Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:29

Qozog‘istonda ushlangan qirg‘iz musiqachi ozod qilindi, Bishkek "barcha fuqarolarini himoya qiladi"


Taniqli musiqachi Vikram Ruzaxunov "tartibsizliklarda qatnashgan"likda gumonlanib qo‘lga olingan va qiynoqlarga solingan edi.
Taniqli musiqachi Vikram Ruzaxunov "tartibsizliklarda qatnashgan"likda gumonlanib qo‘lga olingan va qiynoqlarga solingan edi.

Qozog‘istonda “tartibsizlik uyushtirishga yollangan”likda gumonlanib qo‘lga olingan qirg‘izistonlik taniqli musiqachi Vikram Ruzaxunov ozod etildi. Qirg‘iziston Adliya vazirligi unga nisbatan qiynoq qo‘llagan qozoq politsiyachilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini talab etmoqda.

Bishkek rasmiylari shuningdek, Olmotada fitnes-murabbiy bo‘lib ishlagan bir qirg‘izistonlik halok bo‘lgani va yana besh qirg‘izistonlik qo‘lga olingani to‘g‘risida ma’lumotlar borligini bildirmoqda.

Bishkek ayni paytda Qozog‘istondagi vaziyatdan qiyin ahvolga tushib qolgan barcha qirg‘izistonliklarga turli darajada ko‘mak ko‘rsatish, qamoqqa olinganlarning qayerdaligini aniqlash ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchisi Dastan Duysho‘keyevning ma’lum qilishicha, hozir musiqachi Vikram Ruzaxunov Bishkekka kelmoqda.

Qolaversa, Qirg‘iziston Adliya vazirligi Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga Qirg‘iziston fuqarosi Vikram Ruzaxunov bo‘yicha so‘rov yuborgan. Unda musiqachiga qiynoq qo‘llangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kuch tizimi xodimlari harakati 2002 - yildagi Kishinev konvensiyasi qoidalariga muvofiq tergov qilinishi kerakligi talab etildi.

Bunga qadar Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi musiqachining qo‘lga olinishi bo‘yicha Qozog‘istonga nota yuborgan edi.

Qozog‘iston Milliy telekanali 9 - yanvar kuni qozoq politsiyasi “tartibsizlik uyushtirish uchun yollangan” deb iddao qilgan “noma’lum shaxs”dan olingan intervyuni namoyish etdi.

Intervyu bergan shaxsning "terrorchi" emas, taniqli musiqachi ekani ma’lum bo‘lganidan so‘ng ochilmay qolgan mazkur videoda juda qattiq kaltaklangani yaqqol ko‘rinib turgan yigit “noma’lum shaxslar uni 90 ming tangaga yollab, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridan iborat guruh tarkibida Olmaotadagi norozilik namoyishida ishtirok etish uchun olib kelgani"ni aytgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati videodagi shaxs Qirg‘izistonda taniqli bo‘lgan musiqachi Vikram Ruzaxunov ekanini bildirdi. Musiqachini bilgan qirg‘izistonliklarning aytishicha, u videoda iddao qilingani kabi ishsiz emas, u taniqli musiqachi sifatida Qozog‘istonga tez-tez gastrol safarlariga taklif qilinib turilgan.

Qirg‘iz militsiyasi musiqachi konsert dasturini olib borish uchun 2 - yanvarda Olmotaga uchib borganini, aviabiletni 16 - dekabrdayoq sotib olganini ma’lum qilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 10 - yanvar kuni tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘istonda besh nafar qirg‘iz fuqarosi qo‘lga olingan. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar bo‘yicha ikki taraflama tegishli ishlar olib borilyapti. Ularning qaerda ekanini aniqlash ishlari ketmoqda.

Hozirda Qozog‘istondagi qirg‘izistonliklarni vatanga qaytarish ishlari ketmoqda. Tashqi ishlar vaziri Ruslan Qazaqbayevning aytishicha, Nur-Sulton, Olmota, Bishkek shahrida tuzilgan ixcham yordam ko‘rsatish guruhlariga 2 - yanvardan buyon minga yaqin qirg‘izistonlik yordam so‘rab murojaat qilgan.

Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchiligi Nur-Sulton, Aqto‘be, Aktau, Kustanay, Ko‘kchetau, Petropavl, Pavlodar, Karag‘anda shaharlarida qirg‘izistonliklar bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchisi Dastan Duyshekeyev Olmotadagi tartibsizliklar chog‘ida bir qirg‘izistonlik vafot etganini ma’lum qildi.

"Olmotada fitnes-murabbiy bo‘lib ishlagan bir qirg‘izistonlik fuqaro vafot etdi. Uning qayerdaligini aniqlash, jasadni olib kelish bo‘yicha elchixona xodimlari ishlayapti”, - dedi elchi.

Duyshekeyevning aytishicha, Qozog‘iston kuch tizimlari so‘nggi voqealardan Qirg‘izistonning qancha fuqarosi qo‘lga olingani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

So‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha Qozog‘istonda tartibsizliklarda gumonlangan sakkiz mingdan ortiq odam qo‘lga olingan. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi qo‘lga olinganlar orasida “qo‘shni davlat fuqarolari” borligini aytgan, biroq qaysi mamlakat ekaniga aniqlik kiritmagan.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi 9 - yanvarda Olmaota shahridagi Bosh konsullik 14 qirg‘iz fuqarosi vatanga qaytarilganini bildirgan. Ularning orasida ayollar va bolalar bor.

Vazirlik bundan tashqari, Nur-Sulton shahri bilan aviaqatnov to‘xtagani sababli yana 15 qirg‘iz fuqarosini temir yo‘l orqali olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini habar qilgan.

6 - yanvarda TIV yigirma nafar qirg‘iz fuqarosi evakuatsiya qilinganini bildirgan. Ularning orasida ayollar va bolalar bor. Maxsus tashkil qilingan transport bilan qirg‘izistonliklarda tashqari yigirma nafar rus, bir tojik, bir o‘zbek fuqarosi ham olib kelingani aytilmoqda.

Qozog‘istondagi qirg‘iz fuqarolarining taqdiri borasida prezident Japarov ham bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Bishkek Qozog‘istondagi "aksiyalarda qatnashmagan va adolatsiz javobgarlikka tortilayotgan barcha fuqarolarini himoya qiladi".

XS
SM
MD
LG