Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:04

"Buyuk ajdar eyforiyasi". Xitoyga borib kelgan vazir Shermatov "erkinliksiz rivojlanish" modelini taklif qildi


G‘arbda tahsil olgan Sherzod Shermatov O‘zbekiston hukumatining eng yosh va ilg‘or fikrli a’zolaridan biri sifatida taqdim qilinadi.
G‘arbda tahsil olgan Sherzod Shermatov O‘zbekiston hukumatining eng yosh va ilg‘or fikrli a’zolaridan biri sifatida taqdim qilinadi.

O‘tgan hafta Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi "Xitoy-Markaziy Osiyo" sammitida Si Szinpinga "hurmatli katta og‘am" deb murojaat qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev ortidan o‘zbek hukumatining alohida mulozimlari taraqqiyotning o‘z talqinlaridagi "Xitoy modeli" olqishlangan postlar e’lon qilishni boshladi.

Xususan, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov shu kunlarda tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilgan post blogerlarning e’tiborini tortdi.

Unda vazir Sherzod Shermatov Xitoy iqtisodiy yutuqlarini ibrat o‘laroq ko‘rsatib, so‘z erkinligi qadriyatini savol ostiga oladi.

Vazirning xitoyparastlik ruhidagi posti Pekin Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kuchaytirishga urinayotgan pallada yangradi.

G‘arbda tahsil olgan mulozim, taraqqiyparvar texnokrat deya ta’riflab kelingan Sherzod Shermatov 21-may kuni Telegramdagi rasmiy sahifasida Xitoyning innovatsiya yutuqlari ulug‘langan post chop etdi.

“Ko‘pchilik G‘arb davlatlarini ko‘rgan inson sifatida yaqinda Xitoyga borganimda rivojlanish va innovatsiya bo‘yicha Xitoy nafaqat orqada emasligi, balki ko‘pchilik iqtisodiy rivojlangan davlatlardan ancha oldinda ekanligiga guvoh bo‘ldim. Masalan, Shenchjen shahrida ko‘chada yurganda AQSHga nisbatan tezyurar temiryo‘llar ko‘pligi yoki elektr avtomobillar ko‘pligining o‘zi ham bunga bir misol bo‘la oladi”, deb yozdi Sherzod Shermatov.

“Ilmiy xodimlar soni bo‘yicha Xitoy AQSHdan birinchilikni olganiga ancha bo‘lgani”ni qayd etgan mulozim erkinlik, G‘arb qadriyatlari taraqqiyotning yagona yo‘li emasligini ta’kidlaydi.

Bloger Zafarbek Solijonov “AQSHning 5 ta prezidenti va 70 dan ortiq Nobel sovrindorlari tahsil olgan nufuzli Yel universitetini tamomlagan” Shermatovning erkinlik va taraqqiyot borasidagi muqoyasasidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi.

"So‘z erkinligi muqaddas qadriyat hisoblanadi. Usiz manaman degan modelingiz ishlashi davomiyligini ham saqlab turolmaysiz. Bu masalada buyuk davlatlar o‘tmishiga qarashimiz kifoya. Aynan bugungi Xitoy ham G‘arb texnologiyalari asosida rivojlanishga yaqqol misol bo‘la oladi, aslida. G‘arbda esa barchasi so‘z erkinligiga xizmat qiladi, uning maydonida rivojlanadi. U vosita emas, qadriyat. Uyg‘ur musulmonlarini e’tiqod erkinligi uchun ezib kelayotgan Xitoy modelini bizning musulmon millat yoqlamasligiyam turgan gap. Ammo bu masalada ham aynan siz ta’lim olgan G‘arb gapirib kelmoqda. Hatto millionlagan musulmonlari bor davlatlar ham sukut saqlayotgan bir vaziyatda”, deb e’tiroz bildirdi bloger.

“Taraqqiyot uchun so‘z erkinligi qurbon bo‘lishi kerak” degan nuqtai nazarni keskin rad etgan bloger o‘zbek jamiyati uchun har narsaga ko‘nadigan, oson boshqariladigan robotlar emas, balki mustaqil fikrli shaxslar kerakligini urg‘uladi. Ayni paytda Solijonov vazirda kuzatilayotgan “buyuk ajdar eyforiyasi” o‘tkinchi ekaniga umid bildirdi.

Telegramdagi “What about Uz” kanali muallifi ham “iqtisodiy o‘sish uchun demokratik qadriyatlar zarur emas” degan da’voga qarshi chiqar ekan, hukumat rasmiysiga referendum arafasidagi ehtirosli va’dalarni yodga soldi.

“Buni qarangki, hukumatimiz mening/sizning/bizning ikkiyuzlamachiligimizdan tezgina yuz o‘girib, hayotning shafqatsiz haqiqatini fosh qildi-qo‘ydi. Yaqindagina ular “Yangi, dunyoviy, demokratik, huquqiy, ijtimoiy O‘zbekiston”ning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatlash haqida otashin nutqlar so‘zlamaganmidi? (Konstitutsiya) qabul qilinishi bilan uni inkor etishga oshiqmoqdami ular?” deya savol qo‘ydi “What about Uz” kanali muallifi.

Ayrim ziyolilar fikricha, Raqamli texnologiyalar vaziri “Osmonosti o‘lkasi”ni namuna sifatida ko‘rsatar ekan, jamoatchilikka “O‘zbekiston ham avtokratik siyosat yo‘lidan yurgani ma’qul” degan mujdani yo‘llamoqda.

“Xalqqa erkinlik berilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatadigan avtokrat Rossiya va Xitoyning siyosiy yo‘lidan borish – rivojlanishning ilk pallasida turgan O‘zbekiston kabi davlatlar uchun o‘ta xavflidir. Biz ham Rossiya va Xitoy kabi G‘arb yordami bilan iqtisodiyotimizni ulkan darajagacha ko‘tarib olaylik, keyin yonboshlab olib, G‘arb o‘zi Xudo urgan joy, deb o‘tirsak bo‘laveradi. Xitoy va Rossiya shunday qilishgan, masalan”, deya kinoyaga yo‘g‘rilgan mulohazalarini bayon qildi Telegramdagi “Fayzbog‘” kanali ma’muri, bloger Temurmalik Tojiddinzoda.

Мирзиёев Сианда. Хитой ва Россия сиам эгизакларми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:22 0:00

XS
SM
MD
LG