Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:42

Qiynoqlarda ayblangan IIV va boshqa hokimiyat vakillariga qarshilik uchun jazo kuchaytirilmoqda


O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari so‘nggi bir yilda kamida uch fuqaroni qiynoqqa solib o‘ldirishda ayblangan.
O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari so‘nggi bir yilda kamida uch fuqaroni qiynoqqa solib o‘ldirishda ayblangan.

O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

30 - sentabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi.

Unga muvofiq "xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilmoqda".

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaganlik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilyapti.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari), balki boshqa hokimiyat vakillarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik yoki to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali ularning o‘z qonuniy faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirishiga sharoit yaratiladi”, deyilgan Senat xabarnomasida.

Hujjat qonuniy kuchga kirishi uchun endilikda prezident tomonidan imzolanishi lozim.

Qonun loyihasi "adolat"chilar tanqidiga uchragandi

Mahalliy matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, qonun loyihasi Oliy Majlisning ayrim deputatlari tomonidan tanqid qilingan.

10 - avgustdagi muhokamada “Adolat” partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev "qonunni qabul qilishdan oldin ichki ishlar tizimi o‘z vazifasiga noloyiq xodimlardan tozalanishi kerakligi"ni aytgan.

“To‘g‘ri, qonun loyihasi albatta kerak. Chunki boshqa xorijiy mamlakatlar tajribasida ham ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik uchun javobgarlik ancha yuqori. Ammo umuman olib qaraganda, respublikamizda ichki ishlar organi xodimlari xatti-harakatidan kelib chiqsak, bu loyihani qabul qilish biroz erta, deb o‘ylayman.

Avvalo ichki ishlar tizimiga adashib kelib qolgan va o‘z vazifasiga noloyiq xodimlardan tozalagandan keyin qabul qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, – deb aytgan Qodir Jo‘rayev.

Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismiga o‘zgarish kiritish haqidagi qonun loyihasi 10 - avgust kuni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgandi.

"Bu qonun jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi lozim!"

Mavjud qonunchilik davlat xizmatchilarini yetarli darajada himoya qila olmayaptimi? Nima uchun aynan hozir bu o‘zgartish kiritilmoqda?

Ozodlikning bu savollariga javob bergan O‘zbekiston ichki ishlar vazirligining sobiq polkovnigi qonunga zarurat yo‘q, deb hisoblashini aytadi.

- Bu qonun qabul qilinishining asosiy sababi – xodimlarning bilimsizligi, deb bilaman. Alkotester o‘rniga stakanga puflatayotgan xodimni videoda ko‘rgandirsiz... O‘z ishini yaxshi bilmaslik, boshqalarning huquqlarini va o‘zini vakolatlarini yaxshi anglamaslik tufayli odamlar bilan tortishuvlar kelib chiqmoqda. Bu gap davlat idoralarida ishlayotgan boshqa xodimlarga ham tegishli. Odamlar shusiz ham pulsizlik va sharoitsizlikdan g‘azablangan: ichki ishlar xodimining har qanday bosimiga qarshi turishga tayyor. Bu xodimlarning o‘zi huquqsiz yoki huquqlarini talab qila olmaydi. Menimcha, odamlar bilan bo‘layotgan janjal va xizmatchiga qarshiliklarning aksar qismi – militsiyaning qo‘polligi va adolatsizligi, dedi sobiq ichki ishlar xodimi.

Suhbatdosh o‘zbekistonlik qonun tashabbuschilari bu loyihani Rossiyadan so‘zma-so‘z ko‘chirib olganini ham iddao qildi.

2021 - yil fevralida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mitinglarda xavfsizlik xodimlariga bo‘ysunmaganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan qonunni imzolagandi. Joriy yil iyunida shu kabi qonun mitinglar avj olib ketgan Belarusda prezident Lukashenko tomonidan ham imzolangan.

Солиқчининг ўлимига оид янги видео ИИВ версиясини савол остига олади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:19 0:00

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov fikricha, bu masalaga "ikkala taraf" ko‘zi bilan qarash kerak.

- Boshqa davlatlarda ham davlat idoralari vakili vakolatlarini kengaytirish degan narsa bor. Lekin bizda na militsiya, na oddiy fuqarolarning huquqlari bor! Hukumatning usiz ham bosimi yuqori bo‘lgani uchun odamlarga bu g‘alati tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo asosiy xavotirlar uni qo‘llashga kelganda paydo bo‘lmoqda. Bir tomondan, shunday ham keng bo‘lgan vakolatlarning kengaytirilishi amalda fuqarolarga bosimning kuchayishiga, suiiste’mol qilishga olib kelishi mumkin, deya fikr bildirdi Abdurahmon Tashanov.

Huquq himoyachisi, bu qonunning qabul qilinishi sabablariga ham to‘xtaldi:

- So‘nggi paytlarda ommaviy mushtlashuvlar, talon-torojlar, pichoqlashish va qurol ishlatish holatlari ko‘paydi. Bunga diniy radikalizm holatlarini ham qo‘shing. "Hokimiyat vakolatlari ko‘payib ketayapti” deydigan bo‘lsak, jamiyatda samosudlar, jamiyatga tahdid soluvchi kuchlar paydo bo‘ladi. Odamlar orasida oxirgi paytlarda beboshlik, agressiya va huquqbuzarlik holatlari ko‘payganini hamma sezayotgan bo‘lsangiz kerak. Bu masalada muvozanatni ushlash kerak: bunday qonunlar jamoatchilik vakillari va oddiy fuqarolar bilan obdon muhokama qilishi va keyin qabul qilinishi lozim. Statistikani tahlil qilish, so‘rovlar o‘tkazish, sotsiologik tadqiqotlar olib borish lozim, uni qabul qilishdan oldin, deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘tgan oy Ozodlik surishtiruvi ortidan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida Soliq inspeksiyasi xodimi Aziz Ahmedovning o‘limida ayblangan 4 nafar IIB xodimining ishi sudga qaytarilgan edi.

IIB xodimlari "mansab vakolatlaridan chetga chiqish" da ayblangan.

O‘tgan yili Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida gumondorlarning IIB xodimlari tomonidan qiynab o‘ldirilishi hodisalari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosiga chaqiriqlar yangragandi.

XS
SM
MD
LG