Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Urush oqibatlari: Un, shakar, yog‘ narxi oshib boryapti, Qozog‘iston bug‘doy eksportini kamaytirishi mumkin


O‘zbekistonda bug‘doy va un narxining yana oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda bug‘doy va un narxining yana oshishi kutilmoqda.

BMT ekspertlari prognoziga ko‘ra, Rossiya Ukrainada boshlagan urush butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarining tanqisligiga, ayrim davlatlarda esa ocharchilikka olib kelishi mumkin.

Buning asosiy sababi – dunyo bozoridagi kungaboqar yog‘i, bug‘doy, makkajo‘xori, arpa singari muhim oziq-ovqat mahsulotlarining anchagina qismi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

BMT hisobiga ko‘ra, Ukraina va Rossiya kungaboqar yog‘i va bug‘doyi boshqa davlatlarga yetkazib berilmasligi sababli dunyoda 40 million kishi qashshoqlik darajasiga tushishi mumkin.

Rossiya hukumati ham 14-martdan boshlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga bir qancha turdagi donli ekinlar, oq shakar va shakarqamish eksport qilishni taqiqladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini saqlash vazifasini qo‘ygan edi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlari Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham jiddiy sezila boshladi.

Toshkentlik iste’molchi Abdurazzoq Sodiqovning aytishicha, so‘nggi haftada shakar birdaniga 50 foizga qimmatlagan:

Yog‘ besh kiloligi 90 ming so‘m edi, hozir 120 ming so‘mga chiqdi

“Kecha Qoraqamishdagi Tansiqboyev bozoriga chiqqanimda shakarning bir kilosi 15 ming so‘mga sotilayotganini ko‘rdim. O‘n kun avval 9 ming so‘m edi. Davlat xizmatlari shu narxda sotayotgan edi. Hozir bu narxda umuman yo‘q. Har yili qulupnay mavsumida bir ko‘tarilib tushardi. Lekin hali bizda qulupnay pishgani yo‘q. Rossiyadan keladigan o‘simlik yog‘i besh kiloligi 90 ming so‘m edi, hozir 120 ming so‘mga chiqdi. Bu o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan qadrsizlanishi sababli bo‘layotgan bo‘lsa kerak”.

Sirdaryolik tadbirkor O‘lmas Qahhorovning aytishicha, odamlar orasida “oziq-ovqat narxlari yana osharmish, zapas qilib qo‘yinglar”degan vahima paydo bo‘lgan:

Qand lavlagini ham o‘zimiz yetishtirolmaydigan holga kelib qoldik, shekilli.

“Bugun Gulistondagi bozorga tushdim. Bir oy avval 80 ming so‘m turadigan Rossiyaning o‘simlik yog‘i 120 ming so‘m bo‘pti. Bitta olgandim, tanish sotuvchi aka yana 3-4ta olib qo‘ying, yana ikki dollarga oshadi, dedi. O‘zi uchma-uch qilib yashayotgan bo‘lsam, nimamga zapas qilaman, dedim. Shakar esa 18 ming so‘mga chiqdi. O‘zimizning Xorazm va Angrendagi shakar zavodlari yetkazib berolmayapti ekan. Chunki xom ashyo Rossiyadan keladi ekan. Qand lavlagini ham o‘zimiz yetishtirolmaydigan holga kelib qoldik, shekilli. Non ham kamida 20 foizga qimatladi. Besh ming so‘mlik patir nonlar 6-7 ming so‘mga chiqib ketdi. O‘zimizda ishlab chiqarilgan 25 kilolik un 120 ming so‘m bo‘pti. Davlat narxi esa 70 ming so‘m. Bu urush hamma tomondan ta’sir qilyapti, odamlar vahimaga tushib qolgan”.

Jizzax viloyati bozorlarida ham ayni shunday holat kuzatilyapti.

Do‘stlik tumanida yashaydigan ishchi Karim Abduhoshimovning aytishicha, nafaqat yog‘ va un, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham qimmatlagan:

Uyimga mehmon kelsa bir kilo go‘sht olishga qiynalib qoldim

“Qozoq unini yeyishga pulim yo‘q. Shunga narxini ham bilmayman. O‘zimizning unni esa aniq bilaman, 140 ming so‘mga beriladigan 50 kilolik un 200 ming so‘mdan oshib ketdi. Bir yarim ming so‘mlik piyoz uch ming so‘mga, uch ming so‘mlik kartoshka 5 ming so‘mga, bir yarim ming so‘mlik sabzi uch ming so‘mga, o‘n ming so‘mlik shakar o‘n sakkiz ming so‘mga chiqib oldi. Mening o‘zim 2 million so‘m maosh olaman. Yetkazolmayapman, uyimga mehmon kelsa bir kilo go‘sht olishga qiynalib qoldim”.

Rossiyaning bosqini sabab, Ukraina hukumati go‘sht, suli, javdar, grechka, shakar, sharbat va tuz eksportini to‘xtatdi. Bug‘doy, makkajo‘xori, parranda go‘shti, tovuq tuxumi va kungaboqar yog‘i kabi mahsulotlar eksporti mamlakat iqtisodiyot vazirligining tegishli ruxsatnomasi bilan amalga oshiriladi.

Ayni paytda, Rossiya hukumati ham 14-martdan boshlab Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga bir qancha turdagi donli ekinlar, oq shakar va shakarqamish eksportiga taqiq qo‘yildi. Joriy yilning 30-iyuniga qadar bug‘doy, arpa, meslin, makkajo‘xori va javdar 31-avgustga qadar esa shakar eksport qilish to‘xtatildi.

Bu taqiqlar Rossiya va Ukraina bilan katta savdo aylanmasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Zero 2021-yilda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardan olgan oziq-ovqat mahsulotlarining 27,3 foizi Rossiya va 2,2 foizi Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonga don mahsulotlarining asosiy eksporteri Qozog‘iston hisoblanadi.

Gazeta.uz ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istondan 2021-yilda don mahsulotlari yetkazib berish hajmi 648,3 mln dollarni (umumiy importning 97,9 foizi), un esa 92,9 mln dollarni tashkil qilgan (97,2%).

Ammo Qozog‘iston a’zosi bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zo davlatlarga don mahsulotlari eksportiga vaqtincha taqiq qo‘ydi.

14-mart kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin shakar va don eksportini vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Garchi Rossiyaning O‘zbekistonga bug‘doy eksporti arzimagan miqdorda bo‘lsa-da, lekin bu ham narx-navolarning ko‘tarilishiga xizmat qilishi mumkin.

Qozog‘iston Milliy statistika agentligi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilda g‘alla hosili qurg‘oqchilik tufayli avvalgi yillarga nisbatan 21 foiz kam yetishtirilgan.

Qozog‘iston bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun Rossiyadan eksport bojisiz bug‘doy sotib ola boshladi. Agar Rossiya Qozog‘istonga bug‘doy eksportini to‘xtatgan bo‘lsa, Qozog‘iston ham O‘zbekistonga bug‘doy sotishni kamaytirishi ehtimoli bor.

Ozodlik olgan xabarlarga ko‘ra, ayni paytda bu masala Qozog‘iston hukumatida muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini saqlash vazifasini qo‘ygan edi.

Avvalroq Mirziyoyev hukumatga O‘zbekistonning “ayrim savdo hamkorlari”ga qo‘llanayotgan sanksiyalar oqibatlarini kamaytirishga oid reja ishlab chiqishni topshirgandi.

Kun.uz nashrining yozishicha Hindistonlik savdogar ilk bor O‘zbekistonga tijorat yukini Pokiston va Afg‘oniston orqali tranzit qilib yuborgan.

140 tonna yuk (asosan shakar) ortilgan mashinalar karvoni Kobuldan Toshkentga jo‘nab ketgan. Bungacha yuk «Mumbay – Karachi – Turxam» yo‘nalishi bo‘ylab kelgan.

XS
SM
MD
LG