Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:45

O‘zbekiston yo‘llari: sifatsiz asfalt, ko‘zbo‘yamachilik va korrupsiya


Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumani yo‘llari.
Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumani yo‘llari.

17-apreldan “Ochiq byudjet” portalida “Mening yo‘lim” loyihasiga taklif qoldirish boshlandi. Loyihada bu yil uchun 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilishi belgilangan.

O‘zbekistondagi yo‘llarning abgorligi, o‘nqir-cho‘nqirlarga tushib tutday to‘kilayotgan avtomobil egalarining jig‘ibiyron bo‘layotgani, “Open byudjet”ga yutilgan ko‘chalarning asfaltlanishi xo‘jako‘rsin uchun qilinayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar bugun lovullab yonmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan yo‘l qurilishi bo‘yicha mutaxassislarning aytishicha, yo‘l qurilishi uchun byudjetdan ajratilgan milliardlab so‘m mablag‘lar talon-toroj qilinayotgani sababli ham bu sohada ijobiy o‘zgarish bo‘lmayapti.

O‘zbekistondagi avtomobil va mahalladagi yo‘llarning ta’mirga muhtoj ekanligi, qishloq ko‘chalarida yomg‘ir yoqqanda yurib bo‘lmay qolayotganidan hukumat yaxshi xabardor.

Yangi yo‘llar qurish, sobiq ittifoq davridan beri ishlatilaverib, hilvirab qolgan yo‘llarni ta’mir qilish, mahalla ichidagi yo‘llarni asfaltlash kabi ishlar uchun byudjetdan milliardlab so‘m pul ajratiladi.

O‘zbekiston prezidentining 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi dasturga ko‘ra keyingi 5 yilda umumiy uzunligi 57,8 ming kilometr avtomobil yo‘llarini qurish, qayta qurish va ta’mirlash, 30 ming kilometrdan ziyod tuproq yo‘llarni ta’mirlab, qattiq va shag‘al qoplamali yo‘llarga bosqichma-bosqich o‘tkazish nazarda tutilgan.

O‘tgan yili start berilgan bu taraqqiyot strategiyasidan so‘ng, O‘zbekiston yo‘llarining holatida jiddiy bir o‘zgarish, hozircha, sezilmayapti.

Qo‘qon shahrining Oq oltin MFY, To‘yxona ko‘chasining turg‘unlari 20-aprel kuni mahallasiga bostirilgan asfaltni o‘zlari tekshirib ko‘rdilar. Ular bu loyihani "Ochiq byudjet"da yutib olishgan. Lekin nazoratchi tashkilotlar bu muammoni ko‘rmaganday:

Қўқон, Оқ олтин МФЙ
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:17 0:00

Feysbuk foydalanuvchilaridan biri, tarmoqqa Toshkent viloyati Qibray tumanidagi yo‘llar videolarni joylar ekan, bu yo‘llarning chuqurlarida baliq boqish mumkinligini aytadi:

«O‘rgilib ketay Qibrayimdan, hokimiyatimizdan, mutasaddi tashkilotimizdan. Yo‘llarimiz mana bizning foydamizga hal bo‘ldi, yaqinda o‘rdak va baliq boqamiz bu chuqurlarda. Baraka topishsin xalqini o‘ylaganlar, borilarga shukur. Shu yo‘l Qozog‘iston yo‘liga tutash Chirchiqdan kelaverishda Jomiy, Sharq mahalla hamda Zafarobod MFY yo‘nalishidagi talabga javob beradigan asfalt yo‘l ko‘rinishi. Turkiston jamoa xo‘jaligi tomon ketish ya’ni qo‘shni davlat chegarasi yo‘nalishi yo‘li yaqinda shudgor qilinib paxta yoki bug‘doy ekiladi, bu ham bizni o‘ylaganlaridan, baraka topishsin. Qizil Shalolaniku e’tirof etmayman, uyalaman. Uyalsanglar bo‘larmidi endi. Qish o‘tdiku mayli asfalt qilmang baraka topkurlar, yamab ketinglar juda bo‘lmasa ezib tashladiku bu yo‘l»

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 141882 km ichki xo‘jalik yo‘llari bor buning uchdan bir qismi 50315 kilometri ta’mirtalab.

Ichki yo‘llar ahvoli haqida ma’lumot.
Ichki yo‘llar ahvoli haqida ma’lumot.

Qo‘mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev Senatning 15-yalpi majlisida respublikadagi mavjud avtomobil yo‘llari qayta hisoblanganini va bugungi kunda 209 ming km avtomobil yo‘li borligi, shundan qariyb 40 ming kilometri tuproq yo‘l ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonda “Ochiq byudjet” davlat dasturi ishga tushganidan so‘ng, yo‘llari abgor mahallalar faollari ovoz yig‘ishga tushdi. Hatto bitta ovoz uchun tekin kola-fanta, muzqaymoq tarqatishgacha borildi. Tanlovda yutib chiqqan mahallalarga byudjetdan pul ajratildi.

O‘zbekistonda qishloqlarni obodonlashtirish, ichki yo‘llarni asfaltlashda doim bir muammo ko‘zga tashlanadi.

Odamlarning eng birinchi shikoyati, asfaltlash ishlarining sifatsiz, xo‘jako‘rsin uchun qilinayotganiga bo‘ladi.

Ayniqsa prezident yoki boshqa katta amaldor o‘sha hududga ehtimoliy tashrifi kutilayotgan bo‘lsa, darrov katta yo‘ldan ko‘zga tushadigan hududlardagi yo‘llarga shosha-pisha asfalt yotqiziladi. U yer tuproqmi, baland-pastmi, loymi yoki ko‘lmakmi umuman e’tibor berilmaydiyu, gupillatib asfaltni to‘shab ustidan zichlaydigan traktorni yurg‘izib yuborishadi.

Birinchi nigohda ko‘zga cho‘g‘day ko‘ringan bu asfalt birinchi yomg‘ir yoki yuki og‘irroq texnika o‘tsa parchalanishni boshlaydi.

Bu Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tumanidagi Bexo‘ja va Qishliq qishloqlarini katta yo‘lga olib chiqadigan ichki yo‘l. Mahalla 2,5 kilometr yo‘lni asfaltlashni “Open byudjet”da yutib olgan.

20-aprel kuni qishloq yigitlari tuproqqa sifatsiz asfalt to‘shayotgan yo‘lsozlarni haydab yubordi.

Бехўжа
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:12 0:00

Qarshi-Shahrisabz yo‘lining yarmi ham prezidentning Qashqadaryo viloyatiga kelishi arafasida asfalt qilingan edi. Yarmi esa qolib ketdi. Umuman olganda Qashqadaryo viloyati yo‘llarining aksariyat qismi xarob ahvolda ekanligidan haydovchilar shikoyat qiladi.

O‘zbekistonda xalqaro davlat ahamiyatiga molik yo‘llar va tumanlar va qishloqlar ichidagi yo‘llar bor.

Ichki yo‘llarni qurish, ta’mirlash mahalliy hokimiyatlar zimmasida.

Har yili davlat byudjetidan xalqaro va ichki yo‘llar qurish va ta’mirlash uchun milliardlab so‘m mablag‘ ajratiladi.

Uzoq yillardan buyon asfalt ishlab chiqaruvchi korxonaga rahbarlik qilib kelayotgan, xavfsizlik bois ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisning aytishicha, agar yo‘l uchun byudjetdan ajratilayotgan pullar o‘g‘irlanmasdan maqsadli sarflanganda edi besh yilda davlat ahamiyatidagi yo‘llarning birortasida bitta ham muammo qolmagan bo‘lardi:

“Yo‘l qurilishi hokimliklarning sog‘in sigirlaridan bittasi. Chunki davlat juda katta pul ajratadi, lekin uni to‘g‘ri nazorat qilmaydi. Masalan, tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi degan tashkilot bor. Ular faloncha ichki yo‘lni ta’mirlaymiz yoki yangitdan asfalt yotqizamiz deb davlatga buyurtma beradi. Misol uchun davlat bir milliard so‘m pul ajratildi. Shundan 300 millioni ishchi haqi, transport xarajatiga ketdi deylik. 700 millioni esa asfaltning o‘zi uchun qoladi va uning 350 million so‘mi bitumga qaratiladi. Eng katta xiyonat bitumdan boshlanadi”.

Mutaxassis yo‘l qurilishidagi korrupsiya qayerdan boshlanishini bunday ta’riflab berdi:

“Bir tonna asfaltning 550 kilosi qum va 400 kilosi mayda, qirrali shag‘al tosh, ya’ni shebenka bo‘lishi kerak. Standartga ko‘ra, bunga 50-60 kilo bitum qo‘shilib pishiriladi. Lekin bular 25 kilo bitum qo‘shadi. Chunki bitum qimmat xom ashyo, bir tonnasining narxi 5 million so‘m atrofida. Asfalt zavodlarining ikkinchi g‘irromligi, sifatli shebenka o‘rniga qirlardan shag‘al tosh va qumlarni olib kelib urivorishadi. Keyin qumning o‘rniga shebenkani ham ko‘p qo‘shib yuborishadi. Ekonom qilingan bitum va qum hisobidan milliardlab so‘m cho‘ntakka qoladi. Shuning uchun ham yotqizilgan asfalt bir yilga bormay sochilib keta boshlaydi”.

O‘zbekistonda yo‘l-qurilish ishlarini nazorat qilish “O‘zyo‘linspeksiya” davlat organi zimmasiga yuklatilgan. Ammo mutaxassisning iddao qilishicha, bu sohada ham korrupsiya juda rivojlangan. Inspeksiya xodimlari davlat standartiga to‘g‘ri kelmaydigan yo‘llarni ham qabul qilib yuboraveradi:

“Bularning yo‘llarni tekshiradigan o‘zlarining usullari bor. Masalan, asfaltning istagan joyidan namuna olib ketib, qancha bitumi, shebenkasi, qumi bor tekshirib ko‘rishadi va katta poralar evaziga qabul qilib yuboradi”.

Mutaxassisning aytishicha, O‘zbekistonning yangi qurilayotgan ichki yo‘llar ham umuman standartlarga javob bermaydi va bu soha ham korrupsiya botqog‘iga botgan:

“Masalan siz nazoratchi tashkilotsiz, men quruvchiman. Standart bo‘yicha men eng avvalo asfalt qilinadigan yerni greyder bilan tekislashim kerak. Keyin shag‘al to‘shab, uni press qilib chiqishim kerak. Undan keyin bitumi oz qo‘shiladigan xom asfalt bo‘ladi. U asosan shebenka bilan bitumdan iborat bo‘ladi, qumi bo‘lmaydi. Bu qatlam ham 15 santimetrcha to‘shalib, press qilib chiqiladi. Undan keyin 6-7 santimetr qalinlikda issiq asfalt yotqiziladi. Bu jarayonning hammasini tekshiruvchilar nazorat qilib turish kerak. Ammo nazoratchilar bilan kelishiladi va buning oqibati qanday bo‘layotganini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolardan ko‘rib turibsiz”.

Ozodlik O‘zbekiston avtomobil yo‘llari qo‘mitasining matbuot kotibi Xushmurod Turdiqulovning ish telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

XS
SM
MD
LG