Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:53

Samarqandda 1600 gektarli bog‘ 1 yilda quridi. Zarar "Temir daftar"dagilardan undirilyapti (VIDEO)


Samarqand viloyat Payariq tumanidagi Ingichka va Navoli qishloqlari hududida yangi barpo etilgan jami 1600 gektar intensiv uzumzorlar bir yil o‘tmasdan qurib qolgan va unga sarflangan kredit mablag‘larini to‘lash esa tuman “Temir daftar”idagi oilalar bo‘ynida qolib kelmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan bir necha payariqlikning bildirishicha, ularning ushbu bog‘larga aloqasi bo‘lmasa ham, tuman banklari tomonidan ularning ish haqi va ijtimoiy nafaqalaridan noma’lum kreditlar uchun to‘lovlar ushlab kelingan. Bu holat olti oy davom etib kelgan.

Payariq tuman prokuraturasi xodimi “Temir daftar”da turuvchi aholi nomiga qalbaki hujjatlar bilan kredit rasmiylashtirganligi holatini tasdiqladi va ushbu jinoyat bilan bog‘liq tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilayotganligini bildirdi.

Payariq tumanida yashovchi, “Temir daftar"da ro‘yxatda turuvchi 2- guruh nogironi Inobat Ergashevaning Ozodlikka bildirishicha, uning nomiga uning roziligisiz tuman “Xalq banki” tomonidan kredit rasmiylashtirilgan bo‘lib chiqqan:

“Temir daftar”dagi 2- guruh nogironiman. Oyoqlarim bo‘lmaydi yurishga. Menga majburan “Xalq banki”dan kredit ochilgan, mening nomimga. Men uni ko‘rmaganman, pul ham qo‘ymaganman. Uzumzor beramiz deganini eshitganman, lekin uni ko‘rmaganman. Olis yr, men borolmayman, deb men ularning oldidan o‘tgan edim. Lekin mening nomimga kredit kelyapti. Pasportimni olib, o‘zlari pul qo‘yib, o‘zlari nomimga olgan. Mening undan xabarim yo‘q. Uni borib ko‘rishga sharoitimam yo‘q, men yura olmayman”.

Пайариқлик Инобат Эргашева олмаган кредитини тўлашга мажбур бўлаëтганидан арз қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:06 0:00

Payariq tuman prokuraturasi xodimi shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka tumanning “Temir daftar”ida ro‘yxatda turuvchi aholi nomiga mahalliy banklar tomonidan qalbaki hujjatlar bilan kredit rasmiylashtirganligi hamda ularning ish haqi va pensiya to‘lovlaridan pul ushlanib kelinganligi holatini tasdiqladi va ushbu jinoyat bilan bog‘liq tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilayotganligini bildirdi.

Mahalliy matbuot Payariq tumanida 1600 gektarlik yangi bog‘larning yillar davomida foydalanilmasdan kelgan yaylov va lalmikor yerlarda barpo etilganligi va ular ayollar va yoshlar daftarlaridagi oilalarga sharoitini yaxshilash uchun 50 sotixdan taqsimlab berilganligi haqida xabar bergan edi.

“1600 gektar lalmi maydonlarni o‘zlashtirish hisobiga kooperatsiya tuzilib, zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi. Har bir maydonga mayizbop va eksportga mo‘ljallangan uzum ko‘chatlari ekilib bog‘ tashkil etilmoqda. Muhimi, o‘zlashtirilgan yerlar tumandagi ayollar, “temir”, “yoshlar” daftarlariga kiritilgan 3200 ta oilaga 50 sotixdan taqsimlab berildi. Buning natijasida esa 10 mingga yaqin ishsiz fuqarolar, yoshlar, xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, turmush tarzi yaxshilanib bormoqda” – deyilgan "O‘zbekiston24" xabarida. 2021 - yili tayyorlangan syujetda Payariq tuman hokimi Dilshod Musinov "98 mlrd.lik loyiha. Bu har bir oilaga 50 sotixdan dehqon xo‘jaligi sifatida oilalarga bo‘lib berildi" degan edi.

Пайариқ туманида барпо этилган 1600 гектар боғ бир йилда қуриб қолди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:33 0:00

Ozodlikka kelib tushgan rasmiy hujjatlardan Samarqand viloyat, Payariq tumanidagi 3 mingga yaqin aholi nomiga ularning roziligisiz va xabarisiz tumandagi bir necha banklar filiallari tomonidan kredit mablag‘lari raymiylashtirilganligi va 98 mlrd. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish davlat jamg‘armasi mablag‘larining talon-taroj qilinganligi yuzasidan O‘zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi ochilganligini ko‘rish mumkin.

Jinoyat ishi tergovi esa O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergov guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shu bo‘yicha hibsga olinib, keyin ozod qilingan bank xodimlardan birining yaqin qarindoshi, shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan, Ozodlikka bildirishicha, bank xodimlari tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan fuqarolar pasport nusxalari egalari nomiga kredit rasmiylashtirishga majburlangan va ushbu mablag‘larning biron bir qismi bank xodimlariga tegmagan:

“Soxta hujjatlar hisobidan chiqarilgan kreditlarga hokimlik tomonidan berilgan pasport nusxalari asos bo‘lgan va hokimlik ko‘rsatgan shirkat hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Bank xodimlariga bu pullarning biron qismi tegmagan. Kattalarning kelishuviga endi oddiy bank xodimlari aybdor bo‘lib chiqayapti. Ushbu minglab kreditlardan bank rahbariyati, tuman va viloyat hokimliklari va boshqalarning ham to‘liq xabari bo‘lgan. Bosh prokuratura tuman “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Agrobank”ning jami 7 xodimini hibsga oldi va oradan ikki hafta o‘tib sud jarayoni boshlangunga qadar qo‘yib yurishlariga rozi bo‘ldi. Lekin ushbu noqonuniy harakatlarga bosh-qosh bo‘lgan hokimlik vakillarining birontasi javobgarlikka tortilmayapti”.

Tilga olingan banklardan mavzu yuzasidan sharh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik Payariq tumanida barpo etilgan 1600 gektar yangi bog‘larning bir yil o‘tmasdan qurib ketganligi va bog‘ bilan bog‘liq 98 mlrd so‘mlik mablag‘ning talon-toroji yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Hamidov bilan telefon orqali bog‘landi. Mulozim tumandagi ushbu holatlardan xabardor emasligini bildirish bilan cheklandi.

Payariq tuman sobiq hokimi, tumanni 2020 - yilgacha 15 yil boshqarib kelgan Abdo‘mumin Jo‘rayev bir yil oldin Ozodlikka bergan intervyusida tumandagi yer maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoni yo‘qligi haqida bildirgan edi: “Albatta Payariqda sabzavot ekishning imkoniyati yo‘q, chunki suv kam u yerda. Uzumzorlarning 600 gektarini ekkanmiz kolgani turibti ular” – deb aytgandi sobiq senator.

Bosh prokuratura tomonidan ushbu talon-torojliklarda gumon qilinib, "MAROQAND MEVA-SABZAVOT" fermer hujaligi raisi Jalolov Shuhrat Amonovichga 2021 - yil 23 - noyabrda sirtdan “qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib qidiruv e’lon qilingan.

Jalolov Shuhrat Amonovichning Jinoyat kodeksining 167- va 209- moddalari bilan qidiruvda ekanligi bo‘yicha ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligi saytida ham mavjud.

Ozodlik aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan fuqaro Jalolov Shuhrat Amonovich amaldagi senator, Samarqandning eng boy tadbirkorlaridan biri «Agromir group» shirkati egasi Djalolov Shavkat Amonovichning tug‘ishgan akasi bo‘lib chiqdi.

"MAROQAND MEVA-SABZAVOT" fermer ho‘jaligi esa «Agromir group» shirkatining tarkibida faoliyat ko‘rsatib kelganligi va keyinchalik tugatilganligi ma’lum bo‘ldi.

«Agromir group» qishloq ho‘jaligi maxsulotlarini qayta ishlash va ular asosida oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, konserva va sharbat ishlab chiqarish bo‘yicha respublikadagi eng yirik shirkatlardan biri hisoblanadi. Shirkat o‘z saytida O‘zbekistondagi meva va sabzavotlar sharbati bozorining 46% ulushiga ega ekanligini iddao qilmoqda.

Ozodlik yuzaga kelgan holatlar bo‘yicha na «Agromir group» shirkati vakillari va na senator Shavkat Djalolov bilan bog‘lanib munosabat ola oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada Samarqandga qilgan safari doirasida bir qator mahalliy amaldorlarni ishdan bo‘shatgani kuzatildi. Ushbu amaldorlar orasida Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayev ham bor edi.

Prezident Samarqanddagi banklarda pora evaziga kredit berish holatlari ko‘pligi, qaytarilmayotgan kreditlar miqdori ko‘paygani haqida aytgib bunday holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun Milliy bank, Xalq banki va Asaka bankdagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari ochish masalalari bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.

XS
SM
MD
LG