Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:36

Maktab ochilishi yana kechiktirildi, 14 sentabrdan o‘qish onlayn boshlanadi.


Onlayn dars olayotgan o‘quvchi (surat Xalq ta’limi vazirligi saytidan olindi)
Onlayn dars olayotgan o‘quvchi (surat Xalq ta’limi vazirligi saytidan olindi)

Xalq ta’limi vazirligi (XTV) bergan bayonotga ko‘ra, 14 sentabrdan barcha sinflar uchun onlayn darslar yo‘lga qo‘yiladi, an’anaviy maktablar esa bosqichma-bosqich ochiladi.

Bunga qadar 2020-2021 o‘quv yili, ota-onalarning tanloviga binoan, an’anaviy, onlayn yoki gibrid (an’anaviy va onlayn) tarzda boshlanishi aytilgan. An’anaviy maktablar ochilishi uchun esa qator shartlar qo‘yilgan.

9-10 sentabr kunlari Ozodlik, viloyat va qishloqlarda maktablarning asosiy qismi ochilishga hozirmasligini o‘rgandi va XTVning bayonoti - buning yaqqol e’tirofidir. O‘quv yili boshidan yoppasiga tekshirilayotgan o‘qituvchilar orasida koronavurus yuqtirib olganlari ko‘pchilik ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga to‘g‘ri kelgan yangi o‘quv yilidagi ta’lim turi bo‘yicha so‘rovda qatnashgan 5 million 500 ming ota-onadan 76 foizi bolasini maktabga yuborish istagini bildirgan, 24 foizi masofaviy ta’lim – teledarslarni tanlagan.

Xalq ta’limi vazirligining 12 sentabr kungi bayonoti mazmuniga ko‘ra, endilikda an’anaviy maktablarni ochish sanasi noma’lum muddatga kechiktirilgan.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, maktabni ochish to‘g‘risidagi qaror - har bir maktabdagi tayyorgarlik, hudud yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishiga ko‘ra alohida qabul qilinadi:

"Respublikamizdagi barcha maktablar yuqorida sanab o‘tilgan holatlardan kelib chiqib bosqichma-bosqich ochilishi ko‘zda tutilgan. An’anaviy shaklda faoliyatini boshlagan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumot, doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali viloyat va tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan e’lon qilib boriladi", deyiladi rasmiy bayonotda.

Bundan tashqari, 12 sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiya sharoitida o‘qituvchi va o‘quvchilar sog‘lig‘ini himoya qilish uchun maktab o‘qituvchilaridan ommaviy ravishda COVID-19 uchun test olinayotganini bildirdi.

"11 sentabr holatiga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining jami 486 521 nafar o‘qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va yengil shaklda kechayotgani ko‘rinmoqda", deb xabar qildi vazirlik.

Bu rasmiy xabardan so‘ng qator tumanlardagi hokimliklar, jumladan, Samarqand viloyatining Payariq (60 nafar) va Jomboy (40 nafar) tumanlaridagi o‘qituvchilardan koronavirus aniqlangani, tahlil natijalari hanuz to‘liq chiqmagani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda shu yilning mart oyida koronavirus yuqtirib olgan ilk bemor aniqlanishi ortidan, 16 martdan maktablar yopilgan edi. Qisqa muddatdan so‘ng darslar onlayn boshlanib, o‘quv yili onlayn shaklda tugatilgandi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, 25 avgust kuni, Telegram tarmog‘i orqali maktablarda 2020-2021 o‘quv yili 14 sentabrdan boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

O‘shanda vazir, bu yil umumta’lim maktablaridagi o‘qishga 3 ta stenariy asosida hozirlik ko‘rilganini bildirgan:

1) an’anaviy maktabni ochish,

2) onlayn maktab orqali o‘qitish,

3) aralash (gibrid) ssenariy – ham an’anaviy, ham onlayn.

Vazir, bu o‘quv yili oldidan, taklif qilingan ssenariylar bo‘yicha, ota-onalar fikrini o‘rganish uchun so‘rov e’lon qilinganini bildirgan va ularni so‘rovda faol qatnashishga chorlagan.

Vazirlik rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan 5 million 500 ming ota-onadan 76 foizi bolasini maktabga yuborish istagini bildirgan, 24 foizi masofaviy ta’lim – teledarslarni tanlagan.

Buning ortidan, 7 sentabr kuni mamlakat bo‘ylab 329 maktab sinov tariqasida ochilgani e’lon qilingan.

Shu tariqa, umumta’lim maktablarining bu yilgi o‘quv yili uchun ochilishi, ularning maxsus "COVID-19 filьtr" guruhlari va kamida 2 ta maxsus medkabinetni tayyorlashiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Maktab o‘qituvchisi va rahbarlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ulardan 1 nafardan hamshira, sanitar, IIV, Milliy gvardiya xodimi iborat "COVID-19 filtr" guruhi hamda kichik maktablarda kamida 1 ta, yiriklarida esa 3 ta maxsus xonani tayyorlash talab qilinmoqda.

Qo‘yilgan talabga ko‘ra, xonalardan biri tibbiy ko‘rik, yana biri izolyator xonasi bo‘lishi lozim. Yirik maktablarda 3 tadan yotoq o‘rni bo‘lgan kamida 2 ta izolyator xonasini tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Har 30 o‘quvchiga bir qo‘lyuvgich bo‘lishi shart.

Qishloq va tumanlardagi ayrim maktablar, maxsus xonalarni tibbiy jihoz va zarur dori-darmon bilan ta’minlash uchun hanuz hokimlik mablag‘ ajratishini kutayotgani ma’lum bo‘ldi. Ularning aksarida pirometr, dezinfeksiya vositasi quyiladigan dozator yoki pulverizatorlar umuman yo‘q.

9 sentabr kuni aynan mablag‘ masalasida bayonot bergan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, mahalliy organlarni zarur bo‘lmagan boshqa sarf-harajatlarni to‘xtatib, maktab uchun mablag‘ ajratishga chaqirgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda 10 mingga yaqin maktab bor, o‘quvchilar soni 6 million 200 mingdan ortiq, o‘qituvchilar soni esa yarim millionga yaqindir.

XS
SM
MD
LG