Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:32

Mahalla raisi saylovi: "Hokim o‘ziga yoqmagan nomzodlarni o‘chirib tashlayapti”


Yakkabog‘ hokimining qaroridan norozi saylovchilar tuman hokimiyatiga borgan. 16-may, 2022-yil.
Yakkabog‘ hokimining qaroridan norozi saylovchilar tuman hokimiyatiga borgan. 16-may, 2022-yil.

O‘zbekistonda 16-may kuni mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi boshlandi.

Mahalla raisligiga joylarda uch-to‘rt, ba’zan undan ko‘p nomzodlar ilgari surilmoqda.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, joylarda mahalliy hokimlar o‘zlari istagan nomzodlarni qoldirib, yoqmagan nomzodlarni saylov ro‘yxatidan o‘chirtirmoqda.

Saylovlar boshlanishi arafasida Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tumanida o‘nlab odam saylov adolatsiz o‘tayotganidan tuman hokimi Lutfiddin Abdullayevga shikoyat qilib kelishgan.

Яккабоғ тумани ҳокимлиги олдидаги норозилик акцияси. 16 май, 2022 йил.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:48 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka yuborilgan videoda gapirgan odamlarning e’tirozlariga ko‘ra, Serob (MFY), Madaniyat (MFY), Shodlik MFY raisligiga o‘tkaziladigan saylovga xalq tomonidan taklif etilgan nomzodlar ro‘yxatdan o‘chirilgan:

“Biz Serob mahallasining fuqarolarimiz. Bizning saylovga qo‘ygan nomzodlarimizni tuman hokimi olib tashlagan. Biz ana shu nomzodlarimizning o‘z joyiga qaytarishlarini talab qilib keldik. Shuning uchun yig‘ilib hokimiyatga kelganmiz”.

Seroblik ayolning aytishicha, ular saylamoqchi bo‘lgan nomzodlar tuman hokimining buyrug‘i bilan ro‘yxatdan o‘chirib tashlanganidan xalq norozi:

“Bizning Serob qishlog‘idan To‘xtayev Quvvat aka, Hotamov Bekzod aka nomzodlari qo‘yilgan edi. Biz saylovni ktuib turgan edik, lekin hokim ana shu nomzodlarni ro‘yxatdan olib tashlabdi. Nomzodlarimizni joyiga qo‘ysin, xalq bundan norozi”.

Hokimiyat binosi oldiga norozilik bildirib, birgina Serob mahallasidan emas, balki Shodlik, Madaniyat mahallasidan ham o‘nlab fuqaro borgan.

Яккабоғ тумани ҳокимлиги олдидаги норозилик акцияси. 16 май, 2022 йил.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:49 0:00
Бевосита линк

Shodlik mahallasi ahlining so‘zlariga ko‘ra, hokimlik faqat o‘ziga mos keladigan nomzodlarni ro‘yxatda qoldirib, xalq taklif qilgan nomzodlarni esa o‘chirib tashlayapti:

“Mahalla raisini xalq saylaydi, degan qonun bor. Lekin nomzodlar yuqoridan qo‘yilayotganga o‘xshayapti. Nomzodlarni ko‘rsatsak qabul qilmayapti, uch kishidan ortiq mumkin emas, degan gaplar bo‘lyapti. Bunday bo‘lmasligi kerak, o‘nta nomzod bo‘lmaydimi, demokratiya degani shu emasmi?”

Seroblik Yusuf Ochilov fikricha, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlariga nomzodlarni xalq saylashi haqidagi qonun qo‘pol ravishda buzilmoqda:

“Bizdan qo‘yilgan nomzodlarni raislikka o‘zimiz saylaymizmi yoki buni hokimiyat saylaydimi? Prezidentimiz o‘zlari xalq o‘zi saylab olsin deganku. Nega endi xalq tanlagan nomzodlar o‘tmasligi kerak? Bizning talabimiz oddiy, mahalla raisligiga nomzodlarning hammasini o‘z joyida qoldirsin, xalq o‘zi keraklisini saylab oladi. Qaysinisini omadi kelsa, o‘sha o‘tadi”.

Norozilik aksiyasi ishtirokchilarining aytishlaricha, ular hokimiyat binosi oldida ikki soat turishganidan so‘ng, hokim 4 kishini qabul qilgan:

“Ancha turganimizdan so‘ng nihoyat, hokimning qabuliga olib kirishdi. Bizning butun qishloq Hotamov Bekzod va To‘xtayev Quvvatali nomzodlarini ro‘yxatdan o‘chirib tashlaganiga norozilik bildirayotganini hokimga aytdik. Hokim "endi bo‘lmaydi, ikki kun kech qoldilaring", deb rad javobini berdi. O‘nlab mahalla norozilik bildirib borgan. Hokim o‘ziga yoqmagan nomzodlarni o‘chirib tashlayapti”.


Yakkabog‘ tuman Madaniyat MFY raisi Mamlakat Toshqulovaning iddao qilishicha, tuman hokimi uning nomzodini o‘chirtirib, o‘zining bo‘lasi, ya’ni xolavachchasining nomzodini saylov ro‘yxatiga kirgizgan:

“Men 2018-yildan buyon shu mahalla raisiman. Qishloqdoshlarim iltimos qilib, yana nomzodingizni qo‘ying, degani uchun qo‘ygandim. Lekin tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev va sektor rahbarimiz, podpolkovnik Dilshod Umarov birgalikda maslahat qilib, mening nomzodimni chiqarib tashlashibdi.Mening o‘rnimga qo‘yilgan nomzodning esa hatto nomzodi qo‘yilganidan xabari yo‘q ekan. Uning yonboshida esa hokim o‘zining bo‘lasini nomzodini qo‘yayapti. Men hokimga ham, IIB boshlig‘i oldiga ham bordim, qani xulosalaringni beringlar, qani men qaysi talabga javob bermabman ekan, desam, unisi bunisiga, bunisi unisiga kidala qilyapti”.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli, bloger Odil Elmurodning aytishicha, mahalliy saylovlarda aholining o‘z nomzodlarini qo‘llab quvvatlashi kamdan kam kuzatiladigan holat:

“Vatandoshlarimizning g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, o‘zlari tashabbus ko‘rsatayotgani, o‘zlaridan bir harakat bo‘layotgani odamni quvontiradi. Chunki oldingi saylovlarda mahalla rasilari ochiqchasiga tayinlangan edi. So‘nggi paytlardagi jarayonlar, sal bo‘lsa-da, adolat uchqunlari chaqnayotganidan dalolat beradi. Lekin mahalliy hokimlarning bunga qarshilik qilayotgani achinarli holat”.


Ozodlik rasmiy munosabat olish maqsadida 16-may kuni tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev bilan bog‘landi. Hokim aloqaning yomonligi bois gaplasha olmasligini aytdi.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sherzod Hasanov 16-may kuni bu voqeani o‘rganib, ertasi kuni xabar berishini aytdi. Ammo 17-may kuni u Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekistonda 2018-yil 15-oktabrda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi.

Qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir.

Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.

Ammo, qonunga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxati mahalliy hokimlarning nazoratidan o‘tganidan so‘ng tasdiqlanadi.

Bir necha asrlik an’anaviy qadriyatlarga asoslangan o‘zbek mahallalari boshqaruvi ilk bor sovet davrida qonun yo‘li bilan tartibga solingan.


Mustaqillik yillarida O‘zbekiston hukumati mahallani o‘zbekcha demokratiya ko‘rinishi sifatida faol targ‘ib qildi. Ammo Hyuman Rayts Uotch inson haqlari tashkiloti o‘zbekistonda Mahalla yili deb e’lon qilingan 2003-yilda Prezident Karimovning avtoritar boshqaruvi mahallani rejimning yordamchisi va xizmatkoriga aylantirgani, o‘zbek maxsus xizmatlari mahalladan o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi repressiyalarda foydalanayotgani haqida hisobot e’lon qilgan edi.


Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, mahallaga e’tibor yanada kuchaydi. Mahalla vazirligi tashkil qilindi va Mahallabay tizim yo‘lga qo‘yildi.

Ammo bu yangiliklar mahalla raislari sayloviga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani kuzatilmaydi. Karimov boshqaruvining birinchi o‘n yilligida nisbatan erkin bo‘lgan mahalla raislari saylovi, faollarga ko‘ra, hozirda hokimiyat tomonidan to‘liq nazorat qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi esa, o‘zbeklar erkin va odil saylovlarda mahalla raislarini saylay olishiga shubha qilishini aytgan.

2021-yilning mart oyida prezident Mirziyoyev Toshkent viloyatiga qilgan safar chog‘ida hokimlarni saylash tizimi joriy etilishini o‘zi xohlasada, jamiyat tayyor bo‘lmagan sharoitda saylovlarni o‘tkazish maqbul yo‘l bo‘lmasligi, saylovlar tanish-bilishchilikka aylanib ketishi mumkinligi haqida gapirgan edi:

"Adolatli mahalla raisi saylovini o‘tkazishga harakat qilsak, to‘da-to‘da bo‘lib keladi, biznikini saylaymiz deydida, saylab yuboradi. Jamiyat tayyor bo‘lmagan muhitga saylovlarni qo‘yish xiyonat emasmi? Bu haqiqiy xiyonatning o‘zi. Men buni xohlamaymanmi? Juda ham xohlayman, men ham buni yaxshi tushunaman. Lekin kimni saylaymiz?", degan edi prezident.

Gazeta.uz. xabariga ko‘ra, mamlakatda 9349 ta fuqarolar yig‘inlari mavjud. Nomzodlar 26,9 ming kishini tashkil etadi (har bir o‘ringa deyarli 3 nomzod). Birinchi kunda 834 nafar rais saylangan bo‘lib, ularning 52 foizi ushbu lavozimga qayta saylangan.

Saylovlar iyun oyigacha davom etadi.

XS
SM
MD
LG