Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:45

O‘zbekiston: "Prezidentni haqorat qilgani uchun" qamalganlar soni oshmoqda


Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident Islom Karimovdan farqli o‘zini so‘z erkinligi himoyachisi sifatida ko‘rsatib keladi.
Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident Islom Karimovdan farqli o‘zini so‘z erkinligi himoyachisi sifatida ko‘rsatib keladi.

Shu yil boshida 24 yoshli Sitora Bozorova ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev “sulolasi”ni “yoqib yuborish”ga chaqirgan postlari uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mirziyoyevning qizi va uning bosh yordamchisi Saida Mirziyoyeva haqida nomaqbul gaplar aytganlikda ayblangan Bozorova yana davlat rahbarini haqorat qilgani uchun qamalganlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Bu Jinoyat kodeksiga 2021-yilda kiritilgan yangi modda asosida amalga oshirilmoqda.

2016-yilda prezident bo‘lganidan keyin Mirziyoyev o‘zidan avvalgi Islom Karimovdan farqli o‘laroq o‘zini so‘z erkinligi himoyachisi sifatida ko‘rsatdi. Bu mamlakatda ham, chet elda ham hayajon bilan kutib olindi. Hozir ko‘rinib turibdiki, bu ham o‘tmishda qoldi va Mirziyoyev sha’nini himoya qilish uchun kiritilgan modda repressiyalarni kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

ДХХ ни танқид қилган блогер Қозоғистонда ҳибсга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:34 0:00

To‘g‘ri turmaga

Jinoyat kodeksiga ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda prezidentni omma oldida haqorat qilganlik yoki tuhmat qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi 158-modda 3-qismining qo‘shilgani O‘zbekiston rasmiylari tomonidan mamlakatda o‘zgacha fikrni bostirishga urinishning bir qismidir.

Bunday vositalarni qo‘llash keng tarqalgan.

Oliy sud ma’lumotlariga tayanib, shu oyda xususiy UzNews internet nashri xabar qilishicha, so‘nggi 12 oy ichida kamida 10 kishi prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan.

Nashr xabariga ko‘ra, gap turli xil jazolarga: axloq tuzatish ishlaridan tortib, ushbu jinoyat uchun eng ko‘p muddat – besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar haqida ketmoqda.

Aksariyat hollarda hukmlar onlayn postlar yoki sharhlarga asoslangan bo‘lib, huquqbuzarlarning hech biri o‘quvchisi ko‘p blogerlar emas.

Qarorgohi Parijda joylashgan Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi raisi Nadejda Atayevaning aytishicha, u Bryusselda joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda fuqarolar erkinligi holati to‘g‘risida hisobot e’lon qilmoqchi.

Atayeva “Ozodlik” bilan suhbatda hozirda O‘zbekiston qonunchiligida u yoki bu tarzda so‘z erkinligi bilan bog‘liq 30 ga yaqin modda borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 158-modda 3-qismiga binoan ozodlikdan mahrum qilinganlarning aksariyati ilgari sudlanmagan.

“Ko‘plab boshqa mamlakatlarda so‘z bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida gap ketganda, huquq-tartibot idoralarining birinchi munosabati ogohlantirish bo‘ladi, – deydi Atayeva. – O‘zbekistonda hech qanday ogohlantirish yo‘q, darhol qamoq”.

Shu paytgacha afv so‘rab qilingan murojaatlar ham e’tiborsiz qolmoqda.

“Qizim prezidentni haqorat qilishini tasavvur qila olmayman”, dedi Bozorovaning onasi Saodat Qurbonova “Ozodlik” radiosi bilan suhbatda prezidentga iltijo qilishdan oldin: “Prezident, iltimos, qizim turmushga chiqsin. Uning qandaydir bezoridek umrini qamoqda o‘tkazishini istamayman. Uning juda ko‘p umidlari va orzulari bor edi. Murojaatlarimni inobatga olib, qizim oqlanib, uyimizga qaytishiga yordam berishingizni so‘rayman”.

Prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingan eng yosh fuqaro 2023-yil oktyabr oyida ikki yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan 19 yoshli samarqandlik yigit edi.

“Ozodlik” radiosi ko‘rib chiqqan sud qarori nusxasida Dilshod Iskandarov Instagram'da prezident oilasi haqidagi video ostida Mirziyoyevlarning hozirgi va kelajak avlodlarini la’natlagan izoh qoldirgani aytiladi.

O‘shanda Rossiyada bo‘lgan Iskandarov do‘stlari maslahati bilan izohni o‘chirib tashlagan va sudda pushaymon ekanligini aytgan, biroq aybiga iqror bo‘lgani uni qamoq jazosidan qutqara olmadi.

Отабек Умаровнинг нархи $2 млн бўлган соати муҳокама қилинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:47 0:00

O‘zbekcha "akvarium"dagi hayot

2019-yilda, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan uch yil o‘tib, Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti O‘zbekistondagi matbuot erkinligi tavsifini “juda jiddiy”dan “murakkab”ga o‘zgartirgan edi.

Tashkilotning yillik Jahon matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston birinchi marta matbuot huquqlarini poymol qilishda yetakchilik qilgan Xitoy, Eron va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar qatorida “quyuq qizil zona”ga kiritilmagan edi.

Buning o‘rniga O‘zbekiston Kolumbiya, Marokash, Indoneziya va Qozog‘iston safidan o‘rin olgandi.

Ushbu yutuqdan besh yil o‘tib, O‘zbekiston yana qizil zonaga tushib, 180 mamlakat ichida 148-o‘rinni egalladi, bu o‘tgan yilgi reytingdan 11 pog‘ona pastdir.

“Veb-saytlar va blogerlarga kuchli bosim bor. Materiallar muntazam ravishda olib tashlanadi. Senzura, o‘z-o‘zini senzuralash. Hamkasblar jurnalistikani tark etmoqda yoki ketishni rejalashtirmoqda”, deb yozdi jurnalist Shuhrat Latipov Telegram'dagi kanalida O‘zbekiston “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining har yili 3-may, Jahon matbuot erkinligi kunida e’lon qiladigan indeksdagi o‘rnini yo‘qotganiga munosabat bildirib.

Prezidentni haqorat qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilish holatlari Mirziyoyevning birinchi prezidentlik muddati tugashiga yaqin boshlangan va so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan fuqaro jurnalistlarning yangi avlodini nishonga olmoqda.

Bunday ayblovlar bilan qamoqqa tashlangan birinchi o‘zbeklardan biri termizlik videobloger Otabek Sattoriy bo‘lib, mahalliy amaldorlarni korrupsiya va noto‘g‘ri boshqaruvda ayovsiz tanqid qilgan edi.

U Mirziyoyevni haqorat qilish u yoqda tursin, balki prezidentni o‘zining ilhom manbai deb hisoblagan, chunki prezident avval-boshda blogerlarni amaldorlar orasidagi “kamchiliklarni fosh qilishga” chaqirgan, shu bilan birga ularni “qo‘llab-quvvatlashga” va’da bergandi.

Biroq 2021-yil may oyida Sattoriy tovlamachilik va tuhmatda ayblanib, olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu yil fevral oyida u muddatidan oldin ozodlikka chiqdi. Ozodlikka chiqqan Sattoriy jazo muddatining qolgan qismi uchun daromadining 20 foizini davlatga to‘lashi kerak.

Sattoriy hukmidan so‘ng O‘zbekistonda blogerlarni tovlamachilikda ayblab jinoiy javobgarlikka tortish odatiy holga aylangan.

Блогерлар “ови” давом этмоқда
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:14 0:00

Berlinda joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston forumi direktori Umida Niyozova o‘tgan yili “Ozodlik” bilan suhbatda bu taktika ishni odatiy jinoyatlarga o‘xshatish uchun qilinishini aytgan edi.

“Ikkinchidan, tovlamachilik ayblovlarini to‘qib chiqarish oson. Ashyoviy dalil keltirishning hojati yo‘q – kimdir bloger pul undirib olgani haqida politsiyaga ariza yozishi kifoya”, deydi Niyozova.

Blogerlarga qo‘yilgan yana bir ayblov, jamoat xafvsizligi va "konstitutsiyaviy tuzum"ga tahdid. Bu Karimov davrida ham prokurorlar va sudlar tomonidan qo‘llangan ayblovdir.

2022-yil boshida ushbu ayblovlar bilan yetti yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘tgan yil dekabrida qamoqdan chiqqan edi. U shartli ravishda ozod qilindi.

Ammo o‘sha oyda Farg‘ona vodiysidagi Qo‘qon shahridan mashhur bloger Olimjon Haydarov tovlamachilik va tuhmatda ayblanib, sakkiz yilga qamalgan edi.

Ushbu qattiq hukmlar tanqidiy ovozlarni o‘chirish uchun kerakli ta’sirga ega.

O‘zbekiston bosma va radioeshittirishdagi hamkasblari singari, blogerlar ham ko‘pincha hukumatning aniq aralashuvi bilan taslim bo‘lishadi.

O‘tgan yili “Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekiston janubidagi bir mintaqada o‘n minglab o‘quvchisi bor oltita Telegram kanal hukumat bosimi ostida yopilganidan so‘ng ogohlantirgan edi.

Shu bilan birga, hukumatparast blogerlar axborot maydonida o‘z ta’sirini kengaytirib, huquq himoyachisi Atayevaga ko‘ra, “glamur turmush tarzi obrazi” orqali ommaviy auditoriyani shakllantirmoqda.

Uning aytishicha, bularning barchasi Mirziyoyev rejimi qimmatli qayta muloqot mexanizmini yo‘qotayotganini anglatadi.

“O‘zbekiston yana akvariumga aylanib bormoqda, u yerdagi suv buzilyapti, lekin fuqarolarga gapirgani qo‘yishmaydi. Ular shunchaki jimgina suzishi kerak bo‘lgan baliqlar”, deydi Atayeva.

XS
SM
MD
LG