Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:47

Qirg‘iziston va Rossiya birgalikda havodan mudofaa tizimini yaratadi


Rossiyaning Qirg‘izistondagi Qant harbiy havo bazasi.
Rossiyaning Qirg‘izistondagi Qant harbiy havo bazasi.

Rossiya hukumati Qirg‘iziston bilan birgalikda havodan mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Hujjat ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan o‘tgan yili imzolangan edi.

Rasmiylar bu anchadan beri rejalashtirilayotgan loyiha ekanini aytsa-da, mazkur kelishuvga Ukrainadagi urush fonida erishilgani xavotir bilan qabul qilinmoqda.


Rossiya hukumatining Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasida havo hujumlariga qarshi qo‘shma mudofaa tizimini yaratish haqidagi qarori rus hukumati rasmiy saytida e’lon qilindi. Hujjatni Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin imzolagan.

Hujjatda, “2022- yil 16-avgustda Moskva shahrida imzolangan “Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Respublikasining mintaqaviy qo‘shma havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risida”gi bitim ma’qullansin va Davlat Dumasi tomonidan ratifikatsiya qilish uchun Prezidentga taqdim etilsin”, — deyiladi.

Qaror e’lon qilingan 10-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qilgani ma’lum bo‘ldi. Suhbatda ular hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida gaplashgani aytiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zi ikki davlat o‘rtasida havo hujumidan yagona mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risidagi buyruqni 2022-yil 8-iyulda imzolagan edi.

Shundan so‘ng Rossiya va Qirg‘iziston mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari mutaxassislari ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, Qirg‘iziston mudofaa vaziri Baktibek Bekbolotov o‘tgan yilning 15-16-avgust kunlari Moskvada bo‘lib, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan shartnomani imzolab kelgan.

Rossiya va Qirg‘iziston mudofaa vazirlarining Moskvadagi uchrashuvi. 2022-yilning 16-avgusti.
Rossiya va Qirg‘iziston mudofaa vazirlarining Moskvadagi uchrashuvi. 2022-yilning 16-avgusti.

Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi ham kelishuvni Jo‘g‘go‘rqu Kenesh muhokamasiga taqdim etgan. Keyinroq hujjat parlamentning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasida ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgan. Biroq, parlament uni ratifikatsiya qilgani yoki qilmagani haqida hech qanday ma’lumot chiqmagandi.

Bu borada Mudofaa vazirligidan izoh olish imkoni bo‘lmadi. Avvalroq Azattiq radiosi qirg‘iz xizmatiga intervyu bergan Baktibek Bekbolotov bu borada quyidagilarni bildirgan edi:

Baktibek Bekbolotov.
Baktibek Bekbolotov.

“Yagona havo tizimi mudofaasi loyihasi ko‘p yillardan beri rejalashtirilgan. Ushbu loyiha doirasida Rossiya prezidentining buyrug‘i chiqdi. "Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining birlashgan mintaqaviy havo mudofaa tizimi" bugun paydo bo‘lmadi. Ko‘p yillar davomida ishlayotgan loyiha. Agar bu amalga oshsa Qirg‘izistonning havo hujumidan mudofaa tizimi o‘zgaradi. Avvaldan muzokaralar boshlangandi. Hozirda bu masalada ishchi guruhlar ishlamoqda”.

Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi yozganidek, Rossiya va Qirg‘izistonning qo‘shma havodan mudofaa tizimi maxsus tuzilmaga o‘xshaydi. Uning tarkibiga kiritilgan qo‘shinlar har ikki tomonning vakolatli organlari tomonidan tanlanadi. Qirg‘izistonga Rossiya kuchlarini joylashtirish uchun Qirg‘iziston tomoni shartnomada belgilangan muddatdan avval Rossiyaga besh gektar yerni bepul berishi kerak bo‘ladi.

1995-yil 10-fevralda MDHga a’zo 12 davlat rahbarlari Olmaota shahrida havo hujumidan mudofaa yagona tizimini yaratish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Uning tarkibida Rossiya va Qirg‘izistondan tashqari Ozarbayjon, Moldova, Armaniston, Belarus, Tojikiston, Gruziya, Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ukraina ham bor edi. Biroq Ukraina va Turkmaniston MDHning asosiy qoidalarini qabul qilmagan va Gruziya Rossiya bilan urushdan keyin tashkilotni tark etgan.

Shu sababli, Rossiya hamkor davlatlar bilan tashkilotdan tashqari, individual ravishda ham turli yo‘nalishlarda hujjatlar tuzishga kirishdi. Masalan, havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha kelishimni 2009-yilda Belarus bilan, 2014-yilda Qozog‘iston bilan, 2016-yilda Armaniston bilan, 2021-yilda Tojikiston bilan tuzgan. MDHning boshqa davlatlari bilan bu yo‘nalishdagi hujjatlar imzolangani noma’lum.

Xavfsizlik Kengashining sobiq kotibi, sobiq bosh vazir o‘rinbosari To‘qon Mamitov ushbu masala yuzasidan quydagilarni aytadi:

Tokon Mamitov.
Tokon Mamitov.

“Chegarachilarimiz quruqlikdagi chegarani mukammal himoya qiladi, ammo vertikal chegaramiz koinotgacha cho‘zilgan. O‘sha tamon ham himoya qilinishi kerak. Chegarachilarimizda qiruvchi samolyotlar yo‘q. Shu bois chegarani osmonda qo‘riqlash vazifasi Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga yuklatilgan. Biroq, hatto o‘sha muassasada ham raketalar va boshqa texnik imkoniyatlar mavjud emas. Shuning uchun MDH, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (ODKB) kabi tashkilotlar tuzilar ekan, avvaliga bu kabi masalalar e’tiborga olindi. Boshqacha aytganda, kichik davlatlar bu borada Rossiyadan yordam oladi. Biroq bu tashkilotlar doirasida kelishuv mavjud bo‘lsa-da, aniq ikki tomonlama shartnomalar ham zarur. Endi ular bizning havo chegaramizni kuzatib, qo‘riqlayotgan ekan, buni qonuniylashtirib, yuridik jihatdan mustahkamlab olish zarur. Bu bizga kerak bo‘lgan, bizga zarur narsa."

Qirg‘izistonda Rossiyaning bir qancha harbiy obyektlari joylashgan. Ulardan eng kattasi Qantdagi harbiy havo bazasi. Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy obyektlari yagona harbiy havo bazasi boshqaruviga birlashtirilgan. Uning tarkibiga Qantdagi harbiy aerodrom, Issiqko‘ldagi Qo‘ysari va Qorabulung torpeda poligoni, Chaldebardagi aloqa punkti va Maylusuvdagi seysmik markaz kiradi.

“Hozir bizda radiolokatsiya uskunalari deyarli yo‘q. Rossiyaning tegishli tizimi bizning havo chegaramiz perimetrini ko‘rib, qaysi samolyot kirganini, qaysi vertolyot qayoqqa ketayotganini aniqlaydi va bu haqda Mudofaa vazirligimizga xabar beradi. Qirg‘iziston Havo hujumidan mudofaa kuchlari “bunga ruxsat bergan, bu noma’lum obyekt” deya tegishli choralar ko‘radi. Qo‘shma tizimning yaratilishi biz ularning radar tizimidan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, degani emas. Imkoniyatimiz bo‘lmagani uchun ularni radar stansiyasini qo‘riqlaymiz va faqat tegishli ma’lumotlarini olib turamiz degan gap”, — dedi To‘qon Mamitov.

Qantdagi Rossiya aviabazasi.
Qantdagi Rossiya aviabazasi.

Agar Rossiya tinchlik davrida boshqa davlatlar bilan birgalikda havo mudofaasi bo‘yicha kelishuvlarni qabul qilgan bo‘lsa, Qirg‘iziston bilan kelishuv Ukrainada urush bo‘layotgan bir davrga to‘g‘ri keldi.

Shu bois o‘tgan yili Bishkek va Moskva o‘rtasidagi kelishuv haqida ilk ma’lumot paydo bo‘lganida, bu tashabbusni tanqid qilganlar ham bo‘lgan edi. Siyosatchi Mavlyan Asqarbekov ham huddi shunday pozitsiyada:

Mavlyan Asqarbekov.
Mavlyan Asqarbekov.

“Birinchi navbatda, bunday taklif jamiyatimizda faol muhokama qilinishi kerak edi. Bu masala ratifikatsiyadan avval Jo‘g‘o‘rku Keneshda muhokama qilinib, shundan keyingina boshlangan bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘lardi. Ikkinchidan, bu taklifning o‘zi ham o‘rinsiz. Negaki, havo hujumidan mudofaa bo‘yicha qo‘shma bitim tuzish uchun davlatlar chegaralarini kesib o‘tish kerak. Qo‘shni, chegaradosh bo‘lishi lozim. Rossiya va Qirg‘iziston umumiy chegaraga ega emas, o‘rtamizda Qozog‘iston bor. Rossiyada Belarus, Qozog‘iston yoki boshqa qo‘shni davlatlar bilan bir xil havo maydoni bor, lekin u bizdan uzoqda! Bu ham mantiqiy, ham strategik tushunchalarga mos kelmaydi. Shu bois, rahbarlarimiz bu borada o‘z pozitsiyalarini aniq aytib, bundan bosh tortishlari kerak. Global geosiyosiy vaziyatda har qanday harbiy ittifoq va bunday kelishuvlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Rossiyaning so‘nggi holatini hisobga olsak, ular turli harakatlar va kombinatsiyalarni qo‘llashlari mumkin. Yaxshisi, bunday xavfli narsalardan qochganimiz ma’qul”.

So‘nggi paytlarda Qirg‘iziston hukumati qirg‘iz armiyasi harbiy-texnik bazasini zamonaviylashtirish, jumladan, yangi qurollar sotib olish orqali mustahkamlash harakatida bo‘lmoqda.

Joriy yilning fevral oyida Belarusda ishlab chiqarilgan modernizatsiya qilingan “Pechora-2 BM” mobil zenit-raketa kompleksi xarid qilinib, Qirg‘iziston Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga topshirilgan.

Bundan tashqari xorijiy mudofaa korxonalarida MI-8 jangovar vertolyotlari kapital ta’mirdan chiqarilgani, yuk mashinalari, tez tibbiy yordam mashinalari, mikroavtobuslar ham xarid qilingani aytilgan.

Texnikalarni topshirish marosimida Prezident Sadir Japarov xalqaro vaziyat jadal o‘zgarib borayotganini alohida ta’kidlab, dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan qurolli to‘qnashuvlar tasavvur qilib bo‘lmaydigan ko‘lami va oqibatlari bilan ajralib turishini ta’kidlagan.

Sadir Japarov.
Sadir Japarov.

“Bundan tashqari, axborot urushi va tashviqot bilan bir qatorda qurolli kurashning boshqa harbiy usullari ham ustunlik qilmoqda. Mavjud vaziyat milliy xavfsizlik sohasida davlat siyosatini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda”, — degan edi Japarov 1-fevral kuni.

Qirg‘iziston hukumati himoya, mudofaa va xavfsizlik sohasiga katta e’tibor qaratilayotganini aytib keladi. Vazirlar Mahkamasi raisi Ailbek Japarov 29-dekabrdagi yig‘ilishda xavfsizlik sohasiga 2021-yilda 31,2 milliard, 2022-yilda esa 52,2 milliard so‘m ajratilganini bildirgan.

Hozirgacha Qirg‘iziston “Aksungur”, “Akinji”, “Anka” havo hujumidan mudofaa texnikasi, “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlarini olgani rasman ma’lum qilingan.

XS
SM
MD
LG