Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:02

So‘xdagi voqealarda ayblanib, 5 kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, so‘xliklar jami 12 kishi ushlanganini aytmoqda


So‘x tumani atrofi to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan eksklavdir. So‘xda hozir 80 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
So‘x tumani atrofi to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan eksklavdir. So‘xda hozir 80 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Shu yilning 31 mayida Farg‘onaning So‘x tumanida, o‘zbek-qirg‘iz chegarasining bahsli qismidagi Chashma bulog‘i ustida chiqqan to‘qnashuvda ishtirok etgan 5 so‘xlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi M. Obidovning aytishicha, tergovoldi surishtiruvi paytidagi ehtiyot chorasi sifatida ularni hibsda saqlashga qaror qilingan.

Ammo, tumanning Ravon, Mulg‘on, Qizilqiya qishloqlaridan bog‘langan 10 ga yaqin so‘xlikdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 3 kun ichida tumandagi bir necha qishloqdan jami 12 so‘xlik hibsga olingan.

11 avgustda 23 yashar so‘xlik Davlatjon Mallayev 31 may kungi janjal paytida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan “zo‘rlik ishlatganlik”da ayblanib qo‘lga olingani haqida Ozodlik 19 avgust kuni xabar qilgan edi.

22, 23, 24-avgust kunlari Ozodlikka bog‘langan 10 ga yaqin so‘xlikning aytishicha, 3 kun ichida tumandagi bir necha qishloqdan 12 kishi hibsga olingan.

Joriy yil 31 may kuni chegaraning bahsli qismida joylashgan Chashma bulog‘i ustida chiqqan to‘qnashuvda ikki tomondan qariyb ming kishi qatnashgan, jarayonda Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev toshbo‘ron qilingan edi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor etmaslikni so‘ragan so‘xliklar, hisbga olinganlarning barchasi o‘sha to‘qnashuvda qatnashgan tumandoshlari ekanini aytmoqda.

“Mening o‘zimning qarindoshim – Youtubeda kanali bor bloger Dadaxon Haydarovni 22 avgust kuni ertalab uyidan olib ketishdi. U Bosh vazir Aripov bilan uchrashuvda o‘z fikrlarini aytgan edi. Shanba kuni So‘xdagi 3-4 ta qishloqdan 12 kishini olib ketishibdi. Keyin bozor kuni, dushanba kunlari ham vertolyotlar kuniga 3-4 martadan qatnab turdi – MI-8, degan qora vertolyot. Bitta-bittadan ushlab olib ketishyapti. So‘xliklar vahimada”, dedi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan so‘xlik ishchi.

Uning aytishicha, hibsga olingan yaqini bilan oilasi bir marta telefonda gaplasha olgan va ammo Dadaxon o‘z ahvoli haqida to‘liq ma’lumot berolmagan.

Ozodlik Youtube tarmog‘ida Dadaxon Haydarov muallifi ekani ko‘rsatilgan kanal borligini va unga 800 mingdan ortiq kishi obuna bo‘lganini aniqladi. Kanalni Dadaxon bilan birga yuritadigan yana bir so‘xlik bloger – Farhod Mahmudjonov so‘nggi 1 hafta ichida So‘xda bo‘lmagani uchun sherigi taqdiridan bexabar ekanini aytdi.

Ozodlik bu blogerning hibsga olingani haqida yaqinlari bergan ma’lumotga So‘x tumani yoki Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralaridan biror izoh ololmadi.

Ozodlikka 31 may kungi voqealar paytida So‘xga borgan mulozimlar bilan faol muloqotda bo‘lgani videokadrlarda aks etgan yana bir faol – Nazirjon Jo‘rayev ham hibsga olingani haqida ma’lumot keldi.

Jumladan, uning hibsga olinganiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytgan so‘xlik 40 yashar ustaga ko‘ra, Nazirjon va boshqa hibsga olinganlarning yaqinlari ularning qayerda hibsda saqlanayotganidan hanuz bexabar:

“22 avgust kuni Ravon, Mulg‘on, Qizilqiya, Xushyor, Chunqara qishloqlaridan bolalarni ushlab ketishganini shaxsan bilaman. Ichida Nazirjon Jo‘rayev bor. Maxsud, degan bola bor, Qizilqiya qishlog‘idan. Videoda Farg‘onaning hokimi: “Belimga yomon urdinglar!” deganida "Vazelin sursangiz, yaxshi bo‘lib ketadi!" degan bola bor edi – uniyam olib ketishgan. Farg‘onaga vertolyotda tashishyapti bolalarni, hali birortasini qo‘yib yuborganidan xabarimiz yo‘q”.

Shu tariqa, Ozodlik gaplashgan o‘nga yaqin so‘xlikdan so‘nggi 3 kun ichida yig‘ilgan ma’lumotga ko‘ra, 12 nafar so‘xlik erkak hibsga olingan. Ozodlikka xabar qilgan manbalar hibsga olinayotganlarning barchasiga 31 may kungi voqealar paytida hokimiyat vakili – Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga qarshilik qilish va kuch ishlatish aybi qo‘yilayotganini aytmoqda.

Aytilishicha, ushlanganlarning aksariga Jinoyat kodeksining 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi ochilgan.

24 avgust kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan So‘x tuman sudi va prokuraturasi 12 so‘xlik hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarni inkor qilmadi, ammo rasmiy izoh uchun viloyat prokuraturasiga murojaat qilish mumkinligini bildirdi. Darvoqe, So‘x tuman sudidan olingan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, shu kunda tumanda sudya yo‘q, sudlovga oid ishlar viloyat yoki boshqa tuman sudlariga oshirilmoqda.

Farg‘ona viloyat prokuraturasining telefon go‘shagini ko‘targan xodimi ham, So‘xda 12 kishi hibsga olinganiga oid ma’lumotlarni inkor qilmadi, ammo hibslarga oid rasmiy izohni prokuraturaning Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limidan olish mumkinligini bildirdi. Bu bo‘limdan hozircha javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Farg‘ona viloyat hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov Ozodlikning bu boradagi savollarga javob berdi.

Obidovga ko‘ra, hozirda chegarada 31 may kuni bo‘lgan voqealarga aloqador ko‘rilgan 5 so‘xlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

“Kecha so‘xliklar viloyat prokurori, IIV boshlig‘i, DXX rahbarini taklif qilishdi. Ular bugun borishib, aholi bilan uchrashib, atroflicha tushuntirsh berdi. Bor -yo‘g‘i 5 nafar so‘xlikka nisbatan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan, hibsga olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergovoldi harakatlari boshlandi”.

Obidov qo‘lga olinganlarga nisbatan tergovoldi surishtiruvida o‘rganilayotgan versiyalarga ham qisman to‘xtaldi:

"Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, So‘xdagi to‘palonlar juda katta tayyorgarlik bilan uyushtirilgan. Hozircha batafsil aytolmayman, chunki bu tergov siri”.

Ozodlik shu yilning 10 avgust kuni 23 yashar so‘xlik Davlatjon Mallayev o‘zbek-qirg‘iz chegarasida bo‘lgan janjal paytida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga nisbatan “zo‘rlik ishlatganlik”da ayblanib qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.

Ozodlikka yo‘llangan sud hukmi 11 avgust kuni Farg‘ona shahar sudida o‘tgan mahkamada qabul qilingan.
Ozodlikka yo‘llangan sud hukmi 11 avgust kuni Farg‘ona shahar sudida o‘tgan mahkamada qabul qilingan.

Ajrimda qayd etilishicha, Davlatjon Mallayev shu yilning 11 avgust kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona shahar sudida sudlangan. Yopiq o‘tgan mahkamada Mallayevga, Farg‘ona viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari da’vosi asosida, Jinoyat Kodeksining 244-modda (Ommaviy tartibsizliklar), 219-moddaning 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi qo‘yilgan.

So‘x tumani hokimiyati va IIBdan Davlatjon Mallayevning to‘polondan uch oycha o‘tib hibsga olinishi yuzasidan biror izoh bermagan. 19 avgust kuni tuman IIBdan olingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bo‘limda vaqtinchalik tergov izolyatorining yo‘qligi bois hibsga olinayotganlar viloyat markaziga olib borilmoqda.

Shu yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanining, Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida to‘qnashuv yuzaga chiqdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, janjalda ikki tarafdan mingdan oshiq odam, guvohlarga ko‘ra esa 4 mingga yaqin odam qatnashgan, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan, bir necha uyga o‘t qo‘yilgan.

O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, So‘x tumani shifoxonasiga o‘q yegan va jarohatlangan 187 o‘zbekistonlik keltirilgan, bularning 3 nafari ov miltig‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra esa, jami 25 qirg‘izistonlik jarohatlangan, ulardan 4 nafari og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Chegarada boshlangan dahanaki mojaroning keyinchalik to‘qnashuvga aylanib ketishida mahalliy rahbarlar, xususan, Farg‘ona hokimini ayblagan norozilar Shuhrat G‘aniyev va So‘x tumani sobiq hokimini toshbo‘ron qilgan edi.

O‘shanda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati rahbarlari "Chashma" chegara punktida uchrashib, ziddiyatning eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro tinch hal qilishga kelishib olgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG