Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:57

Mirziyoyev Xitoyda. "Bir makon, bir yo‘l" nima?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan. Pekin, 17- oktabr, 2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan. Pekin, 17- oktabr, 2023

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining o‘n yillik yubiley sammitida ishtirok etish uchun Xitoyga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Pekinda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, ikki davlat rahbarlari o‘zaro strategik sheriklikni rivojlantirish masalasini muhokama qilgan. O‘zbek tomoniga ko‘ra, prezident Mirziyoyev "yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekanini tasdiqlagan va Xitoy rahbarini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan.

“Bir makon, bir yo‘l” nima?

10 yil avval “Bir makon va yo‘l” (BMBY) tashabbusi boshlanganidan beri ba’zi davlatlar qarzga botib qolgani haqidagi tanqidlarga qaramay, Xitoy rahbari Si Szinpin ushbu tashabbusni tashqi siyosat muvaffaqiyati, muqobil rivojlanish modeli sifatida ko‘rsatishi kutilmoqda.

Uchinchi “Bir makon, bir yo‘l” forumi 17-oktabrda boshlanadi va unda butun dunyodan vakillar ishtirok etadi.

“Bu Si Szinpinning birinchi yirik tashqi siyosiy tashabbusining 10 yilligidir”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Singapurdagi S.Rajaratnam xalqaro tadqiqotlar maktabi katta ilmiy xodimi Raffaello Pantuchchi.- "Har kim asosan individual loyihalarga e’tibor qaratadi, lekin bu tashabbus Xitoyning dunyo bilan qanday aloqada bo‘lish borasidagi qarashlarini ifodalaydi va Pekin bu g‘oyani nishonlashni istaydi."

Si Szinpin Xitoy rahbari bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, rasman 2013- yilda uning Qozog‘iston va Indoneziyadagi chiqishidan so‘ng boshlangan ushbu tashabbus doirasida portlar, elektr stansiyalari, temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari va boshqa infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, o‘nlab mamlakatlarga yuzlab milliard dollar sarmoya kiritish ko‘zda tutilgan edi. Shunday bo‘ldi ham.

2019-yildan beri ilk marta o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” forumi oldidan Xitoy hukumati barqaror rivojlanish modeli sifatida ushbu dastur yutuqlarini maqtab, uni G‘arbga muqobil yo‘l sifatida ko‘rsatmoqda. Xitoy tashqi ishlar vazirligining Xalqaro Iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktori Li Kesin 10-oktabr kuni jurnalistlarga BMBY tashabbusi "eskicha geosiyosiy o‘yinlardan ustun turishi va xalqaro hamkorlik uchun yangi paradigma yaratishini" aytdi.

Ko‘plab ekspertlar ta’kidlashicha, BMBY kambag‘al mamlakatlarga juda zarur mablag‘lar bergan, ammo bu ham ularga qimmatga tushgan. So‘nggi o‘n yil ichida ushbu tashabbus korrupsiya, atrof-muhit degradatsiyasi va global janubda o‘sib borayotgan qarz inqiroziga hissa qo‘shayotgani haqida tanqidlar yangradi.

BMBY 2016-yildan beri, ayniqsa, Chernogoriyadagi qariyb 1 milliard dollarlik avtomagistral va Shri Lankadagi port kabi mezbon hukumatlar qarzni to‘lay olmay qolgan loyihalar bilan bog‘liq ko‘plab shov-shuvli janjallardan so‘ng loyihalarni moliyalashtirish kamaygan.

Tahlilchilar aytishicha, bu muammolar Pekinni tavakkaldan qochadigan qilib qo‘ygan.

Oktabr oyida Boston universitetining Global taraqqiyot siyosati markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatishicha, BMBY 2021-yilgacha rivojlanayotgan mamlakatlarga 330 milliard dollardan ortiq kredit ajratgan va Jahon banki bergandan ko‘proqdir. Ammo tadqiqot ko‘rsatadiki, Xitoy kreditlarini oluvchilarning ko‘pchiligi hozirda umumiy qarzlarini to‘lashda muammoga uchrayapti va xorijdagi Xitoy moliyalagan ko‘plab elektr stansiyalari issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada oshirmoqda.

Ushbu to‘siqlarga qaramay, "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi yo‘qolib ketmaydi, deydi Pantuchchi. Uning fikricha, Si Szinpin forumda ushbu tanqidlarga javob berishga urinadi va dasturni "Si tashqi siyosiy qarashlarining asosiy qismi" sifatida mustahkamlaydi.

Forumda nima bo‘ladi?

Ko‘p yillar davomida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi Xitoyning xalqaro obro‘sini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarida markaziy o‘rin tutgan va, ekspertlar ta’kidlashicha, Pekin “Bir makon, bir yo‘l” forumiga jiddiy qaraydi.

Buning asosiy qismi butun dunyodan rasmiylarning katta delegatsiyasi ishtirokini ta’minlash bo‘ladi.

Pekin hozircha rasmiy mehmonlar ro‘yxatini e’lon qilmagan, biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tadbirda “130 dan ortiq davlat, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari” ishtirok etishini aytdi.

2017-yilda bo‘lib o‘tgan birinchi forumda 30 ta, 2019-yilgi ikkinchi forumda esa 37 ta davlat va hukumat boshliqlari ishtirok etgan edi. Pekin “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligini nishonlayotgani munosabati bilan bu raqamni ko‘paytirishga intilishi tabiiy, biroq ba’zi murakkabliklarga duch kelishi mumkin. Boz ustiga, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab yuqori martabali amaldorlar Isroil va Hamas o‘rtasidagi inqiroz bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan.

Yevropadan ishtirokchilar kelishini ta’minlash ham qiyin bo‘lishi mumkin. Vengriya va Serbiyaning pekinparast hukumatlari Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich boshchiligidagi yuqori darajali delegatsiyalarni jo‘natishlarini aytgan bo‘lsa ham, yana kimlar ishtirok etishi, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi a’zolari orasida noma’lum.

Ishtirok etishini ancha oldin tasdiqlagan jahon yetakchilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putin bo‘lib, u Ukraina urushi boshlangandan keyin Xitoyga ilk safarini amalga oshiradi va Si Szinpin bilan bir qator muammolarni, jumladan, mashhur gaz quvuri "Sibir kuchi-2"ni muhokama qilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG