Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:55

O‘zbekistonning "nomaqbullar" qonuni kimga qarshi qaratilgan?


Yangi qonun loyihasi O‘zbekiston parlamenti quyi palatasining 25-iyun kungi yig‘ilishida qabul qilindi.
Yangi qonun loyihasi O‘zbekiston parlamenti quyi palatasining 25-iyun kungi yig‘ilishida qabul qilindi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi uchinchi o‘qishda chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni nomaqbul deb e’tirof etish va ularning mamlakat hududiga kirishini besh yilga taqiqlash imkonini beruvchi o‘zgartishlarni ma’qulladi.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston parlamenti quyi palatasining 25-iyun kungi yig‘ilishida qabul qilindi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilmoqda. Ular chet elliklarni mamlakatda qolishni istamagan deb tan olish asoslari va tartibini belgilaydi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash zaruratidan kelib chiqadi.

Xo‘sh, qaysi harakatlar xorijliklar yoki fuqaroligi yo‘q shaxslarning O‘zbekistonga kiritilmasligi yoki mamlakatdan chiqarib yuborilishiga asos bo‘la oladi?

  • O‘zbekiston suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan,
  • davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi,
  • O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixini obro‘sizlantiradigan ommaviy chaqiriqlar yoki harakatlar.

Cheklov qanday ko‘rinishga ega?

Nomaqbul deb topilgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatga kirishi besh yilga taqiqlanadi.

Shuningdek, ular:

  • banklarda hisobvaraq ochish,
  • ko‘chmas mulk sotib olish,
  • davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish,

moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

O‘zgartishlar mamlakat hududida bo‘lishi taqiqlangan shaxslarni deportatsiya qilish tartibini ham belgilaydi. Xususan, shaxs mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilganligi to‘g‘risida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak.

“…Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi," deyiladi hujjatda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Oldinroq rossiyalik ba’zi targ‘ibotchilarning O‘zbekistonga qarshi bayonotlaridan so‘ng bir qator jamoatchilik faollari Tashqi ishlar vazirligiga o‘zining “nomaqbul shaxslar” ro‘yxatini tuzishni taklif qilishgandi.

Xususan, rossiyalik propagandachi va yozuvchi Zaxar Prilepinning 2023-yil dekabr oyida O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi bayonoti ortidan Toshkentdagi rus elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga "taklif etilgan". “O‘zbekiston suverenitetiga tahdid” deb baholangan ushbu mojaro bosilmasdan rossiyalik yana bir propagandachi bahsli bayonot bilan chiqishi mahalliy faollarni darg‘azab qilgan edi.

Shu yilning 22-yanvar kuni Rossiyaning NTV telekanalida efirga uzatilgan “Mesto vstrechi” tok-shousida Markaziy Osiyo respublikalarining tashkil etilishi masalasi muhokama qilingandi.

Rus imperiyachiligi targ‘ibotchisi deb ta’riflanadigan Mixail Smolin ko‘rsatuv davomida o‘zbek, qozoq va ozarbayjonlarning millat sifatidagi ko‘p asrlik tarixini shubha ostiga oldi.

Jamoat faollari va o‘zbek blogerlari “rus shovinistlariga muloyim va bag‘rikeng munosabat”ni to‘xtatib, Smolin kabi shaxslarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish, O‘zbekistonga kirishini taqiqlashga chaqirishdi.

Buning ortidan O‘zbekistonda bu kabi bayonotlarni va g‘oyalarni tarqatayotgan Rossiya federal telekanallari sonini ham cheklash to‘g‘risida chaqiriqlar yangragan edi.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan yangi qonunga tarmoqlarda turlicha munosabat bildirilmoqda. Ayrim faollar buni rus propagandachilariga qarshi vaqtida berilgan javob desa, boshqalar qonunning talqinlarga ochiqligi va siyosiy muxoliflar hamda hukumat tanqidchilariga qarshi qo‘llanishi mumkinligidan xavotirda.

@r_kusherbayev:

Muqaddam bir qator horij siyosatchilari O‘zbekistonni kamsituvchi, haqoratli bayonotlar bilan chiqishgandi. Yangi qonun kelgusida bu kabi shovinistlarga munosib javob bo‘ladi.

Dilshod Murtazayev:

"Zakona Proyekt ob inoagentov" kopirovat, vstavit bo‘libdi-da. Parlamentlararo aloqa. Otrabotayemmidi, nima edi…

NODIRBEK:

Davlat rahbarini so‘kkanni davlatni so‘kkanga tenglashtirib, aslida haqiqiy jonkuyar patriotlarga nisbatan qo‘llashmasa bo‘ldi bu qonunni. Menima aynan shunday ham bo‘ladi.

Ayni paytda tanqidchilar o‘zbek deputatlari qabul qilgan yangi qonun bilan Rossiya, uning ortidan ayrim sobiq sovet davlatlarida qabul qilingan “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi repressiv qonun o‘rtasida parallel o‘tkazishmoqda.

Ammo londondagi tahlilchi Alisher Ilhomovning fikricha yangi qonunni "inoagent" qonuni bilan adashtirmaslik kerak.

- Ayrim xorij vatandoshlarining kirishiga taqiq qo‘yuvchi qonun o‘zining kamchilik va yutuqlariga ega. Eng avvalo, uni “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun bilan adashtirmaslik kerak. O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiluvchi nodavlat tashkilotlar faoliyatini nazorat qiluvchi 2005-2007-yillarda qabul qilingan hujjatlar yetarlicha. “Xorijiy agentlar” deb O‘zbekistonda yashovchi va muayyan sabablarga ko‘ra davlat nazoratiga tushgan odamlar nazarda tutiladi.

“Nomaqbul” deganda ular kimlarni nazarda tutyapti? O‘zbekiston mustaqilligiga tahdid soluvchi va mamlakatga nisbatan adovat qo‘zg‘ovchi, masalan, Rossiya tarkibiga qo‘shilishga da’vat etuvchi Prilepinga o‘xshagan shaxslar nazarda tutilgan. Albatta, bunday shaxslarga nisbatan qandaydir chora ko‘rilishi kerak. Yana bir toifaga kiruvchilar - Rossiyada fuqarolik olib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etayotganlarga nisbatan ham chora ko‘rilishi kerak, chunki ular ham rus imperiyasi agentlari sifatida tahdid soluvchilar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bizning qo‘shnimiz bo‘lgan qardosh Qozog‘istonga nisbatan qilinayotgan dushmanona chiqishlar uchun ham cheklovlar kiritilishi kerak, deydi tahlilchi.

Xorijiy agentlar kimlar?

Bu atama xorijdan moliyaviy yordam oladigan va “xorijiy ta’sir” ostida bo‘lgan tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va odamlarga nisbatan ishlatiladi.

2024-yilning may o‘rtalarida Gruziya parlamenti mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili qarshiligiga qaramasdan “xorijlik agentlar” to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Gruziyada “Rossiya qonuni” nomini olgan bu hujjat ommaviy norozilik chiqishlarini keltirib chiqardi. Buning ortidan Yevropa Ittifoqi va AQSH Gruziyani moliyalashtirish va kreditlash tizimini keskin cheklashi, mamlakatning Yevroittifoq bilan integratsiyasi muzlatilishi to‘g‘risida ogohlantirdi.

“Hukmron partiya parlamentdagi ko‘pchilikdan foydalanib prezidentning “Rossiya qonuni”ga qo‘ygan vetosini bekor qilishi bilan Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga yo‘li endi yopildi. Fojia - lekin haqiqat”, deb yozdi X dagi sahifasida Shvetsiya sobiq bosh vaziri Karl Bildt.

2024-yil aprel oyida Qirg‘iziston ham xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilingan edi.

Mamlakat prezidenti Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 30 yi davomida faoliyat yuritib kelgan nodavlat tashkilotlari hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan va hech kimga hisobot bermagan. Ular faqat bank hisobraqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, o‘z ixtiyoriga ko‘ra, shu jumladan, shaxsiy maqsadlarda ishlatgan.

"Bundan buyon ular ham boshqalar qatori Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tadi. Banklarda hisobraqamlari ochiladi. Endi ochiq ish boshlaydi. Avvalgidek tartibsizlik bo‘lmaydi", dedi Sadir Japarov.

Japarov, shu bilan birga, “xorijiy agent” deb e’lon qilinganlarga nisbatan “hech qanday taqiblar uyushtirilmasligi”ga so‘z berdi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva fikricha, O‘zbekistonda qabul qilingan qonun Shavkat Mirziyoyev hukmronligi davrida qabul qilingan boshqa hujjatlardan shoshilinch qabul qilingani bilan farqlanadi:

- U amaldorlar va sudlarga o‘z fikrini ochiqcha bildirgan, O‘zbekistonda inson haqlari bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgan, korrupsiya bilan bog‘liq surishtiruvlar olib borayotgan odamlarga nisbatan o‘z mayliga muvofiq qo‘llashga imkon beradi. Ya’ni hukumat go‘yo “O‘zbekiston imijiga ta’sir etuvchi” jamoatchilik fikri yetakchilari ovozlarini o‘chirishga qaratilgan bor imkoniyatini ishga soladi. Bu qonunni ayrim jihatlardan “xorijiy agentlar” qonuni bilan solishtirsa bo‘ladi. O‘zbekistonda huquq himoyasi tashkilotlari yoki mustaqil nashrlarni qayddan o‘tkazish imkoni yo‘qligi bois endi xorijda yashayotgan va O‘zbekiston hukumati berayotgan ma’lumotlardan ayri mulohazalarni keltirayotganlar ta’qib ostiga tushmoqda.

Dunyoning qator boshqa mamlakatlarida ham xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qabul qilingan. Ular orasida Ukraina, Rossiya, Qirg‘iziston, AQSH, Avstraliya, Vengriya, Isroil bor.

Ammo huquq himoyachilari avtoritar tuzumga moyil davlatlarda bu qonun so‘z erkinligini cheklash, jamoat tashkilotlari faoliyatini bosim ostiga olish, xorijiy demokratiya qadriyatlarini tashviq etishga yo‘naltirilgan jamg‘armalar va tuzilmalar harakatlariga to‘sqinlik qilishga xizmat qiladi, degan fikrda.

- Bu qonunning qabul qilinishi erkin ovozlarni o‘chirishga qaratilgan yangi davr boshlanganidan darak. O‘zbekiston ichkarisidagi hukumat tanqidchilarining bari yo qamoqda yoki maxsus xizmatlar qattiq nazorati ostida. Muayyan darajada tarmoqlarda yoki diplomatlar, BMT vakillari bilan muloqotlarda o‘z fikrlarini bildirayotgan faollar esa kuzatuv ostida, ularni “terrorizm” bo‘limi xodimlari tinimsiz “suhbatlarga” chaqirmoqda. Bu degani, fuqarolik jamiyati faolligini bostirish avj pallada. Endi hukumat o‘z kuchini xorijda qolayotgan va ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortayotganlarga qarshi qaratdi, deydi Nadejda Atayeva.

Qozog‘istonda bunday qonun yo‘q.

Ayni paytda, 2023-yil sentyabr oyida Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi tomonidan xorijiy va xalqaro davlatlar vakillari, tashkilotlar va jismoniy shaxslardan pul yoki mol-mulk olgan shaxslar va tashkilotlar ro‘yxati e’lon qilindi.

Reyestrga 240 nafar jismoniy va yuridik shaxslar kiradi. Bu, ekspertlarning fikriga ko‘ra, chet eldan moliyalashtiriladigan nodavlat tashkilotlarining to‘liq ro‘yxati emas.

Aksar faollar O‘zbekistonda qabul qilingan va “nomaqbullar qonuni” nomini olgan hujjat O‘zbekiston suvereniteti va yaxlitligiga tahdid qiluvchi xorijliklar, xususan shovinist va millatchi rus siyosatchilariga qaratilganiga ishonmoqda.

Hozircha O‘zbekistonga kiritilmayotganlar va “kirishi nomaqbul” deb topilganlar asosan jurnalistlar va chet el vatandoshligini olgan siyosiy faollar hamda hukumat tanqidchidaridir.

Ular orasida Britan fuqaroligiga ega asli o‘zbekistonlik jurnalist va rejissyor Shohida Yoqub, o‘zbekistonlik faol Isoqjon Zokirov , polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska, vloger Iskandar Makedonskiy, qirg‘izistonlik bloger va ijtimoiy faol Bahrom Rahmon, yozuvchi va uyg‘ur tili tarjimoni Yevgeniy Bunin, taniqli yozuvchi va jurnalist Hamid Ismoil, muxolifatchi Nasrullo Sayid, fotomuxbir Viktoriya Ivleva va boshqalar bor.

XS
SM
MD
LG