Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Mirziyoyev chigit import qilishga buyruq berdi. Mutaxassis va fermerlar xavotirda


Prezident Mirziyoyev hukumatga xorijdan 3 ming tonna chigit sotib olish haqida ko‘rsatma berdi.

12-fevral kuni prezident o‘tkazgan selektorda aytilishicha, bu yil 100 ming gektar maydonda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish rejalangan.

Ayrim fermerlar, bundan biroz xavotirda, boisi xorijiy navning O‘zbekistonda qanday hosil berishini bilishmaydi. Ayrimlari o‘tkazilgan sinovlardan qoniqmayotir.

Mutaxassislar esa, shu bilan O‘zbekiston hukumati uchinchi bor xorijiy chigitga pul tikayotgani, bunga qadar bo‘lgan ikki urinish natija bermaganini eslatmoqda.

Yana bir jiddiy xavotir - chigit urug‘i bilan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasallik va hasharotlardir.

-----------------------

12-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, prezident “unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejash”ga oid yangi vazifalarni belgilab berdi, asosiy e’tiborni paxta va g‘allachilikka qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, bir oy muddatda xorijdan 3 ming tonna urug‘lik chigit olib kelinishi kerak.

2024-yilda 100 ming gektardan oshiq maydonga xorijiy - import chigit ekiladigan bo‘ldi. Bundan buyon hosildorligi gektariga 30-sentnerdan kam bo‘lgan navlardan voz kechilib, serhosil mahalliy va xorijiy navlarga almashtirib borish rejalanyapti.

Фермернинг пулини еган кластерлар ҳам синмоқда. Гап нимада?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:47 0:00


Aslida prezident bu gapni o‘tgan yil 12-dekabr kungi paxtachilikka bag‘ishlangan selektorda aytgandi.

Ammo, uning tanqidiga ko‘ra, oradan bir oy o‘tgan bo‘lsa ham, “Paxtachilik kengashi, Karantin agentligi, viloyat hokimlari qayerdan, qanday nav olib kelish masalasini hal qilmagan”.

Endilikda bu tashkilotlar kelgusi bir oy ichida bu muammolarni hal qilishi lozim.

Selektordagi masalalar muhimligini urg‘ulagan hokimiyat idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozir ijro institutida buni qanday bajarish mumkinligiga oid yakdil va tushunarli reja yo‘q:

“Hozir bizning respublika chigitni Turkiya, Xitoy, Xindistondan olib kelishlari mumkin. Boshqa tanlov yo‘q. Lekin, birorta odam yig‘ilishda turib aytmadi: axir chetda iqlim boshqa, sharoit boshqa. Chigitni sifati to‘g‘ri kelishi hali ikkinchi darajali narsa. Birinchi o‘rinda, bizning iqlimimizga to‘g‘ri kelmaydi. Ikkinchi masala, karantin obyektlari kirib kelishi xavfi bor. Pink bollworm degan hasharot bor. Bu tolani yeydigan kapalak. Kip va buntlarning ichidagi tolani yeb tugatadi. Hindistonda ko‘p. Kechagi majlisga savollar juda ko‘p. E’tibor bergan bo‘lsangiz, yig‘ilishda birorta olim yo‘q”.

Xorijdan keladigan paxta navlari uchun alohida agrotexnika va soddalashtirilgan karantin talablari joriy etilishi, tajriba maxsus karantin kuzatuvida olib borilishi aytilyapti.

Shunga qaramay, Ozodlik gaplashgan rasmiyga ko‘ra, nafaqat chigit, balki boshqa qishloq xo‘jaligida ekiladigan urug‘larni olib kelishda katta risk bor, jumladan hasharot va kasalliklar.

Xususan, Pink bollworm - paxta kapalagi Hindistonning katta qismida tarqalgan. Bu hasharot qishda ochiq maydonlarda yoki paxta tolasi, chigiti, go‘zasida saqlanadi, keyingi yil bahordan yana ko‘payishi mumkin.

Hindistonning qator shtatlarida bu kapalakning dori vositalariga qarshiligi oshgan va dehqonlar uni yo‘qotolmay halak bo‘lmoqda. Bunda dunyo bo‘ylab iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi ham jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Jahon bozorida sara urug‘lik chigit narxi kilosiga 10-15 AQSH dollarigacha. Eng katta sotuvchilar aynan Hindiston, AQSH va Xitoydir.

Qariyb 15 yildan buyon Qashqadaryoda paxta ekayotgan dehqonning aytishiga qaraganda, Xitoydan keltiriladigan navlardan ayrimlarining sinoviga guvoh bo‘lgan:

“Qashqadaryoda xitoylik dehqonlar o‘zlari olib kelib, polietilen plyonka ostiga ekib, tomchilatib sug‘orib hosilini oldi. 2022-yili. Ko‘rdik, lekin hosil unaqa yuqori bo‘lmadi. Shu bizni navlarga o‘xshagan 40-45 sentnerdan oshmadi. Lekin, mehnati va xarajati ko‘p bo‘ldi, menimcha. Endi hukumat nimaga bu ishni qilyapti, tushunmadim men”

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari yaqqol ko‘rinmoqda. Bu esa asosan qishloq xo‘jaligiga urg‘u berib kelingan O‘zbekistondagi dehqonlarni yanada og‘ir ahvolga solmoqda.

Mirziyoyev esa so‘nggi 3 oyda paxtachilikka bag‘ishlangan uchinchi selektorni o‘tkazdi va har gal paxta hosilini oshirish, buning uchun paxta ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish haqida gapirmoqda.

Aslida O‘zbekistonda bunga qadar ham ikki bora xorijdan chigit olib kelishga urinish bo‘lgan, sinalgan va voz kechilgan.

Birinchi bor 1998-yilda marhum prezident Islom Karimov Isroil paxtachilik tajribasi va navlarini O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazgan.

“1998-yilda Karimov shaxsan o‘zi Isroilga borib, Pinxasov degan olim bilan, keltirib ektirgan. Isroilda gektariga 80 sentnergacha hosil olishadi. Chunki iqlimi shunga mos - paxta ketma-ket hosil beraveradi. Bizda esa baland-baland g‘o‘za bo‘lgan, lekin hosili juda kam bo‘lgan. Keyin 2010- yilda Amerikadan olib kelishdi. Paxta yana o‘sib ketdi, hosili juda kam bo‘ldi. Ya’ni, bizning iqlimga to‘g‘ri kelmadi. Hozir bizga chigit sotishi mumkin bo‘lgan davlatlarda ham iqlim tamoman boshqacha. Xullas, kilosi 2 dollardan bo‘lsa ham, 6 mln. dollar rasxod qilib, yana olib kelishmoqchi. Kimningdir o‘yinchog‘i bo‘ladi-da bu yana. Undan ko‘ra, o‘zimizning olimlar bilan ishlash kerak”, deydi hokimiyat idorasidagi ismi ochiqlanishini istamagan manba.

O‘zbekiston “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati 2024-yilda 1 million gektar maydonda g‘o‘za navlari ekilishini bildirgan.

Rasmiy ma’lumotiga qaraganda, buning uchun 50 ming tonna urug‘lik chigit kerak bo‘ladi va hozir zaxirada ham yetarli chigit yo‘q.

“Mavsum boshidan rejaga nisbatan 45,5 ming tonna yoki 81,3 foiz urug‘lik chigit tozalanib, saralangan va bu ishlar davom ettirilmoqda”, dedi 9- fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zagroinspeksiya" axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva.

2024-yildan joriy etilishi aytilgan yangi tizimga ko‘ra, oldingi qarzini 1- aprelgacha to‘liq to‘lamagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi. Fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi.

Xorijiy chigitni esa tajriba tariqasida 14 ta tumanning ball boniteti past, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda ekish rejalanayotgani aytilmoqda.

Bunday og‘ir ahvoldagi paxta maydonlaridan yuqori hosil olish uchun avvalo import paxta navlarini olib kelish emas, balki dehqonning sharoitini o‘nglash kerak, demoqda qashqadaryolik dehqon:

“Men masalan, “Buxoro-6” navni ekaman, uyam gektariga 40-45 sentner hosil beradi. Lekin, bu nav o‘zimizniki, shu muhitga chidamli, kamxarjroq. Agar suv yaxshi bo‘lsa, o‘g‘it sifatli bo‘lsa, vaqtida berilsa, gektariga 52 sentnergacha hosil olish mumkin. Men o‘zim olganman shu hosilni. Bizning dehqonlarimiz hosilni qanday oshirishni juda yaxshi biladi. Olimlarimiz ham biladi. Hamma imtiyoz va vakolatlarni klasterlarga bermay, fermer-dehqonning o‘ziga imkoniyat berilsa bo‘ldi. Hozir klaster bor imkoniyatlarni ishga solib, boyib boryapti. Fermerning qarzdan boshi chiqmayapti”.

Hozirda O‘zbekistonda 134 ta paxta-to‘qimachilik klasteri bor. Ularning ixtiyoriga paxta ekiladigan jami maydon - 1 million gektardan ortiq yer maydoni berib qo‘yilgan.

"Уларга фермер устидан ҳукмронлик керак" - кластерлар пахта пулини бермаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:38 0:00


Paxta sohasini klaster shirkatlarga bo‘lib berish tarjribasi aynan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlandi.

2019-20-yillarda ommaviy ochilgan klasterlar fermer xo‘jaliklari yerlarini tortib oldi. Shundan buyon klaster ishchisiga aylangan fermerlarning mustaqil assotsiatsiya va kasaba uyushmalariga birlashish harakatlari hokimiyatning qarshiligiga uchrab keladi.

Fermerlar klasterlarning topshirilgan hosil uchun vaqtida pul to‘lamayotgani va boshqa noqonuniy harakatlaridan shikoyat qilib keladilar.

Ozodlik O‘zbekiston bo‘yicha o‘nlab klasterlarning prezident Shavkat Mirziyoyevning qarindoshlari va prezidentga yaqin deb ishonilgan boshqa shaxslar boshqaruvida ekanini aniqlagan.

XS
SM
MD
LG