Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:43

"Kreml qo‘lidagi qurol". Tarmoq faollari AES ga qarshi yozmaslik haqida ogohlantirildi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida boshlanishi aytilgan, ammo boshlanmagan AES qurilish maydonchasi ochilishi marosimida, oktyabr, 2018.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida boshlanishi aytilgan, ammo boshlanmagan AES qurilish maydonchasi ochilishi marosimida, oktyabr, 2018.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 26-27-may kunlari O‘zbekiston qilgan tashrifi chog‘ida Jizzax viloyatida ikki davlat hamkorligida kam quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga doir bitim imzolangani e’lon qilindi.

Bunga qadar rasmiy Toshkent bu borada rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani, Moskva bilan nihoiy kelishuv yo‘qligi haqida bayonot berib kelayotgan edi.

AES qurilishi haqidagi kelishuv ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida norozilik bilan qarshilandi. Mahalliy jurnalist va blogerlar AES loyihasini Ukrainaga agressiyasini davom ettirayotgan Putin Rossiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirish mamlakat xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekani haqida yozishdi.

Bir vaqtning o‘zida AES loyihasiga qarshi chiqqan tarmoq faollari va blogerlar kuch tizimlari tomonidan ogohlantirilganiga ishora qiluvchi postlar paydo bo‘ldi.

Ozodlik bog‘langan bir necha blogerga ko‘ra, aksar faollarga maxsus xizmatlardan bog‘lanib, AES mavzuda yozishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlashgan.
-----------------------------

Prezident uchun “hayotiy ahamiyatga ega loyiha”

O‘zbekiston atom energetikasi agentligi va “Rosatom” qo‘shma bayonotida qayd etilishicha, Jizzax viloyatida 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatli oltita rektor) inshoot qurilishi yozda boshlanadi.

“Tanlangan maydon allaqachon tekshirilgan, yaroqliligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi”, deyiladi rasmiy bildirgida.

Vaholanki, may oyi boshida “O‘zatom» direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha hali hech narsa aniq emas, degandi.

«Faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti. Qaysi yo‘nalishda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rib chiqyapmiz», dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev AESni “hayotiy ahamiyatga ega loyiha” deb atagan.

“Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, dedi prezident.

Россия, атом ва бомба: "Росатом" Ўзбекистон билан "шартнома имзолашга яқин"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:32 0:00

“Siyosiy xatar”

AES qurish loyihasi jamoatchilik muhokamasisiz Rossiyaga berib yuborilgani ijtimoiy tarmoq faollarining keskin e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Jamoatchilik AES Kreml qo‘lida O‘zbekistonga qarshi "shantaj quroli" bo‘lib qolishidan xavotirda.

Jumladan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev “Nega aynan Jizzaxda quriladi, qurilish nega yozdayoq boshlanadi, nega aynan Rossiya bilan?” degan savollarni o‘rtaga tashladi:

“Xo‘p, AES kerakdir, lekin nega “kam quvvatli AES” – shuncha ovora bo‘lib qurganga yarasha u-bu kam-ko‘stimizni to‘ldiradigani qurilmaydimi, ey O‘zAtom? Nega Rossiya bilan qurish kerak buni, nega bir ochiq tanlovi, tenderi yo‘q, ey Energetika vazirligi? O‘zAtom nega o‘z xabarida buning narxini, qaysi pulga qurilishini e’lon qilmaydi? Nega aynan Jizzaxda quriladi, qurilish nega yozdayoq boshlanadi, nega aynan Rossiya bilan, nega aynan kam quvvatli AES – tegishli vazirlik va idoralar bu jihatlarni xalqqa tushuntirmaydimi?”

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda quriladigan AES siyosiy xatardir:

“AES bu – siyosiy xatar. Davlat mustaqilligini so‘roq ostida qoldiradi. AES bu – iqtisodiy xatar. AES bu – ijtimoiy xatar. AES bu – ekologik xatar. Yolg‘on gapiriladigan makonda, hukumat xalqqa hisobdor bo‘lmagan yurtda AES qurilmasligi kerak. Qaysi aql dunyoni yadroviy shantaj bilan qo‘rqitayotganlarga, o‘zlari qurgan ikkita AESni bosib olganlarga AES qurilishini ishonib topshirishi mumkin?”

“Xalqaro huquqni, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, tinch aholi hayotini bir tiyinga olmaydigan, atom elektr stansiyalaridan shantaj quroli sifatida foydalanadigan davlatga AES qurilishini berib qo‘yib bo‘lmaydi”, deb yozdi ekspert Komil Jalilov.

“O‘zbekiston kelajagi, ekologik xavfsizligi borasidagi ushbu jiddiy qadamga kirishishda jamoatchilik fikri qanchalik inobatga olingani noma’lum. Nima bo‘lgandayam ushbu AES kelajakda kimlarningdir qo‘lida O‘zbekistonga bosim o‘tkazish va shantaj vositasiga aylanib qolmasa bo‘ldi ”, deya xavotir izhor qildi Ekologiya vazirining maslahatchisi va jamoat faoli Rasul Kusherboyev.

“Xavfsizligiga kafolat bormi?”

Aksar faollarni xavotirga solayotgan jihat, avvalo bu AESning risoladagidek qurilishiga ishonch yo‘qligidir. Bundaylarning aksari O‘zbekistonda yirik texnogen falokatga aylangan Sardoba to‘g‘onining o‘pirilishi, Toshkent yerusti metrosining qulashini yodga olmoqda.

Hatto, tarmoqlarda sarkazm bilan savollar qo‘yilgan so‘rov ham paydo bo‘ldi:

AES qurilishini kimga ishonib topshirsa bo‘ladi?

- Abdug‘ani Sanginovga
- Ochilboy Ramatovga
- Baxtiyor Fozilovga
- Shuhrat G‘aniyevga
- Eldor Shomurodovga

So‘rovnomada tilga olingan Abdug‘ani Sanginov, Ochilboy Ramatov, Baxtiyor Fozilovlar - aynan Sardoba suv ombori qurilishi, Toshkent metrosi hamda O‘zbekistonda davlat buyurtmasi bilan katta mablag‘lar evaziga qurilgan loyihalarga mas’ullar ko‘riladi.

“Nega xalqdan so‘ralmaydi?”

Tarmoq faollari fikricha, ko‘p millionli xalq taqdiriga daxl qiluvchi AES qurishning ijobiy va salbiy jihatlari keng omma ishtirokida ochiq muhokama etilishi lozim.

Bu borada esa qo‘shni Qozog‘iston o‘rnak o‘laroq ko‘rsatilmoqda.

“Qozog‘istonda AES qurish uchun to‘rtta davlat – Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy va Fransiya saralashdan o‘tgani ma’lum qilindi. AES qurish masalasi umumxalq referendumida hal qilinishi kutilmoqda. Xalq ovoz berib, AESni kim qurishini aniqlab beradi... Bizda hali xalq shakllanmaganmi?.. Agar xalq deyiladigan bo‘lsa, nega undan so‘ralmaydi? Magarki, neokolonializmning qamchisiga bosh egib, unga some’ bo‘lsak, tushunarli”, deb yozdi Telegramdagi “Platforma” kanali.

Huquqshunos va bloger Zafarbek Solijonov esa, aslida jahon miqyosida AESdan voz kechib, uning o‘rniga vodorod tadqiqotlarini moliyalash tendensiyasi boshlanganini eslatdi:

“O‘rniga vodorod tadqiqotlari va ishlanmalarini moliyalash karrasiga o‘sgan. Masalan 2002-yilgacha 57 million dollar olgan bu soha 2005-yilning o‘zida 1 milliardga, 2022-yilga kelib esa 3.1 milliard AQSH dollariga yetgan. Boshqa energiya manbalariga ajratilgan summalar taqsimoti haqida internetda ma’lumot to‘la. Loyihaning xavfsizligi, uni har yerga va hamma uchun qurib bo‘lmasligi haqida gapirishimam shartmas. Yana AESni boshqarish qiyin, o‘chirish ilojsiz. Boshqa muqobillarni bemalol boshqarsa bo‘ladi. Setdayam muammo bo‘lmaydi, taqsimlashdayam”.

“Atom elektr stansiyasi qurilishini juda chuqur o‘ylash kerak. Uning atrofidagi xarajatlar qancha va kim tomonidan to‘lanishi, xalq bo‘ynida o‘lpon bo‘lib qolmasligi haqida mulohazalar kerak, menimcha, hukumat ancha shaffofroq ishlashi kerak. Bu muhim strategik qaror bo‘lgani uchun parlament a’zolari ham ovoz berishlari kerak. Chunki bu faqatgina energetika vazirligida qabul qilinadigan texnik bir vazifa emas, balki siyosiy asoratlari, strategik asoratlari bor qaror”, deb yozdi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Операция “G”: Путиннинг Ўзбекистондаги махфий омбори
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:21 0:00

“AES haqida yozishni taqiqlashdi”

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Rossiya do‘stligi, xususan, Putin to‘g‘risida tanqidiy post va izohlar yozgan tarmoq foydalanuvchilari IIBga suhbatga chaqirilayotgani haqida postlar paydo bo‘ldi.

AES mavzusini mahalliy matbuotda yoritish man qilingani haqida xabarlar ham bor.

“O‘zbekistonda quriladigan AES mavzusini muhokama qilishga haqqimiz yo‘q, mumkin emas. Qozog‘istonda esa shu masalada butun boshli referendum kutilmoqda. Yana 4 ta davlat tanlovda o‘zaro kurashayotgan ekan. Biz ham shu referendum, kurash jarayonlarini yoritaveramiz endi”, deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.

Yurist Botirjon Shermuhammad va bloger Farrux Samarqandiy Feysbuk sahiflarida Putin safari chog‘ida negativ post yozganlar ogohlantirilgani haqida post qoldirishdi.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik bir necha bloger va tarmoq faollari shunday bosim borligini tasdiqlashdi.

“To‘g‘ridan to‘g‘ri AES haqida yozishni taqiqlashdi. Menga aytishlaricha, energetika sohasiga mas’ul ikki vazir prezidentga AES mavzudagi chiqishlarni nazorat qilish haqida eslatma kiritishgan. Keyin bu nazorat DXXga topshirilgan. Hozir tarmoqdagi faollarga bu mavzuda yozshini shunchaki taqiqlab qo‘yishdi”, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan mahalliy bloger.

O‘zbekistondagi yirik internet nashrlardan birining ismini sir saqlash sharti bilan gaplashgan muxbiriga ko‘ra, Internet nashrlari tahririyatlariga ham AES mavzudagi chiqishlar qilmaslik haqida topshiriq kelgan:

“Katta nashrlarning tahririyatlariga AES haqida yozmay turish haqida topshiriq keldi. Post yozadigan yirikroq blogerlarning hammasi ogohlantirilgan. Ayrimlari Gvardeyskiy (DXXning Toshkentdagi hisbxonasi) yoki IIVga chaqirilgan, deyishdi. Lekin men konkret chaqirilganlarni bilmayman. Aslida blogerlarni jamoatchilikda qat’iy muhokama boshlangan yoki yirik hodisalar bo‘yicha yozishdan cheklash allaqachon boshlangan. Masalan, hozir qiynoqlar haqida yozsangiz chaqirishadi. Daraxt haqida yozsangiz chaqirishadi. Mana endi AES haqida yozsangiz chaqirishadi. Ichkariga olib kiramiz, deb ochiqdan-ochiq qo‘rqitishyapti”.

Keyingi paytlarda tarmoqlardagi blogerlarga nisbatan bosim kuchaygani kuzatilmoqda.

Ozodlik so‘nggi bir yilda o‘nga yaqin bloger ta’magirlik va firibgarlik ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingani haqida xabar bergan.

Shuningdek, bir necha tarmoq foydalanuvchisi Jinoyat kodeksining 3-qismi, 158 - moddasida ko‘zda tutilgan prezidentni omma oldida haqoratlaganlik aybi bilan qamoqqa tashlangan.

O‘zbek rasmiylari bloger va tarmoq foydalanuvchilarining hokimiyatni tanqid qilgani uchun qamoqqa tashlanganini rad etib keladilar.

“Boshida blogerlardan ochiqdan-ochiq foydalanishdi, tadbirlarga chaqirishdi, sovg‘a-salomlar berishdi. To‘g‘ri buning orqasida blogerlarning orasida erkalanib ketganlar bo‘ldi, shantaj yo‘liga o‘tib ketganlar bo‘ldi. Lekin, o‘sha yuqoridagi kattalar niyatiga yetib, mansabini olib bo‘lganidan keyin, mana endi sekin-sekin blogerlarning tizginini torishyapti. Hozir tanqid qilib turgan 3-4ta blogerlarga o‘zlari ruxsat bergan, deb ishonaman. Bitta posti uchun odamlar qamalib ketayotgan paytda, u tanqidchilarga ruxsat berilgani uchun shunaqa tanqid chiqarib turishibdi. Uyam juda jiddiy tanqidmas, yengil gaplar. Bu ham shunchaki, bizda so‘z erkinligi bor, deb publikaga o‘ynash uchun qilinyapti, deb o‘ylayman. Aslida vaziyat juda chatoq, bitta post uchun qamalib ketish hech gap bo‘lmay qoldi hozir”, deya vaziyatga munosabat bildirdi ismini oshkor qilmagan o‘zbekistonlik tarmoq faollaridan biri.

Rasmiylar AES qurilishi borasida faollar va blogerlarga bosim o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlarga biron bir shaklda izoh bergani yo‘q.

Muqaddam shu kabi holat Ozodlikning gazga boy O‘zbekistonning yirik gaz konlari va infratuzilmasi Kremlga yaqin oligarxlarga maxfiy qarorlar asosida berib yuborilganini o‘rtaga chiqargan surishtiruvi ortidan kuzatilgandi.

AQSH davlat departamenti va xalqaro matbuot tashkilotlari O‘zbekiston hukumatini so‘z erkinligi muhitini yaxshilash, jumladan, Ozodlik kontentini bloklashni to‘xtatishga chaqirib keladi.

30-may kuni Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumatini "internetda prezidentni haqoratlaganlik" uchun jinoiy jazoni nazarda tutuvchi ayblovni bekor qilish va ushbu ayblov bo‘yicha mahkum etilgan barcha shaxslarni zudlik bilan ozod etish yuzasidan amaliy qadamlar qo‘yishga chaqirdi.

“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotining Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan shu yil may oyida e’lon qilingan hisobotida O‘zbekistonda matbuot erkinligi o‘tgan bir yil ichida 11 ta pozitsiyaga yomonlashib, 137-o‘rindan 148-o‘ringa tushib qolgani qayd etilgandi.

XS
SM
MD
LG