Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:24

"Hurmatli banditlar". Qirg‘iziston va O‘zbekistonning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashi


Zamonaviy brendlar va yaltiroq tuflilar ishqibozi sifatida tanilgan Salim Abduvaliyevning hibsga olingani haqidagi e’longa uning oddiy kapyushonli sviterda tushgan surati ilova qilindi.
Zamonaviy brendlar va yaltiroq tuflilar ishqibozi sifatida tanilgan Salim Abduvaliyevning hibsga olingani haqidagi e’longa uning oddiy kapyushonli sviterda tushgan surati ilova qilindi.

Bu yil Markaziy Osiyo jamoatchiligi Qirg‘iziston maxsus xizmatlari mamlakat jinoyat olamining eng yirik namoyandasini yo‘q qilganiga va o‘zbek mafiyasining “cho‘qintirgan otasi” hibs etilganiga guvoh bo‘ldi. Biroq ekspertlar bu ikki mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kampaniyalar natijalari aniq bo‘lgunicha yillar o‘tishi mumkin, deya ogohlantirishmoqda.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Kris Riklton ikki respublikada bo‘layotgan voqealarning sabab va oqibatlarini tahlil qildi.

Markaziy Osiyoda xos laqab bilan tanilgan jinoyat olami vakillariga bu yil oson bo‘lgani yo‘q.

Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati mahalliy kriminal olamning eng mashhur arbobini otib o‘ldirib, kichikroq mafiyachilarni qamash va “nafaqaga chiqarish” kampaniyasini e’lon qilganidan atigi bir necha hafta o‘tgach qo‘shni O‘zbekiston ham harakatga keldi.

O‘zbek hukumati boshlagan uyushgan jinoyatchilikka qarshi zarbdor 40 kunlikning eng katta jabrdiydalaridan biri barchaga ma’lum va mashhur kriminal avtoritet bo‘ldiki, u, chamasi, umrida ilk daf’a panjara ortiga ravona bo‘lishi mumkin.

Путин, Салим ва Ғафур. Тошкентдаги рейдлар ва рус жосусининг иддаоси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:40 0:00

Gap Salim Abduvaliyev yoki Salimboy (Salimboyvachcha) haqida. U panada yuradigan odam emas. 2017-yildan beri O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun hukumatdan bir talay unvonlar olgan. Salimboyning hokimiyatga muhtamal ta’siriga kelsak, AQSH diplomatlarining 2006-yilda internetga sizdirilgan yozishmalarida u “Toshkent mafiyasining otasi”, katta davlat lavozimlarini “sotgan” va foydali davlat shartnomalarini o‘ziga aloqador biznes tuzilmalariga “olib bergan” shaxs o‘laroq ta’riflanadi.

Prezident Islom Karimov 1990-yillar boshlaridan to o‘limiga qadar vaqti-vaqti bilan mafiyachi guruhlarning tanobini tortib turardi. Undan keyin iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev davrida esa Abduvaliyev xiyla erkin bo‘lgandek edi va tez-tez o‘zini ko‘rsatib turardi.

Shu bois, 5-dekabr kuni ichki ishlar idorasi Abduvaliyev noqonuniy qurol saqlagani uchun tergov qilinayotgani haqida xabar berganida jamoatchilik hang-mang bo‘lib qoldi.

Hamisha bashang kiyinib yurgan 73 yashar Abduvaliyev IIV bayonotiga ilova suratda kapyushonli odmi kiyimda ko‘rinish berdi. Bayonotda Salimboy hibs qilingani haqida hech nima deyilmagandi, ammo keyinroq Ozodlik manbalari u bir necha kundan beri uyida emasligini tasdiqladilar.

“Tovlamachilar imperiyasi”?

Abduvaliyev chindan ham hibsda bo‘lsa, u yerda zerikib qolmaydi.

“Zarbdor 40 kun” kampaniyasi boshlanganidan beri Toshkent shahri va viloyatlarda o‘tkazilgan reydlar natijasida kuchishlatar xodimlar uyushgan jinoyatchilikka aloqador deb gumon qilinayotgan kamida 200 kishini ushladi.

Biroq ekspertlar bu reydlarning oqibatlari uzoq muddatli bo‘lishiga shubha bilan qaramoqdalar.

“Mazkur chora-tadbirlar samarasini chamalash uchun bizga kamida ikki-uch yil kerak bo‘ladi”, deya izoh berdi Britaniyadagi Central Asia Due Diligence tadqiqot shirkati rahbari, siyosatshunos Alisher Ilhomov.

Abduvaliyev – kriminal olamga qarshi kurash tadbirlari xronikasida tilga olinayotgan yagona mashhur ism emas.

Bir kun avval ichki ishlar xodimlari juda ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish ayblovi bilan Baxtiyor Qudratullayev hamda uning ikki muhtamal sherigini qo‘lga olganini bildirgan edi.

2018-yilda Ozodlik o‘zbek xizmati manbalari, jumladan Qudratullayevning shaxsiy haydovchisi u ishlarni muhokama qilish uchun Rossiya va Qozog‘istondan jinoyat olamidagi hamkorlarini Toshkentga taklif etganini ma’lum qilgan va bu Mirziyoyev davrida kriminal korchalonlarning yo‘li ochilishi mumkin, deya taxmin qilishga imkon berdi.

Ilhomov so‘nggi reydlar ortidan kriminal avtoritetlar tovlamachilikda ayblanayotganini urg‘ularkan, buning sabablaridan biri hukumatning investorlarga kafolat berish istagi bo‘lishi mumkin, deydi.

2021-yilda Mirziyoyev mamlakatdagi eng yirik bozorlardan ayrimlari jinoyat olami bosslariga “o‘lpon” to‘layotganidan zorlanib, bunga chek qo‘yishni talab qilgan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kampaniyaga doir ilk ma’lumot 21-noyabr kuni paydo bo‘ldi.

Ўзбекистонда оммавий ҳибсга олишлар: “Кўча”га қарши рейдлар давом этмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:37 0:00

25-noyabr kuni Toshkent shahrida yuz bergan voqea esa uyushgan jinoyatchilikka qarshi tadbirlarni kuchaytirgan bo‘lishi mumkin. O‘sha oqshom rep xonandasi konsertiga qalbaki chipta sotilgan tomoshabinlar zalga kira olmaganlaridan darg‘azab bo‘lib, tartibsizlik, ur-yiqit boshlagan edi.

Qator mahalliy OAVlar yana bir mashhur kriminal avtoritet – G‘afur Rahimovning ham qamoqqa olinishiga order berilgan, deyishmoqda. Biroq IIV tarafidan Rahimovga nisbatan biron chora qo‘llangani tasdiqlanganicha yo‘q.

Rahimov ham, Abduvaliyev kabi uyushgan jinoyatchilik bilan aloqasi borligidan hamisha tongan.

Sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatov 2019-yilgi intervyusida Abduvaliyev bilan Rahimovni sportsevar “vatanparvar insonlar” deb atagan edi.

O‘n yil muqaddam AQSH Moliya vazirligi “Birodarlik halqasi” deb ataluvchi Yevroosiyo narkotijorat tarmog‘ining boshqa a’zolari bilan birga transmilliy jinoyatchilikka aloqador shaxslar ro‘yxatiga tirkagan.

Mazkur qaror Rahimovning Lozannani qarorgoh tutgan Xalqaro havaskorlar boks assotsiatsiyasi (AIBA) rahbari lavozimida qolishini mushkullashtirdi, xususan, 2018-yili Rahimov ushbu lavozimga saylanganidan keyin AIBA bilan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) aloqalarida taranglik kuchayishiga olib keldi. Oradan bir yil o‘tgach Rahimov rasman lavozimdan ketdi.

“Hurmatli banditlar”

Rahimov o‘zini Rossiyaning ishonchli tarafdori deb ataydi. 2014-yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari Sochida o‘tkazilishida o‘z xizmati borligini iddao qiladi.

Rossiyadan qochib ketishi ortidan 2008-yilda Buyuk Britaniyada poloniy bilan zaharlab o‘ldirilgan FSBning sobiq xodimi va Kreml tanqidchisi Aleksandr Litvinenkoga ko‘ra, Rahimov Moskvadagi eng nufuzli shaxslarning xizmatini qilgan. Litvinenko o‘zining “Lublyanka jinoiy guruhi” nomli kitobida Rossiya mulozimlari bilan bo‘lgan suhbatlariga tayanib “Gafur” ismli kimsa boshliq “o‘zbeklar jamoasi” Vladimir Putinga uning Sankt-Peterburg meri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan yillarida noqonuniy yo‘llar bilan topgan pullarini yashirishga yordam bergani haqida yozadi. Putin 2000-yilda davlat bosimi ostida chet elga qochgan Litvinenkoning hech bir da’vosini tan olmagan.

O‘zbekistonda Rahimov bir vaqtlar Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘lgan (hozir bu lavozimni Abduvaliyev egallab turibdi), ayni paytda esa u Professional boks federatsiyasi (PBF) vitse-prezidentidir.

Ayni rutbasida u bir necha hafta burun, jahon boks afsonasi Mayk Tayson ishtirokida Toshkentda o‘tkazilgan boks turnirida Shavkat Mirziyoyevning o‘g‘li Miralisher hamda kuyovi, PBF prezidenti Otabek Umarovlar yonida suratga tushdi.

O‘zbek hukumatining uyushgan jinoyatchilikka qarshi ushbu kampaniyasi Karimov 1990-yillarda boshlagan kampaniyani eslatadi.

Ayni chog‘da uning yaqinda qo‘shni Qirg‘izistonda bo‘lgan voqealar bilan ham o‘xshash jihatlari bor.

2020-yilda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev “hurmatli banditlar”ga murojaatida ularga jazodan xoli yurgan kunlari tugaganini eslatib kulgiga qolgan edi.

U kezlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash g‘oyasi xayolotdek tuyular, “Tashiyev bilan prezident Sadir Japarov hokimiyatga kriminal tuzilmalar yordami bilan kelgan” degan mazmundagi mish-mishlar fonida bunga hech kim ishonmasdi.

Biroq oradan to‘rt yil o‘tib Tashiyev, aftidan, so‘zining ustidan chiqdi.

“Birodarlik halqasi” tarmog‘iga aloqadorligi vajidan Rahimov kabi AQSH sanksiyalariga uchragan Kolya Qirg‘iz laqabli Qamchibek Kolbayev 4-oktabr kuni maxsus xizmatlarning Bishkek markazidagi operatsiyasi chog‘ida otib tashlandi.

Keyingi kunlarda qo‘lga olingan soni ortib bordi, boz ustiga maxsus xizmatlar nafaqat muhtamal mafiyachilarni, balki kriminal olam bilan oldi-berdi qilishda gumon qilinayotgan tadbirkorlarni ham ushladi.

"Биродарлик ҳалқаси" ва президентнинг кенжа куёвини нима бирлаштиради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:40 0:00

Ushbu xabarlar bilan baravar qator videoroliklar ham e’lon qilindiki, ularda jinoyat olamining muhtamal arboblari “o‘g‘rilar yo‘li va kriminal tushunchalar”ni qat’iyan rad etib, hukumatga sadoqat izhor etdilar.

Biroq, o‘zbek eksperti Ilhomov kabi, qirg‘izistonlik siyosiy tahlilchi va jurnalist Borubek Kudayarov ham, o‘z ta’biricha, Qirg‘izistonda tasavvur qilish mumkin bo‘lgan barcha darajalarda siyosatni va odil sudlovni korrupsiyalashtirgan uyushgan jinoyatchilik ustidan g‘alabani nishonlashga hali juda erta, deb hisoblaydi.

Uning fikricha, jinoiy guruhlarning siyosatga ta’siri yaqqolligi (Kolbayevni ba’zan ziyofatlarda, siyosatchilar davrasida ko‘rishardi) mamlakat rahbariyatini “vaziyatni o‘nglash” uchun eng katta nishonni yo‘q qilishga majbur etgan bo‘lishi mumkin.

“Japarov bilan Tashiyev uyushgan jinoyatchilikni tag-tugi bilan quritishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan deb o‘ylamayman, – ta’kidlaydi Kudayarov Ozodlikka bergan intervyusida. – Katta ehtimol bilan ular boshqacha yurish-turish qoidalarini yaratishmoqda, masalan, uyushgan jinoyatchilik saqlanib qolgan, ammo uning ta’siri minimumga tushirilib, liderlari panada yuradigan Qozog‘iston tajribasini olgan bo‘lsalar ajab emas”.

XS
SM
MD
LG