Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:42

Klaster kombaynchilarni ishlatib maoshini bermadi


Qashqadaryo viloyat G‘uzor tumanidagi sakkiz nafar kombaynchini ishga yollagan "Agro Bo‘ston klaster" MCHJ ularni bir yarim yildan buyon ish haqini bermay sarson-sargardon qilmoqda.

Bu odamlar oddiy kombaynchilar. Bug‘doy o‘rimi paytida kechayu kunduz tinim bilmay ishlagan insonlar.

Ularning mehnati og‘ir, mavsum davomida oylab uyiga kelmaydi, tumandan tumanga o‘tib bug‘doy o‘radi. Qirq-ellik daraja issiqda, changu to‘zon ichra ishlaydi.

Kombaynchilarning arz qilmagan joyi qolmadi. Prokuratura, sudlarga ham bir necha bor chiqib ko‘rishdi. Lekin o‘zlarining aytishlaricha, sudlar ham boylarga qayishyapti, kambag‘alning arziga hech kim quloq solmayapti.

2022-yilning fevral oyida Qashqadaryo viloyatidagi "Agro Bo‘ston klaster" MCHJ G‘uzor tumani Mashina traktor parkidan g‘alla o‘radigan kombaynlarni sotib olganidan so‘ng, kombaynchilar bilan shartnoma tuzadi.

"Klaster biz bilan shartnoma tuzdi. Har gektar o‘rilgan g‘allaga 65 ming so‘mdan beramiz, dedi. 2022-yil 6-iyundan g‘alla o‘rimiga chiqdik. qariyb ikki oy har kombayn 400-600 gektardan g‘alla o‘rib berdik. Lekin o‘rim tugaganidan so‘ng ikki million so‘m berdiyu, qolgan pulimizni bermadi", deydi kombaynchi Ixtiyor Rahmonqulov.

Ixtiyor Rahmonqulov 23,1 million so‘m ish haqini ololmagan. Kombaynchi Zafar Kenjayevning aytishicha, klaster ularni ikki yildan buyon aldab kelyapti, lekin hech kim unga chora ko‘rmaydi:

“Bu yerda ishlashning o‘zi imkoniyati qolmadi. Ishchilarni emas, faqat o‘zini o‘ylaydigan klasterning nima keragi bor? Bizda ham ro‘zg‘or bor, oila bor. Biz ham insonmiz. Bizlar qayerga boraylik, kimga murojaat qilaylik, dardimizni kimga aytaylik?”

Bu kombaynchilar 2022-yilda 400 gektar g‘alla o‘rgan.

O‘tgan bir yarim yil davomida kombaynchilar prezident portaligacha shikoyat xati yozishgan. G‘uzor tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan. Qashqadaryo viloyat davlat mehnat inspeksiyasiga arz qilishgan. Ish axiyri Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudiga kelib taqalgan.

Kombaynchi Eshmurod Odinayevning aytishicha, kambag‘allarga kelganda qonunlar ishlamaydi, bo‘lmasa sudlar shundoq ko‘rinib turgan va tasdiqlangan holatlarga befarq bo‘lmas edi:

“Bir yarim yildan buyon sarsonmiz. Advokatlar bizni yuz foiz haq deyapti. Borib sudga beryapmiz, prokuratura ko‘ryapti. Bular qonunning egalari! Bu egalar deloni fuqarolik sudi raisi Gadoyevga beryapti. Gadoyev buni ko‘rib, Abdurahmatni chaqirib biz bilan yuzma-yuz qilmayapti, shular senda ishlaganmi deb so‘ramayapti. Bizni basharmizni ham ko‘rmasdan deloni otkaz qilib yuboryapti”.

Shundan so‘ng, kombaynchilar quvavergan, klaster va buxgalterlar ulardan qochavergan. Ancha yuguru-yugurdan so‘ng, har bir kombaynchi ikki million so‘mdan pul olishga muvaffaq bo‘lgan, qolgani esa shu paytgacha yo‘q.

"Agro Buston klaster" MCHJ rahbariyati kombaynchilarni buyruq asosida ishga qabul qilgan.

Пахта-2023: Кластер пулни бермаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:10 0:00

Kombaynchilar klaster bilan yozma shartnoma tuzgan, lekin klaster uni qayddan o‘tkazmagan. Ular klaster rahbari Abdurahmat Boymurodovning “shartnoma onlayn bo‘ladi”, hamma pullaringni o‘z vaqtida olasizlar degan yolg‘on va’dasiga ishongan.

Abdurahmat Boymurodov Ozodlik bilan suhbatda ayni paytda "Agro Buston klaster" MCHJ rahbari emasligini aytar ekan, kombaynchilarga ish haqi berilmaganini tan oldi.

“Iqtisodiy sud bizlarning fermerlarga da’volarimizni qanoatlantirgan, MIB undirishga bizlarga yordam bera boshladi, o‘shalar undirilgandan so‘ng birinchi navbatda ish haqlari yopiladi. Oyning oxirlarigacha natija bo‘lib qolar”.

2022-yil g‘alla o‘rimining puli nega shu paytgacha berilmadi degan Ozodlik savoliga Abdurahmat Boymurodov u o‘sha yili ishdan bo‘shaganligi va bu savolga "Agro Bo‘ston klaster" MCHJning hozirgi rahbari, akasi Abdusalom Boymurodov javob berishini aytdi.

Abdusalom Boymurodov Ozodlikka hozir "Agro Bo‘ston klaster" MCHJ o‘z faoliyatini to‘xtatganini aytar ekan, fermerlardan qarzlar undirilsa kombaynchilar ish haqlari berilishini aytdi:

“Hozir 2 milliard 562 million so‘m bizlarning pulimiz fermerlarda turibdi. Biz sud orqali ijroga qaratganmiz. Shulardan tusha boshlasa nafaqat kombaynchilarni, hammasini pulini beramiz”.

O‘zbekistonda amaldorlarning ish haqlari berilmagani yoki kechikkani haqidagi xabar umuman eshitilmaydi va ular bundan shikoyat qilgan holat ham ko‘zga tashlanmagan.

Odatda eng oddiy kasblarda mehnat qilayotgan ishchilarning oylik maoshlari yoki shartnoma qilingan pullari berilmaydigan holatlar ko‘p uchraydi.

Kuni kecha Ozodlikka kelgan videoda esa, ipak qurti boqib pilla topshirgan kosonlik odamlar pilla pulini ololmayotgani haqida arz qilgan edi.

Uzoqqa bormaylik, yaqinginada uch oy paxtaga odam chiqarib paxta terdirgan kosonlik otryad boshliqlari bo‘lgan ayollar ish haqlarini ololmaganidan shikoyat qilishgan edi.

XS
SM
MD
LG