Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:18

Sheremetyevo aeroportida Rossiyaga kiritilmagan yuzlab o‘zbek muhojiri qolmoqda (FOTO+VIDEO)


Shenremetyevoda qolayotgan muhojirlar - 29 - dekabr, 2020
Shenremetyevoda qolayotgan muhojirlar - 29 - dekabr, 2020

Moskvaning Sheremetyevo aeroportida 500ga yaqin O‘zbekiston vatandoshi Rossiyaga kiritilmadi. Aeroportning tranzit zonasida 3-4 kundan buyon qolayotgan muhojirlarga qalbaki tibbiy ma’lumotnomalar bilan kirib kelishga urinish aybi qo‘yildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan muhojirlar bu vaziyatda ularni bundan ogohlantirmagan aeroport xodimlarini ayblasa, hukumat rasmiylari o‘zbek yo‘lovchilarida ham ayb borligini gapirmoqda.

Toshkentdan Rossiya poytaxti Sheremetyevo xalqaro aeroportiga uchib kelgan bir guruh o‘zbek muhojiri chegara nazorat punktidan o‘tkazilmadi.

Bu haqda 29 - dekabr kuni Ozodlik Radiosiga ma’lumot bergan o‘zbek yo‘lovchilari hozirda tranzit zonasida qolayotgani va ko‘pchilikda ortga qaytishga mablag‘i yo‘qligini gapirdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan xorazmlik Sarvarbek Alimov 27 - dekabr kuni uchoqda kelgan yo‘lovchilardan biri.

- Biz 26 - dekabr kuni Samarqanddan Sheremetyevoga uchishimiz kerak edi. Uchish maydonchasi qordan tozalanmagani sababli reysimiz bir kunga kechikdi. Shunda 27 - kuni Toshkentdan uchib keldik, lekin bizni kiritishmadi Rossiyaga. O‘zbekistonda aeroport xodimlaridan “Mabodo bizni kiritmaydigan bo‘lsa, biletlarimizni qaytarasizlarmi?”, -deb so‘ragandim ham.

Samarqand aeroportidagilar bizdan majburiy tilxat ham yozdirib olishdi - “Xorijga o‘z xohishim bilan ketyapman. Meni ortga qaytarishsa, barcha xarajatlarni o‘z zimmamga olishga tayyorman!” Bizning qo‘limizda “davolanishga kelyapti” degan tibbiy ma’lumotnoma bor. Rus chegarachilari bu spravkalarga xatto qaramadi, “Hammasi qalbaki! Chegaralar yopilgan, bunaqa hujjatlar bilan kirolmaysizlar. Biz O‘zbekiston tomonini ogohlantirganmiz!”, - deb pasportlarimizni olib qo‘ydi. Mana 2,5 kun bo‘ldi, yotibmiz, deydi Sarvarbek.

Aeroportda qolayotgan orasida yosh bolalilar bor
Aeroportda qolayotgan orasida yosh bolalilar bor

Suhbatdosh Sheremetyevo chegara nazorat punktidan ichkariga faqat Rossiya grajdanlari va vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega o‘zbekistonliklar kiritilganini ham aytdi.

Sarvarbek hozirda Sheremetyevo aeroportida kiritilmasdan ortga qaytarilgan 500ga yaqin o‘zbekistonlik qolmoqda, deydi. U boshqa o‘zbekistonliklarni bunday hujjatlarga ishonib, aviachipta sotib olmaslikka da’vat etdi.

- Bizning reysdan hozir 130 odam yotibmiz kutib. Kecha Samarqandga 200ga yaqin odam qaytib ketdi. Toshkent, Buxoro va boshqa joydan kelganlar bilan 400-500 odam O‘zbekistondan qolyapti aeroportda. Faqat o‘zbeklar yotibdi - qirg‘iz, tojiklar yo‘q! Yanvargacha reyslar bor ekan - kelishmasin yurtdoshlarimiz, kiritmayapti, demoqchi edim.

Rossiya yopilgan bo‘lsa nega aviakompaniya bizni ogohlantirmadi, nega Samarqand aeroportida bizga hech nima deyishmadi? Masalan, Toshkentda ogohlantiribdi - tanishlarim biletini topshirib, kelmabdi. Men 1200 dollarga bilet sotvolgan edim. Men va yana 30-40 kishi bu pulni qaytarib berishni talab qilamiz, yozamiz hali ular ustidan! To‘g‘ri, qo‘limizdagi spravka qalbaki, biz aslida ishlagani kelgan odamlarmiz. Bu yerdagi yo‘lovchilarning deyarli hammasida shunday qalbaki spravka bor. Bizni uchirib yuborishsin, bilet pullarimizni qaytarib berishlarini talab qilamiz! - dedi Sarvarbek.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqanddagi tibbiy ma’lumotnoma qilib bergan noma’lum shaxslar Sarvarbek Alimovga Rossiyaga kirishga “garantiya” bergan.

Sheremetyevo aeroportida qolayotgan o‘zbek muhojirlari Ozodlikka o‘z videomurojaatlarini ham yuborishdi.

O‘zbek muhojiri o‘zbek elchiligi bilan aloqaga chiqqani, ammo ular ham bu vaziyatda yordam berolmasliklari, kiritilmagan o‘zbek yo‘lovchilari chiptalar uchun o‘zlari to‘lashlari aytilganini bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘mon Mansurov Ozodlik so‘roviga vaziyat idora tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi. U chegaradan o‘tkazilmagan o‘zbek muhojirlarida ham ayb borligi - ular qalbaki hujjatlar bilan Rossiyaga kirib kelishga uringanini gapirdi.

- Biz yo‘lovchilarni olib kelgan “Nordwind Airlines” aviashirkati bilan gaplashib ko‘rdik. “Biz ularning kiritilmasligi uchun javobgar emasmiz, kirish-chiqish qoidalari oldindan e’lon qilingan”, deyapti ular. Hozir vaziyatga yechim izlayapmiz. Qonun nuqtayi nazaridan - bu grajdanlarimiz aslida qalbaki tibbiy spravka bilan Rossiyaga kirishga uringan. Bu jinoyatku! Nahot shu narsalarni tushunishmasa?! O‘zlari bilib, bu ma’lumotnomalarni sotib olishibdi - kim aybdor bu yerda? Agentligimiz Sheremetyevo chegara xizmatidan ularni jinoiy javobgarlikka tortmaslikka iltimos qildik, vaziyatni tushuntirdik - ular tushunishga urindi. Biz hozirda aviashirkatlar bilan arzonlashtirilgan narxda shu odamlarni O‘zbekistonga qaytarish masalasini muhokama qilyapmiz. Hozirga kelib 2 reys odam qaytarildi, yana bir necha yuzta odam shu vaziyatda qolmoqda. Ulardan janjal qilmaslik, vaziyatni to‘g‘ri baholashni so‘raymiz, dedi Saidno‘mon Mansurov.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili so‘zlaricha, Sheremetyevoga uchib kelgan o‘zbek yo‘lovchilari o‘z hisoblariga ortga qaytariladi, ularning o‘ta og‘ir vaziyatdagi ayrimlarigina uchun bepul aviachiptalar tashkil etiladi.

“Bu vaziyatda kim aybdor?” deya bergan savolimizga Saidno‘mon Mansurov bunday javob berdi:

- Eng avvalo, o‘zbekistonlik muhojirlarga chipta sotgan aviakassa xodimlari ularni ogohlantirishi va tartiblar bilan tanishtirishi lozim edi. Ularni qalbaki tibbiy ma’lumotnomalar bilan ta’minlagan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim. Aeroport xodimlari ularga shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinligini batafsil tushuntirishlari kerak edi. Lekin, yo‘lovchilarning o‘zlari ham qing‘ir yo‘llar bilan kirish noqonuniy ekanligini bilishlari kerak, dedi vakolatxona rahbari.

Hozirda agentlik aeroport ma’muriyati bilan kelishgan holda terminalda qolayotgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun issiq ovqat tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

Saidno‘mon Mansurov Rossiyada og‘ir onkologik, xirurgik va boshqa kasalliklar bilan kasallangan va gospitalizatsiya qilinishini qabul qiluvchi tibbiy muassasa tasdiqlay oladigan ma’lumotnomalargina haqiqiy ekani, “diagnostikaga” yoki “davolanishga” deb yozilgan tibbiy hujjatlar Rossiyaga kirishga asos bo‘la olmasligini qo‘shimcha qildi.

Koronavirus kasalligi tarqalishi avj olib borayotgani bois Rossiya hukumati 2021 - yilning 15 - yanvarigacha xorijliklarni mamlakatga kirishiga taqiq qo‘ydi. Ommaviy jamoatchilik yig‘inlari va tadbirlarini o‘tkazishga cheklovlar Rossiya ichkarisiga ham joriy etildi.

Bundan oldinroq Rossiya Qurilish vazirligi mehnat muhojirlarining mamlakatga kirishini yengillashtirish talabi bilan hukumatga murojaat qilganini Ozodlik xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG