Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:55

Toshkent IIBBda "shafqatsiz qiynoqqa tutilgan" rossiyalik tadbirkor 15 yilga qamaldi


Tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayev Pop tumanining Chodak qishlog‘idagi adirlikda 1500 kishiga mo‘ljallangan “Kosmos” mehmonxonasi va dam olish maskani qurgan.
Tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayev Pop tumanining Chodak qishlog‘idagi adirlikda 1500 kishiga mo‘ljallangan “Kosmos” mehmonxonasi va dam olish maskani qurgan.

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi 7- fevral kuni Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, namanganlik tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayevni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Sud Dilshod To‘raxo‘jayevni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 164-moddasi, to‘rtinchi qismi “a” bandi bilan (bosqinchilik) aybdor deb topgan.

O‘zining hisobidan Pop tumani Chodak qishlog‘idagi adirlikda 1500 kishiga mo‘ljallangan “Kosmos” mehmonxonasi va dam olish maskani qurgan Dilshod To‘raxo‘jaev 2023-yilning 12-aprelida Pop tumani IIB tomonidan hibsga olingandi.

To‘raxo‘jayevning o‘zi va advokati uning Toshkent shahar IIBB tergov izolyatorida qiynoqqa solinganini aytishgan.

Tadbirkorning advokati sud hukmidan norozi ekanini aytarkan, hukm ustidan apellyatsiya mahkamasiga murojaat qilishini ta’kidladi:

“Sud adolatsiz jazo tayinladi. Biz hukmdan mutlaqo norozimiz va apellyatsiya kiritamiz”, dedi advokat Nurilla To‘laganov.

Dilshod To‘raxo‘jayevning ukasi Doniyor To‘raxo‘jayevning aytishicha, hukm o‘qiladigan kuni sud binosiga "o‘nlab ichki ishlar va xavfsizlik xodimlari tashlangan":

“Sudyaga bosim bo‘lgani shundoq ham ko‘rinib turibdi. Bir oy avval ishni qayta tergovga qaytargan sudya dalillar o‘z tasdig‘ini topmaganini ko‘rib turgan bo‘lsa ham zakaz hukmni o‘qidi”.

Bundan avval advokat Nurilla To‘laganov Dilshod To‘raxo‘jayev tergov davomida shafqatsiz qiynoqlarga solingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video chiqishlar qilgan edi.

Dilshod To‘raxo‘jayev tergov izolyatoridan prezident Shavkat Mirziyoyevga chiqargan murojaatida tuhmat bilan qamoqqa olingani va Toshkent IIBBda qiynoqqa solinganini aytgan edi:

“Og‘zim va burnimni skoch bilan mahkam bog‘lab, boshimga polietilen paket kiydirib, oyog‘imning tovon, son qismiga, old qismiga, ko‘krak qafasimga, boshimga rezinkali dubinka va maxsus plastik qo‘lqoplar bilan yuzlarimga, hamma joyimga olti soat tinmay urishdi. Bir necha marta hushimni yo‘qotdim, elektroshokerni tanamga tekkizib uyg‘otishar va yana urishar edi”.

Dilshod To‘raxo‘jayevning yozishicha, undan Namangan viloyati Pop tumanida o‘zi bunyod etgan “Kosmos” dam olish maskanidan voz kechishni talab qilishgan:

“Prezidenting o‘ldi, men sening prezidentingman, men sening advokatingman, “Kosmos”ni o‘tkazib berasan, bo‘lmasa seni “bosqinchilik” epizodiga qo‘shib kamida 15 yilga qamataman deb qo‘rqitib, qandaydir hujjatga qo‘l qo‘yishimni so‘radi. Men esa prezidentim o‘lmagan, hammang qonun oldida javob berasan deganimdan keyin, xodimlar meni bir yarim metrga ko‘tarib polga otishdi”.

O‘tgan yilning 6-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirilgan.

Tashrif davomida Dilshod To‘raxo‘jayev bilan ham suhbat o‘tkazilgan va u o‘zining qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni tasdiqlagan edi.

“Xususan, Dilshod To‘raxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgan. Qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lgan va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini ma’lum qildi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Ombudsman monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra , Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritgan edi. Ammo bu nazorat xatining natijalari ma’lum qilinmagan.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, To‘raxo‘jayev Dilshod Abduvahobovich, 1984-yilda tug‘ilgan. Rossiya Federatsiyasi vatandoshi, 20 yil mobaynida Rossiya Federatsiyasida yashagan.

2019-yildan Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida "APART HOTEL COSMOS" MCHJ'ni tashkil etgan.

Mehmonxona va dam olish maskanlaridan iborat majmua 1500 kishiga mo‘ljallangan.

Tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyevning 2020- yildagi Namanganga tashrifida uning nazariga tushgan. Prezident Chodak qishlog‘i cho‘qqisida qurilgan majmuani olqishlagan edi.

To‘raxo‘jayev 2022-yilning 28-avgustida "Turizm fidoiysi", 2022-yil 8- dekabrda “Konstitutsiyaning 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG