Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:20

"Hukumat o‘zini tanqidlardan ihotalamoqchi" - tarmoqlardagi izoh uchun javobgarlik belgilandi


Vazirlar Mahkamasining 23 - dekabrdagi qaroriga binoan saytlar yoxud blogerlar “taqiqlangan axborot”ni olib tashlash to‘g‘risidagi talabni bajarmasa, bunday talabni qo‘ygan AOKA sudga murojaat qilishi mumkin.

Hukumat qarori to‘g‘risida xabar qilgan Adliya vazirligiga ko‘ra, veb-saytlar hamda blogerlar foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlardagi "taqiqlangan axborot" uchun ham javobgardir.

Ba’zi jurnalistlar hukumatning bu qarorini o‘zini tanqidlardan ihotalash yo‘lidagi yana bir qadam sifatida baholamoqda.

Vazirlar Mahkamasi joriy yil, 23 - dekabrdagi 807- qarori bilan o‘zining 2018 - yil, 5 - sentabrdagi 707-qaroriga qo‘shimcha kiritdi.

Bu haqda xabar qilgan Adliya vazirligiga ko‘ra, “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga kiritilgan qo‘shimchaga binoan, endilikda veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasida joylashtirilgan axborotga foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda taqiqlangan axborotlar aniqlansa, veb-sayt, veb-sayt sahifasi va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shuningdek blogerga qonunchilik bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Taqiqlangan axborot nima?

2003 - yilining 11 - dekabrida qabul qilingan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga 2014 - yilning 4 - sentyabrida kiritilgan qo‘shimchada “taqiqlangan axborot” nima ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qonunga binoan, O‘zbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etishga, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilishga qaratilgan, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, pornografiyani targ‘ib qiluvchi va shu kabi boshqa ma’lumotlardir.

Avval xabarnoma, keyin sud

Adliya vazirligining xabar qilishicha, taqiqlangan axborotlar aniqlangandan 24 soatdan kechiktirmasdan AOKAning Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi (Markaz) saytga yoki blogerga elektron shaklda xabarnoma yuboradi.

Vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, “Axborot resursi egasi, bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan taqiqlangan axborotni olib tashlashi hamda bu to‘g‘rida Markazni uning rasmiy axborot resurslari orqali elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida xabardor qilishi lozim”.

Taqiqlangan axborot belgilangan muddatda olib tashlanmagani taqdirda AOKA bloger yoki sahifa ma’murini sudga berishi mumkin:

“Agar taqiqlangan axborot xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda axborot resursi egasi, shuningdek bloger tomonidan olib tashlanmasa, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki Markaz ushbu axborotni olib tashlash bo‘yicha taqiqlangan axborot joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq yoki messenjer ma’muriga yoki da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin”.

Sharhlar uchun javobgarlik

Bu masala o‘tgan yili jurnalist va blogerlar e’tiroziga sabab bo‘lgan va keng muhokama qilingan edi. Komil Allamjonov 2019 - yil, 14 - avgust oqshomida (Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining o‘sha paytdagi rahbari) mahalliy jurnalist va blogerlar bilan uchrashgani ortidan izoh va sharhlar uchun muallif yoki bloger javobgar emasligini e’tirof qilgan edi:

“... amaldagi qonunchilikka ko‘ra,​ Internet saytlar, shuningdek, turli platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtiruvchi blogerlar o‘z materiallari ostida qoldiriladigan sharh va izohlar uchun javobgar emaslar”.

Biroq Vazirlar Mahkamasining 23 - dekabrdagi qarori bilan kiritilgan qo‘shimchalarda sayt yoki blogerlarning foydalanuvchilar qoldiradigan sharhlar mazmuni uchun ham javobgarligi belgilab qo‘yildi. Bu masala yuzasidan Ozodlik AOKAdan sharh ololmadi.

Bloger: Gap qonun bilan taqiqlangan axborot haqida bormoqda

Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xodoyberdiyev o‘zining Xushnudbek.uz Telegram-kanalida “mushtariylar tomonidan qoldirilgan komment uchun OAV va blogerlar javobgar bo‘ladi, degan qoida yo‘q. Gap faqat O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish haqida ketmoqda”, deb yozdi.

Xushnudbek.uz masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratadi:

“…xabarnoma OAV yoki blogerga albatta o‘sha kommentni o‘chirish majburiyatini yuklamaydi. Bu o‘z nomi bilan xabarnoma xolos. Ya’ni xohlasa o‘chiradi, agar xohlasa, aniqroq aytganda bu komment qonunga zid emas, deb hisoblasa, o‘chirmasligi ham mumkin. Unda nima bo‘ladi? Unda AOKA agar lozim topsa, sudga murojaat qilishi mumkin”.

I Boshqa bloger: Bu qaror so‘z erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan

"Odam qo‘lidan keladigan ishni qilsa yoki qila oladigan narsani gapirsa to‘g‘ri bo‘lardi. Birinchidan, hamma nima yozyapti, kimni yozyapti, nima deb yozyapti ~ buni nazorat qilib bo‘lmaydi", bloger Abduqodir Mo‘minov hukumat qarori yuzasidan fikr bildirar ekan.

Blogerning fikricha, yozilayotgan sharhlarni nazorat qilish uchun ko‘plab qo‘shimcha xodim yollash, ularga ish haqi to‘lanishi kerak.

"Keyin trollarni kashf qiladi bu usul. Anonimlikka o‘rgangan odamlar, bu yomon natija beradi. Va so‘z erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan bunday tadbir ortiqcha hozirgi paytda. Blogerni biror materiali yoki posti tagiga bildirilgan izoh uchun javobgar qilish noto‘g‘ri, chunki davlatning o‘zi troll yasab, shu ishni qilayotgan bo‘lishi ham mumkin.. Xullas, metrodagidek ogohlikka chaqrishni o‘zi yetarli edi bu payt, bunaqa tadbir esa o‘sha qonun ishlab chiqqanlarning o‘ziga ham qarshi ishlashi mumkin, mana senga deb", dedi bloger Abduqodir Mo‘minov.

Jurnalist: OAV xodimlari va o‘quvchilariga kaltak

O‘zbekistonlik xalqaro jurnalist Berdiyor Jumayev 26 - dekabr kuni Ozodlik so‘roviga javoban hukumatning 23 - dekabrdagi qaroriga oid xabarni sharhlar ekan, “bu qaror erta-bir kuni ommaviy axborot vositalari va ularning xodimlari-yu o‘quvchilarining boshlariga navbatdagi kaltak bo‘lib tushmasa edi”, degan xavotir bildirdi.

Jurnalist fikricha, O‘zbekistonda “qonun doirasi” iborasi mavhum tushunchaga aylanib qolgan.

“Masalan, ko‘pgina holatlarda «Og‘zi qiyshiq bo‘lsayam boyning o‘g‘li gapirsin» naqlida aytilganidek, kazo-kazo amaldorlar va mansabdorlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan so‘kinishlari-yu haqoratlari har tomonlama xaspo‘shlanadi hamda «andava»lanadi. Ammo oddiy jurnalistlar hamda blogerlar, shuningdek, risoladagidan boshqacharoq fikr bildirgan yoxud sharh-izoh yozgan kishilarning haqqoniy fikrlariyam «qonundan tashqari» – deya baholanishi hamda ularni o‘chirib tashlash talab qilinishi mumkin”, - deydi Berdiyor Jumayev.

Jurnalist hukumatning so‘nggi qarorini o‘zini tanqidlardan ixotalash yo‘lidagi yana bir qadami sifatida baholar ekan, bunday dedi:

“Mazkur qaror AOKA yoki shunga monand o‘zga nazorat organlari uchun aslida mavjud, ammo hukumatga yoqmaydigan tanqidlarni yo‘qotish uchun dastakka aylanib qolmaydimi. Bunday vaziyatlarda, aksariyat hollarda, sudlar kimlarning yonini olishlarini hayotda bekam ko‘rganmiz”.

AOKA: Hozircha ogohlantirish bilan cheklanyapmiz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 11 - noyabrdagi rasmiy bayonotida “turli feyk va tekshirilmagan yoki qonunga xilof ma’lumotlar e’lon qilgani” uchun joriy yilning o‘tgan 9 oyida jami 90 ta – shundan televideniye va radioga 39 ta, davriy bosma nashrlarga 29 ta, Internet nashrlariga 22 ta taqdimnoma kiritilganini bildirdi.

Agentlik pandemiya sharoitida, asosan og‘zaki ogohlantirish bilan cheklanganini ta’kidlab o‘tgan.

Bayonotda, shuningdek, 2019 - yilda jami 150 ta – shundan teleradio kanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgani aytilgan.

Agentlikka ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda rasmiy maqomga ega 1 ming 777 ta axborot subyekti bor.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi "axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul organ"dir.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG