Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:41

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi: Rasmiy Bishkek qaysi bahsli hududlar Qirg‘izistonga o‘tganini ochiqladi


Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga o‘tkazilishiga qarshi 2021-yilning 19-aprelida o‘tkazilgan miting paytida olingan surat.
Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga o‘tkazilishiga qarshi 2021-yilning 19-aprelida o‘tkazilgan miting paytida olingan surat.

10-oktabr kuni Qirg‘iziston parlamentining Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev "O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tgan" bahsli hududlar masalasida axborot berdi.

Shundan so‘ng parlament qo‘mitasi Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasi, jumladan, Kampirobod suv ombori bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv loyihasini ma’qulladi.

Endi hujjat har ikki davlat prezidentlari tomonidan imzolanishi, keyin esa Jogorku Kenesh tomonidan ratifikatsiya qilinishi lozim.

Qirg‘iz parlamentining xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya bo‘yicha qo‘mitasining yopiq majlisida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev chegara muzokaralari natijasida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tadigan yerlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bular quyidagi hududlardir:

G‘avasoy (Olabuqa tumani) 12 849 gektar,

Ko‘kserek (Olabuqa tumani) 105 gektar,

Bayastan (Olabuqa tumani) 212 gektar

Unkurtog‘ (Axsi tumani) 35 gektar,

Kara-Beles (Olabuqa tumani) 25 gektar,

Oqtosh ( Qorasuv tumani) 100 gektar,

Kampirobod suv ombori joylashgan Sharxonsoy kanalining boshlanishidagi 19,5 gektar yerni tomonlar bir birlari bilan almashdi.

O‘zgan va Suzoq tumanlarida 1000 gektar.

Tashiyev yig‘ilishning jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qismida mana shu ma’lumotlarni oshkor etish bilan cheklandi. Bu holatda ham jurnalistlar, blogerlar va faollardan yig‘ilish zaliga kirishdan oldin telefonlari olib qo‘yildi, ularning video va ovoz yozishlari taqiqlandi.

Qamchibek Tashiyev bunday taqiqni chegaraga oid maxfiy ma’lumotlar oshkor etilishi, bu boradagi hujjatlar ikki davlat prezidentlari imzolaganidan keyingina oshkor etilishi mumkinligi bilan izohladi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining yozishicha, Qamchibek Tashiyev taqdim etgan bu raqamlar yakuniy va aniq deb bo‘lmaydi. Chunki ayrim hududlar bo‘yicha yig‘ilishda turli raqamlar aytildi va ular o‘rtasida 50 gektargacha farq borligi sezildi.

Prezident Sadir Japarov 9-oktabr kuni “Kabar” agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston bilan muzokaralar natijasida bahsli hududlarning 98 foizi Qirg‘izistonga o‘tganini bildirgan edi.

Tashiyev jamoatchilik uchun oshkor etgan ma’lumotlardan so‘ng yig‘ilish yopiq eshiklar ortida davom etdi. Unda O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha so‘nggi kelishuv loyihasi ovozga qo‘yildi.

Deputatlar Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasi, jumladan, Kampirobod suv ombori bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Qo‘mita raisi, deputat Chingiz Aydarbekov yig‘ilishdan so‘ng jurnalistlarga o‘zi qarshi ovoz berganini aytdi:

Chingiz Aydarbekov
Chingiz Aydarbekov

"Men bu masala bo‘yicha bir necha bor fikr bildirib, qog‘oz va hujjatlarni ko‘rmagunimcha rozilik bera olmasligimni aytganman. Shuning uchun men qarshi ovoz berdim”.

Aydarbekovning aytishicha, delimitatsiyaga oid hujjatlar faqat muhokama kuni, ya’ni 10- oktabrda deputatlarga taqdim etilgan. Biroq mazkur hujjatlar asosida tuzilgan chegaraga oid ikki tomonlama bayonnoma taqdim etilmagan.

Aydarbekovga ko‘ra, Qamchibek Tashiyev bu holatni “hujjatlarning aksariyati maxfiy va ular ratifikatsiyaga olib kelinganida oshkor etiladi”, - deb izohladi.

Tashiyev kelishuv loyihasiga asosan, Qirg‘iziston xaritasi 15 806 gektargacha kengaytirilishini aytdi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston 1965-yilda Kampirobod qurila boshlaganida O‘zbekistondan Olabuqa (1307 ga), Aqsi (571 ga), Novken (1088 ga), Aravon (148 ga) va Qadamjoy (1013 ga) tumanlariga 4127 gektar yer olganini, ularni qo‘shiganda jami 19 699 gektar yer Qirg‘izistonga o‘tayotganini bildirdi.

Qirg‘izistonning sobiq Favqulodda vaziyatlar vaziri Mambetjunus Abilov yig‘ilishdan so‘ng Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida boshqacharoq ma’lumotlarni aytdi:

Mambetjunus Abilov
Mambetjunus Abilov

"Bizga beriladi deyilgan yerlar avvallari Qirg‘izistonniki bo‘lgan. G‘avosoydagi o‘sha 12 ming gektar qirg‘izlarga tegishli edi. O‘z davrida tuman miqyosidagi qaror bilan O‘zbekistonga o‘tib qolgan. Vaqtincha foydalanishga berilgan yerlar bo‘lgan. Hozir qo‘shni davlat bizning yerlar bilan savdo qilyapti. Ularning har biri turli tarixga ega. Kampirobodni alohida ko‘rish kerak edi. Bundan tashqari Kampirobod hozirgi kunda Qirg‘iziston uchun juda muhim edi. Hozir O‘zbekiston suv boshi bo‘lib qolyapti. Suvning narxi kundan kunga oshib bormoqda. Odamlar soni ko‘paygan sari narxi ham oshib bormoqda”.

Qamchibek Tashiyevning yig‘ilishda aytishicha, Kampirobod suv ombori joylashgan 4485 gektar yer O‘zbekistonga o‘tadigan bo‘ldi. Qo‘shni davlat suv saqlaydigan to‘g‘onga ham egalik qiladi.

Tashiyevga ko‘ra, Kampiroboddagi suv zaxirasidan foydalanishni nazorat qilib turuvchi sakkiz kishidan iborat qirg‘iz-o‘zbek qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. U, shuningdek, suv sathi 908 dan 900 garizontga tushirilishida 1246 gektar yerni bo‘shashi, uni mahalliy aholi foydalanishi mumkin ekanini qo‘shimcha qildi.

Maxsus xizmat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston suv ombori atrofida hech qanday qurilish ishlari olib bormaslik va uning atrofini to‘smaslik majburiyatini olgan.

O‘zbekiston tomoni shu kungacha Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyevning chegaraga oid bayonotlariga o‘z munosabatini rasman bildirmadi.

XS
SM
MD
LG