Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:02

Markaziy Osiyoda ta’sir uchun kurash: Xitoy va Rossiya murosasiz dushmanga aylanadimi?


Xitoy va Rossiya rahbarlari SHHT sammitida. Ostona, 4-iyul, 2024.
Xitoy va Rossiya rahbarlari SHHT sammitida. Ostona, 4-iyul, 2024.

Pekin Markaziy Osiyoda nufuzini oshirmoqda, Moskva esa bunga qarshilik qilishga urinyapti, deb yozdi Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostona sammitini tahlil qilgan G‘arb nashrlari. Matbuot SHHT xalqaro tashkilot o‘laroq o‘z samaradorligini ko‘rsata olmayotganini urg‘ulagan.

Chet el mediasi Qozog‘istonda AES qurilishi mavzusiga ham e’tibor qaratdi.

Markaziy Osiyoda Xitoy va Rossiya raqobati

“Rossiya Ukraina bilan davomli urushga o‘ralashib, Xitoy mahsulotlariga tobora qaram bo‘lib qolmoqda. Bu paytda Pekin bir paytlar Kreml ta’sir doirasida bo‘lgan mintaqa – Markaziy Osiyoda o‘z nufuzini jadallik bilan oshiryapti. Rossiya esa, o‘z navbatida, qattiq qarshilik qilmoqda”, deyiladi New York Times gazetasining Xitoy-Rossiya raqobatiga bag‘ishlangan maqolasida.

Ket Bredsher va Anatoliy Kurmanayevning ushbu maqolasi 3-4-iyul kunlari Ostonada o‘tgan SHHT sammitidan oldinroq chop etildi. Qozog‘iston poytaxtidagi uchrashuvda SHHTga yangi a’zo – Belarus qo‘shildi. Biroq bu asosiy voqea emas, parda ortida nimalar bo‘layotgani muhim.

Шанҳай саммити: Яккаланган Путин "якка қутбли" дунёга қарши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:05 0:00

Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalar sharoitida iqtisodiyotni va harbiy sanoatni ushlab turish uchun Xitoyga katta umid bog‘lagan, deb yozisharkan mualliflar Moskva Pekinning Markaziy Osiyodagi postsovet respublikalar bilan aloqa o‘sganini tan olayotganini urg‘ulaganlar. Rossiya va Xitoyning iqtisodiy qudratidagi ulkan tafovut ushbu ikki o‘yinchining Markaziy Osiyodagi raqobatini Kreml uchun ma’nosiz qilib qo‘yayotir, shu bois Moskva Ostona sammiti kabi anjumanlarda ishtirok etish bilan “sobiq satellitlari”ga ta’sirini saqlab turishga harakat qilmoqda, deyiladi yana maqolada.

Markaziy Osiyo – Moskva hamda Pekin uchun muhim transport yo‘lagidir. Rossiya mintaqa orqali Janubiy Osiyo bozoriga chiqadi, Xitoy esa Si Szinpinning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Kaspiy orqali Yevropaga quruqlik yo‘li ochmoqda.

Rossiya bilan Xitoy Markaziy Osiyoda nafaqat raqobatlashadi, balki hamkorlik ham qilishadi, ular mintaqa barqarorligidan manfaatdor va bu masalada G‘arb harbiylari bilan maslahat qilmaydilar, deydi Berlindagi Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi markazi direktori Aleksandr Gabuyev.

“Ular mintaqaviy barqarorlik dunyoviy, nomusulmon va birmuncha repressiv ichki siyosat yurituvchi avtoritar rejimlarga tayanishini ko‘rib turishibdi”, deya izoh beradi Gabuyev.

SHHT sammitini Wall Street Journal gazetasi ham tahlil qilgan. “Pekin va Moskva: “chegarasiz do‘stlik”dan Rossiyaning orqa hovlisidagi dushmanlikka qadar” nomli maqolada ham ikki yirik mamlakatning Markaziy Osiyo uchun raqobati haqida so‘z boradi.

“Ikki qudrat, o‘z nazarida, G‘arbning ularni tiyib turish kampaniyasiga qarshi turish uchun birlashmoqda. Biroq Moskva o‘z tomorqasi deb hisoblovchi Markaziy Osiyoda ikki tomonning “cheksiz” do‘stligi Pekinning global ambitsiyalari bilan to‘qnash kelyapti”, deyiladi maqolada. Ko‘p yillar mobaynida mintaqa ustida norasmiy taqsimot mavjud edi: Rossiya – xavfsizlik uchun, Pekin esa investitsiyalar va rivojlanishga mas’ul edi. Maqola muallifi Sha Xua fikricha, hozirda Xitoy o‘z siyosiy nufuzini oshirish uchun iqtisodiy qudratiga tayanib ushbu balansni buzayotir.

2023-yilda Xitoy bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida mahsulot aylanmasi 89 mlrd dollarga yetdi. Pekin mintaqaning asosiy savdo hamkori maqomini Rossiyadan olib qo‘ydi.

AQSH gazetasi maqolada Toshkentdagi “Progressiv islohotlar markazi” tahlil markazi asoschisi Mirshohid Aslanovdan iqtibos keltirgan: “Biz Rossiya bilan do‘stmiz, lekin ayni chog‘da boshqa imkoniyatlarni ham izlaymiz. Biz sabrsizlik bilan Sharqqa qarab turamiz”.

“Ichi bo‘sh” tashkilot

Markaziy Osiyo va Xitoy bo‘yicha ekspert Temur Umarov Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi markazi saytida e’lonn qilingan maqolasida Ostonada o‘tgan SHHT sammitini tahlil qilgan. Muallif mazkur anjuman dunyo e’tiborini tortdi va ayni chog‘da tashkilotninng “puch”ligini ko‘rsatib qo‘ydi, deb hisoblaydi.

SHHT 2001-yildan beri arzigulik muvaffaqiyatga erisha olmadi; tashkilotga kirgan har bir yangi mamlakat o‘z tashqi siyosiy ambitsiyalarini olg‘a surishda undan foydalanib tashkilot samaradorligiga putur yetkazmoqda, deb ishonadi Umarov.

Moskva o‘z tashqi siyosiy avantyuralarida SHHTdan dastak kutgan edi. 2008-yilda rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev Janubiy Osetiya mustaqilligi masalasini ko‘tardi, 2014-yilda Qrimni tan olish masalasi kun tartibiga chiqdi, 2022-yilda esa Moskva BMTdagi Ukraina urushi bo‘yicha ovoz berish jarayonida SHHT mamlakatlari pozitsiyasi bir xil bo‘lishini istadi.

Xitoy ham xuddi shu tariqa o‘zining “yagona taqdir hamjamiyati” qabilidagi konstruksiyalarini boshqalarga tiqishtirmoqda. Qozog‘iston esa tranzitni rivojlantirishga qistaydi.

Umarov Xitoy va Rossiya raqobati SHHT rivojlanishini to‘xtatib qo‘ymoqda, degan tezisni ilgari surgan. 2000-yillarda SHHT postsovet makonda nafaqat Rossiya, balki Xitoy ham tosh bosadigan ilk tashkilot bo‘lgan edi, deb yozadi muallif. Dastlab Pekin SHHTni u orqali o‘zining Markaziy Osiyodagi asosan xavfsizlik va iqtisodiyotga doir ambitsiyalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida ishchi tuzilmaga aylantirishga urindi. Xavfsizlik sohasida a’zo mamlakatlarning qo‘shma mashqlarini muntazam o‘tkazishga, mudofaa va kuchishlatar idoralar rahbarlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lindi. Markaziy Osiyodan NATO harbiy bazalari chiqarib yuborilganini ham SHHT faoliyati natijasi deb atash mumkin, deydi Umarov.

Ayni chog‘da iqtisodiy sohada hamkorlik bu darajaga chiqmadi. Rossiya Xitoyning taraqqiyot banki va erkin savdo zonasi yaratishdek ikki asosiy g‘oyasini blokladi. Natijada Pekin SHHTni rivojlantirishga qiziqishini yo‘qotib, mustaqil harakat qila boshladi. O‘shandan beri Markaziy Osiyoning Xitoy bilan iqtisodiy hamkorligi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi, ikki tomonlama bitimlar va yaqindan boshlab – olti tomonlama “Xitoy + Markaziy Osiyo” formati doirasida bo‘lmoqda, deya qayd etadi muallif. Pekin mintaqaga qurol-aslaha yetkazib berish va ikki tomonlama harbi mashqlar o‘tkazish bilan xavfsizlik sohasida ham SHHTni chetlab o‘tayotir.

Украинага босқин: 861-кун | Ўзбек ҳарбийлари Беларусдаги парадда иштирок этди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:08 0:00

Natijada, Rossiya SHHTni kengaytirish taklifini ilgari sura boshlagan pallada Xitoy uchun ushbu tashkilot xiyla qadrsizlanib bo‘lgan edi. 2017- yilda SHHTga Hindiston va Pokiston, 2022-yilda – Eron, kechagi Ostona sammitida esa Belarus a’zo bo‘lib kirdi. Bunaqa rang-barang davlatlar yig‘indisi har qanaqa tashabbusning amalga oshirilishini qiyinlashtirib qo‘yadi, deb yozadi muallif.

“SHHT degradatsiyasi – Rossiyaning tashqi siyosatdagi tizimsizligi hatto SSSR parchalanganidan keyin Moskva monopol maqomini saqlab qolgan hududlarda ham Rossiya nufuzi qanday qirqilayotganiga yana bir misoldir. Rossiya, Xitoy bilan raqobatdan qo‘rqib SHHTni samarali mintaqaviy tashkilotga aylantirishi mumkin bo‘lgan tashabbuslarga to‘g‘anoq bo‘lgan edi. Ammo yakunda shunday bo‘lib chiqdiki, Xitoy Markaziy Osiyoda baribir o‘z ta’sirini mustahkamladi, Moskvaning qo‘lida esa faqat uchrashuvlar o‘tkazishu izzat-nafsiga suv sepadigan sarlavhalar yasashga yaraydigan institut qoldi, xolos”, deya xulosa qiladi ekspert.

Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha referendumni kutib

Ingliz tilli Eurasianet sayti Qozog‘istonning AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazish rejalari va jamiyatdagi shu bilan bog‘liq qo‘rquvlar haqida yozdi. Eng katta xavotir manbai – qurilishga shartnoma Rossiya shirkatiga beriladimi, yo‘qmi, degan masaladir, deyiladi maqolada.

Iyunning oxirlarida prezident Qasim-Jomart Toqayev referendum kuzda o‘tkazilishini aytdi, lekin aniq bir sanani ko‘rsatmadi. Maqola muallifi Almaz Kumenov hukumat Rossiya, Fransiya, Xitoy va Janubiy Koreya shirkatlarining takliflarini ko‘rib chiqayotgani haqida bayonot berganini eslatgan. Mulozimlarga ko‘ra, quruvchi keyinroq belgilanadi, ya’ni xalq AES uchun ovoz berganidan so‘ng.

“Qozog‘istonda siyosiy muhit qattiq nazorat qilinishini hisobga olganda ko‘pchilik AES qurilishini yoqlab ovoz berishi ehtimoli katta. Biroq jamiyat Qozog‘iston hukumati geosiyosat tufayli qurilish shartnomasini “Rosatom”ga berib yuborishidan xavfsiraydi. Hatto bitim tuzib bo‘lingan, bu haqda e’lon qilish uchun qulay paytni kutishyapti, deb o‘ylaydiganlar ham bor. Bunaqa ehtimol xavfsizlik va suverenitet risklari borasidagi xavotirlarni kuchaytiradi”, deb yozadi Kumenov.

Mamlakatdagi elektr tarmoqlarini boshqaruvchi KEGOC shirkati sobiq rahbari Aset Naurizbayevga ko‘ra, agar reaktorni Rossiya qursa, bu Qozog‘istonning tashqi siyosatdagi ko‘pvektorli yondashuviga putur yetkazadi.

“AES qurgach Rossiya Qozog‘istonni o‘z ta’sir doirasida ushlab qoladi – biz uning ishlab chiqarish texnologiyalariga, yoqilg‘isiga, mutaxassislariga qaram bo‘lamiz va Kreml zarur bo‘lganda bu richagdan albatta foydalanadi”, deydi ishonch bilan Naurizbayev.

“Qozog‘iston AESlari” shirkati bosh direktori Timur Jantikin esa stansiya uchun yoqilg‘i sifatida zarur uran mamlakat ichida ishlab chiqarilishini va bu Rossiyaning Qozog‘istonga bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklashini aytadi.

“Ijtimoiy-iqtisodiy fond” jamoat tashkiloti direktori Vadim Ni esa Moskva bilan atom sohasida hamkorlik qilishning geosiyosiy xavflaridan ogohlantiradi. “Qo‘shma Shtatlar, Yevroittifoq, Yaponiya va Janubiy Koreya yashil energetikani rivojlantirish orqali Rossiyaning atom sohasidagi rolini cheklashga urinishmoqda. Biz ikki o‘t orasida qolishimiz mumkin”, deydi u.

Shu bilan birga, atom energetikasiga issiqlik elektr stansiyalari o‘rnini bosuvchi “yashil” energiya manbai deb qarab bo‘lmaydi. “Atom elektr stansiyalari xavfli chiqindilar chiqaradi. Avariya yuz bergan taqdirda biz strategik suv omborimiz – Balxash ko‘lidan ayrilamiz”, ta’kidlaydi Ni.

Kumenov skeptiklar fikricha, referendum natijasi allaqachon hal qilib qo‘yilganini urg‘ulaydi. “Bu kabi strategik masalalar yuqorida hal etiladi, ovoz berish esa javobgarlikni xalq zimmasiga yuklash uchungina kerak”, deya “Oyan, Qazaqstan” harakati a’zosi, jamoat faoli Oljas Beksultanovdan iqtibos keltiradi muallif.

XS
SM
MD
LG