Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:49

"O‘zbekiston 30 yildan beri bir joyda depsinib turibdi". JSTga a’zolik sari uzoq yo‘l


Prezident Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan. Toshkent, 5-iyun, 2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan. Toshkent, 5-iyun, 2024

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi va ayni paytda uning yordamchisi Saida Mirziyoyeva Toshkentda shu oy boshida Jahon savdo tashkiloti (JST) ko‘magida tashkillashtirilgan anjumanning o‘zbek tomonidan asosiy spikeri edi.

Anjumandagi chiqishida u otasi boshlagan islohotlarni himoya qildi, ammo mamlakatdagi korrupsiya va qonun ustuvorligi bilan bog‘liq muammolar haqida lom-mim demadi.

“Maqsad faqat O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishigina emas. Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan mashaqqatli, ammo juda muhim islohotlar, birinchi navbatda, iqtisodiyotimizni barqarorlashtirish, xalqimiz turmushini yaxshilashga qaratilgan”, dedi Mirziyoyeva o‘z nutqida.

Prezident Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi bunga qadar mamlakatning JSTga a’zolik borasida bosh muzokarachisi bo‘lgani ma’lum emas.

Unga qadar muzokarachilar ko‘p bo‘lgan. Muzokaralar ham. O‘zbekiston JST bilan tashkilotning butun tarixi davomida eng uzoq muzokara olib borgan davlat. Bu yil muzokaralar boshlanganiga 30 yil to‘ladi. Bundan oldingi rekord Rossiyaga tegishli edi - Rossiya 18 yil davom etgan muzokaralar so‘nggida tashkilotga qo‘shilgan.

“Камбағаллар учун ёнилғи”: Ўзбекистон ва Қозоғистонда газ ва бензин нархлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:50 0:00

Birinchi prezident Islom Karimov davrida JST bilan to‘xtab qolgan muzokaralar 2016-yilda Mirziyoyev hokimiyatga kelgach jonlandi. Ammo a’zolik borasida Toshkent o‘z oldiga qo‘ygan mo‘ljallar bir necha marta o‘zgardi.

Endilikda O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni o‘zining rivojlanish strategiyasida ustuvor yo‘nalish qilib belgilaganini aytmoqda.

Prezident Mirziyoyev JST rahbari bilan Toshkentdagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tez fursatda tashkilotga a’zo bo‘lishi muhimligini ta’kidlagan.

Jahon savdo tashkiloti a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanuvchi yagona global xalqaro tashkilot hisoblanadi.

JSTga a’zolik raqobatbardoshlik va savdo hajmini oshirishga ko‘maklashadi.

A’zolik sari uzoq va og‘riqli yo‘l

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 30 yildan beri muzokaralar olib bormoqda.

Bu mintaqa va jahon davlatlari orasida eng uzoq cho‘zilgan muzokaralardan biridir.

Taqqoslash uchun - Tojikiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 9 yil, Qozog‘iston 10 yil kutdi.

Qirg‘izistonga esa tashkilotga qo‘shilish uchun atigi 2 yil kerak bo‘ldi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun arizani 1994-yilda topshirgan. Biroq, o‘sha paytda valyuta konvertatsiyasining cheklanganligi va davlatning iqtisodiyotga haddan ziyod aralashuvi kabi muammolar sabab muzokaralar barbod bo‘ldi.

2005-yil Andijondagi qonli voqealar ortidan muzokaralar jarayoni butkul to‘xtab qoldi.

Ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonning a’zolik muzokaralari uzoq cho‘zilishiga marhum prezident Karimov davrida siyosiy irodaning yetishmagani sabab bo‘lgan.

Karimov sovet uslubidagi markazlashgan iqtisodiyotni saqlab qoldi va barcha sohalarda bo‘lgani kabi iqtisodiyotni ham ma’muriy-buyruqbozlik tizimi asosida boshqarib keldi.

Karimovdan meros qolgan ijtimoiy-iqtisodiy soha davlat ishtirokining kattaligi, shaffoflik va erkinlikning yetishmasligi bilan xarakterlanadi.

Фарғоналик куёвлар: Мирзиёев қудалари қандай бойиди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:46 0:00

JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekiston ichki bozorni erkinlashtirishi, milliy qonunchilikni tashkilot me’zonlariga uyg‘unlashtirishi kabi masalalardan tortib monopoliyalarni cheklash kabi ko‘plab talablarni bajarishi kerak bo‘ladi.

Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha yuridik ekspert Umida Haqnazarning aytishicha, O‘zbekistonda hali ham monopoliyalar yoki bozor munosabatlariga asoslanmagan iqtisod mavjud.

"Raqobatga asoslangan muhitni yaratishda muammolar hali ham bor, bu bo‘yicha ancha ish qilish kerak bo‘ladi”, deydi ekspert.

Ostonadagi Yevrosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi Saparboy Jubayevning aytishicha, Jahon savdo tashkiloti "avtoritar davlatlarni yoqtirmaydi".

"Avtoritar rejimlar o‘zlarining ichki bozorlarini himoya qilish, o‘zlariga yaqin oligarxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun istagan payt chegaralarni yopib qo‘yishlari, tovarlarning erkin harakatlanishiga cheklov o‘rnatishlari mumkin. Buni JST juda yaxshi biladi. Rossiya va Qozog‘iston bilan muzokaralarning uzoq davom etgani sababi ham shu", deydi iqtisodchi.

JSTga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi bitimlar har bir a’zo davlat bilan alohida muhokama qilinadi, ammo barchasi ochiq, adolatli va shaffof siyosatga asoslangan liberal savdo tizimini yaratish talablarini o‘z ichiga oladi.

Hozirda Shveytsariyada yashayotgan sobiq diplomat Alisher Taksanovning Ozodlikka aytishicha, bunday talablar O‘zbekistonning sobiq rahbari Islom Karimovga unchalik yoqmagan, uning rejimi O‘zbekistonda iqtisodiy va siyosiy faoliyatning barcha jabhalarini qattiq nazorat qilib kelgan.

“O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini himoyalash uchun yuqori tariflarni joriy qilgan, mamlakat iqtisodi butkul davlatning qattiq nazorati ostida edi. O‘sha paytda Jahon savdo tashkiloti byurokratik va ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash, iqtisodni liberallashtirish, davlat aralashuvini kamaytirish kabi talablarni qo‘ydi. Karimov sobiq "Gosplan" (sobiq SSSR Davlat rejalash qo‘mitasi-tahr.) rahbari sifatida bu talablarni bajarishni istamadi, sovetcha uslubda boshqarishda davom etdi”, deydi sobiq diplomat.

2016-yilda Karimov o‘limi ortidan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev hukumati iqtisodiyotni liberallashtirish sari qadamlar qo‘ydi.

Ichki bozordagi valyuta cheklovlari olib tashlandi, eksport qiluvchilar uchun to‘siqlar yumshatildi, qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochildi.

Ekspertlarga ko‘ra, endilikda Mirziyoyev hukumati JSTga a’zo bo‘lish kabi katta qadamlarni tashlashga tayyor ko‘rinadi. Alisher Taksanovga ko‘ra, bu - iqtisodiy zarurat.

“Vaziyat shuni taqozo qilmoqda. O‘zbekiston 30 yildan beri bir joyda depsinib turibdi, rivojlanish yo‘q. Rivojlanish uchun esa dunyoga ochilish kerak”, deydi Taksanov.

Shu yilning 3-iyun kuni prezident Mirziyoyev O‘zbekiston savdo qoidalarini JST standartlariga yaqinlashtirishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.

Shuningdek, mamlakat Raqamli texnologiyalar vazirligiga 1-oktyabrga qadar aloqa operatorlari va internet-provayderlariga xalqaro internet tarmoqlariga ulanish imkonini beradigan tartiblarni ishlab chiqish topshirildi.

Ekspertlarga ko‘ra, Internet tarmog‘iga ulanishni erkinlashtirish JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarda ko‘tarilayotgan asosiy talablardan biri.

Farmon 1-yanvarga qadar “davlat xaridlari sohasida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash”ni nazarda tutadi. Hujjatda shuningdek, 2024-yil oxirigacha “respublikadagi amaldagi bojxona to‘lovlari, yig‘imlari va xarajatlarini JST tablariga muvofiqlashtirish” bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar belgilangan.

Озодлик суриштируви: Миллиардлаб долларлик COVID бизнеси ҳам Мирзиëев учун Шоввозсойни қурган олигархларга тегди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:04 0:00

Mirziyoyev O‘zbekistonning islohotlar jarayoniga sodiqligini ko‘rsatish uchun har oy farmonda keltirilgan qoidalar ijrosi yuzasidan hisobot berib borish uchun Idoralararo ishchi guruh tuzishni buyurdi.

Lekin, talablar faqat shulargina emas.

O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tgani yo‘q va iqtisodiyotning muhim qismi hamon markazlashgan davlat muassasalari tomonidan nazorat qilinadi.

Umida Haqnazarning aytishicha, JSTga a’zolik yo‘lida eng asosiy muammo iqtisodiyotdagi davlat ulushi, davlat aralashuvini kamaytirish masalasidir.

“Raqobat qancha kuchli bo‘lsa, iqtisod shuncha ko‘p rivojlanadi va davlat g‘aznasiga shuncha ko‘p pul tushadi. Davlat regulyator bo‘lishi kerak, operator emas”, deydi ekspert.

Yana bir muammo - subsidiyalar. O‘zbekiston hukumati aholi tomonidan monopoliyachi sifatida tanqid qilinadigan nazorat paketi davlatga tegishli bo‘lgan yirik korxonalarga milliardlab subsidiyalar ajratib keladi. Bu esa JST qoidalariga ziddir.

Tahlilchilar o‘tgan hafta uzoq kutilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning qariyb bir yil kechikib prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolanishi ham JSTga a’zolik yo‘lidagi qadam ekanini aytishmoqda.

JST qoidalari barcha mahalliy va xorijiy korxonalar uchun teng sharoit yaratilishini nazarda tutadi.

“JSTda kamsituvchi me’yorlar taqiqlangan. Hammaga bir xil imtiyoz berilishi kerak. Bu eksportga maxsulot chiqaradi, deb davlat subsidiyalar berishi mumkin emas. Yo hammaga berilishi yo berilmasligi kerak”, deydi Umida Haqnazar.

O‘zbekistonga xorijiy tovarlarni olib kirishda o‘ta yuqori soliq stavkalari qo‘llaniladi. UzAutoMotors monopoliyasi bunga tipik misol. O‘zbekistonliklar chetdan mashina olib kirish uchun ikki baravardan ortiq boj va soliq to‘lashga majbur.

Nafaqat mashinalar.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Marina Kozlova monopoliya ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalariga kirib ulgurganini ta’kidlaydi.

“Oddiy konserva maxsulotlari qo‘shni davlatlarga qaraganda bizda ancha qimmat. Yevropadagi tanishlarim bilan gaplashaman, kiyim-kechak, oziq-ovqat ularda arzon. Nima uchun? Sababi tariflar. Agar O‘zbekiston JSTga qo‘shilsa, do‘konlarda xilma-xillik ko‘payadi. Nafaqat Qozog‘iston yoki Rossiya, balki Yevropa maxsulotlari ko‘payadi va o‘z o‘zidan narx tushadi”, deydi jurnalist.

Сўров: Нарх-наво сизга қандай таъсир қилмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:56 0:00

JSTga a’zolik O‘zbekistonga nima beradi?

Mirziyoyev hukumati tashkilotga a’zolik O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va mamlakat iqtisodiyotini xorijiy investorlar uchun jozibador qiladi, degan ishonchda.

AQSH Savdo vakili Ketrin Tay o‘tgan hafta Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida Vashington O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va GSP tizimi doirasida savdo imtiyozlari berishni qayta tiklash niyatini tasdiqladi.

Aksar mahalliy mutaxassislarga ko‘ra, sanoati rivojlanmagan va asosan xomashyo eksportiga tayanuvchi O‘zbekistonning JST a’zoligiga qabul qilinishi bu mamlakat uchun katta foyda keltiradi.

JSTga a’zo bo‘lish bilan bog‘liq tashqi savdoni liberallashtirish real yalpi ichki mahsulotning o‘sishiga, O‘zbekiston aholisi farovonligiga va narx-navoning pasayishiga olib keladi.

Hozirda mamlakat uchta savdo rejimida ishlamoqda. O‘zbekiston MDHning o‘nta davlati bilan erkin savdo bitimlari tuzgan. Shuningdek, mamlakat 47 ta hamkor, jumladan, Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat, Xitoy, AQSH va Turkiya bilan ikki tomonlama shartnomalarga ega.

Boshqa barcha davlatlar bilan savdo qilish uchun O‘zbekiston to‘liq tarifni qo‘llaydi.

O‘zbekiston 1994-yilda Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun ariza bergan. Hozirda mamlakat uning ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

XS
SM
MD
LG