Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:37

RSF: Ukrainadagi urush jurnalistikaga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda


Rossiyadagi "xorijiy agentlar" qonunchiligiga qarshi norozilik aksiyasi. Moskva, 4-sentabr, 2021
Rossiyadagi "xorijiy agentlar" qonunchiligiga qarshi norozilik aksiyasi. Moskva, 4-sentabr, 2021

Dunyoda matbuot erkinligi darajasini kuzatib boruvchi «Chegara bilmas muxbirlar» (Reporters sans frontières, RSF) tashkiloti Butunjahon matbuot erkinligi kuni arafasida yillik hisobotini e’lon qildi.

Qarorgohi Parijda joylashgan mazkur tashkilotning 3-may kuni e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi mintaqada matbuot erkinligi uchun halokatli oqibatlarga olib kelmoqda.

Tashkilot jurnalistlar urush jarayonini yoritayotib halok bo‘layotganini, jumladan 28- aprel kuni Kiyevda Rossiyaning raketa zarbasi natijasida Ozodlik radiosi muxbiri Vira Xirich halok bo‘lganini qayd etdi. Shuningdek, «Chegara bilmas muxbirlar» urush tufayli ommaviy dezinformatsiya va senzura darajasi sovet davridan beri kuzatilmagan darajaga yetganini ta’kidladi.

Tashkilot bildiruvida qayd etilishicha, Rossiya armiyasi bosib olingan hududlarda axborot manbalarini ataylab nishonga olmoqda va mahalliy ommaviy axborot vositalarini hamkorlik qilishga majburlashga urinmoqda. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Rossiya so‘z erkinligi bo‘yicha 180 mamlakat Ichida 155-o‘rinni egallagan.

«Rossiyaning o‘zida hukumat urush davridagi keng qamrovli senzurani o‘rnatish, ommaviy axborot vositalarini to‘sib qo‘yish va talablarga bo‘ysunmayotgan jurnalistlarni ta’qib qilish orqali xabarlar va ma’lumotlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi», deyiladi hisobotda.

Rossiya o‘tgan yilda ro‘yxatda 150-o‘rinni egallagan edi. O‘shanda Rossiya reytingi mamlakatda Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy tarafdorlari o‘tkazgan norozilik namoyishlarini yoritgan jurnalistlar siquvga olingani hamda «xorij agenti» to‘g‘risidagi qonun kuchaytirilgani uchun pastlatilgan edi.

Rossiyada tobora ko‘proq ommaviy axborot vositalari «ekstremistik» deb belgilanmoqda. «Chegara bilmas muxbirlar» hisobotida qayd etilganidek, «xorij agenti» deb belgilangan nashrlar hozirlagan kontentni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qish va ulashish uchun jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin.

Kreml, shuningdek, Ukrainadagi urush haqidagi qarashlarini ayrim qo‘shnilari, xususan, indeksda 153-o‘rinni egallagan Belarusni targ‘ib qilishga majburlamoqda. Belarusda 2020-yil avgustida bo‘lib o‘tgan munozarali prezidentlik saylovlari ortidan boshlangan mustaqil jurnalistlarga qarshi kampaniya davom etmoqda. Mamlakatda 20 dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari qamoqda o‘tiribdi.

«Chegara bilmas muxbirlar» hisobotida Markaziy Osiyo hukumatlari ommaviy axborot vositalariga Ukrainadagi urushni «neytral» yoritishga chorlab bosim o‘tkazayotgani ta’kidlanadi. Hisobotda ro‘yxatda 177-o‘rinni egallagan Turkmanistonda ommaviy axborot vositalari urushga umuman e’tibor bermayotgani aytilgan.

Dunyoning eng erkin mamlakati sifatida peshqadamlikni qo‘lga kiritgan Norvegiya, Daniya va Shvetsiya har yili ham oldingi o‘rinlarni egallab keladi.

Birinchi marta ikki sobiq mamlakati – Estoniya va Litva mos ravishda to‘rtinchi va to‘qqizinchi o‘rinni egallab, ilk o‘ntalikka kirdi. Yevropa davlatlari orasida oxirgi o‘rinni Gretsiya egalladi.

«Chegara bilmas muxbirlar» ma’lumotlariga ko‘ra, matbuot erkinligi bo‘yicha dunyodagi eng yomon beshta davlat Birma, Turkmaniston, Eron, Eritreya va Shimoliy Koreyadir.

Hisobotda qayd etilishicha, jahon bo‘ylab demokratik jamiyatlarda muayyan fikrni targ‘ib qiluvchi ommaviy axborot vositalari keng tarqalayotgani va ijtimoiy media tarmoqlari kuchaytirayotgan dezinformatsiya tufayli bo‘linishlar kuchaymoqda.

XS
SM
MD
LG