Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 15:48

Markaziy Osiyo rahbarlari nega kelisha olmadi va Rossiya nimadan g‘azabda?


Markaziy Osiyo rahbarlari Cho‘lponota shahrida. 2022-yilning 20-iyuli.
Markaziy Osiyo rahbarlari Cho‘lponota shahrida. 2022-yilning 20-iyuli.

G‘arb nashrlari rasmiy Nur-Sultonning Ukrainadagi urush va Moskvaga qarshi sanksiyalarga nisbatan pozitsiyasi tufayli Qozog‘iston-Rossiya aloqalari buzilishini bashorat qilmoqda. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlarining Cho‘lponota uchrashuvida hamkorlik shartnomasini imzolashga ayrim liderlar rozi bo‘lmagani ham G‘arb OAVlarining e’tiborini tortdi.

Tadqiqotchi: Qozog‘iston Rossiyadan uzoqlashmoqda va uzoqlashishda davom etadi

Nur-Sulton Rossiyaning Ukrainaga bosqinini yoqlamagani Qozog‘iston-Rossiya munosabatlariga putur yetkazdi. Ushbu manzarada yaqinda prezident Qasim-Jomart Toqayev hukumatga Rossiyadan qochayotgan chet el sarmoyasini Qozog‘istonga jalb qilish choralarini ko‘rish vazifasini topshirganida esa Moskva “g‘azab otiga mindi”.

Amerikalik tadqiqotchi Pol Goblning Jamestown Foundation saytida e’lon qilingan “Qozog‘iston Rossiyani tark etayotgan G‘arb shirkatlarini o‘ziga chorlab Moskvani tutaqtirmoqda” nomli maqolasida shu haqda gap boradi.

Hukumatning 15-iyuldagi yig‘ilishida Toqayev “Rossiya bozoridan chiqib ketayotgan xorijiy shirkatlarning Qozog‘istonga ko‘chib o‘tishi uchun qulay shart-sharoit hozirlash”ga topshiriq bergan edi. Moskva buni “bir paytlar yaqin ittifoqchisi deb bilgan mamlakatning xoinlarcha xatti-harakati” sifatida baholadi va qozoq neftining G‘arbga Rossiya hududi orqali eksport qilinishini yana taqiqlab qo‘ydi, deya urg‘ulaydi Gobl.

“Rossiyaning ayrim siyosatdonlari keskin choralar ko‘rishga, xususan Qozog‘iston shimolini anneksiya qilishga yoki yaqinda Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergani kabi to‘polonlar chiqarishga chaqirishmoqda”, deb yozadi muallif.

Goblga ko‘ra, Moskvada taranglik shu qadarki, “Nezavisimaya gazeta” muharrirlari “Ukraina Rossiya emas, Qozog‘iston Ukraina emas” deya ogohlantirish bilan chiqib, Rossiya Ukrainaga muomalasini ushbu Markaziy Osiyo mamlakatiga qilmasligi lozimligini ta’kidlaganlar.

Ekspert “Moskva bilan munosabatlarning keskinlashuvi Qozog‘iston Rossiyani chetlab o‘tuvchi tranzit yo‘llarini izlayotgani va shimoliy qo‘shnisi Ukrainaga bostirib kirishi ortidan tashqi tahdidlarni bartaraf etish maqsadida o‘z mudofaa salohiyatini oshirishga intilayotgani bilan ham bog‘liq”, deb hisoblaydi.


Goblning fikricha, Qozog‘iston va Rossiya bir-biridan uzoqlashmoqda va uzoqlashishda davom etajak.

“Biroq Toqayevning xatti-harakatlari va Moskvaning reaksiyasidan qat’iy nazar, Putin yaqin orada Qozog‘istonga qarshi harbiy kuch ishlatishga jur’at etadi, deb o‘ylash xato bo‘ladi. Chunki Rossiya qurolli kuchlari Ukrainada o‘ralashib qoldi, qolaversa, Rossiyada ishlayotgan millionlab markaziy osiyolik migrantlar omili ham bor”, deb yozadi Gobl.

Muallif dahanaki jang yaqin kun va haftalarda avjiga chiqishini taxmin qiladi. "Moskva Qozog‘istonni tiyib qo‘yish uchun o‘z nazoratidagi neft quvurlaridan, propaganda mashinasidan va Xitoy bilan aloqalaridan foydalanishiga shubha yo‘q. Bunga javoban Nur-Sulton, turgan gapki, mamlakat ichkarisida yanada natsionalistik siyosat yuritishga o‘tadi va G‘arb bilan yanada inoqlashadi. Va mazkur vaziyat Moskvani bezovta qilib, yana bir potensial mojaroni paydo qilishi mumkin", deya bashorat qiladi muallif.

Besh minus ikki

Ingliz tilidagi Eurasianet nashri Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarining Cho‘lponotadagi maslahat uchrashuvida besh davlat rahbari do‘stlik va mintaqadagi umumiy muammolarga qarshi kurash to‘g‘risidagi bitimni imzolashda yakdil bo‘la olmaganini qayd etdi.

Markaziy Osiyoni rivojlantirishga qaratilgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik shartnomasiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari imzo chekishdi. Tojikiston bilan Turkmaniston liderlari esa hujjatni imzolashmadi – xabarlarga ko‘ra, ular oldin “davlat ichi tartib-taomillari”ni yakunlash lozimligini ro‘kach qilganlar.

“Tojikiston ham, Turkmaniston ham avtoritar mamlakatlar ekanini, ya’ni ularda odatda hech narsa prezident fikridan ustun bo‘lmasligini hisobga olsak, bu bahona ishonarli chiqmadi”, deya urg‘ulaydi maqola muallifi va Eurasianet’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha muharriri Piter Leonard.
Nashrning diplomatik doiralardagi yuqori martabali manbasi voqeani “fojia emas, ishkal” deb atagan.

Leonard Cho‘lponota shahridagi uchrashuvda Toqayev integratsiyaning mintaqa uchun ahamiyati haqida zavq bilan so‘zlaganini aytadi. Toqayev sammitda Qozog‘iston O‘zbekistonning janubiy chegaralaridan Afg‘oniston orqali Pokistonga eltuvchi Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘li qurilishida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

U, shuningdek, mintaqa mamlakatlariga 2014-yilda ishga tushirilgan Qozog‘istondan Turkmaniston orqali Eronga olib chiquvchi temir yo‘ldan faol foydalanishni taklif etgan.

Toqayev hamkorlik to‘g‘risida harchand berilib gapirmasin, uning hamkasblarini boshqa masalalar ko‘proq qiziqtirdi, deb yozadi Leonard.

Xususan, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ekstremizm, terrorizm, giyohvand moddalar va qurol savdosi, kiberterrorizm mavzularini ko‘targan. U Qozog‘istondagi yanvar voqealari, yaqinda Qoraqalpog‘istonda yuz bergan g‘alayonlar va Tog‘li Badaxshondagi xunrezlikni misol keltirib, mintaqaga “burun suqayotgan” allaqanday tashqi kuchlar haqida ham gapirgan (uchala mamlakat prezidentlari ham noroziliklarda tashqi kuchlarni ayblamoqda).

Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov o‘z chiqishida “tashqaridan Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy an’analariga zid g‘oya va qarashlar tiqishtirilayotgani”dan xavotir izhor qilgan.

Rahmon ham, Berdimuhamedov ham Afg‘oniston muammosini ko‘targanlar.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘z ma’ruzasida “buzg‘unchi kuchlar jinoyatchi va diniy fanatiklar qo‘li bilan ig‘vo qo‘zg‘ayotgani”dan noligan.

O‘zbekiston prezidenti jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik inflyatsiyani kuchaytirib, Markaziy Osiyoning oziq-ovqat va energetika xavfsizligini xavf ostiga qo‘yayotganini aytgan. Uning fikricha, ayni vaziyatda faoliyatni muvofiqlashtirish hamda ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish lozim.

Maqola muallifi xuddi shu muvofiqlashtirish mintaqaning besh davlatidan ikkisi imzolamagan shartnomaning eng muhim jihati bo‘lishi lozimligini aytadi. Qolaversa, hujjatda Rossiya boshliq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Shanxay hamkorlik tashkiloti singari tuzilmalar bilan raqobatlashishi mumkin bo‘lgan doimiy faoliyat yurituvchi organni ta’sis etish xususida lom-mim deyilmagan.

Eurasianet muharririga ko‘ra, Tojikiston va Turkmaniston bitimga imzo chekishga rozi bo‘lmasa, bunaqa mintaqaviy ittifoq muvaffaqiyat qozona olmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG