Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:52

“Yozganlarimning barchasi haqiqat”- polshalik jurnalist O‘zbekiston IIV ayblovini rad etdi


Jurnalist Agneshka Pikulitska O‘zbekiston IIV ayblovini rad etdi va aybi bo‘lsa, qonun oldida javob berishga tayyorligini aytdi.
Jurnalist Agneshka Pikulitska O‘zbekiston IIV ayblovini rad etdi va aybi bo‘lsa, qonun oldida javob berishga tayyorligini aytdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskani o‘zbek qonunchiligini buzganlikda aybladi.

Vazirlikning 1 - aprel kungi bayonotida jurnalist “O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan, salbiy axborot tarqatgan”i aytiladi.

Jurnalist o‘zining Tvitter sahifasida 28 - mart kuni Toshkentning Amir Temur xiyobonida yuz bergan voqealar va buning ortidan bir qancha faolning IIV bo‘limiga olib ketib, so‘roq qilingani haqida yozgan.

Agneshka Pikulitska o‘zining yigiti ham IIBda to‘rt soat so‘roq qilinganini aytgan.

“Jurnalist joriy yilning 29 - martdan boshlab M.Bozorov atrofida bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib o‘zining “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda”, deyiladi IIV bayonotida.

Vazirlik o‘z bayonotida Agneshka Pikulitskaning Tvitterda e’lon qilgan; “Mening yigitimni maxsus xizmatlar so‘roq qilishyapti, (u jurnalist emas, faol emas, faqat kecha men bilan bolnitsada bo‘lgan). Bu noto‘g‘ri yo‘l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan, radikallar bilan ishni hal eting”, deb yozgan tviti va boshqa postlarini ham ilova qilgan.

IIV bayonotida aytilishicha, bu bilan jurnalist “O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 6 moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni 7-moddasi hamda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonuni 6-moddasi talablarini buzgan.

“Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatib, fuqarolarimizning ongini chalg‘itish, davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish hamda xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma’lumotlar yetkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf? Biz bu masalaga yana qaytamiz”, - deyilgan bayonotda.

“Yozganlarimning barchasi haqiqat”

Jurnalist IIV bayonoti yuzasidan Ozodlikka “yozganlarimning barchasi haqiqat”, deya qisqa izoh berdi. Ayni paytda jurnalist aybi bo‘lsa, qonun oldida javob berishga tayyorligini ham aytdi.

“Kecha #O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan menga qilingan hujum - bu meni jurnalist sifatida obro‘sizlantirishga urinishdir. Agar mening yozganlarim haqiqatan ham ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunning 3-moddasini buzish bo‘lsa, men sud oldida javob berishni xohlayman.Agar yo‘q bo‘lsa, men vazirlikdan xalqdan kechirim so‘rashni talab qilaman@k_allamjonov”, - deb yozdi jurnalist 2 - aprel kuni o‘zining Tvitter sahifasida.

Yana bir tvitida Agneshka Pikulitska: “Vazirlik meni xorijiy ommaviy axborot vositalari (OAV) uchun reportajlarimda xolislik yo‘qlikda ayblamoqda. Twitter mahalliy qonunchilikka binoan OAVmi? @kurolova_d @k_allamjonov”, - deb yozdi.

Jurnalist masalaga e’tibor qaratishni so‘rab, O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovga murojaat qildi.

Uning “@k_allamjonovBu masalada gaplashsak bo‘ladimi?”, deb yozgan postiga Allamjonovdan javob bo‘lmadi.

30 - mart kungi bayonotida Allamjonov har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma’lumoti uchun qonun oldida javobgardir, degandi.

“Demokratiya va so‘z erkinligi – bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday mas’uliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. So‘z erkinligi bu avvalo qonunga amal qilish, aytilgan har bir so‘z uchun javob bera olish mas’uliyati.

“Juda ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyati o‘rganilganda, aynan shu mezonga qat’iy amal qilinishini ko‘ramiz. Har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma’lumoti uchun qonun oldida javobgardir. Bu norma rivojlangan davlatlar qonunchiligida ham, O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasiga oid qonunlarida ham qat’iy belgilab qo‘yilgan”, - degandi Allamjonov.

Agneshka Pikulitska shu yil fevralida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xodimi o‘ziga akkreditatsiya jarayonida ijobiy maqolalar yozishni so‘rab, bosim o‘tkazgani haqda aytgan. Bundan tashqari, jurnalist vazirlik xodimini shilqimlikda ham ayblagandi. Bu ish shov-shuv bo‘lgach vazirlik shilqimlikda ayblangan xodim ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi va jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

Польшалик журналист: ТИВ ходими мени ўпишга уринди, тегажоғлик қилди ва ҳар хил жойларга таклиф қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00

Erkin matbuotga hujum

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining polьshalik jurnalist borasidani bayonoti va o‘zbek blogeri Mirazim Bozorovga qarshi ayblovlari erkin matbuotga hujum sifatida baholanmoqda.

Amerikalik huquqshunos professor, Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining O‘zbekistondagi sobiq vakili Stiv Sverdlou: “Ichki ishlar vazirligining jurnalistni qo‘rqitishi, kasalxonaga tushib qolgan blogerni zo‘ravonlik hujumida ayblab chiqishi, nafaqat yuridik jihatdan shubhali, balki O‘zbekistonda erkin fikr bildiruvchilarga tahdid ko‘rinishlarni o‘rtaga chiqarmoqda”, deb yozdi.

Ayni tashkilot faoli Mira Rittman esa: “O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan chet ellik jurnalistni sodir bo‘layotgan voqealar haqida xabar bergani uchun qonunni buzganlikda ayblash, LGBT vakillari huquqlarining jiddiy buzilishi, aslida O‘zbekistonni yomon tomondan ko‘rsatib turibdi”, - deydi.

Britaniyalik tadqiqotchi jurnalist Kristian Lasslett: “O‘zbekistonning Mirziyoev hukumati besh yil davomida o‘zining xalqaro obro‘sini ko‘tarishga harakat qildi va adolatli bo‘lish uchun katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Endi aqldan ozgan bir hafta ichida barchasi tugatildi, akkreditatsiyadan o‘tgan va hurmatga sazovor bo‘lgan xorijiy jurnalistga qarshi sovuq hujum uyushtirildi”, - deya ta’kidladi.

“Fergana Nyus” nashri bosh muharriri Daniil Kislov Tvitterda “O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining mamlakatda ishlayotgan polshalik jurnalistga qarshi uyushtirgan bu hayoliy va ajoyib hujumini hech bo‘lmaganda bugungi O‘zbekiston haqida biron bir narsani tushunishni istagan har bir kishi o‘qishi kerak”, deb yozdi.

“O‘zbekiston majburiyatlarini bajarishi kerak!”

Ayni paytda Xalqaro Amnistiya tashkiloti O‘zbekiston hukumatini jurnalistlar va blogerlarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.

Tashkilot bayonotida bloger Miraziz Bazarovga qilingan jismoniy hujumni ham, u internetda olgan tahdidlar va gomofobik haqoratlarni ham tekshirishga chaqiriladi.

Amir Temur xiyobonida yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislarining navbatdagi tadbirini o‘tkazmoqchi bo‘lgan bloger Miraziz Bozorov 28 - mart oqshomida Toshkentdagi uyi oldida niqob kiygan noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgan.

29 yoshli Bozorov og‘ir tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

“Янгиланаётган Ўзбекистон” ЛГБТ вакиллари учун янги хатарлар туғдирмоқда...ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:31 0:00

Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Allohu Akbar" deb hayqirayotgan o‘nlab odam Amir Temur hiyoboniga yig‘ilgan ba’zi odamlarni shafqatsizlarcha kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan faollar kaltaklash “ataylab uyushtirilgan bo‘lishi” ehtimolini nazardan qochirishmaydi.

“Qanday qilib Toshkent markazida “Allohu Akbar” deb odamlarni kaltaklashyaptiyu, militsiya xuddi ko‘rmaganday qarab turibdi. Bu ataylab uyushtirilgan, deb o‘ylaymiz, bular ataylab odamlar e’tiborini “Shovvozsoy” mavzusidan chalg‘itish uchun qilishyapti buni”, - deydi Ozodlikka gapirgan faollardan biri.

Miraziz Bozorovning o‘zi kaltaklanishidan bir necha soat oldin Ozodlikka Amir Temur xiyobonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirning LGBTga mutlaqo aloqasi yo‘qligi va bu kabi tadbirlar avval ham qarshiliksiz o‘tkazib kelinganini aytgan edi. U o‘zining geteroseksual ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mamlakat Jinoyat kodeksidan "Besoqolbozlik" moddasini olib tashlashga chaqirib kelgan blogerning kaltaklanishida uning o‘zini ayblab chiqdi.

IIV videobayonotida “Miraziz Bozorov besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida ta’qiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik, toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sabab bo‘lgan”, deyiladi.

Bloger uyida tintuv

Amir Temur hiyobonidagi voqealar ortidan Miraziz Bozorov Toshkentda ijaraga olgan xonadon va onasining uyida xavfsizlik idoralari xodimlari tintuv o‘tkazgan, kompyuter, telefon va elektron vositalarni olib ketishgan.

“Afrosiyob ko‘chasidagi Miraziz Bozorov yashagan xonadon tintuv qilingan va protokol tuzmasdan uning barcha hujjatlari va kompyuterini olib ketishdi. Tezkor xodimlar to‘satdan kvartiraning egasiga kelib, uni kvartirani kuch bilan ochishga majbur qilishdi. Mirazizning onasining xonadonida ham tintuv o‘tkazildi. Ular Mirazizning barcha jihoz va ashyolarini olib ketishdi”, - deb aytdi Ozodlikka blogerning tanishlaridan biri.

Amir Temur hiyobonidagi voqealar ortidan Miraziz Bozorov uyida tintuv o‘tkazilgan va elektron vositalari olib ketilgan.
Amir Temur hiyobonidagi voqealar ortidan Miraziz Bozorov uyida tintuv o‘tkazilgan va elektron vositalari olib ketilgan.

Ayni paytda Bozorovning DXX kasalxonasiga o‘tkazilgani va u yerda so‘roqqa tutilayotgani haqida ham xabarlar kelmoqda.

“Xalqaro qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston jurnalistlar va blogerlarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq har qanday xatarlardan himoya qilishga majburdir. Bularga nafaqat jismoniy daxlsizlikka tahdidlar, balki ularning so‘z erkinligi huquqining buzilishi ham kiradi”, deyiladi Xalqaro Amnistiya tashkilotining 1 - aprel kuni e’lon qilgan ochiq bayonotida.

Bundan oldin Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy vakili mamlakat huquq-tartibot idoralarini Toshkentda 28 - mart kuni yuz bergan "tashvishli voqealar"ni xolis tekshirishga chaqirgandi.

Helena Freyzer, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, blogerlar, fuqarolik jamiyatini nafrat va har qanday ko‘rinishdagi kamsitishlardan kelib chiquvchi zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashga chorladi.

XS
SM
MD
LG