Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:35

Qoraqalpog‘iston: Buxorodagi sud tartibsizliklarda ayblanganlarni “qahramon”ga aylantirdi


Huquqshunos va jurnalist Dauletmurat Tajimuratov Qoraqalpog‘iston hukumatini ag‘darishga urinishda ayblangan.
Huquqshunos va jurnalist Dauletmurat Tajimuratov Qoraqalpog‘iston hukumatini ag‘darishga urinishda ayblangan.

Buxoroda 31-yanvar kuni nihoyasiga yetgan sud jarayoni, oldingi davrda yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan bo‘lar edi. Ammo Ozodlikning mintaqa bo‘yicha sharhlovchisi Kris Rikltonning yozishicha, O‘zbekiston hukumati shu kunlarda tomoshani afzal ko‘rayotganga o‘xshaydi.

O‘tgan yil yozida Qoraqalpog‘iston respublikasida ikki million aholi yashaydigan hududning noodatiy shakldagi suveren maqomini olib tashlaydigan konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarga qarshi misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari boshlandi. Tartibsizliklarda kamida 21 kishi halok bo‘ldi.

Hukumat bu o‘zgarishni bekor qildi, ammo namoyishlar uchun noma’lum "tashqi kuchlar"ni ayblashni ham unutmadi.

Rasmiylar tartibsizliklar vaqtida olomonga qarata o‘q uzgan xavfsizlik kuchlariga yoki bunga buyruq bergan amaldorlarga qarshi hech qanday ayblov qo‘ygani yo‘q. Namoyishlar vaqtida Qoraqalpog‘iston politsiyasi boshlig‘i bo‘lgan odam Qoraqalpog‘istondagi eng oliy idora – parlament raisi bo‘ldi.

Prokurorlar qoraqalpoq huquqshunos va jurnalist Dauletmurat Tajimuratovni respublika hukumatini ag‘darish va o‘zini yetakchi sifatida ko‘tarishga urinishda ayblagan.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

U eng yirik namoyishlar bo‘lgan Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusdan bir kunlik masofada joylashgan Buxoroda o‘tgan sudda 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, shuningdek, unda yana 16 nafar ayblanuvchi sakkiz yarim yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ammo hukm o‘qilganlar orasida o‘zining aybsizligini ta’kidlagan yagona shaxs bo‘lgan Tajimuratov tinchlanmadi. Aksincha, u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” deb atagan mamlakatdagi adolat ahvolini keskin tanqid qildi.

U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni birin-ketin qoraladi, politsiyani o‘zini qiynoqqa solishda, amaldorlarni esa inqirozni chuqurlashtirganlikda aybladi.

“U savollar berdi, muhim tizimli savollar berdi, balki prokurorlar berganidan ko‘ra ko‘proq savollar berdi”, deydi rossiyalik huquq himoyachisi Vitaliy Ponomaryov. U «Memorial» tashkilotidan bo‘lib, tashkilot mahkamaga kuzatuvchilarni yuborgan va iyul oyidagi o‘sha tartibsizliklar haqida hisobot chop etishni rejalashtirgan.

“U [Qoraqalpog‘istonda] allaqachon taniqli shaxsga aylangan. U uzoq muddatga hukm qilinishini bilar edi. Ko‘pchilik qoraqalpoqlar uchun uning suddagi chiqishlari qahramonlik edi”, deya qo‘shimcha qildi huquq himoyachisi.

“Prokuraturaning namoyishlar fitna ekanligini isbotlashga urinishi muvaffaqiyatsiz chiqdi. U dalillardagi qarama qarshiliklarni ko‘rsatib berdi”, deydi Ponomaryov.

Besh sudlanuvchi, jumladan, yana bir jurnalist Lolagul Qallixonova shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi va hibsga olinganidan taxminan olti oy o‘tgach, darhol ozod qilindi, ularning ba’zilari o‘zini bosolmay yig‘lab yuborgan.

Ayblanuvchilarning aksariyati o‘z ko‘rsatmalarida Tajimuratovni tilga olgan.

Biroq Gazeta.uz axborot sayti uning qoraqalpoqchadan rus tiliga o‘girgan kirish nutqida u o‘zini separatist emasligini ta’kidlagan.

“Men mustaqillikka erishish uchun hech narsa qilganim yo‘q. Sababi, shu paytgacha [O‘zbekistonda] yaxshi yashadik. Mustaqillikni orzu qilish jinoyat emas. Men orzu qilishda davom etaman, qabrgacha orzu qilaman. Ammo bu jinoyat emas. Endi menga erkinlik bering, orzum o‘lmasada, mustaqillik uchun qadam qo‘ymayman.»

O‘zbekiston hukumati uchun Qoraqalpog‘istonning noodatiy maqomi uzoq vaqtdan beri bosh og‘rig‘i bo‘lib kelgan.

Qoraqalpog‘iston Sovet davrida bir muddat Rossiya Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida bo‘lgan avtonom respublika edi, 1930‑yillarda O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritilgan.

Biroq u o‘z maqomini saqlab qoldi va O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ajralib chiqish to‘g‘risida referendum o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi, bu o‘z bayrog‘i va suverenitetning boshqa belgilariga ega bo‘lgan hudud sobiq sovet respublikalaridagi avtonom respublikalar orasida ajralib turadi.

Iyun oyi oxirida internetda e’lon qilingan O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilajak o‘zgarishlar loyihasidan o‘sha huquqni kafolatlovchi modda olib tashlangan ediki, buning oqibatida norozilik ko‘tarilgan.

Sudda Tajimuratov O‘zbekiston konstitutsiyasidagi Qoraqalpog‘iston maqomini tartibga soluvchi bo‘limga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan qoraqalpog‘istonlik deputatlarni aybladi.

Uning aytishicha, bu masala respublikaning oliy hokimiyat organi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston parlamentining yopiq majlisida muhokama qilingan.

Keyinroq bu taklif O‘zbekistonning yangi konstitutsiyasini ishlab chiquvchi komissiyaga yuborilgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, konstitutsion o‘zgarish Mirziyoyevning hokimiyatda qolish muddatini uzaytirishga qaratilgan edi.

Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish g‘oyasi Toshkentdagi guruhlar tomonidan ilgari surilgani haqidagi xabarlardan so‘ng Mirziyoyev o‘z Administratsiyasi rahbarini ishdan bo‘shatgan.

Ammo Tajimuratov sud jarayonida O‘zbekiston rahbari haqida faqat ijobiy gapirdi.

Uning aytishicha, Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonliklardan oldingi kunlarda u yig‘ilishlar o‘tkazgan va rasmiylarga xabarlar yuborgan, o‘zgarishlardan g‘azab kuchayayotgani, yaqinlashib kelayotgan ofat haqida ogohlantirgan.

O‘zining aytishicha, u YouTube va Telegram’da o‘z tinglovchilariga bu sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berib borgan, o‘zining huquqshunoslik faoliyati bilan bir qatorda, “El xizmatida” gazetasining sobiq bosh muharriri sifatidagi faoliyatini davom ettirgan.

Biroq tinchlikni saqlashga qaratilgan bu urinishlarning hech biri natija bermadi, deydi u.

Bu turg‘unlik cho‘zildi, Tajimuratov Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahridagi masjid zinasida turib, bir guruh qoraqalpoqlarga hukumatdan 5-iyulda konstitutsion o‘zgarishga qarshi Nukusda tinch namoyish o‘tkazishga ruxsat berishni so‘raganini aytib, ularni tinchlantirishga urindi.

Tajimuratov orada bir yo‘qolib qoladi va bundan norozilar soni oshib borgach, politsiya ularni tinchlantirish uchun uni qo‘yib yuboradi. Ana o‘shanda u yana omma oldida ko‘rinish beradi.

Kadrlarda uni olqishlayotgan tomoshabinlarni ko‘rish mumkin.

Sudda Tajimuratov politsiyaning uning birinchi hibsga olinishi "profilaktik suhbat uchun edi" deb xaspo‘shlaganini masxara qildi.

“Yangi O‘zbekiston”da profilaktik suhbat. Bilmadim, boshingizga qop kiygazib, qo‘lingizga kishan solib, mashinaga tiqib, elektr tayoq bilan urib, kaltaklab, qon tupurtirib, keyin qo‘yib yuborishmi profilaktik suhbat?»

Нукус воқеалари бўйича суд ҳукми: Тажимуратов 16 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:13 0:00

Bugungi kunga qadar namoyishlar bostirilishi bo‘yicha eng keng qamrovli hisobotni chop etgan Human Rights Watch (HRW)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Rittman “Tajimuratovning o‘zining kaltaklangani va hibsga olinishdagi boshqa qonunbuzarliklarni tasvirlab bergan ko‘rsatmasi rasmiylarni tergov boshlashga unday olmasligi o‘ta xavotirlidir” dedi.

“Bu qiynoq yoki boshqa shafqatsiz usullar bilan olingan ko‘rsatmalar sudda qabul qilinishi jiddiy xavotir uyg‘otadi”, deya qo‘shimcha qildi u.

HRW noyabrdagi hisobotida harbiylar tartibsizliklar chog‘ida «ortiqcha» kuch ishlatgani, o‘qotar qurollar va kuchli tovush chiqaruvchi granatalardan foydalanilganini aytdi.

"O‘ziga xos Robin Gud"

Qoraqalpog‘istonda Tajimuratov qoraqalpoq qadriyatlarining ashaddiy himoyachisi sifatida shuhrat qozongan.

2021-yilda u qoraqalpoqlarni “o‘zbek libosida yashaydigan xalq” deb atagani uchun taniqli va bahsli o‘zbek xonandasi Yulduz Usmonova ustidan sudga shikoyat qilgan.

Hozir Qozog‘istonda yashayotgan qoraqalpoq faoli Oqilbek Muratbayning aytishicha, bu bir nechta shunga o‘xshash holatlarning eng mashhuri, xolos.

“Farg‘ona viloyatida kimdir qoraqalpoqlarga qarshi biror haqoratli gap aytsa, o‘sha viloyatga borib, uni sudga berardi, – deydi u. – Ammo u har doim qonun doirasida harakat qilgan."

Qoraqalpog‘istonda Tajimuratov gaz va suv ta’minoti muammosidan qiynalayotgan viloyat aholisiga o‘zining yuridik xizmatlarini bepul yoki ramziy to‘lov evaziga taklif qilgani bilan tanilgan. Muratbayning aytishicha, "ba’zi odamlar uchun Robin Gud".

U hukumatni ham doimiy tanqid qilgan, ammo o‘z chegarasini bilgan.

“U hech qachon Mirziyoyevni yoki Qoraqalpog‘iston parlamentining sobiq raisi [Murat] Kamolovni tanqid qilmagan. Odamlar Kamolov uni himoya qilmoqda, deb ishonardi, chunki boshqa jurnalistlar bu qadar tanqidiy fikr aytolmasdi”, deydi Muratbay.

Sudda Tajimuratov «o‘ziga so‘z»ni Kamolov berganini aytdi.

Biroq ayblovga ko‘ra, Tajimuratov tartibsizliklardan bir oy o‘tib iste’foga chiqqan Kamolovni ag‘darishga uringan.

Tajimuratov ozod etilganidan bir necha soat o‘tib, internet uzilgan va mintaqada namoyishchilar va O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv avj olgan bir paytda uni yana hibsga olishgan. Bu safar u qayta chiqmadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston Ombudsmani boshchiligidagi Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganuvchi komissiya Tajimuratov bilan uchrashib, u o‘ziga nisbatan shafqatsizlik bo‘lmaganini aytganini bildirgan edi.

Uchrashuvdan olingan suratda Tajimuratov ko‘rinsa ham, uning yuzi ko‘rinmaydi.

Komissiya hozircha davlatning norozilik namoyishlarini bostirishi bo‘yicha hech qanday xulosa bermagan.

Ochiq sud jarayoni ham, komissiya ham Mirziyoyevning o‘z o‘tmishdoshi, avtokrat Islom Karimov yo‘lidan uzoqlashayotganiga dalolat qiladi.

2005-yilda Andijonda hukumat qo‘shinlari yuzlab namoyishchilarni otib tashlagan, ammo voqealar yuzasidan tergov olib borilmagan edi.

"Qiynoq yo‘q"

Iyul oyida ba’zilar ikki holatni solishtirganda, komissiya a’zosi bo‘lgan deputat Bobur Bekmurodov ularni qiyoslashni «adolatsiz» deb tvit yozgan edi.

Uning ta’kidlashicha, jurnalistlar zo‘ravonliklardan so‘ng darhol Qoraqalpog‘istonga bora olgan, agar Karimov hali ham hokimiyatda bo‘lganida munosabat boshqacha bo‘lardi.

Keyinroq Bekmurodov Tajimuratovning hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarini shunchaki “qo‘pol muomala” deb atadi va tartibsizliklar paytida hibsga olinganlarning hech biri qiynoqqa solinmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda sud zalini tark etganlarning bergan izohlari Toshkent Tajimuratov aytgan ayblovlarni yopib yuborish uchun sobiq mahbuslardan foydalanayotgani haqida xavotir uyg‘otgan.

1-iyul kuni Toshkentda hibsga olingan va shartli qamoq jazosi bilan ozod etilgan etnik qoraqalpoq jurnalist Lolagul Qallixonova Gazeta.uz nashriga sud ishiga “10 balldan 10 ball” berishini aytdi.

Qallixonovaning aytishicha, uni so‘roq qilgan tergovchilar “bilimdon va ziyoli” bo‘lib, unga har jihatdan iliq munosabatda bo‘lishgan. U uzoq muddatli jazodan qutulganini omad deb atab, o‘zi va sobiq hamkasbi Tajimuratov tartibsizliklar uchun jazoga loyiq ekanini qo‘shimcha qildi.

“Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar bo‘lgan barcha yaxshi ishlar undan keyin ham davom etmoqda. Davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, dedi Qallixonova Mirziyoyevga ishora qilib.

XS
SM
MD
LG