Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:34

IIB mulozimi bosqinchilikda ayblanib hibsga olindi


O‘zbekistonda militsiya xodimlarining bosqinchilik aybi bilan qamoqqa olinishi kamdan-kam kuzatiladigan hodisa.
O‘zbekistonda militsiya xodimlarining bosqinchilik aybi bilan qamoqqa olinishi kamdan-kam kuzatiladigan hodisa.


Sirdaryo viloyat, Yangiyer shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D.S. boshchiligidagi uch kishidan iborat guruh aprel oyining boshida Bekobod shahridagi uylardan biriga bostirib kirib, uy egasining qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, uning 70 ming AQSh dollari miqdoridagi pulini olib ketgan.

Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining ichki foydalanish uchun yuborilgan xabariga ko‘ra, jinoiy guruh tarkibida Sirdaryo viloyat IIB jinoyat qidiruv bo‘limining sobiq xodimi va yana bir gulistonlik shaxs ham bo‘lgan.

Bu holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 164-moddasi(bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Doston Shamsiddinov D.S. ismli shaxs ichki ishlar organida umuman ishlamaganini iddao qilmoqda.

Jinoyat tafsilotlari haqida xabar bergan Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga ko‘ra, noma’lum shaxslar Bekobod shahrida yashovchi I.O.ning uyiga bostirib kirib katta miqdordagi pulni tortib olgan.

“Ular I.O.ni qo‘llari bilan ushlab, o‘zlari bilan olib kelgan otvyortka bilan “baqirsang o‘ldiraman” deb qo‘rqitib, qo‘llari va oyoqlarini skotch bilan o‘rab, mazkur uyda bo‘lgan, unga tegishli jami 70 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni bosqinchilik yo‘li bilan, talon-toroj qilib ketgan”.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxslarga nisbatan Zangiota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan 272371/2022-66-sonli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarga ko‘ra, tezkor tadbir davomida bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar Yangiyer shahar Ichki ishlar bo‘limining o‘rinbosari D.S., Sirdaryo viloyat IIB jinoyat qidiruv bo‘limida muqaddam ishlagan Sh.B. va Guliston shahrida yashovchi, vaqtincha ishsiz H.E. ekanligi aniqlangan.

Ulardan ikki nafari ushlangan, H.E. ni esa topish choralari ko‘rilmoqda.

Yangiyer shahar IIBda ishlaydigan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bu voqea ularning ish faoliyati ustiga tushgan qora dog‘ bo‘lgan:

“Necha kundan beri oramizda faqat shu gap. Nahot, bizning rahbarimiz shunchalikka borgan bo‘lsa. Eshitishimizcha, zampolit(boshliqning ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – tahr.) bekobodlik odamning uyida katta pul borligini o‘zining tanishi bo‘lgan uning singlisidan eshitib qolgan va jinoiy guruhni o‘zi uyushtirgan. Bu voqea aprel oyi boshlarida bo‘lgan ekan. Jinoyat izi tezkor guruhni bizning IIBga olib kelibdi. Ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarimiz hozir qamoqda”.

Ismi sir qolishini so‘ragan yana bir ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, bu xabar ommaga tarqalib ketmasligi uchun viloyat IIB zo‘r berib harakat qilmoqda:

“Bu insonning ukasi esa viloyat IIBning kotibiyatida ishlardi. Hozir Jinoyat qidiruv bo‘limiga o‘tib ketgan. Boshliqqa eng yaqin odam. U qo‘lga tushganida viloyat IIBda ikki kun tinimsiz majlis bo‘ldi. Hammaga viloyat IIB obro‘sinini tushirgan bu voqea juda qattiq sir tutish kerakligi uqtirildi. D.S. bizga bir yilcha oldin ishga keldi, u avval Sirdaryo viloyat OVIRda ishlardi. Bizga ishga kelganiga bir oy bo‘lmasdan, ishga xohishi yo‘qligi bilinib qoldi. Darrov bolnichniyga chiqib ketdi. Uning qanaqaligini ham bilmadik, nimaligini ham bilmadik. Bizga dog‘ tushiradigan juda ham ahmoqona ish bo‘ldi”.

Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Doston Shamsiddinov Ozodlik bilan suhbatda bosqinchilikda ayblanayotgan ichki ishlar mulozimi D.S. umuman ularning shaxsiy tarkibida bo‘lmaganini aytdi:

“Yo‘q, u bizning xodim emas, Sirdaryo viloyati IIB xodimi emas. Umuman xodim bo‘lmagan”.

Ozodlikning Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi axborotida ham, Yangiyer shahar IIB mulozimlari bilan suhbatda ham uning ma’naviy va ma’muriy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lgani tasdiqlanyaptiku, degan savoliga Shamsiddinov:

“Toshkent viloyat IIBB yolg‘on xabar tarqatgan, u bizda ishlamagan”, deb javob berdi.

Sirdaryo viloyat prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan xodimi ham Yangiyer shahar IIB boshlig‘i sobiq o‘rinbosari D.S.ga nisbatan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi.

Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabariga ko‘ra, D.S. 16-aprel kuni o‘z vazifasidan bo‘shatilgan.

Ozodlikning Toshkent viloyat prokuraturasidan bu haqda ma’lumot olishga qilgan harakati natija bermadi.

Ozodlikda Toshkent viloyat IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining mazkur voqea yuzasidan axboroti nusxasi mavjud.

Bu axborotda gumonlanuvchilar ism-sharifi, turar joyi va suratlari e’lon qilingani sababli uni chop etmaymiz.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 164-moddasi(bosqinchilik)ning 4-qismi “a” bandiga ko‘ra, agar bosqinchilikda gumonlanayotgan shaxslarning aybi tasdiqlansa, ular o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG