Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:04

Rossiya: O‘zbek migrantlari turk firmalaridan ish haqini ololmayapti (VIDEO)


Ukrainada urush harakatlari boshlanganidan buyon Rossiyadagi ish beruvchilarning mehnat muhojirlariga maoshlarini to‘lamaslik bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Mehnat haqini vaqtida bermayotgan ish beruvchilar orasida xorij shirkatlari ham bor.

Moskva viloyatidagi «Dinamik Grupp» turk qurilish firmasida ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar 45 million rubl miqdoridagi maoshlarini ololmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbek ishchilari bu 200ga yaqin ishchining mehnat haqi ekanini aytishdi.

Ayni shirkatda oshpaz bo‘lib ishlab kelgan 40 yoshli o‘zbekistonlik Dilafruz Ashurova maoshini ololmagan quruvchilardan biri:

- Noyabrda ishga kirgan bo‘lsam, shu paytgacha hali oyligimni ololganim yo‘q u yerdan. Bitta mengamas – u yerda 300ga yaqin O‘zbekiston, Tojikiston fuqarolari bor. O‘zimni o‘g‘lim ham oshpaz bo‘lib ishlardi u yerda, yonimda ishlagan qirg‘iz opayam – hech kim ololmadi pulini.

Mana bu hujjatlarda 300ta odamning ismi-familiyasi bor. Ular bizga falshiviy cheklarni qilgan ekan, patentlarimiz kuyib ketdi. Patent olay desak pulimiz yo‘q, biror joyga borolmaymiz: metroda militsiya ushlab, shtraf qo‘yyapti. O‘zbek migrantlarini kim himoya qiladi?! Prezidentimiz u yerda narx-navoni oshirayotgan bo‘lsa, pulni qayerdan jo‘natib, bolalarimizni boqaylik? Bu yerda mana bunday odamlar qiynalib yotsa, pulini ololmay.

Ikki yuzga yaqin mehnat muhojiri o‘zini bankrot deb e’lon qilgan turk qurilish firmasidan 2 yildan buyon ishlagan pullarini undirib berishni so‘rab, O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligi xodimlariga ko‘p marotaba murojaat qilganliklarini bildirishdi.

Biroq, o‘zbek ishchilarining murojaatlaridan biror natija yo‘q, deydi Ozodlik bilan suhbatda mehnat muhojirlari huquqlari himoyachisi Dilshod To‘ychiyev:

- Albatta, birinchi navbatda bizning konsulligimiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishlarni oxirigacha olib borishlari kerak, bosim o‘tkazishi kerak, ommaviy axborot vositalari yordami bilan yoritilib, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan darajada ko‘rsatish kerak. Shu narsa yordam berishi mumkin. Masalan, kuniga 50 ta odam oylik masalasida murojaat qiladigan bo‘lsa, 45 kishining birortasida hujjati yo‘q! Ertaga “Prokurorga, sudyaga boraman, qanday isbotlab berasiz ishlaganingizni?”, desam, “Ishlaganmanku! Meni gapim gap emasmi?”, deb xafa bo‘lib qo‘yishadi. Men ishonaman, sudya ishonishi mumkin, lekin qonun ishonmaydi-da.

Huquq faollari va migratsiya mutaxassislari bunday vaziyatning yuzaga kelishiga qisman mehnat migrantlarining o‘zlari ham sababchi ekaniga e’tibor qaratishmoqda.

Bloger Jo‘rabek Amonovning fikricha, prokuratura, sud va boshqa davlat idoralarida manfaatlarini himoya qilishi uchun muhojirlar tomonidan huquq faollari nomiga ishonchnoma to‘ldirilishi kerak.

- Birinchidan, men endi Rossiyaga kelishni taklif qilmayman, chunki Rossiyada inson qadri qolmadi. Juda achinarli holat. Biror muammoli joyga borasiz, orqangizda turgan minglab o‘zbeklarni ko‘rasiz, ular bilan tik turasiz, ertasi kuni esa shu mingta odam sizdan yuz o‘girib ketadi, “bo‘ldi, ertaga pulni berarkan!” deb. Hozir ham “Dinamik Grupp” bilan xuddi shunday holat bo‘lyapti: 150 tadan 20 tasi turibdi! Lekin shu 20 kishidan ham birortasi ularni nomidan ish yuritish uchun ishonchnoma bermayapti. Shunaqa holatda meni “Qayoqqa qarab ketyapmiz? Nima uchun bu darajada qo‘rqoq bo‘lib ketdik? Nimadan qo‘rqyapmiz?” savollari qiynaydi, deydi Jo‘rabek Amonov.

Advokat va huquq himoyachisi Ruslan Gadjimuratov “Dinamik Grupp” bilan bog‘liq vaziyatni sharhlaydi:

- Odamlar tarqab ketmasdan, kasaba uyushmasiga o‘xshash tashkilotga birlashganda edi, bu tashkilot ular nomidan ariza tashlashi mumkin edi. Ular esa tarqab ketgan. Bu masala yuzasidan bevosita organlarga emas, masalan, Davlat Dumasi deputatiga murojaat qildim. U va uning yordamchilari mehnat inspeksiyasiga so‘rovnoma yubordi. U yerdan prokuratura tekshiradi, degan javob keldi. Ammo tekshiruv “Dinamo Grupp”ning hujjatlari ustidan bo‘lgan. Prokuratura javobida 40dan ziyod odamda mehnat shartnomasi bo‘lmagani, 70 kishidan ziyod odamda haqiqatan qarzdorlik borligi e’tirof etilgan. Pul miqdori haqida esa ma’lumot berilmadi.

Yana bir turk firmasi - «Emir Kons» shirkati Podmoskovyening Skolkovo tumanida qurilish ishlarini olib bormoqda. Firma ishchilarining asosiy qismini o‘zbek migrantlari tashkil etadi.

Mehnat muhojirlarining Ozodlik muxbirlariga bildirishicha, «Emir Kons» qurilish firmasi ularning 17 million rubl pulini ushlab qolgan.

Ozodlik tahririyatiga jo‘natilgan videolarda «Emir Kons»da ishlab kelayotgan 175 nafar o‘zbekistonlik ishdan bo‘shatilib, yotoqxonadan chiqarib yuborilayotgani aks etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu masala yuzasidan quruvchi migrantlar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga shikoyat qilgan, biroq idora o‘zining Jizzax viloyati bo‘limi rasmiy Telegram-kanalida “200dan ortiq yurtdoshlarimiz huquqlari tiklanmoqda” sarlavhasi ostidagi xabar berish bilan cheklangan – ishchilar o‘z maoshlarini ololmagan.

“Dinamik Grupp” va “Emir Kons” shirkatlari Ozodlikning rasmiy murojaatlarini javobsiz qoldirdi.

Migrantlar esa hanuz O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligidan yordam kutmoqda.

XS
SM
MD
LG