Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:00

"Shu yangamga – shu pochcham". Tarmoqlar BYD avtomobillari importi cheklanishi haqida


BYD. Illyustrativ surat
BYD. Illyustrativ surat

O‘zbekistonda Xitoy avtosanoatining yetakchi brendi sanalgan BYD avtomobillari importi cheklanishi mumkin. Hukumat bu haqdagi qarorini "import avtomobillar bozorini tartibga solish" bilan izohlamoqda. Ammo iste’molchilar va tarmoq faollari hukumat qaroridan maqsad O‘zavtosanoat monopoliyasini kuchaytirish, degan fikrda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni imzolagan qarorda BYD shirkati O‘zbekiston hukumatiga elektromobillarning “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash” yuzasidan murojaat qilgani qayd etiladi. Ammo hozirgacha na BYD va na O‘zbekiston hukumati bu murojaat matni yoki unga doir biron hujjatni e’lon qilgani yo‘q.

Prezident qaroriga ko‘ra, mas’ul idoralar ushbu talab yuzasidan 2024-yil 1-iyulga qadar taklif hozirlashi lozim.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda BYD rusumli elektromobillar soni oshib borayotgani kuzatilmoqda. Tahlilchilar nisbatan cho‘ntakbop narxdagi Xitoy avtoulovi monopol “O‘zavtosanoat” shirkatiga ma’lum ma’noda raqobat uyg‘otmoqda deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, hukumatning elektromobil importiga cheklov tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda “monopoliya tegirmoniga suv quyish”, “kuppa-kunduzi qaroqchilik” deya baholandi.

UzAuto машиналари учун навбат интернетга кўчди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:33 0:00

Iqtisodchi Otabek Bakirov ta’kidicha, qaysi brend bo‘lishidan qat’i nazar, “O‘zavtosanoat” raqobatni mutlaqo istamaydi.

“O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi raqobatdan haddan tashqari qo‘rqishadi. Chunki raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi. “O‘zavtosanoat”, albatta bu ro‘yxatda istisno emas”, deydi iqtisodchi.

Unga ko‘ra, endilikda BYD avtomobillarini faqat “O‘zavtosanoat” yoki kelishib olingan oligarxlar import qiladi. Bu esa qimmatlashuvga olib keladi.

“O‘zavtosanoat” nazaridagi “tartibli import” bu – Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish, 15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish degani. Ya’ni o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani”, deydi O.Bakirov.


Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ham “O‘zbekistonda davlatning insofsiz avtomonopoliyasi yaqin orada tugamas”ligidan xavotirda.

“Shu bizda nima qilishsayam oxiri borib monopoliyaga aylanib qolaveradi-ya... Demak, oldinda bizni tanlovsiz holda sifatsiz, ba’zi detallari yo‘q elektromobillarga oldindan pul to‘lab, yarim yillab kutish kabi kulgili shartlar kutib turibdi”, deydi sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.


“Shu yangamga – shu pochcham” degan maqol bejizga emas. Bizga keladigan investorlar ham xuddi o‘zimizning kompaniyalar kabi ishini taqiqlashdan, cheklashdan boshlamoqchi. Ajoyib, ta’riflashga til ojiz”, deya kinoya qildi bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev.

2023-yil yanvar oyida “O‘zavtosanoat” va Xitoyning “BYD Auto” shirkati elektromobil ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan” qo‘shma korxonasini tashkil qilgan edi. Ustav kapitali 55 milliard so‘m bo‘lgan korxonada “O‘zavtosanoat”ning ulushi 60 foizni, Xitoy tomoni ulushi esa 40 foizni tashkil etadi.

Bloger Umid G‘afurov importni cheklashga doir qarordagi nozik nuqtaga e’tibor qaratdi.

“Menimcha, “Monopolystan” fuqarolari uchun bugungi yangilik yangilik emas. Chunki “O‘zavtosanoat” qo‘l urgan joydan bir kunmas bir kun albatta raqobatning murdasi chiqadi. Va bugun o‘sha murdaning oyoqlari ko‘rinib qoldi. Bilmasangiz bilib oling, O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritayotgan VYD kompaniyasining 60 foizi “O‘zavtosanoat”ga tegishli, “O‘zavtosanoat” esa hukumatga tegishli. Ya’ni hukumat hukumatga murojaat bilan chiqyapti”, deydi U.G‘afurov.

Telegramdagi “Platforma” kanali cheklovga asos qilib ko‘rsatilgan vaj-korsonni savol ostiga olgan.

“Iqlimimiz va yo‘l sharoitimizga moslashtirilmagani va rasmiy kafolatga ega emasligi degan vaj kishida savol tug‘diradi. Qani bunga asos? Test drayv qilib ko‘rilganda buni sezib qolishdimi, nimadir bo‘ldimi yoki mashinalari o‘ydim-chuqur yo‘llarimizda, issiq iqlimimizda yurolmadimi? Aniqroq asos kerak-da. Vaholanki, BYD minib yurganlardan hozircha jiddiy e’tiroz sezilganicha yo‘q”, deb yozadi “Platforma”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil yanvar oyida Xitoyga safari doirasida BYD’ning Shenchjen shahridagi bosh qarorgohiga tashrif buyurgan edi. O‘shanda kompaniya O‘zbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib bergani ramzi sifatida Mirziyoyevga YANGWANG U8 mashinasini hadya qilgandi.

Aksar faollar mamlakatga minglab avtomobil kirib kelgunicha, ularning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitiga mos yoki mos emasligiga e’tibor qaratilmaganidan taajjub izhor qilgan.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev esa O‘zbekiston avtosanoatidagi mahalliylashtirish harakatini saraton kasalligiga o‘xshatgan.

Avvalroq O‘zbekistonda avtomonopoliyaga chek qo‘yish uchun mahalliy mahsulotlarga boykot e’lon qilish taklifi ilgari surilgandi. Ammo bu chaqiriqlar iste’molchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan. Boykot tarafdori bo‘lgan faollar hukumat monopoliya siyosatidan voz kechmayotganida fuqarolarni ham aybdor deb biladi. Xususan, so‘nggi cheklovlarga munosabat bildirgan jurnalist Shuhrat Shokirjonov “mashinaga sajda qiluvchi millatga bu ham kam” ekanini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG