Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:50

“Rossiyaning fikri mutlaqo qiziq emas”. Haagada Putinni sud qilish uchun maxsus tribunal tuzilmoqda


Tbilisidagi parlament binosi oldida namoyish. Gruziya, 10-oktabr, 2022
Tbilisidagi parlament binosi oldida namoyish. Gruziya, 10-oktabr, 2022

Ukrainaning so‘rovi bilan Haagada Putinni va Rossiyaning butun siyosiy rahbariyatini sud qilish uchun eng yaxshi xalqaro yuristlar ishtirokida maxsus tribunal tashkil qilinmoqda.

Rossiya rahbarlari Ukrainaga qarshi agressiya jinoyatini sodir etgani uchun mahkamaga tortiladi. Tribunal tuzishni hozircha 11 mamlakat ma’qullagan. Sud taxminan bir yildan so‘ng ish boshlashi mumkin.

Maxsus tribunal tashkil qilish bo‘yicha Ukraina ishchi guruhi a’zosi Oleg Gavrish “Nastoyashcheye vremya” efirida shu haqda so‘zlab berdi.

– Tuzilayotgan tribunalda Rossiya propagandachilari ham sud qilinishi mumkinmi?

– Bu anchagina mushkul masala. Biz hozir agressiya jinoyati bo‘yicha mahkama tashkil qilish bilan shug‘ullanyapmiz. Propaganda – tasavvur qilish mumkin bo‘lgan jinoyatlar orasida eng murakkablaridan biri. Tarixda propaganda jinoyati xalqaro sudlarda ko‘rilgan ikki holat mavjud. Birinchisi – Nyurnberg protsessi: unda Uchinchi reyxning propaganda vaziri natsist harbiy jinoyatchilarga bilan birga qora kursiga o‘tqizilgan edi. Ikkinchi holatda esa tutsi xalqi (Ruanda) genotsidi aybdorlaridan biri bo‘lmish “Ming tepalik radiosi” xodimlari sud qilingan.

Oleg Gavrish.
Oleg Gavrish.

Rossiya propagandachilari uchun alohida mahkama tashkil etishni muhokama qilyapmiz. Birinchidan, Ukraina ichki qonunchiligida urush chiqarganlik uchun jinoiy muddat nazarda tutilgan. Qolaversa, uni uzaytirish rejamiz bor. Ya’ni, nima bo‘lgan taqdirda ham bu propagandachilar Ukraina sudida javob berishadi va, katta ehtimol bilan, urushni targ‘ib qilishgani uchun og‘ir jazoga mustahiq etiladilar. Ular ustidan xalqaro tribunal o‘tkazishga kelsak, masala muhokama qilinyapti, lekin ish hali ilk bosqichda. Putin va Rossiya Xavfsizlik kengashining barcha a’zolari ustidan xalqaro sud tashkil qilish bo‘yicha ishlar esa ancha siljigan. Tribunal tuzish haqidagi shartnoma deyarli naqd, hujjatga qo‘shilishga tayyor dastlabki mamlakatlar bor. Ya’ni, ko‘p narsa shay, ishni maromiga yetkazish uchun yana bir oz vaqt kerak, xolos.

– Oleg, sizning-cha, Vladimir Putin “qora kursi”ga o‘tqiziladimi, bu qachon bo‘ladi?

– Vaziyatni bunday. Birinchidan, Haagadagi xalqaro kriminal sud yoki Haaga xalqaro tribunali odatda harbiy jinoyatlar – odam o‘ldirish, jinsiy zo‘rlash, marodyorlik uchun sud qiladi. Agressiya jinoyatini ham ko‘rishi mumkin, ammo buning uchun ayblanuvchi mamlakat Rim ustaviga a’zo bo‘lgan bo‘lishi kerak. Rossiya esa ushbu xalqaro hujjatni tasdiqlamagan, tasdiqlash niyati ham yo‘q. Shu bois Vladimir Putin va Rossiya oliy siyosiy rahbariyatining jinoyatini Xalqaro kriminal sud ko‘ra olmaydi.

Agressiya xalqaro huquqda barcha jinoyatlarning onasi hisoblanadi. Shuning o‘ziyoq bu ishga qo‘l urganlarni sud qilish uchun yetarli asos bo‘la oladi. Mazkur holatda “maxsus harbiy amaliyot” nomi bilan xaspo‘shlanayotgan keng ko‘lamli harbiy bosqinni Putin, Shoygu, Lavrov, Patrushev, Bortnikov, Medvedev va boshqalardan iborat Rossiya Xavfsizlik kengashi ma’qullagan. Sanab o‘tilgan kimsalar – agressiya uchun jazolanishi lozim bo‘lgan dastlabki nomzodlardir.

Буча қирғини гувоҳлари: 5 март куни снайпер келиб кўчада ким кўринса ота бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:46 0:00

Haaga sudi bu ishni ko‘ra olmasligi sababli Ukraina maxsus xalqaro tribunal tashkil qilish tashabbusi bilan chiqdi. Mahkama umumiy shartnoma yo‘li bilan tuzilmoqda. Shartnomani tayyorlashda bizga xalqaro yuristlar, xususan Filipp Sends ko‘maklashyapti. Ushbu mashhur yurist ilgari xalqaro kriminal sud faoliyati mexanizmini ishlab chiqqan. Yana bir ko‘makchimiz – Fransiya huquq maktabi rahbari Antuan Garapon. U prezident Makronga huquqdan dars bergan. Bu ikkisidan tashqari, bir paytlar Slobodan Miloshevichni sud qilgan prokuror Jeffri Nays, Xalqaro yuristlar assotsiatsiyasi raisi Mark Ellis ham bizning jamoada. Qisqasi, tribunal tashkil qilishga eng sara, nufuzli va tajribali yuristlarni jalb etganmiz. Ta’sis shartnomasi yozilgan, hozircha o‘n bir mamlakat uni imzolashga tayyor, ular orasida dunyoning peshqadam davlatlari ham bor.

– Ya’ni, sudni shu mamlakatlar tashkil qilyapti?

– To‘ppa-to‘g‘ri. Tribunal xalqaro shartnoma tuzish yo‘li bilan tashkil qilinmoqda.

– Tashabbusni qaysi mamlakatlar qo‘llayapti?

– Uchala Boltiq mamlakatlari, Polsha, Buyuk Britaniya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya rozilik bergan. Qolaversa, Shveysariya, Islandiya, Irlandiya va Kanada ham xayrixohlik bildirmoqda. Ko‘rib turganingizdek, yaxshigina tarkib shakllandi. Biroq biz butun Yevropa Ittifoqini, Qo‘shma Shtatlarni, Yaponiya va Avstraliyani ham bu ishga tortishga harakat qilyapmiz. U yog‘iga ochiq shartnoma bo‘ladi va xohlagan mamlakat unga qo‘shilishi mumkin bo‘ladi. Tribunal bir yildan so‘ng ish boshlashga to‘liq tayyor bo‘ladi, deb o‘ylayman.

– Demak, bir yildan so‘ng tribunal shakllanib bo‘ladi. Putinni qachon va qanday qilib “qora kursi”ga o‘tqizish mumkin?

– U yog‘i juda oddiy. Tribunal ish boshlagach, Rossiya oliy rahbariyati agressiya jinoyatida aybdor yoki aybdor emasligi xususida qaror qabul qiladi. Ularni gumonlanuvchilar deb topishlariga va hibsga olish uchun order berilishiga aminman. Ular jismonan qatnashmasa, sud bo‘lmaydi. Lekin hibsga olish orderi berilgach, Putin, Lavrov va umuman Rossiya Xafsizlik kengashidan istalgan odam ushbu tribunalga qo‘shilgan biron mamlakatga borgudek bo‘lsa, darhol ushlanib, sudga keltiriladi. Hozircha mahkamani Hollandiyada, Haaga shahrida o‘tkazishni mo‘ljallayapmiz. Mahbuslar esa Haagadagi BMT avaxtasida saqlanadi.

Ular hibsdan qutulib qolib, o‘z ajallari bilan o‘lgan taqdirda ham adolat tantana qilishi shart. Madaniy dunyo ularni harbiy jinoyatchilar deb e’tirof etishi lozim. Ular bilan hech kim salomlashmaydi, hech kim uchrashmaydi, gaplashmaydi. Xitoy yoki Turkiyaga borganlarida ham Interpol inspektorlari ularni qidiradi va shaxsan qo‘llariga yoki qo‘riqchilariga hibsga olish orderini topshirib, buni video bilan qayd etadi.

Ayblari isbotlangan taqdirda ular kamida 30 yil, ko‘pi bilan umrbod ozodlikdan mahrum etiladilar. Urush boshlaganlarga xalqaro qonunchilikda shunaqa jazo belgilangan.

– To‘g‘ri tushungan bo‘lsam, tribunal tashkil qilish uchun Rossiya unga qo‘shilishi yoki rozilik berishi shart emas?

– Mutlaqo. Bu yerda Rossiyaning fikri umuman muhim emas. Agar tribunal tuzilsa, yuqoridagi davlatlar bu shartnomani qabul qilsa, u holda biz Rossiyaning xohish-irodasidan qat’i nazar uning rahbarlarini sud qila olamiz. Rossiya siyosiy rahbariyatidan biron kishi tribunalga qo‘shilgan mamlakatga borgudek bo‘lsa, qamoqqa olinadi va sud qilinadi.

XS
SM
MD
LG