O‘zbekistonda aksar kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorlik belgisi deb hisoblaydi. Pora oldi-berdisini ko‘pchilik qoralasa-da, munosib xizmat uchun kichik sovg‘alar odatiydek qabul qilinadi.
“O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot jamoatchilikning korrupsiyaga doir shu kabi yanglish tasavvurlarini o‘rtaga chiqargan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning 14 ta hududida maqsadli guruhlar, ekspert intervyulari va telefon orqali so‘rovlar yordamida jamoatchilik fikri o‘rganilgan.
So‘rovnomada erkaklar va ayollar, shuningdek, shahar va qishloq aholisi teng ravishda ishtirok etgan. Yosh guruhlari bo‘yicha 25 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan guruh ko‘pchilikni tashkil qilgan.
Respondentlar korrupsiya illatini mansab vakolatini suiiste’mol qilish, qarindoshlarni ishga joylashtirishda ustunlik, davlat xizmatchisiga pul ko‘rinishida minnatdorlik, qonun va me’yoriy hujjatlarning shaxsiy manfaatlar uchun shakllantirishga ta’sir ko‘rsatish, aholi iste’moli uchun mo‘ljallangan tovarlar va xizmatlarni o‘zlashtirish deya izohlagan.
So‘rov qatnashchilarining 74 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga, jumladan, 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyor. 12 foiz respondent esa korrupsiya haqida xabar berishni salbiy holat deb hisoblaydi. Xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida bu befoyda ekani, hech kim bunga e’tibor bermasligi (24,8 foiz), kimga murojaat qilishni bilmaslik (20,4 foiz), korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8 foiz) ko‘rsatilgan.
Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi (ACRC), BMT Taraqqiyot dasturining Seuldagi siyosiy markazi va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadqiqot 500 dan ortiq so‘rov ishtirokchilarining ma’lumotlariga va vazirlik, idoralarning anonim xodimlari fikr-mulohazalariga asoslangan.
Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3837 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgani uchun sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilganini bildirgandi.
Agentlikka ko‘ra, 2023-yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keldi.