Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:39

"Hamma ichgan, forma yo‘q, ovqat bermaydi". Safarbar qilinganlar frontga bormasdan o‘lmoqda


Putin safarbarlik e’lon qilgan 21-sentabrdan beri Rossiyada hali frontga jo‘namay turib safarbarlik jamloqlarining o‘zida 17 kishi o‘ldi. Bu – jamoatchilikka ma’lum bo‘lgani, xolos.

O‘lganlardan ba’zilari jiddiy kasal bo‘lgan va vaqtincha jamloqlardagi og‘ir sharoitda xastaligi zo‘rayib ketgan ekan. Yana bir necha kishining o‘limi sabablari esa mavhumroq – ularning qarindoshlari Sibir.Realii bilan suhbatda jasadlarda kaltak izlari bo‘lganini, safarbarlik jamloqlarida ichkilikbozlik tufayli mushtlashuvlar bo‘lib turishini aytishdi.

“Rasmiga qarasam, dod degim keladi”

Bratsklik 35 yoshli Aleksandr Koltun 28-sentabrda o‘z ixtiyori bilan harbiy komissariatga borgan. O‘sha kuniyoq uni safarbar qilingan boshqalarga qo‘shib Novosibirskka – harbiy bilim yurti bazasidagi jamloqqa jo‘natganlar. 2-oktabr kuni Koltun so‘nggi marta onasiga qo‘ng‘iroq qiladi, keyingi tunda esa qarindoshlari uning o‘lganidan xabar topadilar.

– Yarim kechasi kelinim Galya telefon qilib, Sasha o‘lganini aytdi, – hikoya qiladi Aleksandrning onasi Yelena Gudo. – Anig‘ini hanuz bilmaymiz: bir xonaga kirib, burchakka o‘tirganu o‘lib qolgan emish. O‘sha holatda topishgan, menga fotosuratini yuborishdi: o‘g‘lim xuddi kichrayib qolganga o‘xshaydi... Bu haqda gapirish menga juda og‘ir, rasmiga qaraganimda esa dod degim keladi. O‘g‘lim yaqinda churra bo‘lgan edi: o‘zi parvo qilmadi, boz ustiga tibbiy ko‘rik umuman bo‘lmagan, hatto nomiga bo‘lsa ham tekshirishmagan! Endi bo‘lsa, safarbar qilinganiga qaramay, u harbiy deb hisoblanmasligini aytishyapti. Bu qanaqasi?

Aleksandrning o‘limi haqida qarindoshlariga uning birga safarbarlikka olingan do‘sti xabar qilgan ekan.

– Harbiy komissariatdan hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi baribir, – deydi Yelena Gudo. – Men o‘zim telefon qildim, u yerdagilar ham hech vaqoni bilishmaydi: nima bo‘lgan, ko‘ngillilarga va’da qilingan 300 mingni olishga haqlimizmi, yo‘qmi – tayinli gap aytishmadi. O‘lim haqidagi xulosasini haligacha berishmadi. Yuragi xuruj qilgan, deyishyapti, ammo Sashada bunaqa muammo yo‘q edi, harqalay yuragidan shikoyat qilmagan sira.

Aleksandr Koltun onasi Yelena Gudo bilan.
Aleksandr Koltun onasi Yelena Gudo bilan.

Yelena o‘g‘li Novosibirskka ketayotganida yonida yetti ming rubl puli bo‘lganini, ammo 2-oktabr kuni qo‘ng‘iroq qilganida puli allaqachon tugaganini aytadi.

– Askarlar jamlog‘ini rasvo joy degandi o‘g‘lim, – davom etadi ayol. – It egasini tanimaydi, kun bo‘yi sandiraqlab yuramiz, ko‘pchilik surunkasiga ichyapti, na ust-bosh berishdi, na ovqat. Uydan olib kelgan oziq-ovqatimiz tugayozgan, deb arz qilgandi. Armiya shunaqa bo‘ladimi axir?

Aleksandr Koltun xotini Galina bilan olti farzandni tarbiyalashardi. Ulardan to‘rt nafari – Galinaning birinchi turmushidan. Aleksandrning ham avvalgi nikohidan 13 yashar qizi bor edi. Oila – yetim bo‘lgani uchun Galinaga davlat tomonidan berilgan bir xonali kvartirada yashagan.

Koltun dastlab qo‘riqchi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, keyinroq Bratskda poyafzal ta’mirlash ustaxonasini ochgan edi.

Oilaning do‘sti Anastasiya Pestovaga ko‘ra, qarindoshlari Aleksandrning ko‘ngilli bo‘lib urushga ketishiga qarshi bo‘lganlar.

– Topish-tutishi yaxshi edi, xotini ham tuzukkina oylik olardi, ya’ni u armiyaga pul uchun borgani yo‘q. Onasi bilan xotini tavallo qilganiga qaramay, o‘z ixtiyori bilan voyenkomatga bordi: men desantda xizmat qilganman, baribir chaqirishadi, undan ko‘ra o‘zim borganim ma’qul, deb turib oldi. Mana oqibat, – uf tortadi Anastasiya. – O‘limi oldidan jamloqda nimalar bo‘lganini eshitib tepa sochim tikka bo‘ldi, hamon o‘zimga kelolmayapman. Fojiadan bir necha kun burun qo‘ng‘iroq qilganida “Hatto karavot berishmagan, beton ustida yotibmiz. Issiq ovqatimiz yo‘q. Odamlar ochlik va sovuqdan asabiylashib, har kuni jiqqa-musht bo‘lyapti”, degan edi. Sibir iqlimida odamlarni shu ahvolda qoldirishgan, tasavvur qilasizmi?

Mobilizatsiya qilingan Aleksandr Koltun (o‘ngda)
Mobilizatsiya qilingan Aleksandr Koltun (o‘ngda)

Odamlar nima qilishsin? Ichini ilitish uchun, qolaversa bekorchilikdan ichkilikka ruju qo‘yishgan-da. Ichkilik bor joyda janjal chiqadi. Aleksandr ichmasdi, aniq bilaman, lekin boshqalarning janjaliga aralashib qolgan bo‘lishi mumkin. O‘zi behudaga birov bilan yoqalashmasdi.

Sashaning o‘limini onasiga qay tarzda ma’lum qilishganini bilasizmi? Birga askarlikka ketgan do‘sti uning beton ustida tirishib, o‘lim bilan olishib yotgan holatini rasmga olib, onasiga jo‘natgan. Onaning o‘shandagi ahvolini ta’riflashga til ojiz! Qarg‘amagan kishisi qolmadi. Hozir sal o‘zini bosib olgan, lekin dard ancha horitib qo‘ydi uni. Kichik o‘g‘li yonida, shu uni tutib turibdi.

Sasha aynan nimadan o‘lganini hozircha bilmaymiz. Lekin har xil taxminlar aytilayotgani juda shubhali. Yelena tezroq jasadni ko‘rmoqchi: agar o‘g‘lining ko‘kargan yoki tilingan joylari bo‘lsa, ekspertizaga beradi. “O‘g‘limni soppa-sog‘ jo‘natgan edim, bekorga o‘lib ketishi mumkin emas”, deydi.

Bilasizmi, ulardan oldin Ukrainaga urushga ketgan harbiylarning kiyim-kechagiga butun shahar pul yiqqanmiz. Davlat bir chaqalik yordam bermagan, – deya so‘zini yakunlaydi Anastasiya.

Sibir.Realiiga ma’lum bo‘lishicha, Aleksandr Koltun 10-oktabr kuni Bratskda dafn qilinibdi. Jasadni olib kelish va ko‘mish qarindoshlarga 180 ming rublga tushgan. Bratsk shahri ma’muriyati bu xarajatlarni qoplashga va’da bergan.

– O‘g‘limning urushga borishiga tish-tirnog‘im bilan qarshi edim. Oilang katta, ularni qanday ko‘zing qiyadi, deb xo‘p yalindim. Yo‘q, erta ketsam, erta qaytaman, deb turib oldi... Mening taqdirim barcha onalarga saboq bo‘lsin, – dedi Yelena Sibir.Realii muxbiri bilan so‘nggi bor suhbatlashganida.

“Qorni momataloq edi”

44 yashar Denis Kozlovni harbiy jamloqdan Chelyabinskdagi Kizilbulak qishlog‘iga zanbilda olib kelishibdi.

– Chaqiruv qog‘ozi kelganida biz qarshilik qilmadik, chunki o‘g‘lim bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilgan, Chelyabinsk tankchilar bilim yurtini tamomlagan, Ulan-Ude shahridagi qismda bir oz xizmat ham qilgan, – deydi Denisning onasi Zoya Kozlova. – Ammo sog‘lig‘ida muammo bor edi: martdan beri tizzasini davolatar, yaqinda operatsiya bo‘lishi kerak edi. Shunday bo‘lsa ham, armiyadan qochdi deb ta’na qilishlarini istamay, komissariatga bordi. Kasalini aytib, hujjatlarini ko‘rsatib, picha vaqt so‘ramoqchi edi. Lekin tibbiy ko‘rik umuman bo‘lmapti, darhol avtobusga o‘tqazib, yig‘in joyiga yuborishibdi.

Kozlov Argayash tumanidan askarlikka olinganlar qatorida 27-sentabr kuni harbiy tayyorgarlik markaziga jo‘nab ketadi. Uch kun o‘tgach qarindoshlariga Denis uyga qaytayotganini xabar qiladilar. Biroq u tez tibbiy yordam zanbilida qaytgandi.

– Denisni mashinadan tushirib olish uchun qo‘ni-qo‘shnilarni yordamga chaqirdim. O‘g‘lim o‘z oyog‘i bilan yura olmasdi. Hushi joyida ediyu lekin men bilan otasini bir qarashda taniy olmadi, – deya xotirlaydi Kozlova.

Denisni uch kundan so‘ng – 3-oktabrda dafn qiladilar.

– Voyenkomatdagilar o‘g‘lim tizzasi xasta bo‘lgani uchun qaytarilganini aytishyapti. Lekin uning burni singan edi, zanbilda tushirayotganimizda qorni ko‘karib ketganini hamma ko‘rdi. Aniq bilaman, o‘g‘limni qattiq kaltaklashgan. Biroq hozir hech nimani isbotlay olmayman! Qo‘limda Denisning kasallikdan emas, kaltakdan o‘lganini tasdiqlaydigan biron qog‘oz yo‘q, – deydi ona.

Denis bilan birga askarlikka jo‘naganlar Yelandagi harbiy jamloqda u allakim bilan mushtlashib, boshidan zarba yeganini bildirishgan. Ota-ona harbiy qism komandirlari telefonda “o‘g‘lingiz qorin sohasiga to‘mtoq buyum bilan yetkazilgan jarohatdan vafot etdi”, deyishgan bo‘lsa-da, rasmiy tibbiy xulosada bunaqa gap yo‘qligini aytishmoqda.

Yana kamida 15 kishi o‘lgan

21-sentabrdan beri Rossiyaning turli hududlarida safarbarlikka olinganlardan kamida 17 kishi vafot etgani rasman tasdiqlandi.

Ulardan bir qanchasi yurak xuruji va boshqa kasalliklardan o‘lgan. Bir necha kishi esa o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Jurnalistlar xastalikdan o‘lgan harbiylar tibbiy tekshiruvlardan “sog‘lom” deb topilganini qayd etganlar.

Shuningdek, ular orasida “o‘limi sababi aniqlanmagan”lar ham bor.

XS
SM
MD
LG