Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:00

Me’mor: “Kokilli qiz” taqdiri Prezident qizi aralashuvidan keyin o‘zgardi


"Kokilli qiz" pannosi
"Kokilli qiz" pannosi

Toshkent markazida joylashgan «Premier Hall» kinoteatri tashqi devoridagi taniqli rassom Alfred Mazitovga oid keramik panno saqlab qolinadigan bo‘ldi.

Bu haqda kinematografiya agentligi Axborot xizmati vakili Ozodlikka ma’lum qildi. Kinematografiya agentligi panno ta’miri bilan bog‘liq butun harajatlarni o‘z zimmasiga olishi ham va’da qilindi.

Joriy yilning 18 - iyunida «Premier Hall» kinoteatri tashqi devoridagi tunuka qoplama olib tashlangan paytda Mazitov 1978 - yilda yaratgan panno saqlanib qolgani o‘rtaga chiqdi.

Ta’mir paytida chiqqan asar
Ta’mir paytida chiqqan asar

Toshkent osori atiqalari himoyasi bilan shug‘ullanadigan faol Nikita Makarenko va yana bir qancha jurnalistlar binoni ijaraga olgan arendator bilan 18 - iyun kuni gaplashganida arendator pannoni saqlab qolish biznes rejasida yo‘qligi va obida ta’miri uchun mablag‘ ham yo‘qligini aytgan edi.

O‘sha kuni Ozodlik bilan gaplashgan Nikita Makarenko “nega qandaydir arendator devoriy san’at asari taqdirini belgilashi kerak” deya havotir bildirgan edi.

“Umuman tushunmadim. Nega u devoriy asarning fasadda qolish qolmasligini hal qilishi kerak. Bino davlatniki. U - arendator. Fasadlar muammosi bilan shaharning bosh me’mori shug‘ullanadi. Albatta saqlash kerak. Restavratorlar koshinlar ta’mirini ta’minlasin.Yana xudo saqlasin ustiga tunuka qoplashmasin”.

O‘sha kuni Ozodlikka arxiv fotolarni taqdim qilgan rassom Alfred Mazitovning qizi ham otasining shoh asari hisoblangan pannoning taqdiridan havotir bildirgan edi.

Bu rasmni rassom Mazitovning qizi taqdim qildi
Bu rasmni rassom Mazitovning qizi taqdim qildi

Oradan ikki kun o‘tib panno milliy obida deb e’lon qilinib saqlab qolinadigan bo‘ldi. O‘ta tez muddatda badiiy ekspertizadan o‘tkazilib madaniy obidalar ro‘yxatiga kiritildi.

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha¸ obidaning “kosmik tezlikda” saqlab qolinishi¸ ta’mir uchun mablag‘ ajratilib madaniy meros ro‘yxatiga kiritilishi ortida “prezident qizi turibdi” :

“ «Premier Hall» kinoteatri prezident tashabbusi bilan yangidan tiklanayotgan Toshkent Xalqaro kinofestivali o‘tkaziladigan bino sifatida tanlangan edi. Bino dizayni tasdiqlangan va Mazitovning pannosi chiqib qolishi rejada yo‘q edi. Bino ta’miri kinematografiya agentligiga topshirilgan edi. Ta’mirlash ishlari paytida fasad yuzasida eski panno topildi. Bu panno bir vaqtlar “Axborot” dasturida zastavka sifatida ishlatilgan va Toshkent timsollaridan biri edi. Faollar bu panno himoyasiga chiqdi. Bino ijarachisi faollar e’tiroziga skeptik qaradi. Hatto gazeta.uz nashriga “pannoni saqlash rejamda yo‘q” deb ham yubordi. Chunki topilgan panno o‘rnida filmlar anonslari uchun LSD ekran o‘rnatilishi rejalanib ekran ham harid qilingan edi. Ammo prezident qizi Saida Mirziyoyeva bu pannoni saqlab qolish zarur deb bir og‘iz aytganidan keyin vaziyat 180 darajada o‘zgardi. Odatda yig‘ish qiyin bo‘lgan ilmiy kengash ( Madaniy meros departamenti ilmiy kengashi. Taxr) to‘la tarkibda yig‘ilib panno haqiqatan Alfred Mazitovning qalamiga mansub «Kokilli qiz» mozaikasi ekanligini tasdiqlashdi. Ekspertlar xulosasi asosida Badiiy akademiya pannoni restavratsiya qilishga tayyorligini bildirdi. Kinofestival tashabbuskorlari ham freskani saqlab qolib, binoning yangi dizaynini aynan «Kokilli qiz»dan kelib chiqib yaratish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelishdi. Menga ma’lum bo‘lishicha bino nomi Premier Hall emas “Kokilli qiz deb o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Bunday kam uchraydigan sur’at va hamfikrlikni prezident qizi ta’minladi.”

Me’morga ko‘ra o‘tgan asarning saksoninchi yillar qiyofasi shaharsozlik namunasi sifatida san’at tarixiga kirgan. Toshkentning o‘sha yillardagi estetik qiyofasi reanimatsiya qilinishi uchun kurashayotgan faol Nikita Makarenko dushanba kuni shahardagi 53 ta obidani madaniy meros ro‘yxatiga kiritish uchun Turizm va Sport vazirligiga topshirdi. Ozodlik bilan suhbatda Makarenko odamlar kabi shaharlarning ham “istarasi issiq” qiyofasi bo‘lishini ta’kidladi:

“Shaharni mutlaq o‘zgarishsiz saqlab qolishning iloji yo‘q. Har qanday shahar o‘zgarib boradi. Men to‘qsoninchi yillarda sovet timsolaridan qutulishga uringan mulozimlar istagini tushunaman. Ular Sovet ittifoqi mafkuraviy merosidan qutulmoqchi bo‘lishdi. Shu bois ular sovet davridagi saroy va binolarni qadriyat sifatida ko‘rishmadi. Ammo Toshkentning unikal me’moriy traditsiyalar chorraxasi bo‘lganligini vaqt ko‘rsatdi. 60-80 yillarda Toshkentda barpo qilingan binolar modernizmning unikal «sharqona» usuliga oid. Me’moriy brutalizm janrida yaratilgan binolar yorqin va boshqa binolarga o‘xshamagan tarovatga ega. Biz shaharliklar oldida bitta vazifa bor. Me’mor otalarimiz yaratgan estetik qadriyatni saqlab qolish. U me’morlar kommunistik g‘oya tarannumi uchun bu bino va pannolarni yaratdi degan nuqtai nazarni unutaylik. Me’mor otalarimiz yaratgan bu panno va binolardagi novatorlik¸ ijodiy jasorat va badiiylikni qadrlaylik."

"Hech narsani buzmaslik" falsafasi

Me’mor Abdumalik Turdiyev joriy yil me’morlik sohasidagi eng katta mukofotni (Pritzker Architecture Prize) olgan fransuz arxitektorlari Anna Lakaton va Jan-Filipp Vassal falsafasiga e’tibor qaratdi:

“Bu ikki me’mor “Hech narsani buzmaylik” degan g‘oyani ilgari suradi. Bu esa, buzib yer o‘rnini sotish kasaliga mubtalo bo‘lgan Toshkent uchun muhim o‘git. “Dom kino”, “Bahor ansambli” va mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora nega buzilganligini bu mulozimlar ilmiy tushuntirib bera olmaydi.»

Toshkent shahar hokimiyati joriy yilda mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan poytaxt markazidagi «Moviy gumbazlar» xiyoboni va shu nomdagi tarixiy kafe binosi buzilib, o‘rnida «Istiqlol» majmuasi barpo etilishini e’lon qilgani toshkentliklarning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Toshkent qiyofasini belgilagan binolardan bir
Toshkent qiyofasini belgilagan binolardan bir

XS
SM
MD
LG