Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:59

Nogiron va nochor. Jahon banki O‘zbekistondagi nogironlar statistikasini savol ostiga oldi


Jahon banki O‘zbekistondagi nogironlarning rasmiy statistikasini savol ostiga oldi. Bank mutaxassislariga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman e’lon qilingan 2,1 foiz nogironlar mamlakatdagi jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarning haqiqiy sonini aks ettirmaydi.

Bank hisobotida aytilishicha, O‘zbekiston nogironlar statistikasi borasida istisno emas - dunyo bo‘ylab odamlarning taxminan 15 foizi nogironlikning qaysidir shakliga ega va bu raqam rasmiy ko‘rsatkichlardan yuqoriroq.

“Nogironlar nega buncha qashshoq?!”

Toshkentlik Shuhrat Maqsudov baxtsiz hodisa tufayli 11 yoshida nogiron bo‘lib qolgan - uning oyog‘ini tramvay bosib ketgan. 72 yashar nogiron Shuhrat akaning oxirgi yillarda ikkala ko‘zi ham ojiz bo‘lib qoldi.

U nogironligiga qaramasdan ToshDUning geologiya fakultetini tamomlagan va ish safari bilan geolog sifatida O‘zbekistonni bir necha marotaba kezib chiqqan. Bundan 17 yil oldin otdan yiqilgan Shuhrat akaning boshi yorilgan. Bosh miya chayqalishi, pirovardida uning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qilgan.

- Shundan keyin sog‘ligim keskin yomonlashdi. Tutqanoq tutadigan bo‘ldi, ruhiy kasalliklar paydo bo‘ldi, xotiram yo‘qoldi. Bir necha marta insult va infarkt bo‘ldim. Ilgari 600-700 ming so‘m (60-70 AQSh dollari, tahr.) atrofida olardim. Ko‘zim to‘liq ojiz bo‘lganidan keyin 400 ming qo‘shib beradigan bo‘ldi, - deydi u.

O‘zining aytishicha, hozirda u davlatdan 1 mln. 260 ming so‘m nafaqa oladi.

- Bu pul ovqatga zo‘rg‘a yetadi: 200 gramm kolbasa, shuncha pishloq, 100 gramm sariyog‘ olaman bir oyga. Asosan non-suv, makaron va guruchda ovqat qilaman. Bir marta ovqat pishirsam 2-3kun yeyman. Og‘ir ovqatdan vaznim oshib ketgan.

Shuhrat Maqsudov oldinlari oziq-ovqat yordami olib turgani, hozir bu yordamlar to‘xtab qolgani haqida gapiradi.

- Karimov davrida,hech bo‘lmasa bayramlarda bir kilo un, guruch, grechka, yog‘ berib turishardi. Hozir hech narsa yordam yo‘q, na mahalladan, na boshqa tashkilotdan! Tualetim ishlamaydi, vanna buzilgan, kvartiramni o‘zim imkon qadar tozalab, remont qilib turaman. Poliklinikalarda tekinga hech narsa bermaydi, ikki marta kovid bo‘ldim, - deydi suhbatdosh.

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi 4-mavzeda yashovchi Shuhrat Maqsudov mahalliy ijtimoiy himoya xodimlari haftasiga 1-2 marta uning puliga bozor qilib berib ketishi, bundan boshqa hech kimdan yordam kutmayotganini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, uning ikki turmushidan 3 qizi bor, ammo farzandlaridan yordam olmaydi. Bir xonali kvartirada yolg‘iz hayot kechirayotgan Shuhrat akaga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironlikni olish juda qiyin masala.

- Ko‘zim ko‘rib yurganida “Moskvich-412” mashinamda bozorlarda taksichilik qilib yurardim, lekin yeyish-ichishdan ortmasdi. O‘zbekistonda sog‘ odamlarga ish yo‘q bo‘lganida, nogironlarga qayerda ish topilsin?! Ko‘zim ojiz bo‘lganidan keyin nogironlik guruhimni to‘polon-janjallar bilan zo‘rg‘a olganman. Nogironlarning ahvolini biroz yaxshilasa bo‘ladiku - nega biz bunchalik qashshoq ahvoldamiz?..

Shuhrat Maqsudov Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan bo‘yon prezident portaliga 300 ga yaqin murojaat yo‘llaganini aytdi. U kimga arz qilishni bilmay boshi qotgani, yig‘ilib qolgan muammolarini hal qilishga ko‘maklashishni so‘rab qoldi.

Jahon banki: Nogironlar soni ko‘proq

Shuhrat Maqsudov O‘zbekistonda rasman ro‘yxatga olingan 694 ming nogironligi bor fuqarolardan biri. Ular orasida nogiron sifatida qaydga olingan 111 300 bola ham mavjud. Ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari hozirgacha O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasman e’lon qilingan jami soni aholining 2,1 foizini tashkil qilishini aytib keladi.

Ammo O‘zbekistonda tadqiqot va so‘rov olib borgan Jahon banki mutaxassislari bu raqam yuqoriroq bo‘lishini taxmin qilmoqda. O‘zbekiston hukumati keltirayotgan raqamlarni savol ostiga olgan tashkilotga ko‘ra, qariyb 35 millionga yetgan mamlakatning nogironlar soniga oid past raqamlar eskirib qolgan sovet davridan qolgan nogironlikni aniqlash uslublariga tayanadi.

Muqoyasa uchun - aholisi ikki barobar kam bo‘lgan Qozog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 674,2 ming kishini tashkil etadi.

Oxirgi yillarda Qozog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 7,5 foizga ko‘paygan bir paytda, O‘zbekiston rasmiy statistikasi nogironlar soni kamayib borayotgani to‘g‘risida hisobot berib kelmoqda.

Bank o‘z hisobotida bu sohada jiddiy tadqiqotlar va izlanishlar olib borilmagani, boshqa ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muammolar bilan bog‘liq ekanini xulosa qilgan.

"Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, aholining 3 va undan katta yoshdagi qismining qariyb 13,5 foizi nogironlikning qaysidir shakliga ega, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakllariga ega. Bundan tashqari, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, xo‘jaliklarning 45 foizida nogiron kishi yashaydi va ularning 14 foizida og‘ir kasallikka chalingan odam bor", deyiladi hisobotda.

Tadqiqotchilar nochor ahvoldagi bu odamlarning 25 foiziga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va qonun bilan belgilangan imtiyoz va yengilliklarga qaramasdan, tibbiy yordam olishda turli sun’iy to‘siqlarga duch kelayotganini aniqlagan.

Tadqiqot xulosasida nogiron bolalarning maktabgacha ta’limga bo‘lgan imkoniyati nogiron bo‘lmagan bolalarga nisbatan deyarli 20% pastroq ekani aytiladi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida 70 ming nogiron va yana 300 ming keksa odam borligiga qaramay, binolar va ijtimoiy infratuzilmalarning 85 foizi, ular foydalanishi uchun moslashtirilmagan.

Shuningdek, nogironlarning ish topish imkoniyati nogironligi bo‘lmaganlarga nisbatan taqriban to‘rt baravar kamligi qayd etilgan.

“Tizim o‘zgarmaguncha, kichik guruhlar holati o‘zgarmaydi”

O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisining sobiq o‘rinbosari, hozirda Germaniyada yashayotgan siyosiy faol "Erkin O‘zbekiston" muxolifat harakati rahbari Hasanboy Burhonov "avtoritar rejimlar nogironlar kabi himoyasiz qatlamlar hisobiga kun ko‘rishini" aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nogironlar qashshoqligining sabablaridan bir mamlakatda avj olgan korrupsiya - ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘larning katta qismi korrupsion sxemalar yordamida o‘zlashtirilishidir.

Hasanboy Burhonov
Hasanboy Burhonov

- 2019 - yilda Mirziyoyevning Germaniyaga qilgan tashrifi paytida o‘zbekistonlik Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari mamlakatda 700 mingga yaqin nogiron borligini aytishganda, mahalliy ekspertlar buni kulgiga oldi. Men shunda savol bergandim: “Sizlarning gaplaringizdan O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash shunday zo‘rki, odamlar hammasi sog‘ayib ketganmi yoki odamlar nogironlikni ololmasdan o‘lib ketyaptimi? Qaysi biriga ishonaylik? Chunki dunyoda nogironlar soni aholining 10-15 foizini tashkil etadi”, deb bergan savolimga javob ololmaganman.

Burhonovning fikricha, O‘zbekistondagi nogironlar muammolari faqat o‘sha soha emas, davlat tizimidagi korrupsiyaga bog‘liq.

"Tizim o‘zgarmaguncha, kichik guruhlar holati o‘zgarmaydi, - deydi Hasanboy Burhonov.

Fransiyadagi “Markaziy Osiyoda Inson huquqlari” assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Atayevaning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda nogironlar davlat va jamiyat e’tiboridan chetga qolmoqda.

- Muammolar talaygina. Birinchidan, ularga tibbiy yordam olish juda qiyin masala va ularda tibbiy sug‘urta yo‘q, ayniqsa chekka hududlarda zarur bo‘lgan psixologik yordam yetishmaydi. Ikkinchidan, shu paytgacha mamlakatimizda kar va ko‘rlar uchun kitoblar, hatto O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari nashr etilmagan. Tergov va sud jarayonida ushbu shaxslar tegishli yuridik yordamsiz qolgani holatlari bizga ma’lum. Uchinchidan, nogironlar uchun taqdim etilgan ijtimoiy imtiyozlar qisman bajariladi, - deydi Nadejda Atayeva.

Huquq himoyachisi fikricha, mavjud sharoitda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin:

- Buning uchun ular allaqachon qabul qilingan davlat hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlaydigan jamoat tashkilotlarini tuzishga imkoniyat yaratish lozim. Ammo Adliya vazirligi 20 dan ortiq nogironligi bo‘lgan vatandoshlar ishtirokida nodavlat tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan urinishlarni rad etgani holatlari bizga ma’lum.

O‘tgan yil iyunida O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. O‘zbekiston konventsiyani 2009 - yilning 27 - fevralida imzolagan, biroq o‘tgan yilgacha uni ratifikatsiya qilmagan edi.

Konvensiya uning 12-moddasiga qo‘shimcha shart bilan ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning izoh berishicha, ushbu modda mental nogironlar huquqlarini amalga oshirish haqida bo‘lib, uni ratifikatsiya qilishning kechiktirilgani davlat nogironlarga "huquq layoqati, masalan, mustaqil ravishda sudga ariza topshirish huquqini berishga hozircha tayyor emas"ligini anglatadi.

XS
SM
MD
LG