Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:48

Prezident “gulxan”i va kafolat xati. Andijondagi maktab direktorlari pora olmaslikka qasamyod qilmoqda


Andijon viloyat, Bo‘ston tumani 11-maktabda "Gulxan" bazmi
Andijon viloyat, Bo‘ston tumani 11-maktabda "Gulxan" bazmi

Andijon viloyati xalq ta’limi tizimi so‘nggi kunlarda tarmoqlardagi muhokamalar markazida qolmoqda.

3 - fevral kuni maktab direktorining 500 dollar bilan qo‘lga tushishi va buning ortidan maktab direktorlari pora olmaslik haqida kafolat xati yozayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

O‘qituvchilar kechasi gulxan yoqib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qilmoqda, maktab jamolari esa milliy va xorijiy qo‘shiqlar ostida ommaviy raqsga tushyapti.

Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘qituvchilar prezident va’da qilgan 1000 dollarlik maosh “olisda miltirab turgan xira yulduz” ekanligini aytar ekan, bunday zo‘rma-zo‘raki tadbirlardan charchashgani, maoshlari eski holida turganini ta’kidlamoqda.

Viloyat XTB mudiri esa o‘qituvchilarini “gap tashish” va tadbirlar suratlarini tarqatishda aybladi.

Andijondan 4 - fevral kuni olingan so‘nggi xabar mana bunday:

“Andijon shahar 41-maktab direktori 3 - fevral kuni kechi payt soat oltilarda 500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi. Shundan so‘ng shoshilinch ravishda maktab direktorlaridan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov nomiga “kafolat xati” olish buyurildi. Men o‘zim ham shunday xat yozib berdim!”

Bu xabarni Ozodlikka yetkazgan, ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorining aytishicha, u vijdonan ishlashga, hech qachon pora olmaslikka qasamyod qilib xat yozib bergan.

Andijon shahridagi boshqa bir maktabning ismi sir qolishini so‘ragan direktori ham bu xabarni tasdiqlab, istehzoli kuldi:

“Endi bizdagi bunday masxarabozliklarni o‘zingiz yaxshi bilasizku. Kimgadir ko‘rsatish uchun, chora ko‘rdim deyish uchun bunaqa xatlar doim yoziladi. Bu kafolat xatlarining bir tiyinlik qiymati yo‘q, ichida nima yozilganini jin ham o‘qimaydi. Men pora olaman deb yozib qo‘ysa ham birov o‘qimaydi”.

Bu maktab direktori shu kecha-kunduzda Andijon maktablarida urf bo‘layotgan kechasi gulxan yoqish an’anasiga ham o‘z munosabatini bildirdi.

Maktab rahbarlarining vazifasi mahalladagi uyushmagan yoshlar uchun kechasi soat 9dan 10gacha diskoteka tashkil qilish.

Andijon tumani XTB mudiri tasdiqlagan “tadbirlar jadvali”da bu aniq ko‘rsatilgan.

Andijon XTB mudiri tasdiqlagan reja jadvali
Andijon XTB mudiri tasdiqlagan reja jadvali

"Prezident gulxan yoq demagan, gulxanday qizisin degan"

Direktorning aytishicha, prezidentning majoziy ma’noda aytgan gapini to‘g‘ri ma’noda qabul qilish natijasida gulxanbozlik avj oldi:

“Insonda ong degan narsa bor. Hamma gapni to‘g‘ri qabul qilmaysizda. To‘g‘ri ma’noda aytilyaptimi yoki ramziy ma’nodami, fikrlab ko‘rasiz. Masalan boshim aylanyapti, desa boshi 360 gradusga aylanib ketmaydiku. Bu yerda ham xuddi shunday holat bo‘lgan. Prezident selektor yig‘ilishida “maktabda gulxan yonib tursin”, ya’ni doim qaynab tursin, jo‘shqin bo‘lib tursin degan ekan. Buni selektorda qatnashgan tanishim aytdi. Endi, bizda nima bo‘ldi, maktabda gulxan yoqasan, uning atrofida she’rxonlik qilib o‘ynaysan, degan gap bo‘lib ketdi. Mana, ahvolni ko‘rib turibsiz. Hamma ishdan keyin yana majburan maktabga borib gulxan yoqib o‘ynagan, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, prezidentni aytganini qilyapmiz degan. Axir bu ko‘zbo‘yamachilikning o‘ziku”.

Maktab direktorining aytishicha, viloyatdagi barcha maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga har kuni soat 22.00gacha maktabda qolish majburiyati yuklangan.

"Oilamiz notinch bo‘lyapti!"

Mana bu xabar esa Ozodlikka Bo‘ston tumani o‘qituvchilaridan keldi:

"Tumandagi 11- maktabda pedagog bulib ishlayman. Bugun, ya’ni 3 - fevral kuni kechasi 19 : 00 dan 20 : 00 gacha maktabimiz direktori Andijon viloyat xalq talimi boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘ini ijrosini ta’minlash maqsadida maktabda " gulxan atrofida mushoira kechasi " o‘tkazdi. Mushoira kechasini deb maktabni ayol xodimlari qorong‘i mahalda oila va bollarimizni tashlab chiqdik. Nima keragi bor bunday kechalarga majburlab maktab xodimlarini jalb qilish. Hammasi shunchaki rasm uchun qilinayotganini qachongacha davom etamiz. Shaxsan menga bunday ko‘z bo‘yamachilik yoqmadi. Shunday saviyasi past topshiriqlar bilan o‘qituvchilar bilimi oshib ketarmidi? Aksincha shu xodimlarning ko‘pini oilasi notinch bo‘ldi. Chunki ko‘pchilikning turmush o‘rtog‘i tinmay telefon qilishdi".

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida Andijondagi ta’lim xodimlarining ahvoliga e’tibor qaratdi:

"Normal jamiyatdagi odam kechasi 22.00da o‘z uyida, oila davrasida bo‘ladi. Lekin Andijon viloyatining qator tumanlaridan kelayotgan murojaatlarda aytilishicha, maktablarda kunduzi yetmagandek kechasi ham o‘quvchi va uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to‘garak va boshqa tadbirlar tashkil qilish talab qilinmoqda ekan.

Masalan, kompyuter o‘yinlari o‘ynash, sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, film tomosha qilish, diskoteka va h.k.

O‘qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi 22.00 gacha bo‘lish talab etilmoqda. Masalan, yuqoridagi rasmlarda Andijon tumanidagi 1-maktabda diskoteka belgilangan reja (MC Excel varianti) va Andijon shahridagi 47-maktabda kechasi hovlida sovuqda film tomosha qilayotgan "baxtiyor yoshlar" aks etgan.

Kechasi nima qilarini bilmay yurgan o‘qituvchi va yoshlar bu sharoitdan juda "baxtiyor" bo‘lishsa kerak".

Andijon tumanidagi maktabda "diskoteka"
Andijon tumanidagi maktabda "diskoteka"

Bu Andijon viloyatida so‘nggi kunlarda trendga chiqayotgan birinchi hodisa emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda 20dan ortiq maktab xodimining qishki kiyimda, maktab hovlisida kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakiraning Waka-Waka ashulasiga ertalabki badantarbiya qilayotgani aks etgan.

Video Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 1-IDUMda olingani aniqlandi.

Жалақудуқ туманидаги 1-ИДУМ жамоаси.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:48 0:00

"Sizlarga ish bo‘lmasa-da, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz"

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi va ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘layotgan fikrlarga o‘z munosabatini bildirar ekan, Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov murojaat bilan chiqdi guruhlardagi rasmlarni tarqatayotgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik»da aybladi:

«Siz nimaning hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni nazorat qildingizmi yoki biror o‘quvchining o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo‘lmasa-da, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz. Ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondashganingizda Andijon ta’limi yuksalarmidi?

Ish qilmasdan guruhlardagi rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko‘rasiz? O‘z ishingizni uddalay olmasangiz, hech bo‘lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay tursangiz yaxshimidi?

Tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilyapti. Vijdonli va diyonatli o‘qituvchilarimiz esa o‘quvchilarining o‘zlashtirishi bilan band. Ularga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman.

Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa insof tilab qolaman, gruppalardagi rasmlarni tashishda davom eting»

Ozodlik Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning yordamchisi Otabek ismli mulozim bilan bog‘landi.

Otabek 41-maktab direktorining pora bilan qo‘lga olingani haqidagi xabarni na inkor qildi, na tasdiqladi.

Mulozim Ozodlikning boshqa savollariga javob berolmasligini aytdi.

Viloyat XTB matbuot xizmati rahbarining telefoni o‘chirilgani bois u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston 2020 - yil, mustaqillikning 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida o‘qituvchilarning oyligi 1000 dollarga yetkazishga va’da bergan edi.

Ammo oradan ikki yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, o‘qituvchilarning maoshida jiddiy o‘zgarish kuzatilmadi.

Andijonlik o‘qituvchining aytishicha, bugungi kunda toifasi mavjud bo‘lmagan pedagog bir stavka darsiga soliqlari chegirilmagan holda ikki million uch yuz ming so‘mni tashkil etadi. Qo‘lga oladigan daromadi qariyb 200 AQSh dollariga yetadi.

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasining 2021 - yilning birinchi yarim yilligiga o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risidagi bergan ma’lumotiga ko‘ra, eng kam oylik oluvchilar qatorida o‘qituvchilar va shifokorlar ham bor.

XS
SM
MD
LG