda savdo qilishning moliyaviy risklarida ogohlantiradi:

A.Abduqodirov
A.Abduqodirov

- Birinchidan, bugungi kunda rubl kursi Rossiya ichki bozorida markaziy banki tomonidan sun’iy ushlab turilibdi. 1 dollarga 55-60 koridorida ushlab turilgan rublning aslida bugungi mantiqiy kursi 70-80 o‘rtasida ekani barchaga ma’lum. Bu farqni bizning Markaziy bank ham tan olyapti, mazkur jarayonning xavfi to‘g‘risida mart oyidagi ko‘p chiqishlarimda gapirgan edim.

Iqtisodiy tahlilchi fikricha, naqd pul miqdorining oshishi O‘zbekistonda inflyatsiya sur’atlarini oshirmoqda:

- Pul savdosi bozori ikkiga bo‘lingan. Birinchisi naqd bo‘lmagan va savdo-sotiq, investitsiyada ishlatiladigan rubl operatsiyalaridan iborat. Ikkinchisi naqd rubl savdosi: asosan transchegaraviy pul o‘tkazmalari. Aynan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hisobiga 6,5 milliard dollar kelib tushgan, deb aytilyapti. Bu katta mablag‘! Unda Rossiyadan fuqarolar olib kelgan aylanmalar ulushi katta. Ikkinchidan, Rossiya bozorida naqd dollar olish imkoniyati yo‘q qilindi. Shuning uchun ular rublni O‘zbekistonga o‘tkazib, 20-30 foizli farq bilan naqdlashtirib, yana Rossiya bozoriga qaytarib chiqarmoqda. Ya’ni Rossiya O‘zbekiston orqali naqd dollar kanalini ochvoldi, biz esa rus valyuta bozorini oziqlantirib turibmiz.

Bu holat albatta inflyatsiyaga olib kelmoqda. Banklardagi barcha sotib olingan valyuta va o‘zbek so‘midagi almashinuvlar taxminan bir xil bo‘lishi kerak – shu proporsiya buzilsa, ortiqcha pul massasi kelib chiqadi. Shu tariqa Markaziy bank tijorat banklarini juda noqulay ahvolga solib qo‘ydi.

Ikkinchidan, ilgari 1 dollarga 70-80 rubl kelgan bo‘lsa, hozir 55-60 atrofida kelyapti. O‘z-o‘zidan bu Rossiyadan kelayotgan har qanday tovar 20-30 foizga oshib ketdi, degani.

Abdulla Abduqodirov O‘zbekistonda olib borilayotgan moliyaviy siyosat iqtisodiy qonunlar asosida olib borilmayotgani, uning ortida siyosiy kelishuvlar borligini taxmin qildi.

- Markaziy bank buni anglab turibdi, lekin uning ortida qandaydir siyosiy kelishuvlar borligidan men boshqa iqtisodiy sabablarni ko‘rmayapman.

Agarda davlat tijorat banklari zarar ko‘rayotgan bo‘lsa, davlatning to‘plagan oltin-valyuta zahiralari kundan-kunga kamayib borayotgan bo‘lsa - davlat qanday foyda ko‘rishi mumkin?! Bir tomondan valyuta shu tariqa oqib ketyapti, boshqa tomondan biz qancha tilla sotib olib, oltin-valyuta zaxiralarimizni tiklashga majburmiz. Natijada zaxirada oltin ulushi ko‘paymoqda. Bu xatarli dinamika va xavfli holat, zero mabodo ikkilamchi saksiyalar joriy qilinib, O‘zbekistonga ham oltin sotishni taqiqlab qo‘yishsa, bizning holimizga keyin maymunlar yig‘laydi.

Nima qilish kerak? O‘zbekistonda faqat bitta valyuta erkin aylanishi kerak, u ham bo‘lsa o‘zbek so‘mi. Qolgan likvidlikka ega bo‘lmagan valyutalar – rubl, yuan va boshqalarni banklarimiz sotib olmasligi kerak, mijozlarga ham taklif etmasligi kerak. Rublga nisbatan bugun katta komissiyalar belgilamasak, ertaga bizning butun bozorimiz xarob bo‘ladi. Tamom!

Markaziy bank: Vaziyat nazorat ostida

21-iyul kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov matbuot anjumanida so‘nggi uch oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi rekord darajada o‘sganini tasdiqladi.

Markaziy bank idorasi rahbari ma’lumoticha, norezidentlar nomiga O‘zbekistonda shu oylarda jami 97 000 ta bank kartasi ochilgan. Mehmonlarning asosiy qismini Rossiya, Ukraina va Belarusdan O‘zbekistonga doimiy yoki vaqtinchalik yashashga kelganlar tashkil etgan. 1-iyul holatiga ko‘ra, rossiyaliklarning O‘zbekistondagi hisobvaraqlarida 115 million dollar bo‘lgan.

Ayni paytda Markazbank raisi Rossiyadan O‘zbekistonga rubl kirib, katta miqdorda dollar chiqib ketayotgani haqidagi xavotirlarga qo‘lishmasligini ta’kidladi.

Ayni paytda u pul o‘tkazmalarining 95 foizi aynan Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelayotganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston 6,5 milliard dollarlik transfertlarni olgan bo‘lsa, 5,6 milliard dollarning bir qismi ichki bozorda sotilgan. Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu, jumladan, avvalroq qayd etilmagan valyuta jo‘natmalari uchun norasmiy kanallar qonuniylashtirilganidan dalolat beradi.

Rossiya Markaziy banki ma’lumoticha, 2021-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 5,5 mlrd dollar jo‘natilgan, ya’ni har bir muhojirga o‘rtacha 410 dollar to‘g‘ri kelgan.

M.Nurmurodov
M.Nurmurodov

- 2022-yilning birinchi yarmida 500 dollargacha bo‘lgan o‘tkazmalar hajmi ikki baravar, jo‘natuvchilar soni esa 50 foizga oshdi... Rublga ruxsat berganimizda, rubl bizga kirib kelmasligiga kelishib olgandik. Ya’ni, rubl pul o‘tkazuvchi to‘lov tashkiloti orqali Rossiya fond birjasida avtomatik tarzda dollarga aylantirilib, keyin depozitga qo‘yilib, bizga dollarda jo‘natilgan. Umumiy hajmdagi ulushi 3,1% bo‘lgan Rossiya rubli P2P o‘tkazmalari orqali, qolgan transchegaraviy o‘tkazmalar dollar va erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshirildi, - dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov jurnalistlar oldida qilgan chiqishida.

Markazbank rahbariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida norezidentlar tomonidan ochilgan joriy hisobvaraqlar soni 47 mingtaga oshib, 169 mingtaga yetgan. Mehmonlarning asosiy qismini Rossiya, Ukraina va Belarusdan O‘zbekistonga doimiy yoki vaqtinchalik yashashga kelganlar tashkil etgan. 1 -yul holatiga ko‘ra, Rossiya fuqarolarining O‘zbekistondagi hisob-kitob hisobvaraqlarida 115 million dollar bo‘lgan.

Banklarda vaziyat qanday?

Mart oyi boshidan O‘zbekiston banklari o‘z kassalarida pul o‘tkazmalari orqali olingan rubllarni almashtira boshladilar. O‘shanda hukumat birjada Rossiya valyutasini avtomatik tarzda dollarga konvertatsiya qilishga qaror qilgan edi.

Shu kunlarda O‘zbekistondagi bir qator banklar tomonidan hisobraqamdan naqd valyuta yechib olishda cheklovlar joriy etilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Kommers. uz nashri ma’lumoticha, banklar shu tariqa barcha mijozlariga valyuta yetkazishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini ma’lum qilgan.

Jurnalist Aziza Qurbonova tijorat banklaridan birida naqd dollar yechish bilan bog‘liq muammoga duch kelgani haqida yozdi.

- Garchi Markaziy Bank raisi M.Nurmuratov 4 kun avval "Ayrim qo‘shni mamlakatlarda valyuta cheklovlar joriy qilinishi bilan chegara oldi hududlari valyutaga talab oshishiga xatarni ko‘rmayapmiz. Bunaqa holatlar uchun cheklovlar joriy qilishdan ma’no yo‘q" degani bilan banklarda dollar defitsiti kuzatilyapti, - deb yozdi Aziza Qurbonova.

Rubl agressiyasi Rossiya bilan oldi-berdi qilayotgan davlatlarda inflyatsiya omiliga aylangan. Yil boshidan buyon rublga nisbatan qozoq tengesi 30%ga, qirg‘iz somi 14%ga, Armaniston drami 20%ga, belarus rubli esa 40%ga qadrsizlangan. Mutaxassislar buning oqibatlari hali iqtisodiyotda to‘la aks etmaganini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda,iqtisodiy tahlilchilar kelayotgan oylarda rublning so‘mga bosimini yanada oshirishini prognoz qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, shu kunlarda Rossiyaning Sberbanki bank kartalaridan O‘zbekistonga rubldagi bepul pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Endilikda Sberbank kartasidan O‘zbekistonning ikkita eng yirik davlat banki va uchta xususiy banki kartalariga kuniga 50 ming rubl, oyiga esa 600 ming rubl hajmida bepul mablag‘ o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG