Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:05

Migrantlarning bolalari Rossiya maktablarida o‘qishda qanday muammolarga duch kelmoqda?


Rossiyada bolalar, nasl-nasabi va millatidan qat’i nazar, maktabda ta’lim olish huquqi Konstitutsiya va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun bilan kafolatlangan. Biroq amalda ba’zan migrantlar yoki qochqinlarning farzandlarini, masalan, ularning ro‘yxatdan o‘tmagani yoki til bilmasligini vaj qilib maktabga qabul qilmasliklari mumkin.

Quyidagi maqolada Rossiya shaharlarida ishlayotgan ota-onalar o‘z bolalarini maktabga joylashtirishda duch kelayotgan muammolar va ta’lim byurokratiyasini yengishda ularga kim va qanday yordam berishi to‘g‘risida gap boradi.

Maqola originali “Nastoyashcheye vremya” saytida e’lon qilingan.

Jazgul Moskvaga ishlagani olti yil muqaddam eri bilan birga kelgan edi. U asli Qirg‘iziston janubidan. Aksari mehnat migrantlari kabi, yosh ota-ona dastlabki kezlar bolalarini bobo-buvilariga qoldirib kelgan edi, Rossiyada ish va boshpana topgandan so‘ng ularni olib kelishdi.

“Kasbim – tibbiyot hamshirasi, lekin Moskvada duch kelgan ishni qildim: hamshira ham bo‘ldim, farrosh va sotuvchi bo‘lib ham ishladim, – deb hikoya qiladi Jazgul. – Turmush o‘rtog‘im qurilishda ishlardi, hozir taksi haydaydi. To‘rt bolamiz bor. To‘ng‘ich qizim 19 yoshda, biz uni 7 yasharligida asrab olganmiz. O‘shanda o‘zimiz 20 yoshda edik – erim ikkimiz tengqurmiz. Keyin farzandlarimiz tug‘ildi: o‘g‘lim 11, qizaloqlar 9 va 6 yoshlarda. Hozir beshinchi farzandimizga homiladorman”.

Oila bolalarni Moskvaga 2019 - yil iyunda ko‘chirib kelgan. Katta qizlari o‘z yurtlarida to‘qqizinchi sinfni tugatgan, keyingi bir o‘g‘il bilan bir qizni uch oy ichida maktabga joylashtirish kerak edi.

“Juda qiyin bo‘ldi, hamma ish onlayn, davlat xizmatlari portali orqali bajarildi, holbuki bizning kompyuterimiz yo‘q edi. Bir yarim oycha halak bo‘ldik, lekin bolalarimizni qabul qilishdi”, deydi Jazgul.

Bolalarni rus tilini yaxshi bilmasalar ham qabul qilishibdi.

“Omadimiz bor ekan. Erim juda kirishimli odam, shu atrofda migrantlarga ko‘maklashadigan va chet elliklarning bolalari uchun rus tili kurslarini ochgan bir kishi bilan tanishibdi. Farzandlarimiz ikki yildan beri o‘sha yerga qatnaydi, katta qizim esa ingliz tilini o‘rganyapti. O‘sha odam yordam bermaganida, bilmadim, nima qila olardik”, deydi ona.

Jazgul aytishicha, o‘g‘lini dastlab yoshiga nisbatan quyi sinfga olmoqchi bo‘lishibdi. Ammo uning ishi oson ko‘chgan: begona tilga tez “kirishib ketibdi”, hozir o‘qishi durust va to‘rtinchi sinfga o‘tgan. Singlisi esa picha qiynalyapti. May oyida qizaloq rus tilidan “ikki” olgach, yoz bo‘yi til kursiga qatnagan. Yaqinda imtihon topshiradi – uchinchi sinfga ko‘chishi imtihon natijasiga bog‘liq. Maktab Jazgulning uchinchi farzandini qabul qiladimi, yo‘qmi – hanuzgacha noma’lum. Qizaloq kelasi oyda yettini to‘ldiradi, ammo maktab ma’muriyati joy yo‘qligini aytib, ota-onani ogohlantirgan emish. Shu bilan birga, ular aka va opalari shu yerda ta’lim olishayotgani uchun qizaloqni ham qabul qilishlari kerakligini tan olishgan.

“Maktabning vazifasi – o‘qitish, hujjat tekshirish emas”

Migrant va qochqinlarning bolalarini maktabga joylashtirishda yordamlashuvchi tashkilotlardan biri – “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi Rossiya hukumati tomonidan “xorijiy agent” deb topilgan. 2020 - yilning o‘zida 122 nafar bola qo‘mita sharofati bilan maktablarga olindi. Har yangi o‘quv yilida “Fuqaroviy ko‘mak” bolalarning ta’lim olish huquqi buzilishiga doir 50 dan ortiq yangi holatni o‘rganadi. O‘nlab bolalar qo‘mita ko‘ngillilari bilan birga rus tili va boshqa fanlarni o‘zlashtirmoqda.

Qo‘mitaning “Ta’limga yo‘l” nomli loyihasi advokati Mariya Krasovaga ko‘ra, eng ko‘p hollarda bolalar maktabga qabul qilinmasligiga ularning ro‘yxatdan o‘tmagani vaj qilib ko‘rsatiladi.

Rossiyadan ro‘yxatdan o‘tish kelgan joyi bo‘yicha (vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish yoki, byurokratiya tilida, “3-shakl”) yoxud yashash joyi bo‘yicha (“propiska” yoki “8-shakl”) rasmiylashtiriladi. Bola borishi mumkin (va uni qabul qilishlari shart) bo‘lgan maktablar manzillari ro‘yxatdan o‘tish manzili bilan bog‘liq. Biroq ko‘plab migrantlar va ularning oilalari ro‘yxatdan o‘tmaydi, balki ish joyi bo‘yicha migratsiya hisobida turishadi xolos. Bu Rossiya qonunchiligiga xilof emas, ammo ro‘yxatdan o‘tmagan bolalar tizimda “osilib qolayotgani” juda achinarli.

“2020 - yilda Moskva davlat xizmatlari portali faqat 3-shakl va 8-shakl bilan hujjatlarni qabul qilgan bo‘lsa-da, ayrim maktablar nafaqat migratsiya hisobida turadigan migrantlarning, balki turli sabablarga ko‘ra Moskvada ro‘yxatdan o‘tmagan Rossiya fuqarolarining bolalarini ham o‘qishga olmagan. Eshitishimizcha, portalni IIV bazasiga ulashmoqchi emish, shunday qilinsa, maktablar migratsiya hisobidagilarni “ko‘rib turadi”, biroq baribir bolani qabul qilishni rad etishlari mumkin”, deydi yurist.

Mariya Krasovaga ko‘ra, “Fuqaroviy ko‘mak” maktabda ta’lim olish huquqi masalalariga oid ko‘plab sud ishlarida yutib chiqadi, bunaqa da’volar soni yiliga bir necha o‘ntani tashkil etadi. Ammo u yog‘iga ish to‘xtab qolmoqda: birorta holatda ham maktab yoki bog‘cha sud qarorini ijro qilayotgani yo‘q.

“Ayrim sudlar bir necha yilga cho‘ziladi, bola foydasiga qaror chiqariladi, lekin uni maktabga olishmaydi. Ta’lim departamenti yuristlari sudyaning qarori baribir ijro etilmasligini sud majlisida ro‘y-rost aytishadi”, deydi Krasova.

Ro‘yxatdan o‘tish maktablar uchun bunchalik muhimligi haqidagi savolga javoban, yurist shunday tushuntirish beradi: maktablar ma’muriyati bolani istalgan hujjatlar to‘plami bilan qabul qilishi mumkin, ammo 3-shakl yoki 8-shakl bo‘lmasa, ta’lim departamenti uning uchun mablag‘ o‘tkazib bermaydi.

Krasova qonunda nazarda tutilmagan ushbu byurokratik labirintlar qanday paydo bo‘lganini anglashga urinadi:

“Moskva ta’lim departamenti yuristlari migratsiya hisobida turadigan bolalar ro‘yxatdan o‘tgan bolalar bilan bir xilda moliyalanadi, deb necha marta ishontirgan. Ammo biror maktab direktori bola manfaati uchun Departament bilan ziddiyatga borgan biror holatni eslolmayman: direktorlarning mehnat daftarchalari Departamentda saqlanadi, binobarin, maktablar ma’muriyati shakkoklikka jur’at qila olmaydi. Direktorlar Departamentning hujjatlar ro‘yxatiga oid shartli buyrug‘ini ro‘kach qiladilar. O‘sha buyruqni ko‘rganman – A4 bichimli bir varaq qog‘oz, na manzil bor, na imzo va na muhr. Bu hujjatni yozgan odam migratsiya qonunchiligini yetarlicha bilmaydi. Biz va hamkasblarimiz maktabning vazifasi – o‘qitish, hujjat tekshirish emas, degan fikrga tayanamiz. Buning uchun shu ish bilan shug‘ullanuvchi boshqa idoralar bor”.

“O‘sha O‘zbekistoningizga borib o‘qitavering”

Biroq hatto ta’lim departamentiga bo‘ysunishgani bilan bolani maktabga qabul qilish yoki qilmaslikka aynan direktorlar qaror beradi. Mariya Krasovaga ko‘ra, maktablar rahbariyatini shartli uch toifaga ajratish mumkin.

“Birinchisi – ajoyib ma’muriyatlar. Biz ularga vaziyatni tushuntiramiz, ba’zan yetishmayotgan hujjatlarni keltirishga kafolat beramiz va maktab bolani qabul qiladi. Gap shundaki, ko‘p hollarda hujjatlarni rasmiylashtirish anchagina vaqtni oladi”.

“Shunday maktablar borki, barcha hujjatlarni topshirsak-da, direktorlar boshqa sababni ro‘kach qilib, talabimizni rad etadi, masalan, bolaning tilni yaxshi bilmasligini. Va buni tushunish mumkin. Rossiya maktablarida o‘qituvchilar mehnatiga bolalarning o‘zlashtirishi va maktab reytingiga qarab haq to‘lanadi. Bunday hollarda bolaga ko‘ngillilarimiz orqali rus tilini o‘rgatishga ishontirib, direktorlarni bir amallab ko‘ndiramiz”, deydi Krasova.

Bular, yurist ta’biricha, “eng odamshavanda direktorlar”. Ammo sira gap uqtirib bo‘lmaydigan uchinchi toifa ham bor. Bunaqa direktorlar hech bir mantiqsiz, asosli sababsiz rad javobi berishi mumkin. Krasova o‘zbekistonlik bir bola bilan bog‘liq voqeani misol qilib keltiradi: u o‘z vatanida rusiyzabon maktabda o‘qigan, tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiadalar g‘olibi, oilasida ruscha gaplashishadi, hamma hujjatlari joyida.

“Ammo maktab direktori baribir uni qabul qilmagan: O‘zbekistoningizga qaytib, o‘sha yerda o‘qitavering, deb aytgan. Menda o‘sha suhbat audioyozuvi bor, juda qo‘pol va beadab odam ekan. Bolani maktabga olishmadi, sud 2018 - yildan beri davom etyapti. Bu orada u yurtiga qaytib ketdi, maktabni bitirdi va Rossiyaning eng obro‘li universitetlaridan biriga yuqori natija bilan o‘qishga kirdi. Anov maktab esa bola orqali o‘z reytingini ko‘tarish o‘rniga undan qutulishni afzal ko‘rdi”.

“Ko‘chmanchi bolalar”: Feruzaning hikoyasi

Agar bola rus tilini yaxshi bilmasa yoki mutlaqo bilmasa, Rossiya maktablari unga o‘z eshiklarini ochishi amri mahol. O‘zbekiston fuqarosi Feruza bolalari misolida bunga o‘zi shaxsan ishonch hosil qilgan. Feruza 2013 - yili eri bilan ajrashib, uch bola bilan yolg‘iz qolganidan so‘ng Rossiyaga ishga kelgan. Hozirda uning katta o‘g‘li 17, qizi 16 va kenja o‘g‘li 14 yoshda.

“Ko‘p joylarda ishladim, hozir kommunal xo‘jalik korxonasidaman. Bolalarim ota-onam bilan qolgan edi, 2017 - yilda olib keldim. Ammo maktabga joylashtira olmadim: rus tilini bilmaganliklari uchun. Bir yil repetitorga qo‘ydim, har bir bolam uchun oyiga 4500 rubl to‘ladim. Juda qiyin bo‘ldi”, deb eslaydi Feruza.

2018 - yilda ayol farzandlarini yana maktabga yetaklab bordi, ammo til bilish darajasi hanuz past bo‘lgani bois ularni yana qabul qilishmadi. To‘ng‘ich o‘g‘il yurtiga vaytib ketdi. 2019 - yilda Feruza tanishlaridan Moskvadagi xususiy litsey direktori asos solgan “Ko‘chmanchi bolalar” loyihasi kurslari haqida eshitdi. Ayol 2019 - yil sentabrda ikki bolasini shu kurslarga yozdirdi, bir yildan so‘ng – 2020 - yil kuzida ular nihoyat maktabga qatnay boshladilar.

“Ko‘chmanchi bolalar” loyihasi yo‘nalish rahbari Sardor Omonovga ko‘ra, bir yil kursga qatnaganlaridan so‘ng Feruzaning bolalarini nihoyat maktabga olishgan: “Bir necha yil maktabda o‘qimaganlari uchun ularni yoshiga nisbatan quyiroq sinflarga qabul qilishdi. Lekin bu baribir muvafaqiyatli ish”, deydi u.

Bolalarning ko‘makchilari

Rus tilini bilmaslik va o‘quv dasturidan qolib ketish ko‘p hollarda bolalarning maktabga qabul qilinishiga to‘siq bo‘ladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyaning maktab dasturlari har xil, ba’zida migrantlarning farzandlari kichik uka-singillariga qarashga majbur bo‘lib bir necha yillab maktabdan qolib ketadi. Nihoyat, maktabga borganlarida esa ularni yoshlariga nisbatan quyi sinflarga biriktirishlari mumkin.

Shunisi ham borki, Rossiyada migrantlarning bolalari davlat tarafidan qo‘llab-quvvatlanmaydi – barcha yordamchi tashabbuslar mustaqil fondlar va kuyunchak fuqarolardan chiqmoqda. “Ko‘chmanchi bolalar” loyihasini xususiy litsey bazasida ushbu litsey direktori Rustam Qurbatov tashkil qilgan. 2016 - yilda bu yerda migrantlarga rus tilini o‘rgatish boshlandi, ayni chog‘da ularning bolalari uchun Rossiya maktablariga moslashish dasturi ishlab chiqilib, kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qurbatov izlanishda davom etib, ta’lim darajasi Rossiya bo‘yicha o‘rtacha darajadan farq qiluvchi bolani Rossiya maktablariga to‘liq integratsiya qilish uchun bir yil kifoya qilishini isbotladi. 2017/18 - o‘quv yilida uning litseyida migrantlar oilalarining 15 nafar o‘smir bolalaridan sinf tuzilib, ularga bepul o‘qish imkoniyati berildi. O‘quvchilardan 3 nafari keyinchalik oilaviy sharoitiga ko‘ra vatanlariga qaytib ketishdi, qolganlar tajriba sinfini tamomlashdi. Yil davomida va keyingi o‘quv yilida ularning barchasi litseyning oddiy sinflariga va Moskvadagi boshqa maktablarga o‘tkazildi.

“Davlat mehnat migrantlaridan manfaatdor, ularni Rossiyaga ishga taklif qilyapti, ammo u yog‘iga hech nima qilayotgani yo‘q. Go‘yo bu “ishchi qo‘llar”ning bolalari bo‘lishi mumkin emasdek. Moskvaning o‘zida besh mingdan o‘n ming nafargacha bola – aksari tojik va o‘zbek bolalari – uyda o‘tirishibdi. Bu juda achinarli. Qizlar oilasida enagalik qiladi, o‘g‘il bolalar esa 13-14 yoshidan dadalari yonida ishlashni boshlaydi. Bu noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Rossiya har holda kambag‘al davlat emas, ularning ta’limiga mablag‘ ajratishimiz lozim. Axir bu bolalar o‘qishni, rus tilini o‘rganishni xohlaydi”, degan edi Qurbatov 2021 - yil 30 - iyul kuni “Dojd” telkanaliga bergan intervyusida.

Maqolamiz avvalida tilga olingan Jazgulning farzandlari ham rus tili kurslariga qatnaydi. Bu kurslarni ruhoniy, “Uyim bir qadam” xayriya fondi asoschisi Dionisiy Grishkov ochgan. Dionisiy ota o‘zbek madaniyati muxlisi bo‘lib, o‘zbek tilini o‘rganmoqda.

Путин: Мигрантлар болаларининг мактабларда кўпайиши-катта муаммо!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:36 0:00

Uning rus tili kurslarida bolalarni maktabga tayyorlashadi va maktab dasturidan orqada qolganlarga yordam berishadi.

Rus tili mashg‘ulotlari “Fuqaroviy ko‘mak”da ham o‘tiladi. Bundan tashqari, qo‘mita eksperti Mariya Krasova bog‘cha yoshidagi bolalarning ota-onalariga o‘z farzandlarini oddiy tuman maktablari qoshida ochilgan tayyorlov kurslariga yozdirishni maslahat beradi. “U yerda bolalar partada o‘tirishga odatlanadilar, bo‘lajak sinfdoshlari bilan tanishadilar, sharoitga moslashadilar va rus tilini o‘rganadilar”, deydi Mariya.

“Bu migrantlardan ko‘ra ruslarga ko‘proq kerak”

Rustam Qurbatov migrantlar bolalarining maktabda o‘qishini ta’minlashga Rossiya hukumatining qurbi yetadi, deb ishonadi: buning uchun o‘nlab shunaqa bolalar mavjud har bir maktabda rus tili bo‘yicha qo‘shimcha dars soatlari kiritilishi kerak. Moskva viloyatining Krasnogorsk tumanida ta’lim departamenti allaqachon sakkiz maktabda shunaqa fakultativlar tashkil qilishga ulgurdi.

“Eng asosiysi, bu ksenofobiya bilan kurashda yordam beradi. Bolalar tilni o‘rgangach sekin-asta jamiyatga qo‘shilib ketadilar. Va bu migrantlardan ham ko‘ra ruslarga ko‘proq kerak, aks holda ksenofobiya otli bu virus koviddan-da xatarli chiqib qoldi”, deb urg‘ulaydi Qurbatov.

Yangi o‘quv yilida “Ko‘chmanchi bolalar” kengayishda davom etadi: Moskvaning besh kutubxonasida ruschani bilmaydigan va hujjatlari yo‘q 13-16 yashar o‘smir bolalar uchun sinflar ochilmoqda. Sardor Omonovga ko‘ra, boshqa fanlarni osonroq o‘zlashtirishlari uchun Yangi yilgacha bolalarga rus tili o‘rgatiladi, shundan so‘ng dasturga asosiy fanlar – ingliz tili va matematika kiritiladi. Loyiha yuzga yaqin bolani qamrab olishi kutilmoqda. Bu imkoniyatdan nafaqat maktabga tayyorlanishda yordamga muhtoj bolalar, balki rus tilini o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilar ham foydalanishi mumkin.

Loyiha hujjatlarni to‘plashda va ariza berishda ota-onalarga ham ko‘maklashadi.

“Maktablar ma’muriyati rus tili va qonun-qoidalarni yaxshi bilmaydigan ota-onalarning iltimoslarini oppa-oson rad etishi mumkin. Ammo rus tilida yaxshi gapiradigan, nima uchun borganini va maqsadiga qanday erishishni biladigan odam borsa, direktorlar bahona to‘qiy olmaydi. Bolalar esa tez moslashmoqda. Odatda ular bilan muammo bo‘lmaydi”, deydi Krasova.

Migrantlarning maktablarga “yopirilishi”: bolalar va davlat

2021 - yil mart oyida migrantlarning bolalariga ta’lim berish masalasi Kremldagi yig‘ilishda prezident Vladimir Putin ishtirokida muhokama qilingan edi.

O‘shanda maorif vaziri Sergey Kravsov migrantlar farzandlarining ta’limga individual ehtiyojlarini baholashning kompleks tizimi ishlab chiqilayotganini va u bola rus tilini qay darajada bilishini va unga qanday yordam zarurligini aniqlashga imkon berishini aytgan.

“Tizimni kelasi o‘quv yili boshlaridan sinov tariqasida ishlatib ko‘ramiz”, deya ishontirgandi mulozim.

Putinni esa, o‘z navbatida, maktablardagi migrantlar bolalari soni tashvishga solgan: “Ayrim Yevropa mamlakatlarida, Qo‘shma Shtatlarda ham, maktabda migrantlar bolalari soni muayyan foizdan oshib ketsa, mahalliy aholi o‘z farzandlarini bu maktabdan chiqarib oladi. Sabablariga to‘xtalib o‘tirmayman, o‘ylaymanki, ular barchaga tushunarli bo‘lsa kerak. Shu tariqa faqat migrantlarning bolalari o‘qiydigan maktablar paydo bo‘lyapti va bu katta muammodir”, degan edi Rossiya prezidenti.

“Biz bu amaliyotni doimo nazarda tutib, Rossiyada bunaqa holat yuzaga kelishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Maorif vazirligi buni e’tiborga olsin. Menda hozir tayyor retseptlar yo‘q. Biroq bizning maktablarimizda migrantlar bolalari soni ularni rus tili muhitiga yuzaki emas, balki chuqur moslashtirish imkonini beradigan darajada bo‘lishi kerakligi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Nafaqat til muhitiga – madaniy muhitga ham, toki ular Rossiya qadriyatlari tizimiga chuqur kirib borishsin”, deya fikrini yakunlagan Putin.

Maorif vazirligiga ko‘ra, Rossiya maktablarida 140 ming nafar migrantlar bolalari ta’lim olmoqda. Ammo Federatsiyalar kengashining fan, ta’lim va madaniyat qo‘mitasi raisi Liliya Gumerova bu borada aniq raqamlar yo‘qligini aytib, “migrantlar bolalarini hisoblashning yagona tizimi”ni yaratishni taklif qilgan.

Bir haftadan so‘ng boshqa yig‘ilishda prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Magomedsalom Magomedov Rossiyada qariyb 800 ming nafar migrant bolalari borligini, ammo shundan atigi 140 ming nafari (17.5 foizi) Rossiya maktab ta’limi tizimiga kiritilganini ma’lum qildi. 2019 - yil sentabridagi ma’lumotga ko‘ra, Rossiya maktablarida 16.5 mln nafar bola o‘qiydi. Binobarin, migrantlar farzandlarining jami o‘quvchilar sonidagi ulushi 0.85 foizni tashkil etadi. Holbuki, agar ularning barchasi maktabda o‘qiy olganida bu raqam 4.85 foiz bo‘lishi mumkin edi.

“Ha, Vladimir Putin migrantlar bolalarini adaptatsiya qilish haqida gapirgan o‘sha yig‘ilishni biz ham ko‘rdik. Lekin amalda hozircha biror o‘zgarish yo‘q”, deydi Krasova.

U boshqa tilda so‘zlashuvchi bolalarni adaptatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturi juda zarurligini tasdiqlaydi: “Yillar bo‘yi sudlashib, maktablarni yutib chiqqunimizcha bolalarning yoshi o‘tib ketyapti. Bir paytlar 10 yoshli bir bolani maktabga joylashtirish masalasida da’vo qo‘zg‘atgan edik, yaqinda sud uni maktabga qabul qilish haqida qaror chiqardi. Ammo direktor hayron: o‘sha paytda u uchinchi sinfga borishi kerak edi, besh yil o‘qimadi, endi 15 yashar o‘smirni uchinchi sinfga qanday oladi? Yaxshi til dasturi bo‘lganida uni yuqori sinfga qabul qilib, parallel ravishda rus tilini puxta o‘rgatish mumkin bo‘lardi”.

Sardor Omonov ham loaqal yirik shaharlarda migrantlarning farzandlariga ko‘maklashuvchi institutlashgan tizim zarurligini aytadi. Qochqinlar va migrantlar soni bizdagi bilan qariyb bir xil bo‘lgan mamlakatlar, xususan, Germaniya va Fransiyada maktablarda migrantlar bolalari uchun maxsus sinflar mavjud. Bu tizim shunday puxta tashkil qilinganki, bolalar bir yilda‑yoq davlat tilini yaxshi o‘zlashtirib oladi va u yog‘iga oddiy sinflarda o‘qishni davom ettirishadi. Bizda esa bu borada hanuz yechimsiz qolayotgan qonunchilik bilan bog‘liq ko‘p muammolar bor”.

XS
SM
MD
LG