Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:52

Samarqandda o‘lasi qilib kaltaklangan sochfurushlar IIBni harakatsizlikda ayblamoqda (VIDEO)


24 yoshli fermer G‘olibjon Ibragimov o‘zi va uch hamkasbini noma’lum shaxslar 6 - iyun kuni qattiq kaltaklaganini aytmoqda.
24 yoshli fermer G‘olibjon Ibragimov o‘zi va uch hamkasbini noma’lum shaxslar 6 - iyun kuni qattiq kaltaklaganini aytmoqda.

Samarqand viloyat, Payariq tumanida "o‘lasi qilib kaltaklangan" tadbirkorlar tuman Ichki ishlar bo‘limini harakatsizlikda ayblamoqda.

24 yoshli G‘olibjon Ibragimov va uch hamkasbi 6 - iyun kuni paxtazorda noma’lum shaxslar tarafidan "vahshiylarcha kaltaklangani" ortidan shifoxonaga yotqizilgan edi.

Soch olib sotish bilan shug‘ullanuvchi Ibragimovning Ozodlikka da’vo qilishicha, "tuman IIBsi kaltaklanishini tekshirishni turli bahonalar bilan cho‘zmoqda".

Ozodlik tadbirkorlarning do‘pposlanishi, ularga o‘lim tahdidi bo‘lgani yuzasidan Samarqand viloyat, Payariq tuman ichki ishlar bo‘limiga bog‘langanida¸tergovchi bu voqea tekshirilayotgani¸ ammo izoh berilmasligini aytdi.

24 yoshli fermer G‘olibjon Ibragimov Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va yana uch hamkabini noma’lum shaxslar 6 - iyun kuni "vahshiylarcha kaltaklagani, o‘lim bilan tahdid qilishganini" aytdi.

Tadbirkorga ko‘ra, voqea Payariq tuman, Chelak shaharchasi “G‘oyib ota” mahallasida bo‘lgan.

“Biz ayollarning taroqdan tushgan uzun sochini olib sotamiz. Ofisimiz bor. 6 - iyun kuni ertalab yigirmatacha odam qo‘lida armatura bilan soch qabul qilib oladigan joyimizga bostirib kirib, hammamizni kaltakladi. Ko‘zlari qonga to‘la, ichib olganday. Meni boshim yorilib, miya chayqalishi bilan kasalxonaga olib ketdi. Qo‘lim ostida ishlaydigan Baratov Zafar umuman hushsiz, gapirolmaydigan ahvolda kasalxonada yotibdi. Boshiga urishgan. Suvanova Malika va yana bir hamkasbimni ham urib, tan jarohati yetkazishgan”.

Ozodlikka yuborilgan videolarda, boshi yorilgan Ibragimovga va uning hamkasblariga shifokorlar yordam ko‘rsatayotgani, boshqa tasvirlarda esa, ofis binosi va uni oldida turgan avtomashinalarga shikast yetganini ko‘rish mumkin.

Самарқандда номаълум шахслар ҳужумига учраган тадбиркорлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:49 0:00

Ibragimov iddaosicha, "tuman IIB bu jinoyatni tekshirishni turli bahonalar bilan cho‘zmoqda":

“O‘sha kuni tuman IIBsiga shikoyat qilganmiz. Mana oradan to‘rt kun o‘tdi, bizni kaltaklaganlar kim, nima uchun kaltakladi, bilmaymiz. Mashinamizni ham lom bilan urib, majaqlab ketishdi. Tuman ichki ishlar boshqarmasiga borsak, “tekshiryapmiz, tekshiryapmiz”, deydi, hech narsa aytmaydi. Bular ataylab cho‘zishyapti. Chunki, bizni kaltaklaganlardan biri, militsiyaga aytishing befoyda, kerak bo‘lsa o‘ldirib, olib borib ko‘maman, hech kim bilmaydi, deb qo‘rqitgandi. Payariq tumanida qonun yo‘q. Birovni o‘ldirsa ham pul bilan yopib ketadi”.

Ozodlik tadbirkorlarning do‘pposlanishi, ularga o‘lim tahdidi bo‘lgani yuzasidan Samarqand viloyat, Payariq tuman ichki ishlar bo‘limiga bog‘langanida¸ o‘zini Sohib deb tanishtirgan tergovchi bu voqea tekshirilayotgani¸ ammo jinoyat motivi haqida haqida ma’lumot berolmasligini aytdi.

“Tekshiryapmiz, surishtiruv ketyapti, bu haqda ma’lumot berolmayman”, - dedi IIB tergovchisi.

Kaltaklanish oqibatida tadbirkorlardan ayrimlari bosh miyasi jarohatlangan.
Kaltaklanish oqibatida tadbirkorlardan ayrimlari bosh miyasi jarohatlangan.

Kaltaklangan tadbirkor G‘olibjon Ibragimov soch sotib olib, uni Xitoyga eksport qilish bilan shug‘ullanishi, buning uchun maxsus litsenziyaga ega ekanini aytdi:

“Ayollarni sochini olib sotamiz. Kilosini 500 ming so‘mdan olamiz, 700 mingdan sotamiz. Ayollarni o‘zlari olib keladi. Xitoyga eksport qilamiz. Litsenziyamiz bor. Ular bundan parik qiladi. Kimdir qilayotgan ishimizni ko‘rolmayaptimi, bilmaymiz. Hujum bo‘ldi, militsiya jim qarab turibdi. Bizni o‘lasi qilib kaltaklashsayu militsiya qarab turaversa? Qani haqiqat, aka?! Shu murojaatimni prezident Shavkat Mirziyoyevga yetkazing!”

O‘zbekistonda noma’lum shaxslar hujumiga uchragan shaxslar Ichki ishlar bo‘limi xodimlarini jinoyatga ko‘z yumish yoki ishni bosti-bosti qilishda birinchi marta ayblab chiqayotgani yo‘q.

O‘tgan yil yozida Samarqandning Paxtachi tumanida 35 yoshli fermer Jamshid Boboyorov va uning 38 yoshli akasi Dilshod Boboyorovni Qoraqo‘tan oltin koni yaqinida noma’lum shaxslar vahshiylarcha kaltaklagani oqibatida kasalxonaga yotqizilgan.

Paxtachi tumanining "Hayot elbegi" mahallasida yashovchi Boboyorovlarning onasi Sayyora Boboyorova Ozodlik bilan suhbatda farzandlarini kaltaklaganlarni bilishini, ular “Qoraqo‘ton” konidagi oltin toshlarni o‘g‘irlovchilar ekani, farzandlarini kaltaklaganlar uning o‘ziga ham o‘lim tahdidi qilishganini aytgan, tuman Ichki ishlar bo‘limini esa ishni ataylab bosti-bosti qilishda ayblagandi.

Bundan oldin esa Sirdaryo viloyat, Sardoba tuman markazi - Paxtaobod shaharchasida "o‘lasi qilib keltaklangan" fermerning qarindoshlari tuman Ichki ishlar bo‘limi "ataylab ishni tekshirishni turli bahonalar bilan cho‘zayotgani haqda Ozodlikka arz qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 - yil avgust oyidagi hukumat majlisida ichki ishlar faoliyatini tanqid qilib, organ xodimlari xalq uchun himoyachi bo‘lgan taqdirdagina ular fuqarolar orasida obro‘-e’tibor qozonishini aytgan edi.

"Odamlar o‘zini qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun to‘la ishonch bilan, avvalambor, ichki ishlar idoralariga, profilaktika inspektorlariga murojaat qilishiga, har bir xodimda o‘z himoyachisini ko‘rishiga erishish zarur. Shundagina ichki ishlar organlari xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozonadi", — degan edi Mirziyoyev.

XS
SM
MD
LG