Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:03

Tojikiston: Prezident qizining farmatsevtika imperiyasi - Ozodlik surishtiruvi


Tojikiston prezidentining beshinchi qizi hukumatning puli, davlat imtiyozlari va elchi turmush o‘rtog‘ining lobbisidan foydalanib yirik farmatsevtika imperiyasini qurgan. Parvina Rahmonova avtoritar prezident Emomali Rahmon hokimiyatga kelganidan beri uning katta boylik orttirgan yoki yuqori davlat lavozimlariga tayinlangan ko‘plab farzandlardan biri.

Biroq, Rahmonning boshqa farzandlaridan farqli o‘laroq, Rahmonova jamoatchilikka deyarli ko‘rinish bermaydi.

Parvina oilaviy suratlarda ham kam ko‘rinadi. Uning turmush o‘rtog‘i Ashraf Gulov 2021- yildan buyon Turkiyada elchi bo‘lib ishlaydi. Elchixona saytida uning ismi tilga olinmaydi. Ozodlik tojik xizmati jurnalistlari uning tug‘ilgan sanasini aniqlay olishmadi.

Rahmonova olti yil ichida Tojikiston farmatsevtika bozorini egallagan "Sifat Farma" (Sifat Pharma) kompaniyasini siyosiy aloqalari yordamida boshqarib keladi.

2017-yilda tashkil etilganidan buyon shirkat Tojikiston poytaxti Dushanbeda 20 ga yaqin dorixonalar tarmog‘ini qurish bilan birga davlat tenderlarida millionlab dollarlik loyihalarni qo‘lga kiritdi.

Tojikiston hukumati COVID-19 pandemiyasi davrida Rahmonovaning kompaniyasi vositachiligida Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar va dori-darmonlarni sotib olgan.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘rtada) oila a’zolari bilan. Uning beshinchi qizi, "Sifat Farma"​ egasi Parvina Rahmonova o‘ngdan ikkinchi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon (o‘rtada) oila a’zolari bilan. Uning beshinchi qizi, "Sifat Farma"​ egasi Parvina Rahmonova o‘ngdan ikkinchi.

Ozodlik radiosi olib borgan surishtiruv natijalari:

  • "Sifat Farma" bosh direktori Sherali Xolov Tojikiston xalqaro banki aksiyadori. Ozodlik radiosi tojik xizmati oldingi surishtiruvda Sherali Xolov Rahmonova erining ukasi bilan aloqasi borligini aniqlagan;
  • "Sifat Farma"ning boshqa bir rahbari raqobatchilarga firma ishtirok etayotgan davlat tenderlarida qatnashmaslikni aytadi, deydi sohada faoliyat yuritayotgan ikki tadbirkor;
  • Qizining kompaniyasi va Fransiya farmatsevtika kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga Rahmonning o‘zi yordam bergan;
  • "Sifat Farma" davlat shartnomalarini ham yutib olgan.

Ozodlik "Sifat Farma", Gulov, Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va prezident ma’muriyati bilan bog‘lanib, shirkatga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam yuzasidan izoh so‘radi. Ularning hech biridan javob bo‘lmadi.

"Sifat Farma" "Tojikiston aholisini xalqaro standartlarga mos dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida Belarus, Hindiston va Eron sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolagan", deyiladi Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Bu tashkil etilganiga besh oy ham bo‘lmagan kompaniya uchun ajoyib start edi.

Parvinaning turmush o‘rtog‘i Ashraf Gulov 2021-yildan buyon Tojikistonning Turkiyadagi elchisi bo‘lib ishlaydi.
Parvinaning turmush o‘rtog‘i Ashraf Gulov 2021-yildan buyon Tojikistonning Turkiyadagi elchisi bo‘lib ishlaydi.

"Sifat Farma" 2017-yilning 2-mayida ro‘yxatdan o‘tgan. Tojikiston prezidentining beshinchi qizi Parvina Rahmonova uning yagona asoschisi sifatida qayd etilgan. Rahmonova bugungi kungacha kompaniyaning yagona aksiyadori bo‘lib qolmoqda .

Ozodlik radiosi o‘rgangan davlat xaridlari hujjatlariga ko‘ra, "Sifat Farma" tashkil etilgan kundan boshlab 2023-yilning avgustigacha Sog‘liqni saqlash vazirligi va bir qator davlat tibbiyot muassasalariga dori-darmon yetkazib berish bo‘yicha 5,5 million dollarlik davlat shartnomalarini yutib olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, "Sifat Farma" ning ikkita sho‘ba korxonasi – "Sifat Farma" tibbiy kiyim-kechak fabrikasi va "Tibbi tojik" tibbiy xizmat ko‘rsatish kompaniyasi davlat tenderlarida 326 ming dollardan ortiq loyihalarni qo‘lga kiritgan.

Rahmonova tashkil qilgan imperiyaning umumiy qiymatini hisoblash qiyin. Tojikiston kompaniyalarning hukumatga to‘lagan soliqlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilmaydi. Amaldorlarning daromadlari va mol-mulki haqida deklaratsiyalar ham ommaga oshkor qilinmaydi.

Jamiyat tafakkuri va saviyasi G‘arb jamiyatinikiga teng bo‘lsa, albatta, muammoni hal qilamiz, - degandi mulozim Juma Davlatzoda o‘sha paytda Ozodlik radiosining tojik xizmatiga.

"Sifat Farma" vebsaytiga ko‘ra, hozirda Tojikistonda kompaniyaning 18 ta dorixonasi faoliyat yuritadi, ularning ikkitasi Dushanbe shahrida joylashgan.

Ozodlik ko‘rib chiqqan bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, "Sifat Farma" 2018-yildan beri kamida 3,2 million dollarlik mahsulot, asosan dori-darmon import qilgan. Bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘pgina yuk qaydnomalarida jo‘natma qiymati ko‘rsatilmagan.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2019-yil 17-noyabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan Tojikiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida. Uchrashuv yakunida Rahmon qizining «Sifat Farma» kompaniyasi fransuz kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2019-yil 17-noyabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan Tojikiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida. Uchrashuv yakunida Rahmon qizining «Sifat Farma» kompaniyasi fransuz kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.

"Prezident qizining kompaniyasi"

1990-yillar boshida Sovet Ittifoqi parchalanib, Rahmon Tojikistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri uning farzandlari, ularning turmush o‘rtoqlari va qaynotalari katta boylik va siyosiy nufuzga ega bo‘ldi.

U to‘qqiz farzandidan uchtasini, xususan, parlament yuqori palatasi raisi va Dushanbe meri bo‘lib ishlayotgan to‘ng‘ich o‘g‘li, 35 yoshli Rustam Emomalini davlat lavozimlariga tayinlagan. Agar otasi iste’foga chiqsa, u muvaqqat prezident bo‘ladi.

Rustam Emomali nazoratidagi ommaviy axborot vositalari uning singlisi Rahmonovaning biznes manfaatlarini reklama qiladi.

"Sifat Sanoat" direktori Hokimsho Idiyev boshqa tadbirkorlardan "Sifat Farma" ishtirok etayotgan tenderlarda qatnashmaslikni so‘ragan.

"Men shartnoma bo‘yicha taklif bermoqchi edim. Idiyevga qo‘ng‘iroq qildim. U menga: "Bu tenderga urinma, chunki bu bizniki", dedi. Shu suhbatdan keyin men tenderga kirmaslikka qaror qildim”, - deydi tadbirkorlardan biri.

Dushanbedagi tadbirkorlar yig‘ilishlarida Idiyev tez-tez "Sifat Sanoat"ni "prezident qizining shirkati" deb tanishtiradi. Idiyev Ozodlik so‘roviga javob bermadi.

"Sifat Sanoat" yuqori martabali hukumat amaldori Rahmonning Turkiyada elchilik qiladigan kuyovi Ashraf Gulovga borib taqaladi.

Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi va Dushanbe meri Rustam Emomali.
Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi va Dushanbe meri Rustam Emomali.

2022-yil iyul oyida Tojikistonning "Xovar" davlat axborot agentligi turk tadbirkorlari delegatsiyasi Gulovning "tashabbusi va yordami bilan" Tojikistonga safar qilgani haqida xabar bergan.

Tashrif natijasida Rahmonovaning tibbiy kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi "Sifat sanoat" kompaniyasi va Turkiyaning asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi Dundalar kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.

Gulov Tojikistonning Turkiyadagi elchixonasiga izoh so‘rab qilingan murojaatga javob bermadi.

Tojikistonning Turkiyadagi elchixonasi saytida ma’lum qilinishicha, Gulov va uning rafiqasining besh farzandi borligini, biroq elchixona Rahmonovaning ismi va uning Tojikiston prezidentining qizi ekanligini tilga olmagan.

Tojikiston korporativ reestridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Gulovning qizi onasining sog‘liqni saqlash imperiyasiga qo‘shilgan hamda 2018-yil fevral oyida "Sifat Tabobat" shirkatiga asos solgan.

Bu kompaniyaning yagona aksiyadori Gulov va Rahmonovaning qizlaridan biri Ramziya Gulova. O‘shanda Gulova universitetning birinchi kurs talabasi bo‘lgan . Kompaniya nomi keyinchalik "Tibbi tojik" nomiga o‘zgartirilgan.

Davlat xaridlari bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, korporativ ro‘yxatda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya sifatida tavsiflangan "Tibbi tojik" 2022-yildan buyon 184 000 dollarlik davlat shartnomalarini yutib olgan.

Gulova haqida ma’lumotlar kam. Ammo Ozodlik ko‘rib chiqqan hujjatlarga ko‘ra, u Dushanbedagi Rossiya-Tojikiston Slavyan universitetida o‘qigan.

Ozodlik "Tibbi tojik"ning elektron pochtasi va telefonini topa olmadi. Biroq 2019-yil noyabrida Rahmonning Fransiyaga tashrifi chog‘ida «Sifat Farma» nomidan fransuz hamkori bilan shartnoma imzolagan Jamshed Hamidovning Whatsapp akkaunti orqali Gulovaga yozma so‘rov yubordi.

«Sifat Farma» kompaniyasi vakili Jamshed Hamidov (chapda) prezident Emomali Rahmonning Fransiyaga tashrifi chog‘ida 2019-yil 17-noyabr.
«Sifat Farma» kompaniyasi vakili Jamshed Hamidov (chapda) prezident Emomali Rahmonning Fransiyaga tashrifi chog‘ida 2019-yil 17-noyabr.

Hamidov Whatsapp’dan "Tibbi tojik"da ishlashini, biroq "Sifat Farma"da ishlamasligini aytdi. U Gulova haqidagi savollar bilan tanishib chiqqanini ma’lum qildi, biroq Ozodlikka maqola chop etilgungacha javob kelmadi.

XS
SM
MD
LG