Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:30

Allamjonovga suiqasd: Javlon Yunusov O‘zbekistonga olib kelindi - BP


Ozodlik manbalari Javlon Yunusov fuqaroviy xotini Natalya Fen orqali prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov hamda unga aloqadorligi iddao qilingan Toshkentdagi "Ofis"ga bog‘langanini aytishgan. Videografika.
Ozodlik manbalari Javlon Yunusov fuqaroviy xotini Natalya Fen orqali prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov hamda unga aloqadorligi iddao qilingan Toshkentdagi "Ofis"ga bog‘langanini aytishgan. Videografika.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan suiqasdga aloqadorlikda gumon qilingan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Bosh prokuraturaning 25-noyabr kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotida Komil Allamjonov nomi birinchi marta tilga olindi.

Bayonotda o‘tkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangani, shuningdek 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingani aytiladi.

"Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borildi", deya ma’lum qilgan Bosh prokuratura.

26-oktyabr kuni Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov o‘tirgan mashina Qibray tumanida noma’lum shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgandi. Bosh prokuratura hodisada hech kim jabrlanmaganini aytgan va uni "suiqasd" deb atagan.

Ozodlik surishtiruvida o‘rtaga chiqqan nom

Javlon Yunusov nomi ilk bor Ozodlikning Allamjonovga suiqasd yuzasidan o‘tkazgan surishtiruvida o‘rtaga chiqqan edi.

36 yashar Javlon Yunusov Ozodlikning dastlabki surishtiruvidan keyin Interpol qidiruviga berilgan va u Janubiy Koreyada hibsga olingan.

Ozodlikning Toshkent va Seuldagi manbalari Yunusovning O‘zbekistonga ekstraditsiyasi paysalga solinayotganini bildirishgandi.

Ozodlik manbalari Javlon Yunusov fuqaroviy xotini Natalya Fen orqali prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov hamda unga aloqadorligi iddao qilingan Toshkentdagi "Ofis"ga bog‘langanini aytishgan.

Hukumatdagi manbalardan biri Yunusovni Otabek Umarovning vodiy bo‘yicha “o‘ng qo‘li” ekanini iddao qilgan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalari 23-noyabr kuni prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov shoshilinch tarzda Janubiy Koreyaga uchib ketgani va uning safari Yunusov ekstraditsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Hukumatdagi manbaning iddaosicha, Javlon Yunusovni o‘zbek huquq-tartibot idoralari qo‘liga topshirilishiga erishish orqali Umarov Allamjonovga suiqasd ortidan o‘z shaxsi atrofida paydo bo‘lgan shubhalarni aritishni maqsad qilgan.

Ozodlik surishtiruvlari Javlon Yunusov Komil Allamjonovga qarshi suiqasd ijrochilari bilan suiqasdning ehtimoliy buyurtmachilari o‘rtasida muhim bo‘g‘in bo‘lishi mumkinligini o‘rtaga chiqargandi.

Farg‘onadagi "Seul"dan J. Koreyadagi Seulga

Rasmiy hujjatga ko‘ra, 36 yashar Javlon Yusupov Jinoyat Kodeksining 168- moddasi (Firibgarlik) va 105 -moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan bir necha bor sudlangan.

Ammo sudlanganlik ayblovi Yunusov biznesining gullab- yashnashiga halaqit qilmagan.

Ochiq reyestrdagi hujjatlarda Javlon Yunusov Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan jami 18 ta kompaniyaning ta’sischisi ekanini ko‘rish mumkin.

Hozirda Yunusovga tegishli 15 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning ayrimlari farmatsevtika bilan bog‘likligi ma’lum.

Toshkentdagi manbalarga ko‘ra, Javlon Yunusov Janubiy Koreyada hibsga olingach, uning Toshkentdagi bizneslariga reydlar o‘tkazilgan.

Yunusovning tadbirkorlik faoliyatidan yaxshi xabardor manbalarga ko‘ra, uning Janubiy Koreyada ham bizneslari bo‘lgan. Jumladan, u Suvon shahridagi plastik tovarlar ishlab chiqaruvchi JV Korea shirkati bilan hamkorlik qilib kelgan. Yunusov 2018-yilda ta’sis qilgan ABU BAKR PRODUCTION firmasi plastik qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Koreyadagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Javlon Yunusovning Seul shahrida ham bir qancha ko‘chmas mulklari bor.

Manbalar Yunusovning Koreyada oshig‘i olchi bo‘lishida uning fuqaroviy xotini ekani aytilayotgan Natalya Fenning hissasi katta ekanini aytishgan.

Natalya Fen O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi, marhum Vitaliy Fenning qizi bo‘ladi.

Vitaliy Fen 1996-yildan 2013-yilga qadar O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi bosh diplomati lavozimida ishlagan.

Yunusovning fuqaroviy xotini ekani aytilayotgan Natalya Fen otasi Janubiy Koreyada elchi bo‘lgan payti Seulda yashagan.

Manbalarning ta’kidlashicha, o‘sha yillarda Koreyada oilasi bilan birga yashagan prezident Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva Natalya Fen bilan yaqin dugona bo‘lgan.

Manbalar bu yaqinlik ular O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng ham davom etganini aytishadi. Shahnoza otasi hokimiyatga kelgach, qaysi lavozimda ishlamasin, dugonasi Natalya Fen ham u bilan bir yerda ishlab kelgan.

Ayni paytda Javlon Yunusovning fuqaroviy xotini ekani aytilayotgan Natalya Fen Qibraydagi suiqasd ishi doirasida hibsga olingan.

Bu xabarni Ozodlikka huquq-tartibot idoralaridagi bir-biridan mustaqil ikki manba tasdiqladi.

Manbalarga ko‘ra, Natalya Fen o‘tgan hafta hibsga olingan. U noyabr oyi boshida tergovga chaqirilib, ko‘rsatma olinib, qo‘yib yuborilgandi.

Qibraydagi suiqasd sahnasidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan va Ozodlik surishtiruvida Farg‘ona vodiysiga qochgani o‘rtaga chiqqan Shohruh Ahmedov bilan sherigi o‘tirgan mashina Natalya Fen oilasiga qarashli Farg‘onadagi “Seul” kafesi yonidan topilgan.

Ozodlikning huquq-taribot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, Qibraydagi suiqasd ishida Natalya Fenning fuqaroviy eri ekani aytilayotgan Javlon Yunusov suiqasd ijrochilari harakatini muvofiqlashtirgani gumon qilinmoqda.

Allamjonovga suiqasd ijrochilari ekaniga iqror bo‘lgan ikki shaxsdan biri- Shohruh Ahmedov bo‘lib, Ozodlik surishtiruvi uning Koreyada ushlangan Javlon Yunusovning qo‘riqchisi va haydovchisi ekanini o‘rtaga chiqargan.

Ahmedov muqaddam Turkiyada Checheniston rahbari Ramzan Qodirov tanqidchisiga suiqasd rejasida ayblanib sudlangan, ammo keyinroq ozodlikka chiqarilgan.

Turk matbuoti u va yana yetti nafar chechenistonlik ayblanuvchilarning ozod etilishini Ramzan Qodirovning shaxsiy aralashuviga bog‘lagan.

Shov-shuvli siyosiy qotillikda gumon qilingan Ahmedovning qanday qilib O‘zbekistonda bemalol yurgani haqidagi savollarga o‘zbek huquq-tartibot idoralari javob berganicha yo‘q.

Ammo uni Turkiya qamog‘idan olib chiqqani iddao qilingan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Allamjonovga suiqasdda chechen izi borligi haqidagi farazlarni rad etib chiqdi.

“G‘arbparast va ayrim muxolifatchi OAVlar tergov natijasini kutmasdan voqeada “chechenlar izi bor” degan taxminni puflab shishirishdi, keyin esa “iz” go‘yoki menga olib kelishini iddao qila boshladilar. Bu ig‘vo xabarlarga javob bermoqchi emasman... Faqat shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men rostdan ham nimanidir rejalaganimda ishni oxiriga yetkazmay va 100 foizlik natijaga erishmay qo‘ymasdim”, degan Qodirov Telegram-kanalidagi bayonotda.

Ramzan Qodirov boshqa davlat - O‘zbekistonda prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga qarshi uyushtirilgan suiqasd borasida Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvga tezkor va o‘ziga xos uslubda tahdidkor munosabat bildirarkan, surishtiruvda nomlari tilga olingan Otabek Umarov va boshqalar sukut saqlashda davom etmoqda.

Umarov Ozodlikning bundan oldingi murojaatlarini javobsiz qoldirgan.

Suiqasddan bir kun o‘tib, parlament saylovida ovoz bergani aks etgan suratni tarmoqlarga joylagan Komil Allamjonovning o‘zi ham suiqasd yuzasidan biron bayonot bergani yo‘q.

Ozodlikning Komil Allamjonovga bog‘lanish va undan u yoki bu ko‘rinishda izoh olish urinishlari hozircha natija bermadi.

Suiqasddan keyingi "tozalashlar"

23-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev DXX raisi Abdusalom Azizovni ishdan oldi.

DXX yangi raisi etib 2019-yildan buyon Mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Bahodir Qurbonov tayinlandi.

Azizov iste’fosining rasmiy sababi hanuzgacha noma’lum. Ozodlik manbalari uning Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘liq ekanini aytishmoqda.

Bir vaqtning o‘zida hukumat, DXX va IIVning qator yuqori martabali mulozimlari iste’foga chiqarilgan.

Rasmiy manbalar DXX O‘z xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov, uning ukasi, Bosh vazir yordamchisi Sarvar Ashurov, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari DoniyorTashxodjayev, IIV Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari - Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adxamov hamda Toshkent shahar IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirovlarning ishdan olingani haqida Ozodlik 23-noyabr kuni e’lon qilgan xabarni tasdiqladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, kuch tizimlarida rahbar lavozimlarda ishlagan bu shaxslar Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan olib borilayotgan tergovga to‘sqinlik qilgani uchun ishdan olingan. Ularning keyingi taqdiri borasida ma’lumot yo‘q.

23-noyabr kuni lavozimidan chetlatilgan DXX raisi Abdusalom Azizov esa yangi lavozimga tayinlanmagan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Asadovning rasmiy telegram-kanalida yozishicha, general-leytenant Azizov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi "Xavfsizlik kengashi kotibiyati ixtiyoriga o‘tkazilgan".

Ozodlikning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, bu Azizovning "zahiraga olingani"ni anglatadi.

Azizov lavozimdan chetlatilishi ortidan O‘zbekistondagi qator telegram-kanallar, jumladan, DXXning rasmiy XAVFSIZLIK telegram-kanali Abdusalom Azizov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashiga "tayinlangani" haqida yozgan edi. 24-noyabr kuni bu xabar DXX rasmiy telegram-kanalidan olib tashlandi.

64 yashar Abdusalom Azizov maxsus xizmatlarning Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon ishdan olingan uchinchi rahbaridir.

Ichki ishlardan chiqqan Azizov 2019-yil fevralida DXX raisi etib tayinlangandi.

Uning o‘tmishdoshi, prokuraturadan chiqqan Ixtiyor Abdullayev DXXga bir yil rahbarlik qilgani ortidan 2019-yilda hibsga olingan va davlatga xiyonatda ayblanib 18 yilga qamalgan.

O‘zbekiston maxsus xizmatlarini eng uzoq vaqt - qariyb chorak asr davomida boshqargan general Rustam Inoyatov 2018-yil boshida nafaqaga chiqarilgan bo‘lsa-da, DXX va O‘zbekiston siyosatiga ta’sirini saqlab qolgan deb ishoniladi.

Inoyatov ishdan olingan majlisda prezident Mirziyoyev davlat xavfsizlik xizmati o‘zining vazifasi - davlatning xavfsizligi bilan shug‘ullanishi kerakligini aytgan va uni isloh qilishga va’da bergan edi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida DXX O‘zbekistondagi hech kim hisob bermaydigan eng qudratli va repressiv apparat bo‘lishda davom etgan.

XS
SM
MD
LG