Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:57

Kampirtepa: “Iskandar devori” nega quladi?


Kampirtepa yodgorligi janubi-g‘arbiy devorining o‘rta qismi dekabr oyi boshida qulab tushgan edi
Kampirtepa yodgorligi janubi-g‘arbiy devorining o‘rta qismi dekabr oyi boshida qulab tushgan edi

Oks Aleksandriyasi deb atalgan Surxondaryo viloyatidagi Kampirtepa yodgorligining buzilgan devori 2021 - yilda ta’mirlanadigan moddiy meros obyektlari dasturiga kiritildi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros boshqarmasi vakili ma’lum qildi.

Antik tarixiy manbalarda buyuk sarkarda Aleksandr Makedonskiy eramizdan oldingi 329-326 - yillarda barpo ettirgani aytiladigan Kampirtepa yodgorligining janubi-g‘arbiy devorining o‘rta qismi dekabr oyi boshida qulab tushgan edi.

Kampirtepa yodgorligini o‘rganishga umrini bag‘ishlagan arxeolog¸ O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zaosi Edvard Rtveladzening Ozodlik mobil muxbiriga bildirishicha¸ “noyabr oyida devor butun bo‘lib, yiqilish yoki darz ketish alomatlari qayd qilinmagan”.

Rtveladze "dunyo tamadduni merosining bir parchasi hisoblangan qadimiy obidani saqlay olmaganimiz sharmandalikdir”, deya taassuf bildirdi. Akademikka ko‘ra¸ devor “shubhali tarzda buzilgan”.

Bundan oldin akademik mahalliy matbuotga “devorni kimdir qasddan buzgan” deya bayonot bergan edi.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, “qadimiy devor yiqilishi bo‘yicha tergovgacha surishtiruv o‘tkazilgan".

"Devor qasddan buzilmagan"

Madaniy meros boshqarmasining respublika idorasidagi vakiliga ko‘ra¸ “devorni kimdir qasddan yiqitdi" degan gaplarda asos yo‘q:

“Bilasiz noyabr oxirida Surxondaryoda yog‘ingarchilik bo‘ldi. Devor nam tortish oqibatida qulab tushdi”.

Mulozimga ko‘ra¸ Kampirtepa yodgorligining janubi-g‘arbiy devorining o‘rta qismi “konservatsiya qilinmagani bois qulab tushgan.”

Nega konservatsiya qilinmadi?

Navbatdagi savol - nega konservatsiya qilinmadi? Holbuki akademik Rtveladze noyabr oyida devorni borib ko‘rgan vaqtida restavratsiya ishlarini bahorda boshlash uchun devorni qalin plyonka bilan yopish bo‘yicha taklif kiritgan edi. Bu taklif Madaniy meros idorasi tarafidan ma’qullangan bo‘lsa ham amalga oshmay qolib ketgan.

Хивадаги обиданинг вайрон қилиниши юзасидан жиноят иши очилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:55 0:00

Osori atiqalar bo‘yicha mutaxassis¸ san’atshunos Akmal Rizayevning Ozodlikka aytishicha¸noyabrdagi yog‘ingarchilik bunday vayronagarchilikni yuzaga keltirib, devorni yuvib yuborishga qodir emas edi:

“Ma’lumotlar ob-havo idorasida qayd qilingan. Kampirtepada kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmagan. Zilzila kabi tabiiy ofat ham bo‘lmagan. Demak, kimdir devorga zarar yetkazgan. Nima maqsadda? Odatda bunday qal’alar atrofida iznsiz qazuv qazib, qadimiy ashyo qidiradigan avantyuristlar bo‘ladi. Ikkinchidan, Qashqadaryoda ko‘rilgani kabi paxsa devorni g‘isht uchun olib ketishga urinilgan, degan ehtimol ham bor. Afsuski, 21-asrda ham bu qadimiy obida atrofiga kuzatuv kameralari qo‘yilmagan.”

Ta’mirga muhtoj tepalar

Kampirtepa yodgorligi “o‘ta tez” ta’mir va konservatsiyaga muhtoj bo‘lgan O‘zbekistondagi 234 ta tarixiy obidaning biridir.

Bu obidalarni 2021 - yilda rekonstruksiya qilish maqsadida davlat byudjetidan 70 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalangan. Buni 14 - dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Madaniyat vaziri o‘rinbosari, Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Oqilova bildirgan edi.

Mulozimaga ko‘ra¸ta’mirlash ishlari uchun yildan-yilga davlat byudjetidan ko‘proq mablag‘ ajratilyapti.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yil davomida tarixiy obidalar bo‘yicha 45 ta noqonuniy huquqiy-normativ hujjatlarga protestlar keltirilgan. Qonun buzilishi holatlariga olib kelgan sabab va sharoitlarni yo‘qotishga qaratilgan 106 ta taqdimnoma kiritilgan, 31 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Saddi Iskandariy

O‘zbek rasmiylari va tarixchilari Termizga yaqin joydagi Kampirtepa arxeologik yodgorligi tarixiy manbalarda tilga olingan va yo‘qotilgan, deb hisoblangan Oks Aleksandriyasi qal’asi ekaniga ishonishadi.

2019 - yilda Termiz shahrida o‘tgan arxeologik forumda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov “Kampirtepani Aleksandr Makedonskiy qurgan” deya bayonot bergan edi:

“Eng so‘nggi noyob kashfiyotlardan biri, ayni damda Kampirtepa nomini olgan shaharchada joylashgan mashhur Oks Aleksandriyasidir. Bu chin ma’nodagi sensatsion kashfiyot qadimiy shaharchani dunyoning eng ellinistik markazlari darajasiga yuksaltiradi. Ellinistik Oks Aleksandriyasi, Fayoztepa va Qoratepa shaharchalari, ajoyib Termiz arxeologiya muzeyi, Kushonlar xazinasi - bularning bari tariximizning yorqin sahifalari, bizning kunlargacha saqlanib qolgan noyob artefaktlar buning yaqqol misolidir".

Bu dabdabali va ba’zi tarixchilar nazarida bahsli bayonotdan bir yil o‘tib, Kampirtepa devori quladi.

14 - dekabr kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida - Xiva "Ichan-Qal’a" muzey-qo‘riqxonasidagi Tosh hovli saroyining qadimiy devori buzilishi yuzasidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar devorning qonunga xilof ravishda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari oqibatida buzilganini aytishgan.

5 - noyabr kuni Ozodlik Qashqadarëning Yakkabog‘ tumanidagi dunyo arxeologlari tarafidan muntazam o‘rganib kelingan yettita qadimiy tepalik yo‘q bo‘lib ketish arafasida ekanini haqida yozgan edi. Ozodlik surishtiruvi asnosida mahalliy aholi tepaliklarga uy qurib olgani, tadbirkorlar esa tepalik tuproqlarini ekskavatorlar bilan qazib olib, g‘isht quyib sotayotgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti Yakkabog‘ ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilib, mamlakat tarixiga oid noyob yodgorlik sifatida qayd qilingan Oqtoshtepa¸ Sandaltepa¸ Xabartepa¸ Dovzatepa va Kindiktepa yodgorliklari g‘isht zavodi uchun xomashyo sifatida vayron qilingan.

XS
SM
MD
LG