Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:03

O‘zbekistonda qachon haqiqatan mustaqil kasaba uyushmasi paydo bo‘ladi?


O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil “Xalq birligi” kasaba uyushmasiga asos solishga uringan faol Roza Agaydarova hamkasblari bilan. Sirdaryo, 24-mart, 2021.
O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil “Xalq birligi” kasaba uyushmasiga asos solishga uringan faol Roza Agaydarova hamkasblari bilan. Sirdaryo, 24-mart, 2021.

Markaziy Osiyo yangiliklariga ixtisoslashgan Eurasianet nashri O‘zbekistonda hech qachon kasaba uyushmalari mustaqil bo‘lmagani, ular hozir ham ishchi-xodimlar manfaatlariga xizmat qilmayotganiga e’tibor qaratdi.

Nashr muallifi Svenya Petersenning yozishicha, bundan olti yil oldin hokimiyatga kelgan prezident Shavkat Mirziyoyevning mehnat ishchilarni yomon munosabat va majburiy mehnatdan himoya qiladigan keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish va’dasi hanuz va’daligicha qolmoqda.

"Mamlakatda bir yil oldin «mustaqil» deya taqdim etilayotgan uyushma tuzilgan bo‘lsa-da, uning a’zolari ta’qiblar haqida xabar shikoyat qilmoqda. Mamlakatda ayni damda keng qamrovli mehnat huquqlaridan asar ham yo‘q". deb yozadi muallif.

U sovet davri, Karimov boshqaruvi hamda joriy vaziyatni qiyoslarkan, Karimov davrida O‘zbekistonda kasaba uyushmalari tizimi sovet davridagidan farq qilmaganini ta’kidlaydi: Kasaba uyushmalari davlat tomonidan boshqarilgan va ishchilarning emas, balki ish beruvchilarning manfaatlarini himoya qilgan. Sovet Ittifoqi davrida kasaba uyushmalari markazlashgan holda tashkil etilgan hamda ishchilarga sanatoriylar, kinoteatrlar yoki boshqa dam olish joylari uchun yo‘llanma bergan. Sovet davrida bo‘lgani kabi, Karimov davridagi kasaba uyushmalari ham ishchilarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega edi.

Ўзбекистон тарихидаги илк мустақил касаба уюшмаси фонар ëруғида тузилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00

Karimov davrida mustaqil, demokratik uyushma tuzishga izn berilmaganini aytarkan, muallif Karimov tuzumi nazorat qilib bo‘lmaydigan xalq harakatlari va hokimiyat monopoliyasiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday demokratik g‘oyalardan hadiksiraganini ta’kidlaydi.

"Bu taqiq, shuningdek, sovet davridan qolgan iqtisodiy mafkuraning davomchisi edi. «Ekstensiv iqtisodiy model» deb nomlanuvchi ushbu qarashga ko‘ra, ishlab chiqarish ko‘lami faqat mehnat kabi xarajatlarga bog‘liqdir. Mazkur modelda ishchi kuchi iloji boricha ko‘proq bo‘lishi kerak hamda ishchilar maksimal qobiliyatlari bilan ishlashlari kerak. Sodda qilib aytganda, bu g‘oya insonni ekspluatatsiya qilishga zamin yaratadi. «Ekstensiv iqtisodiy model» iqtisodiy o‘sish innovatsiya, investitsiya va sifatli ta’lim bilan bog‘liq, deb hisoblaydigan «intensiv iqtisodiy» modelning teskarisidir".

Eurasianet muallifining fikricha, aynan shu mafkura va mustaqil kasaba uyushmalarining yo‘qligi tufayli O‘zbekiston jahondagi bolalar mehnati va majburiy mehnat eng keng tarqalgan mamlakatlarning biriga aylandi, ayniqsa, mamlakat iqtisodining eng yirik tarmoqlaridan biri bo‘lgan paxtachilik sohasida. 2011-yilda AQShda boshlangan Cotton Campaign («Paxta kompaniyasi») doirasida yuzlab shirkat o‘zbek paxtasini sotib olish va qayta ishlashni boykot qildi. O‘zbekiston paxtasi boykoti Karimov vafotigacha davom etdi.

Muallif Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelganidan bir necha hafta o‘tib uch yoki undan ortiq ishchiga o‘z kasaba uyushmasini tuzishga ruxsat berish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini eslatadi.

2020-yilda prezident uyushmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalarini soddalashtirish, kasaba uyushmalariga mehnat sharoitlarini tekshirishga ruxsat berish va ishlab chiqarish kvotalarini bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolab, kasaba uyushmalari huquqlarini yanada kengaytirdi va "butun dunyoga "yangi O‘zbekistonda" hammasi boshqacha bo‘lishi"ni aytdi.

Ammo shundan keyin yuz bergan jarayonlar, muallif nazarida unchalik ham umidbaxsh emas.

Ozodlik 2021-yil mart oyida Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritib kelgan Indorama Agro O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasida og‘ir mehnat sharoiti va ish haqlarining kamligidan norozi bo‘lgan ishchilar O‘zbekistondagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi – "Xalq birligi" uyushmasi tuzgani haqida xabar bergan.

Uyushma asoschilaridan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Eurasianet ga aytishicha, ularni Mirziyoyevning mehnat bozoridagi islohotlaridan xabardor mahalliy huquqshunos rag‘batlantirgan. Bir necha oy ichida «Xalq birligi» uyushmasiga 700 dan ortiq odam a’zo bo‘lgan.

Ammo ushbu tashabbusga a’zo bo‘lganlar tez orada tazyiqlarga duch kela boshlagan.

Kasaba uyushma tashkil etilganidan bir kun o‘tib, uyushma a’zolari ularga mahalliy hokimiyat, politsiya va kompaniya boshliqlari qo‘ng‘iroq qilib, tahdid sola boshlaganidan shikoyat qilishgan. Uyushma hammuassisining so‘zlariga ko‘ra, tuzuk yig‘in tashkil etishning iloji bo‘lmagan, chunki birdan yig‘inlar uchun bo‘sh joy bo‘sh qolmagan. Uyushma a’zolari kafega ko‘chib o‘tishganida, sirli ravishda elektr ta’minotida uzilish sodir bo‘lgan.

«Xalq birligi» misoli qonunchilik bazasi ko‘p holatlarda qonunligicha qolishini, amalda vaziyat o‘zgarmasligini ko‘rsatadi. Bunday holatlar hokimiyat markazidan olisdagi hududlarda, feodal tuzum o‘nlab yillar davomida o‘rnashib qolgan joylarda ayniqsa ko‘p kuzatiladi. Eurasia.net muallifining xulosa qilishicha, yuqoridagi holatlardan Mirziyoyev qonuni uyushmalar a’zolarini tazyiq va qo‘rqitishlardan himoya qilmagani ayon bo‘ladi.

Qarorgohi Berlinda joylashgan Uzbek Forum for Human Rights («Inson huquqlari o‘zbek forumi») tashkilotiga ko‘ra, «Xalq birligi» tezkorlik bilan mustaqillik yillarida barcha kasaba uyushmalari faoliyatini qo‘lga olgan organ – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi (FTUU) nazoratiga o‘tkazilgan. Joriy yilning yozida Mirziyoyevga yaqin bo‘lgan bir necha yuqori lavozimli amaldor davlat lavozimlarini tark etib, FTUU rahbariyatiga o‘tdi. Maqola muallifiga ko‘ra, bu holat davlat va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi chigallikdan dalolat beradi.

"Suhbatimizdan bir necha kun o‘tib, - deb yozadi Petersen,- "Xalq birligi" uyushmasining yana bir a’zosi men bilan aloqaga chiqdi va Indorama Agro ko‘plab xodimning maoshini ushlab qolganini ko‘rsatuvchi hujjatlarni ulashdi. Hujjatlarda e’tirof etilishicha, ko‘pchilik ishchi ogohlantirilmasdan ishdan bo‘shatilgan.

Indorama Agro Eurasianet nashriga elektron pochta orqali yozgan maktubida shirkat maosh to‘lovlarini "tasodifan to‘xtatmasligi" va "faol" xodimlar maoshlari ushlab qolinmagani aytilgan.

Ammo bu muammolarga qaramasdan xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQSh O‘zbekiston hukumatini rag‘batlantirish orqali islohotlarga undashga harakat qilmoqda.

Eurasianet nashri joriy yil boshida 2022-yil boshida Cotton Campaign O‘zbekistonga nisbatan boykotini bekor qilgani va o‘tgan oy AQSh Mehnat departamenti «mahalliy paxta korxonalarining xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish salohiyatini oshirish hamda mehnat qonunchiligiga rioya qilishning samarali tizimlarini joriy etish» uchun 2 million dollar ajratganiga e’tibor qaratgan.

Muallifning yozishicha, cheklovlarni yumshatish va kapitaldan foydalanish imkonini yaratish orqali yuqorida tilga olingan G‘arb guruhlari O‘zbekiston hukumatini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirayotganliklariga ishonadilar.

"Xalqaro maqtov Toshkentni islohotlarni davom ettirishga chorlaydi. Ammo «Xalq birligi» ishi islohotlarni amalga oshirish qonun qabul qilishdan qiyinroq ekanligini eslatib turadi", deb yozadi Eurasianet nashrida e’lon qilingan maqola muallifi.

XS
SM
MD
LG