Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:46

Rahmonning Putindan “hurmat” talab qilgan nutqi YouTube'da bir necha million marta ko‘rildi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Ostonadagi uchrashuvda. Qozog‘iston, 14-oktabr, 2022.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Ostonadagi uchrashuvda. Qozog‘iston, 14-oktabr, 2022.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga teng munosabatda bo‘linmayotganidan norozilik izhor qilgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda millionlab marta ko‘rildi.

Rahmon Putinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, mintaqadagi Tojikiston va boshqa mamlakatlarga mustamlaka singari qarab kelingani, aslida esa mintaqa Moskvadan ko‘proq sarmoya kiritishga munosib bo‘lganini ta’kidladi.

Rahmon bu haqda 14-oktabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari sammitida aytib o‘tdi.


YouTube'ga joylangan yetti daqiqalik video bir kunda 4 million marta ko‘rilgan. Unda Putin noqulay vaziyatga tushgandek taassurot uyg‘otadi. Videoda, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari jim kuzatib turganini ko‘rish mumkin.

“Biz har doim asosiy strategik sherigimiz manfaatlarini hurmat qilganmiz, – dedi Rahmon Rossiyani nazarda tutib. – Bizni ham shunday hurmat qilishlarini xohlaymiz."

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqayev undan to‘xtashni so‘radi, biroq Rahmon “Biz gaplashgani keldik”, deya uni rad etdi.

"Sovet Ittifoqi parchalanganida men o‘sha zaldagi yig‘ilishlarda bo‘lganman. O‘shanda xuddi hozirgi kabi kichik respublikalarga, kichik xalqlarga yetarlicha e’tibor berilmagandi."

Putin Sovet Ittifoqining parchalanishini “XX asrning eng katta geosiyosiy falokati” deb atagan.

Rahmonning aytishicha, sho‘rolar davrida Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan faqat xomashyo manbai sifatida foydalanib, yetarlicha e’tibor berilmagani Sovet Ittifoqi qulashi sabablaridan biri bo‘lgan.

Putin esa keyinrok bunga Sovet davrida kitoblar milliy tillarda nashr etilgan, teatrlar ochilgan, madaniyat va iqtisodiyot rivojlangan, deya javob bergan.

Rahmon Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritishi kerakligini va hatto milliardlab kiritilgan sarmoya “juda qisqa muddatda qoplanishi mumkinligi”ni qo‘shimcha qildi. Uning fikricha, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan markaziy osiyoliklar uchun bu maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Rahmonning gaplariga izoh qoldirgan YouTube foydalanuvchilarining bir qismi uni Putinga haqiqatni aytgani uchun qo‘llab-quvvatlagan. Ammo boshqalar o‘ttiz yildan beri Tojikistonni qattiq nazorat ostida boshqarib kelayotgan Rahmonni tanqid qilishdi. Ko‘pchilik, agar u tojikistonliklarga munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratib berganida, uning xalqi bilan munosabat boshqacha bo‘lardi, tojikistonliklar ish topish uchun mamlakatni tark etmagan bo‘lardi, deya izoh qoldirgan.

Prezident Rahmon Putinning asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. Putin Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi ilk xorijiy safarini iyun oyida Dushanbega amalga oshirgan va Imomali Rahmon bilan muzokaralar olib borgan edi.

XS
SM
MD
LG