Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:29

Hukumat darsliklar uchun to‘lov undirish rejasidan voz kechdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

2025-yilda yilda maktab darsliklari va mashq daftarlari ijarasi uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi.

“2025-yil uchun davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi. Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan”, deya ma’lum qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Joriy yil oktyabr oyida budjetnoma loyihasida 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab 2-11-sinflarda darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish taklif qilingan edi.

Loyihada bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni umumiy narxning qariyb 18 foizi miqdorida to‘lov undirish ko‘zda tutilgandi.

“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyilgan edi budjet loyihasida.

Ammo jamoatchilik bu tashabbusga e’tiroz bildirdi. Ba’zi faollar darslik uchun ijara to‘lovi tiklanishini Konstitutsiyaga zid chora, deya tanqid qilishdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 12-dekabrdagi bayonoti hukumat jamoatchilik talabiga yon berganini ko‘rsatmoqda.

Vazirlik qaydicha, 2024-yilda maktab o‘quvchilariga 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Kelgusi yilda esa 81 mln nusxa darslik va mashq daftarlari uchun davlat g‘aznasidan jami 1,3 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

2022-yilda ham hukumat “jahon bozorida qog‘oz narxi oshgani” vajidan darslik ijara haqini keskin oshirgan va o‘shanda ham jamoatchilikning kuchli e’tirozi ortidan “darslik puli” bekor qilingan edi.

XS
SM
MD
LG