Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:25

Klaster va fermer mojarosi – to‘lanmagan paxta puli, arzon narx, majburiy shartnoma


Fermerlar har yili klaster paxta pulini o‘z vaqtida to‘lamaganidan shikoyat qiladi.
Fermerlar har yili klaster paxta pulini o‘z vaqtida to‘lamaganidan shikoyat qiladi.

O‘zbekistonlik paxtakor fermerning aksariyati 2022-yilda klasterga sotgan paxtasinining pulini ololmayapti.

Fermerlar klaster paxta xarid narxining jahon bozorida tushib ketganini ro‘kach qilib, pataga arzon narx belgilaganidan shikoyat qilmoqda.

Avvalgi yillardagi kabi bu yil ham fermerlardan 2023-yil hosili uchun bo‘m-bo‘sh fyuchers shartnomasi qog‘ozini imzolash va muhr bosib berish talab qilinmoqda.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermerlarning huquqlari himoya qilinadigan, klaster bilan teng sheriklik qila oladigan shartnoma loyihasi tayyorlanayotganini aytmoqda.

O‘zbekistonlik fermerlar klaster bilan tuzilgan fyuchers shartnomasiga ko‘ra, sotgan paxtasining pulini 2022-yilning 31-dekabr sanasiga olishi shart edi.

Ammo avvalgi yillardagi kabi bu yil ham O‘zbekistondagi klasterlarning aksariyati fermerlarga bu vaqtga paxta pulini to‘lab berolmadi.

Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi fermerlar yangi yil arafasida klaster vakilidan hech bo‘lmasa bayramni o‘tkazish uchun topshirgan paxtasi pulidan ozginadan bo‘lsa berishni talab qilgan edi.

Пахтачи тумани фермерлари норозилиги
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:55 0:00

Xorazm viloyat, Gurlan tumanidagi “Izzatbek-Bunyodbek” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Yorqinoy Rahimovaning Ozodlikka aytishicha, klasterlar paxta pulini berishni paysalga solyapti:

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘tgan yil paxta narxini klasterlar bilan kelishib 10025 so‘m deb tavsiya qilgan edi. Ammo Xorazm ivlotyaida bir necha klaster 8300 so‘mdan qilib beribdi. Biz bu narxga norozimiz. Chunki bu narx paxtag qilingan xarajatni ham qoplamaydi. 31-dekabrgacha shartnoma bo‘yicha klaster pluni to‘lashi shart edi. Ammo shu kungacha to‘lamay kelyapti. Klaster hozir biz bilan o‘yin qilyapti. Viloyat hokimligi ham ularga qayishyapti”.

Yorqinoy Rahimovaning aytishicha, klasterlar faqat o‘zlarining manfaatlari hisobga olingan 2023-yil paxtasi uchun shartnomani imzolashga majbur qilmoqda.

“Bu shartnomada fermerning hech qanday huquqi yo‘q. Yuristlarimiz buni isbotlab ham berishadi”.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman, “Sobitxon ota” fermer xo‘jaligi rahbari Elyorbek Hakimovning aytishicha, garchi ular “Vodiy sanoat faxri”klasteri bir kilo paxta narxi 9600 so‘mdan qilib “akt-sverka” qilgan bo‘lsa-da, ammo 8300 so‘mdan narx berishini e’lon qilgan:

“Sababini so‘rasak birjada paxta narxi tushibdi ekan, shuning uchun biz 8300 so‘mdan berib turamiz, deydi. Qolganini mart-aprel oylarida birja narxiga qarab beramiz, deyapti. Bu yo‘q narsada. Bu yoqda dori zaxirasini qilib qo‘yishimiz kerak, ishchilarimizga oylik berishimiz kerak, qarzlarimizni to‘lashimiz kerak, ammo paxtani sotganmizu bir so‘m ham pul yo‘q. Klaster bizga mineral o‘g‘it va yonilg‘ini birja narxida sotgan. Solyarkaning ko‘chadagi narxi bilan bizga berganni orasida 2000 so‘m farqi bor. Bir qop selitrani biz do‘kondan oladigan bo‘lsak 120 ming so‘m edi. Klaster esa bizga 150 ming so‘mdan o‘tkazgan. Buning ustiga shu paytgacha bir so‘m ham haqimizni bermasdan kelmoqda”.

Agar jahon bozorida paxtaning narxi oshib ketsa, klaster fermerdan arzon sotib olgan narxiga qo‘shimcha haq bermaydi. Agar paxtaning narxi tushsa, sotib oladigan narxini pasaytiradi. Fermerlarning taajjubi ham ana shunda.

Andijon viloyat, Bo‘ston tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, so‘nggi to‘rt yilda klasterlar umuman qonuniy yo‘ldan yurmaydigan tashkilot ekanligini namoyish qildi:

“Klaster qaysi bir mansabdor yoki amaldorning yaqini bo‘lib, faqat o‘zlarining manfaati uchun ishlayotgan tuzilma bo‘lib qoldi. Bo‘ston tumanidagi “Sayyora favvorasi” klasteri fermerlar bilan tuzilgan qonuniy munosabatlarni qo‘pol ravishda buzmoqda. O‘tgan yilning boshida shartnomalar bo‘m-bo‘sh qog‘ozga hech narsa yozilmasdan muhr bostirib olingan edi. Bu yil ham shartnoma qilmasang pulingni bermayman deb, tumanning 80 foiz fermerini yana quruq blaknkaga pechat bostirib oldi. O‘zi xohlaganini qilib, fermerlarning mablag‘iga egalik qilib kelmoqda. Hech kim ularning mushugini pisht deyolmaydi. Tuman, viloyat hokimlari ularning xizmatida. Eng achinarlisi qonunni himoya qiladigan prokuratura ham ular tomon. Fermerning qo‘lida hatto shartnoma nusxasi ham yo‘q, hech qayerga da’vo ham qilolmaydi”.

Toshkent viloyat, O‘rtachirchiq tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermer ham, paxta pulini ololmay sarson bo‘layotganini aytadi:

“Biz “Real Agro Cotton” MChJ klaster bilan shartnoma tuzganmiz. Lekin bu muttaham klaster bilan tuzilgan shartnomada 31-dekabrgacha paxta pulini to‘lab beraman deb yozilgan. Ammo puldan darak yo‘q. Mahsulotni topshirib qo‘yib, qozonni suvga tashlab o‘tiribmiz”.

Ozodlik O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi rasmiy saytida ko‘rsatilgan bitta telefon raqamiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Ammo go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

Uyushmaning matbuot xizmati sahifasida ham aloqa qilish mumkin bo‘lgan hech qanday kontakt ko‘rsatilmagan.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov Ozodlik bilan suhbatda klaster tomonidan fermerlarning huquqlari poymol etilayotganini aytar ekan, ayni paytda fermer manfaati mustahkamlangan yangi fyuchers shartnomasi loyihasi tayyorlanganini ta’kidlaydi:

Fyuchers shartnomani tasdiqlashga oid Fermerlar kengashi maktubi
Fyuchers shartnomani tasdiqlashga oid Fermerlar kengashi maktubi

“Biz hozir 2023-yil paxta xom ayoshsini yetishtirish fyuchers shartnomasi namunaviy loyihasini ishlab o‘tiribmiz. Eng asosiysi, bo‘sh blankalarga muhr qo‘ydirib olishga chek qo‘yadigan bandlar bu shartnomaga kiritilgan. Masalan 7-bandda bunday deyilgan:

“Mazkur shartnoma barcha rekvizitlari bilan to‘lg‘azilib, taraflar tomonidan imzolanib, hududiy vakolatli organdan ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin kuchga kiradi, shartnomada ko‘rsatilgan yakuniy hisob kitoblar to‘liq amalga oshirulgunga qadar amalda bo‘ladi”.

Keyin 10.4-bandida yana bunday deyilgan:

“Buyurtmachi” shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab ikki kun muddatda shartnomaning barcha rekvizitlari bilan to‘lg‘azilgan aslini “Xo‘jalik”ka yetkazish berish majburiyatini oladi”.

Bizku fermerlar manfaatini ham o‘ylab buni tuzyapmiz, lekin bu loyihani hali Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir chig‘iriqdan o‘tkazadi, klaster o‘zining manfaatini o‘ylab yana bir chig‘iriqdan o‘tkazadi, lekin biz kurashda davom etamiz”.

Chorixon Qodirovning aytishicha, paxta pulini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda to‘lab bermagani uchun klasterlarga zudlik bilan to‘lab berish haqida talabnoma kiritamiz, agar bajarilmasa sudga da’vo arizasi kiritamiz”.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan qishloq xo‘jaligini asta-sekin klaster tizimiga o‘tkazish 2018-yilda boshlangan edi.

Bundan maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan fermerlarni hukumat nazoratidan chiqarib, bevosita maxsus klaster korxonalariga birlashtirish ekanligi aytilgan.

Klaster bilan ishlash tizimida fermerlar avval bo‘lgani kabi paxta va g‘alla yetishtirishda uch tomonlama (hokimlik - paxta yoki g‘alla qabul qilish korxonalari - fermer) shartnoma emas, balki faqat klaster korxona bilan shartnoma imzolaydi.

Bu shartnomaga ko‘ra, klaster fermerga urug‘dan tortib, yonilg‘i, mineral o‘g‘it, mablag‘ bilan ta’minlash kabi barcha ishlarni o‘z zimmasiga oladi.

Fermer mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqat klasterga sotadi.

Klaster bu mahsulotni qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga sotadi.

Klaster tizimida mahalliy hokimiyat fermerning ishiga aralashmasligi, fermer bevosita klaster bilan qilgan shartnomani bajarishi kerak.

Fermer bilan klaster korxona o‘rtasida chiqqan nizolarni Iqtisodiy sud hal qiladi.

Ammo fermerlar O‘zbekistonda klaster tizimi joriy qilinishi ortidan o‘zlarining yaxshi ishlov berilgan yerlari hokimiyatga yaqin shaxs va guruhlarga noqonuniy ravishda olib berilganidan, klaster egalari ham prezident Shavkat Mirziyoyev qarindoshlariga yaqin odamlar ekanligidan shikoyat qilib keladi.

O‘zbekistonda klasterlar raqobatli tender o‘tkazilmasdan, shaffoflik ta’minlanmasdan hukumat tomonidan tashkil etiladi.

Ko‘p holatlarda klaster korxonalarning asl egasi kim ekanligini fermerlar ham, tuman va viloyat hokimligi mulozimlari ham bilmaydi.

XS
SM
MD
LG