Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:55

"Qora ro‘yxat hanuz amalda". AQShdan Toshkentga uchib borgan o‘zbekistonlik faol vataniga kiritilmadi


Toshkent Xalqaro aeroporti.
Toshkent Xalqaro aeroporti.

O‘zbekistonga sayyohlik vizalarini olish soddalashtirilgani haqidagi xabarlar ortidan Toshkentga otlangan asli o‘zbekistonlik chet el vatandoshlari sayyohlik vizasi ololmayotganliklarini aytishmoqda. Borganlari esa o‘zbek qonunchiligidagi vizasiz kirish imtiyoziga qaramasdan Toshkent aeroportidan deportatsiya qilingan holatlar bor.

65 yashar Isoqjon Zokirov sobiq O‘zbekiston vatandoshi.

U bundan qariyb 20 yil avval, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi siyosiy ta’qiblardan qochib AQShda boshpana topgan.

10-mart kuni AQSh vatandoshlari uchun soddalashtirilgan viza talablari asosida Toshkentga uchib borgan Zokirov O‘zbekistonga qo‘yilmadi. U Toshkentning Islom Karimov nomidagi aeroportidan shu kunning o‘zida deportatsiya qilingan.

“Men ekstremist bo‘lmasam, qidiruvda bo‘lmasam. 55 yoshdan oshgan AQSh vatandoshlari vizasiz kirishi haqidagi qonun yanvar oyida kuchga kirdi, men shunga ishonib Yangi O‘zbekistonni bir ko‘ray, deb borsam kiritishmadi. Xuddi, terroristga qilinganday munosabatda bo‘lib, meni shu samolyotda ortga jo‘natvorishdi. Ana sizga “Yangi O‘zbekiston”. Hech qanaqa o‘zgarish yo‘q”, - deydi Zokirov.

Isoqjon Zokirovga O‘zbekistonga kirish rad etilgan.
Isoqjon Zokirovga O‘zbekistonga kirish rad etilgan.

2016-yilda O‘zbekiston dunyoning 100 dan ziyod davlati fuqarolari uchun e-visa tizimini joriy etgan edi.

O‘sha yili dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari haqidagi farmoni ham qabul qilindi.

O‘sha qonunning 5-bandiga kiritilgan va 2023-yildan kuchga kirgan o‘zgartishga muvofiq 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga keluvchi AQSh fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingan.

Bu 2014-yilda O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotgan 65 yoshli AQSh vatandoshi Isoqjon Zokirov uchun qariyb 20 yillik uzilishdan so‘ng vatanini ziyorat qilish uchun fursat edi.

“Kiritishmadi. Iroqdan, Suriyadan IShID chilarga ruxsat berdi, Rossiyadan bemalol kelyapti. Lekin menga nima uchun ruhsat yo‘q. Demak, "qora ro‘yxat" hali ham bor, hukumat stolini ustida turibdi”, - deydi Zokirov.

Isoqjon Zokirov, Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasi oldida.
Isoqjon Zokirov, Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasi oldida.

O‘zbekistonga kiritilmagan o‘zbek faqat Zokirov emas.

O‘zbekistonga sayyohlik vizalarini olish soddalashtirilgani haqidagi xabarlardan ilhomlanib Toshkentga otlangan asli o‘zbekistonlik o‘nlab chet el vatandoshiga sayyohlik vizasi berilmagan.

Ozodlikka bu haqda shikoyat qilganlarning aksari muhojirlikda yashab chet el fuqaroligini olgan va Islom Karimovning 2014-yilda chiqqan farmoni bilan o‘zbek fuqaroligidan mahrum etilgan muxolifatchilar, huquq himoyachilari, jurnalistlar hamda ularning qarindoshlaridir.

Bahodir Fayz AQShda qariyb chorak asrdan beri yashaydi.
Bahodir Fayz AQShda qariyb chorak asrdan beri yashaydi.

“O‘zbekistonga viza olish uchun har-xil yo‘llar bilan onlayn va konsulikka borib ariza topshirgandim, rad javobini oldim. Sababini aytishmadi. Sababini bilmaslik, shaffoflik yo‘qligi mavhumlikni keltirib chiqaryapti”, - deydi o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxiridan buyon AQShda yashayotgan siyosatshunos Bahodir Fayz.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva fikricha, muxoliflarning O‘zbekistonga kiritilmayotgani Karimov davridagi "qora ro‘yxat" hozir ham amalda ekanidan dalolat beradi.

“O‘zbekistonga faqat tashrifi hukumat nazorati ostida bo‘lganlargina borishi mumkin. Yillar davomida maxsus xizmatlarning “qora ro‘yxat”larida bo‘lganlar borolmaydi, hatto ism-sharifning o‘zgarishi ham O‘zbekistonga kirishga imkon bermaydi. Demak, qora ro‘yxat hozir ham amalda”, - deydi Atayeva.

"Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga zid”

Kanadada yashovchi jurnalist va huquqshunos, "Chet elda yashash: America" kitobining muallifi Baxtiyor Shohnazar 2014-yilda o‘nlab muxolifat faollari va jurnalistlar qatori o‘zbek vatandoshligidan chiqarib yuborilganlardan.

“Meni ham diplomatik vakolatxonaga qayd qildirmading, degan bahona bilan fuqarolikdan mahrum qilishdi. Bu narsa aslida O‘zbekiston imzolagan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga zid edi. Bu masalani BMTga olib chiqish mumkin. Karimovning xatosi bu. Janob Mirziyoyev, ustozingizning xatosini tuzating..”, - deydi mustaqil jurnalist.

Jurnalist va yurist Baxtiyor Shoxnazarov.
Jurnalist va yurist Baxtiyor Shoxnazarov.

Ba’zi muxolifatchilar uchun esa O‘zbekistonga borish armon bo‘lib qoldi.

Britaniyada qariyb 15 yil yashagan xorazmlik olim Ahmad Hoji Xorazmiy vataniga qaytish orzusi ushalmay 2020-yilda vafot etdi.

Ahmad hoji Xorazmiy Toshkent shahar hokimiyati oldida piketda.
Ahmad hoji Xorazmiy Toshkent shahar hokimiyati oldida piketda.

Xorazmlik olim o‘limidan oldin prezident Mirziyoyevning xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarga qarata “qaytinglar” degan murojaatidan ilhomlanib, Londondagi o‘zbek konsulligiga sayyohlik vizasi olish uchun besh marta ariza topshirgani, lekin rad javobini olganini aytgandi.

Qo‘lida o‘zbek pasporti bilan borib, Toshkent aeroportidan ortga qaytarilganlar ham bo‘ldi.

2018-yilda Shvetsiyada yashagan 60 yoshli o‘zbek qochqini Muhiddin Qurbonov Toshkentga uchib bordi, unga O‘zbekiston vatandoshligidan mahrum qilingani aytilib Toshkent aeroportidan qaytarildi.

2005-yilda Shvetsiyada boshpana topgan Qurbonovga shu bilan vatanini ko‘rish nasib qilmadi. U 2022-yilda Shvetsiyada olamdan o‘tdi.

Муҳиддин Қурбонов билан суҳбат.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:13 0:00
Бевосита линк

Ozodlik chet el fuqaroligini olgan ayrim sobiq o‘zbek vatandoshlariga viza berilmayotgani sababini so‘rab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasiga murojaat qildi, hozircha rasmiy javob olgani yo‘q.

Uch yil avval hukumat rasmiylari boshqa davlat fuqaroligi bor o‘zbekistonliklar O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishi mumkinligini ma’lum qilishgandi.

2016-yilda O‘zbekistonning Fuqarolik to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish 2020- yil mart oyida qabul qilingan yangi qonunda ham saqlab qolindi.

Ikki fuqarolik muammosi

Qonunda boshqa davlat fuqaroligini olgan shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Bu o‘zgartish 2016-yil sentabr oyidan so‘ng fuqarolik olgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Jumladan, qonunning 21 -moddasida chet davlatning fuqaroligini qabul qilgan shaxs ushbu fakt haqida o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston ichki ishlar organlariga yoki chet eldagi konsullik muassasalariga xabar berishi shartligi aytilgan.

Bunga qadar O‘zbekiston boshqa davlat fuqaroligini tan olmas edi.

Ammo ikki fuqaroligi bor shaxslarga bittasidan voz kechish talabi ham qo‘yilgan.

“Hozir AQSh va Kanadada yashayotgan yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi ikkita vatandoshlikka ega. O‘zbekistonga borganida o‘zbek pasporti bilan boradi, lekin qonunchilikka ko‘ra istagan paytda bularni deportatsiya qilib yuborishi mumkin, ayni paytda ko‘z yumish hollari bor. ”, deydi Bahodir Fayz.

2018-yilda AQShga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev u yerda yashayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi va ularni O‘zbekistonga taklif qildi. Buning ortidan AQSh va Yevropada yashab, xususan, bank-moliya sohasida ishlab kelgan qator vatandoshlar hukumatda vazir o‘rinbosari va boshqa mas’ul lavozimlarga tayinlandi. Ularning lavozimga tayinlanishida fuqarolik masalasi qanday hal etilgani borasida rasmiy izoh berilmagan.

Ayni paytda O‘zbekiston rasmiy idoralarining ruxsati va kafilligi ostida xorijdan vataniga qaytib borgan ayrim vatandoshlarning O‘zbekistonda hibsga olingani va qamoqqa tashlangani ham ma’lum.

Shu yilning 6-yanvar kuni Shvetsiyada istiqomat qilgan andijonlik qochqin Muhammad Ali Ibragimov jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining hukmi bilan 15,6 yilga qamaldi.

Ватанга қайтган андижонлик қочқин 15,5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:27 0:00

Isoqjon Zokirov va boshqalar misolida vatanga kiritilmayotganlar asosan, Karimov davrida siyosiy ta’qiblardan qochib xorijda - Yevropa, AQSh va Kanadada boshpana topganlar ekani anglashiladi. O‘zbekiston hukumati ko‘pgina fuqarolarni Karimov davridagi “qora ro‘yxat”lardan chiqargan, ammo hozirgacha siyosiy reabilitatsiya haqida so‘z borayotgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG